Manbashunos tarixchi Hilola Nazirova “Har bir inson hayoti davomida o‘qishi shart bo‘lgan 10 kitob” tavsiya qiladi


Saqlash
18:46 / 18.12.2024 94 0

Oyina.uz portali o‘zbekning 100 ziyolisidan “HAR BIR INSON HAYOTI DAVOMIDA O‘QISHI SHART BO‘LGAN 10 KITOB” tavsiyasini berishda davom etadi. Loyihaning 83-kuni manbashunos tarixchi Hilola Nazirova “Har bir inson hayoti davomida o‘qishi shart bo‘lgan 10 kitob” tavsiya qiladi.

 

Inson umri davomida ko‘plab adabiy yoki o‘z sohasiga oid ilmiy kitoblar o‘qishi, undan ta’sirlanishi, saboq va xulosalar chiqarib g‘amgin yoki baxtli bo‘lishi mumkin. Bu ham aslida o‘quvchining mutolaa vaqtidagi ruhiy holati, hayotida yuz berayotgan voqeliklarga bog‘liqdir, ehtimol. Inson hayotini birgina kitob o‘zgartirib yuborishi mumkin, lekin o‘sha kitobni topguncha yuzlab, hatto minglab kitoblarni o‘qib chiqishga to‘g‘ri keladi.

 

Oyina.uz portalining o‘zbek ziyolilaridan “Har bir inson hayоti davomida o‘qishi shart bo‘lgan 10 kitob” tavsiyasi” loyihasini sevib mutolaa qilaman va kuzatib boraman. Aynan shunday taklif menga ham kelganida juda-juda xursand bo‘lgandim. Ammo ikkinchi tarafdan nima kitoblarni tavsiya qilaman? – degan hadik ham bor. Mazkur tavsiyaning mashaqqatli tarafi o‘qigan kitoblaringiz orasidan  eng-eng saralarini tanlab berishingiz kerak. Bu esa juda mushkul ish. Loyihaning hali davom etishini hisobga olib, jamiyatdagi jarayonlarni kuzatishlarimdan kelib chiqib kitob tavsiyalarimni bermoqchiman. Tarixchi manbashunos bo‘lganim uchun xronologik jihatdan yondashuvni ma’qul ko‘rdim, ya’ni mumtoz adabiyotdan boshlangan ushbu tavsiyalar ruhlantiruvchi kitoblar jamlanmasi bilan yakunlanadi, bu ham aslida nisbiy tanlov, sababi loyihaning birinchi sonida 100 ta ziyolidan 1000 ta kitob tavsiya etilsa, top 100 talik ro‘yxati shakllanadi, degan ezgu niyat va g‘oya bor edi. Tavsiyam loyihaning so‘nggi yigirmataligini boshlab berayapti, tabiiyki mendan oldingi ziyolilarning kitoblar ro‘yxati bilan qiziqdim, bir xillikka ko‘zim tushdi. Buning bir nechta sabablari bor, bir jamiyatning a’zolari, zamondoshlarning didlaridan kelib chiqqan tavsiyalar va bu tabiiy jarayon. Keskin farqlarni yosh ziyolilar qatlamida ko‘rish mumkin, xususan, Tillaniso Nuryog‘di va boshqa chet elda yashayotgan vatandoshlarimiz talqinida. Shuningdek, o‘rta yashar ziyolilar qatlamida rus adabiyotiga murojaatlar bilan birgalikda jahon adabiyotining o‘tgan – XX asrda yaratilgan asarlar ro‘yxatini ham kuzatamiz. Kamdan kam hollarda zamonaviy o‘zbek adabiyoti yosh vakillari ijodidan tavsiyalar bor. Balkim bu ham vaqt talab etadigan jarayon bo‘lib, hali ularning asarlariga baho berish payti kelmagandur.

 

Loyihada O‘zbekiston qahramoni, akademik, senator, xalq hofizi, adabiyotshunos, jurnalist, muharrir, tarjimon, xalq shoiri, shoira, tarixchi, viloyat hokimlari, noshir, shaxmatchi, futbol sharhlovchisi, siyosatshunos, san’atshunos, iqtisodchi, yurist, shifokor, olim va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan ziyolilarning tavsiyalarini ko‘rish mumkin. Loyihaning birinchi sonida kutilgan 1000 ta kitob ro‘yxati turli xil nomlarni qamrab olishi kerak edi, ammo yuqorida keltirganimdek, 80-kunigacha ishtirok etgan ziyolining ro‘yxatida ham takroriy nomlarni ko‘rdim. Hatto bir ziyolimizning tanlagan 10 kitobidan 8 tasini sun’iy intellekt ham tavsiya ro‘yxatida chiqarib beryapti.  Tavsiyam oldingi tavsiyalar bilan bir xil bo‘lmasligiga harakat qildim. Lekin bu u kitoblarni tavsiya qilmayman deganim emas. Jumladan, aksariyat ziyolilarning ro‘yxati Qur’oni karimdan boshlangan, men ham Islom dinining muqaddas kitobi va uning izohli tarjimasini (Mirzo Kenjabek tayyorlagan nashrini) o‘qishni tavsiya qilaman. Lekin ziyolilarimizning naqd 34 tasi takrorlagan Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanini ikkinchi tavsiyam sifatida keltirolmayman. Asarni tilshunos olim Anvar Bo‘ronov, san’atshunos olima, jurnalist Iqbol Qo‘shayeva, jurnalist Vohid Luqmon, adabiyotshunos Dilmurod Quronov, adabiyotshunos Uzoq Jo‘raqulov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev, Navoiy viloyat hokimi Normat Tursunov, adabiyotshunos Bahodir Karimov, siyosatshunos Farhod Tolipov, jurnalist Gulmira Musajonova, siyosatchi Rasul Kusherbayev, shoir Vafo Fayzulloh, kinorejissyor Ayub Shahobiddinov, akademik Azamat Ziyo, jurnalist O‘tkir Rahmat, grossmeyster Nodirbek Abdusattarov, jurnalist, muharrir Murtazo Qarshiboy (shu ustozning o‘ylash va tavsiyalari mening tanlash prinsiplarimga yaqinligini bildim), yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad, yozuvchi Gʻafur Shermuhammad, jurnalist, yozuvchi Karim Bahriyev, yozuvchi Nurilla Chori, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin domla Xoliqnazarov, akademik (marhum) Naim Karimov, Oʻzbekiston xalq artisti Nasiba Abdullayeva, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev, futbol sharhlovchisi, jurnalist Xayrulla Hamidov, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Temur Poʻlatov, shoir, tarjimon Aziz Said, yozuvchi Abduqayum Yoʻldosh, Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim, adabiyotshunos Shuhrat Rizayev, yozuvchi Nazar Eshonqul, Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid tavsiyalarida u yoki bu o‘rinda keltirgan. Jumladan, deyarli barcha ishtirokchilarda o‘zbek adabiyotidan kamida bittadan namuna borligi o‘zbek ziyolilarining ona tilida kitob o‘qishini ko‘rsatadi – bu quvonarli jihat.

 

Endi “O‘tkan kunlar” asariga qaytsak, yozuvchi Abdulla Qodiriyning o‘zi bu asarni besh marta mutolaa qilish kerak, degan edi. Darhaqiqat, kitobxonning yoshi o‘zgargan sari asarni boshqa tarafdan kashf qilib boradi. Birgina misol, qahramonlarga ism tanlanishiga ahamiyat beradigan bo‘lsak, Oftoboyim qizi Kumushbibi. Onaning ismi quyoshga mengzalmoqda, qizniki oyga. Bu ikkala unsur ham sharq adabiyotida ko‘p ishlatiladi. Ya’ni, mukammallik bo‘lsa quyoshga, navqironlik yoki kecha timsoli keltirilsa oyga mengiziladi. Kumushning ismidan ham roman yakunida nima bo‘lishini payqash mumkin. Xullas, asarning tahliliga bag‘ishlangan maqoladan tortib dissertatsiyalar ham mavjudligini hamda yozilayotgan maqolaning maqsadini hisobga olib, gapimizni shu yerda muxtasar qilamiz.

 

Hozirgi kun kitobxoniga tavsiya qilmoqchi bo‘lgan 10 ta kitob tavsiyam:

 

1.                 Grek miflari. Grek mifologiyasini o‘qish insonning intellektual, axloqiy va ijodiy imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu nafaqat qadimiy madaniyatni tushunish, balki zamonaviy dunyoqarashni shakllantirishda ham muhim rol o‘ynaydi. Ko‘plab zamonaviy adabiyotlar, filmlar va hatto kompyuter o‘yinlari grek mifologiyasiga asoslangan. Uni o‘qish zamonaviy san’at va pop-madaniyatda ishlatilgan mifologik ramzlar va ishoralarni anglashga yordam beradi. Global voqealar va g‘oyalarning ildizlarini anglashimizga ham aynan shu miflardan misollar topishimiz mumkin. G‘arb madaniyati va moda trendlariga ta’sir qilgan ko‘plab brend nomlarining ildizi aynan shu miflardagi voqeliklarga borib taqaladi.

 

2.                 “Gilgamesh” dostoni. Insoniyat tarixidagi eng qadimgi epik asar bo‘lib, u miloddan avvalgi III ming yillikka oid. Ushbu doston qadimgi Mesopotamiya (hozirgi Iroq hududida) sivilizatsiyasi tomonidan yaratilgan va Gilgamesh ismli Uruk shahrining yarim afsonaviy hukmdori hayoti va sarguzashtlarini o‘z ichiga oladi. Asar nafaqat tarixiy va madaniy ahamiyatga ega, zamonaviy adabiyot va falsafiy qarashlarga ham katta ta’sir ko‘rsatgan. Bu asar orqali insonning hayot mazmuni va axloqiy tamoyillari haqida chuqur bilimga ega bo‘lish mumkin.

 

3.                 Hammurapi qonunlari. Qonunlar eramizdan avvalgi 1754-yilda Bobildagi shoh Hammurapi tomonidan tuzilgan eng qadimgi va to‘liq yozma qonunlardan biri hisoblanadi. Ushbu qonunlar jamiyatni boshqarish, nizolarni hal qilish va adolatni taʼminlash uchun ishlab chiqilgan. 282 ta qonundan iborat ushbu toʻplam qadimgi Mesopotamiya jamiyatining huquqiy tizimini aks ettiradi va zamonaviy huquqiy tizimlarning rivojlanishiga asos yaratgan. Hammurapi qonunlarining mashhur jihatlaridan biri – bu “ko‘zga-ko‘z, tishga-tish” prinsipi (talion prinsipi) boʻlib, jazolar odatda jinoyat og‘irligiga mos kelgan. Ushbu qonunlarning eng yaxshi saqlangan namunasi hozirda Luvr muzeyi bisotini bezab turibdi. Ushbu tosh ustun uzunligi 2,25 metrni tashkil etadi va qonunlarning barcha tafsilotlarini o‘zida mujassam etgan. Inson qaysi sohada faoliyat yuritishidan qat’i nazar shu asarni o‘qib chiqishni tavsiya qilaman. 

 

4.                 Abulqosim Firdavsiy, “Shohnoma” asari. Bu kitob, shubhasiz, nafaqat fors-tojik adabiyotiga, balki butun dunyo adabiyotiga ta’sir o‘tkazgan buyuk asar. Abulqosim Firdavsiy mazkur asari orqali ulkan tarixiy meros qoldirish bilan birga, adabiy uslub va tafakkurda nainki zamonasining, balki kelajak avlodlarning fikrini shakllantirgan, adabiyotda yangi janrlar rivojlanishiga, boshqa xalqlarning badiiy merosi boyishiga hissa qo‘shgan va bu jarayon davom etmoqda. Asar bir necha tillarga o‘girilgan, qayta-qayta chop etilgan, – buning siri nimada? Bunday muvaffaqiyatni har bir ijodkor xohlaydi. “Shohnoma”ning asrlar osha shoh asar bo‘lib qolishiga adib va shoirlarning bu asarni o‘zlariga etalon qilib olishlari ham sabab bo‘lgan. Shohnoma qadimgi fors va turkiy xalqlarning tarixi, afsonalari va madaniy an’analari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, o‘zidan keyingi adabiy, siyosiy va madaniy rivojlanishlarga bevosita ta’sir ko‘rsatgan. Asar faqat badiiy asar emas, balki tarixiy manba sifatida ham katta ahamiyatga ega. Unda fors va tojik xalqlarining qadimiy tarixidan tortib, o‘sha davr hukmdorlari va ularning qarorlarining ahamiyatiga qadar keng qamrovli ma’lumotlar mavjud. “Shohnoma” shu jihati bilan o‘z zamonida yozilgan boshqa tarixiy asarlardan ajralib turadi, chunki u nafaqat siyosiy tafsilotlar, balki ijtimoiy hayotning turli jihatlari haqida ham so‘zlaydi. Shuning uchun bu asarga hukmdordan tortib oddiy talabagacha murojaat qilgan.

 

5.                 Abdurahmon Jomiy, “Bahoriston” kitobi. “Bahoriston” Abdurahmon Jomiy tomonidan 10 yoshli o‘g‘li Ziyodiddinga atab yozilgan axloqiy va tarbiyaviy kitobdir. Temuriylar sulolasi boshqaruvida, ya’ni Husayn Boyqaro davrida zullisonayn (ikki tilli) forsiy va turkiy adabiyotga e’tibor kuchayadi. Aynan shu davrda sharq mumtoz adabiyotining durdonalari hisoblangan “Haft avrang” va “Xamsa” asarlari yaratildi. Ushbu asarlar ikki xalq vakillari – Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy doʻstligi oʻlaroq vujudga kelgan asarlar hisoblanadi. Hirot adabiy muhitini bu ikki darg‘asiz tasavvur qilish qiyin. Ularning ijodlari, asarlari haqida yirik tadqiqotlar yaratilgan va jarayon davom etmoqda. Jumladan, Abdurahmon Jomiyning qalamiga mansub “Bahoriston” asarining turkiy tildagi nusxasi topilishi bunga yana bir dalildir. “Bahoriston” (“Bahor bogʻi” yoxud “Bahor maskani”) asari Jomiyning nasrda (sodda va ritmik qofiyali, saj’) yaratgan yagona asaridir. Uning oʻgʻli Ziyouddin Yusuf tufayli yaratilgan “Bahoriston” asari (uni ba’zan “Ravzat ul-axyor va tuhfat ul-abror” (“Taqvodorlarning fazilatli va nodir neʼmatli bogʻi” deb ham nomlashadi) axloqiy-didaktik asar hisoblanadi. 10 yoshli Ziyouddinning Sa’diyning “Guliston”nini qiziqib mutolaa qilayotganini koʻrgan otasi shunga oʻxshash asar yaratishni niyat qiladi, natijada 892/1487-yilda “Bahoriston” asari yoziladi. Asar temuriylar sultoni – Hirot hukmdori Husayn Boyqaroga (1438‒1506) bagʻishlangan. Asarni Abdurahmon Jomiy garchi Saʼdiyning “Guliston” asariga taqlidan yozilgan deya uqtirsa-da, “Bahoriston”ning faqat ikki bobi (3- va 5-boblar) mavzu jihatidan “Guliston”ning takrori boʻlib, 6 bob mavzu-mundarija nuqtayi nazaridan yangi yozilgan.  “Bahoriston” faqat axloqiy-didaktik asar boʻlib qolmay, balki she’riyat tarixiga oid muhim adabiy manba ham hisoblanadi. Asarning 7-bobida Jomiy fors-tojik tilida ijod qilgan 39 shoir haqida ma’lumot beradi. Asarning tuzilishi muqaddima, 8 ta bob va xulosadan iborat. “Bahoriston”dagi har bir bob ma’lum bir mavzuga bagʻishlangan va ularning nomlari quyidagichadir:

 

1.                 Tasavvuf ulamolarining soʻzlari va ishlari toʻgʻrisida;

2.                 Hakimlarning hikmati sharhi;

3.                 Adolat va davlat boshqaruvi haqida hikoyalar;

4.                 Mehribonlik va saxiylik vasfi haqida;

5.                 Ishq-muhabbat bayoni haqida;

6.                 Hazil, mutoyibalar toʻgʻrisida;

7.                 Shoirlar zikri, sheʼr taʼrifi, uning turlari haqida;

8.                 Tamsil hikoyalar (hayvonlar haqidagi ertaklar).

 

“Bahoriston”da keltirilgan hikoyalar va ma’naviy ahamiyatga ega iboralar, musulmon olamida keng tarqalgan va ular hozirgi kunda ham o‘quvchilarga ahamiyatli bo‘lib qolmoqda.

 

6.                 Abulg‘ozi va Mulla Mahmud Urganjiy,Shajarayi turk” asari. Ha, ajablanmang, asar faqat Abulg‘ozixon qalamiga mansub emas, asarning hammuallifi bor, bu haqida batafsil tarix fanlari nomzodi Nuryog‘di Toshev maqolasida o‘qishingiz mumkin. Asar turkiy xalqlarning qadimiy afsona va tarixidan boshlanib, Abulg‘ozixonning 1663/64-yilda Buxoroga yurishi bilan tugaydi. Muallifning maqsadi asar hammaga tushunarli bo‘lishi, turkiy xalqlarning tarixini Xorazmdagi Arabshohiylar sulolasi tarixi bilan yakunlash bo‘lgan. Asarni  5 yashar boladan boshlab yoshi ulug‘ insongacha tushunishi uchun bironta arabiy, forsiy va chig‘atoycha (saroy tili nazarda tutilgan) jumlalar qo‘shmasdan yozish maqsad qilingan. Hozirgi zamon o‘quvchisning fragmentar o‘qishini hisobga olib, turkiy xalqlar tarixining mintaqamizga tegishli qismini qisqa shaklda bilib olishlari mumkin. Asarda hokimiyatning legitimlashtirish, afsonalarni haqiqatga aylantirish uslublari haqida ham bilib olish mumkin. Bu asarni har bir o‘zbekistonlik o‘qib chiqishini tavsiya qilgan bo‘lar edim.

 

7.                 Antuan de Saint-Exupery,Kichkina Shahzoda” (fransuzcha: Le Petit Prince) asari. Asar allegorik ertak bo‘lib, 1943-yilda nashr etilgan. Ushbu asar nafaqat bolalar uchun, balki kattalar uchun ham chuqur ma’nolarga ega, hayotning, sevgi va insoniyatning eng muhim qadriyatlari haqida o‘ylashga undaydi. Shahzoda o‘zining gullari, xususan bir “yashirin” guliga bog‘lanib, o‘zining haqiqiy muhabbatini va mas’uliyatini anglaydi. “Rose” – bu asarning eng ko‘zga tashlanadigan va muhim simvoli bo‘lib, shahzodaning kattalar dunyosiga qarshi qarashlarini va sevgining haqiqiy mohiyatini ifodalaydi. Ya’ni, siz yoqtirgan gul yoki buyum sizning qaramog‘ingizda bo‘lsa, siz uning hayotiga ham ma’sul ekaningizni unutmasligingiz kerak. Kitobning asosiy qahramoni – kichkina shahzoda, kosmos bo‘ylab sayohat qiluvchi yosh bola. Har bir yangi sayyora ustidan uchib o‘tishda, u o‘zining boshqalar bilan bo‘lgan aloqalari orqali kattalar dunyosining noxush tomonlarini ochib beradi. Saint-Exupery o‘z asarida kattalar va bolalar o‘rtasidagi tafovutlarni ko‘rsatadi va bolalar dunyosidagi toza hamda oddiy qarashlarini tasvirlaydi

 

8.                 Edward Said, “Orientalizm” asari. Bu asar har bir ijtimoiy-gumanitar sohada ishlaydigan mutaxassisning “must have”, ya’ni yon kitobi bo‘lishi kerak. Asar garchi 1978-yilda yozilgan bo‘lsa ham haligacha o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan. Asarning ruscha tarjimasi ham 2000-yillarda, boshqa tillar tarjimasiga nisbatan kechroq amalga oshirilgan. Asar akademik asar bo‘lishiga qaramasdan, ko‘plab soha vakillari tomonidan mutolaa qilinadi. Asar muallifi Edward Said falastinlik yahudiy bo‘lib, bu kitob uning uzoq yillik kuzatuvlari orqali shakllangan edi. Sharq va G‘arb o‘rtasidagi madaniy, siyosiy va ilmiy aloqalarni tahlil qiluvchi mukammal asardir. Muallif mazkur kitobda G‘arbning Sharqni o‘rganish uslublarini va bu ilmiy ishlanmalar orqali Sharq haqidagi tasavvurlarni qanday shakllantirganini ko‘rsatadi. U “orientalizm” atamasini, G‘arbning Sharqqa bo‘lgan ideologik yondashuvini tanqidiy nuqtai nazardan ta’riflaydi. Edvard Saidga ko‘ra, orientalizm faqat ilmiy tahlil emas, balki Sharqni G‘arbning imperialist manfaatlari uchun manipulyatsiya qilish vositasi hamdir. “Orientalizm” kitobi Sharq va G‘arb o‘rtasidagi farqlarni o‘rgatgan holda, G‘arbning Sharqqa nisbatan qanday noto‘g‘ri tasavvurlar yaratgani va bu tasavvurlarni siyosiy qudratning bir qismi sifatida qanday ishlatganini ko‘rsatadi. Muallif Sharqni G‘arbning tasavvurlari va haqiqatidan tashqarida tasvirlamoqchi bo‘lib, Sharqni haqiqatan ham o‘zining yirik va ko‘p qirrali madaniyati, tarixiy rivoji va insoniy qadriyatlari bilan tahlil qiladi. Bu kitob ta’sirida ilmda yangi yondashuvlar ham shakllangan bo‘lib, shulardan biri subaltern studies hisoblanadi.

 

9.                 Yuval Noah Harari, “Insoniyat tarixi” (“Sapiens: A Brief History of Humankind”) asari. Harari bu kitobida insoniyat evolyutsiyasi, tarixiy jarayonlar va madaniy taraqqiyotning asosiy bosqichlarini tahlil qilgan. U Homo sapiensning paydo bo‘lishidan tortib hozirgi zamongacha bo‘lgan voqealarni qamrab oladi. Kitob ilk bor 2011-yilda ivrit tilida nashr qilingan va keyinchalik dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilindi, shu jumladan o‘zbek tiliga ham. Harari o‘z asarida uch asosiy inqilobga e’tibor qaratgan:

 

1. Kognitiv inqilob – bu odamlarda fikrlash qobiliyatining rivojlanishi;

2. Qishloq xo‘jaligi inqilobi – yerga ishlov berish va doimiy yashash joylariga o‘tish;

3. Ilmiy inqilob – zamonaviy texnologiya va ilm-fan taraqqiyoti.

 

Kitob o‘quvchilarni insoniyatning tarixiy yo‘lida madaniyatlar va ijtimoiy tizimlarning qanday rivojlanganini o‘ylashga undaydi va global mashhurlikka erishgan.

 

10. Harper Li, “Mazaxchini o‘ldirish” (“To Kill a Mockingbird”) romani. “Mazaxchini o‘ldirish” XX asr adabiyotining eng mashhur va e’tiborli asarlaridan biri hisoblanadi. Ushbu roman dastlab 1960-yilda chop etilgan muallifning yagona badiiy asari. Asar Amerika jamiyatidagi irqchilik, adolat va insoniyat masalalarini o‘rganish uchun muhim platforma sifatida qaraladi. Roman qisqa vaqt ichida bestsellerga aylangan va 1961-yilda Pulitser mukofotiga sazovor bo‘lgan. Asar inson huquqlari va irqiy tenglik mavzularini ko‘tarib chiqqani uchun ko‘plab o‘quvchilar va adabiyotshunoslar tomonidan yuqori baholanadi. “Mazaxchini o‘ldirish” kitobi adabiyot tarixida katta o‘rin tutadi: Roman hikoyasi 1930-yillarda Amerikadagi kichik bir janubiy shaharda sodir bo‘ladi. Asar qahramoni yosh qizcha Skaut Finç voqealarni o‘zining bola nuqtai nazaridan hikoya qiladi. Uning otasi, advokat Attikus Finç oq tanli ayolga zo‘rlashda nohaq ayblangan qora tanli erkak Tom Robinsonning himoyasini o‘z zimmasiga oladi. Ushbu sud jarayoni irqchilik va adolat mavzularini keng yoritadi. Bu asar irqchilikka qarshi kurashda katta ta’sir ko‘rsatgan va fuqarolik huquqlari harakatiga ilhom manbai bo‘lgan. Kitob dunyoning ko‘plab mamlakatlarida o‘rta maktab darsliklariga kiritilgan.

 

Hilola NAZIROVA,

manbashunos tarixchi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//