“Bahoriston”ning Ogahiy tarjimasidagi ilk qoʻlyozmasi


Saqlash
19:09 / 30.09.2022 2162 0

Yaqinda “Shajarayi turk” asarining Gurlan nusxasi topilgani haqida Oyina.uz portali xabar qilgandi. Xorazm ahli bisotida noyob qoʻlyozmalar hamon bisyorligiga qayta-qayta guvoh boʻlmoqdamiz. Buning yana bir isboti sifatida Xiva shahar ichki ishlar boʻlimi toʻqqizta nodir kitobni Xorazm Maʼmun akademiyasi tasarrufiga topshirganini keltirish mumkin.

 

Quvonarlisi, tarixiy xazina orasida Saʼdiy Sheroziyning “Guliston” asari turkiy tarjimasi ham borligi, ayniqsa, uni Muhammadrizo Ogahiy shaxsan oʻz qoʻli bilan yozgani aniqlanishi oʻzbek manbashunosligida katta yangilik boʻldi. Tadqiqot asnosida esa bizni yanada muhim ilmiy kashfiyot kutib turganini hali bilmas edik.

 

Shoir, muarrix va mutarjim Muhammadrizo Ogahiy sohibi iqtidor va ijod koʻlami nuqtayi nazaridan mumtoz adabiyotimizda haqli ravishda Alisher Navoiydan keyin ikkinchi oʻringa qoʻyiladi. Undan bitta devon, oltita tarixiy va oʻn toʻqqizta tarjima asar meros boʻlib qolgan. Sheʼriy va tarixiy kitoblarining qoʻlyozmalari bizgacha toʻliq yetib kelgan, tarjimalari esa hali yaxlit tadqiq etilmagan.

 

Xiva xonligida badiiy ijodning tarjimonlik yoʻnalishi ham rivojlangan edi. Kim qaysi kasb egasi boʻlganidan qatʼi nazar, qalamga aloqadorligi bormi, albatta, tarjima ishiga jalb etilardi. Bu davrda bir asarning hatto besh xil tarjimasini uchratish mumkin. Mutarjim mahoratiga esa saroyda xon boshchiligidagi anjumanlarda baho berilardi, eng yaxshi ishlar pul mukofoti va sovgʻalar bilan taqdirlanardi. Tarjimonlarning peshqadamlaridan biri esa Muhammadrizo Ogahiy mirob edi.

 

Ogahiy ijodining ilk yillarida fors tilidan tarixiy asarlarni tarjima qilishga tutingan. Mahorati oshib borgani sari badiiy asarlarni nazmdan nazmga oʻgira boshlagan. Uning tarjimonligi xususida ilk maʼlumot Arminiy Vamberi (1832–1913) kitobida keltirilgan.

 

Vengriyalik sayyoh-olim Xorazmda sheʼriyatga qiziqish kuchliligi toʻgʻrisida soʻz yurita turib, shunday yozadi: “Xivada ikki aka‑uka bilan tanishdim. Biri Munis boʻlib, ajoyib sheʼrlar bitadi; ayrimlarini keyinchalik nashr qildirmoqchiman. Ikkinchisi Mirob. Ulkan sabr bilan Mirxondning katta tarixiy asarini farzandi uchun, garchi oʻgʻlining oʻzi ham fors tilidan xabardor boʻlsa‑da, oʻzbek‑turkiy lahjasiga oʻgirmoqda. Bu ish yigirma yil davom etgan, lekin biror kimsa oldida eʼtirof etishdan uyalardi. Zero, diniy ilmlardan boshqasi bilan shugʻullanish yuzakichilik hisoblanadi”.

 

Ogahiy fors tilidan oʻn sakkizta va usmoniy turkchasidan bitta asar tarjima qilgan. Yirik olim Yuriy Bregel (1925–2016) adibning tarjima asarlari roʻyxatini yillar ketma-ketligida tuzishga qiynalgan. Ammo ogahiyshunos olim Nuryogʻdi Toshev xuddi shunday xronologiyani shoirning oʻzi devonida berganini aniqlagan.

 

Fathulla Gʻanixoʻjayev tuzgan Ogahiy asarlarining fihristida 72 ta qoʻlyozma sanalgan. Keyingi tadqiqotlarga koʻra sanoq 78 taga yetdi va quyidagi jadvallarda oʻz aksini topdi.

 

 

 

 

Jadvalda koʻrinib turibdiki, “Zafarnoma”, “Salomon va Absol”, “Bahoriston”, “Hasht behisht”ning tarjimalari qoʻlyozmasi hanuzgacha topilmagan.

 

Maqola avvalida yozganimizdek, yaqinda Xorazm Maʼmun akademiyasiga topshirilgan nodir kitoblar orasida “Guliston”ning turkiy tarjimasi ham boʻlib, aynan oʻsha jildga bugungi oʻzbek manbashunosligi uchun nihoyatda muhim topilma – “Bahoriston”ning turkiy tarjimasi ham kiritilgani aniqlandi.

 

Ikki didaktik mazmundagi asar yagona muqova ichiga biriktirilgani bejiz emas, albatta. Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston”i (1487) Saʼdiy Sheroziyning “Guliston”i (1256) taʼsirida bitilgan. Muallif asarni oʻn yashar oʻgʻli Ziyovuddin Yusuf uchun darslik-qoʻllanma sifatida yaratgan.

 

Yangi topilgan toʻqqiz qoʻlyozmadan biri “Guliston”ning turkiy tarjimasi va Ogahiyning dastxati ekani toʻgʻrisida olimlar Komiljon Xudoyberganov, Abdulla Oʻrozboyev xulosa bergan. Nodir manbaning foto nusxasi maqola muallifiga yuborilgach, mazkur fikr yana bir bor tasdigʻini topdi.

 

Qoʻlyozma 220 varaqdan iborat boʻlib, sharq qogʻoziga koʻchirilgan, hoshiyada tuzatish va qoʻshimchalar bor. Asosan sheʼr tarjimalarining qoʻshimchalari hoshiyada berilgan. Qoʻlyozmada kolofon yoʻq, bu ham uning dastxat nusxa ekaniga bir dalil. Hijriy 1279/1862-1863-yillar sanasi koʻrsatilgan.

 

Qoʻlyozma hali kodikologik jihatdan tavsiflanmagan va sahifalariga raqamlar qoʻyilmagan. Taxminan 5–126-betlarida “Guliston” tarjimasi joylashgan. Soʻnggi varagʻini sinchiklab qaraganimizda ushbu asarning yakuniga oʻxshamasdi. Ustiga ustak, kitob 220 sahifadan oshiqroqligi ham jildda ikkita asar boʻlishi mumkin, degan taxminni kuchaytirdi.

 

Ogahiyning tarjima kitoblari roʻyxatida “Guliston”dan keyin “Bahoriston” keltirilgan, lekin haligacha birorta nusxasi topilmagan. Demak, bu asarning Shoislom Shomuhammedov tomonidan hozirgi oʻzbek adabiy tiliga oʻgirilgan variantini qoʻlyozmaning soʻnggi varagʻi bilan solishtirish kerak boʻladi.

 

Ikki tarjimani bir asrlik katta davr ajratib tursa-da, matnning bir-biriga juda oʻxshashligi chindan ham hayratlanarli edi. Abdurahmon Jomiy qalamiga mansub “Bahoriston” asaridan Muhammadrizo Ogohiy amalga oshirgan turkiy tarjimaning hozircha dunyoda yagona nusxasi shu tariqa kashf etildi.

 

Ogahiyning shaxsiy dastxatini aniqlash uslublari bugungi kunda mutaxassislarga yaxshi maʼlum. Avvalambor, dastxat nusxalarining kolofonida kotib ismi koʻrsatilmaydi. Qolaversa, shoirning qoʻl yozuvi osonlik bilan tanib olish mumkin boʻlgan xususiyatlarga ega: “Hoyi xutti” – ح, “nun” – ن, “sin” – س kabi harflarning bitilishi, hamza – ء belgisidan foydalanishdagi oʻziga xosliklar.

 

Dastxat qoʻlyozmasida Markaziy Osiyo mintaqasiga xos va Ogahiyda ham uchraydigan imloviy farqlarni koʻramiz.

 

 

Yana bir qiymatli tarafi, mazkur qoʻlyozma nafaqat dastxat, balki qoralama nusxa hamdir. Yaʼni toʻldirish va oʻchirishlar bilan koʻchirilgan. Bu esa adibning ijodiy laboratoriyasini ichkaridan oʻrganish, tarjimonlik mahorati va soʻz qoʻllash usullarini aniq misollar asosida tadqiq etishga boy material beradi.

 

Qoʻlyozmaning ayrim sahifalari foto nusxasi bilan tanishish asnosida toʻliq variantini ham koʻrishga ehtiyoj sezildi. Bunda Xorazm Maʼmun akademiyasi katta ilmiy xodimi Dilmurod Bobojonov yaqindan koʻmak berdi. Shu oʻrinda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti qoshidagi Xalqaro ogahiyshunoslar kengashi nomidan Xorazm Maʼmun akademiyasi direktori, biologiya fanlari doktori, professor Ikrom Abdullayevga ham hamkorlik uchun minnatdorlik bildiramiz. Umum turkiy mumtoz adabiyotimiz yana bir tarjima asar bilan boyidi va bu olamshumul yangilik bilan ilm ahlini qutlaymiz.

 

Hilola NAZIROVA,

OʻzR FA Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi,

TDSHU qoshidagi Xalqaro ogahiyshunoslar kengashi ilmiy kotibi,

tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19084
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19084
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15779
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi