
Shoh va shoir, kuchli strateg va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur shubhasiz “Boburnoma” orqali oʻz davrining achchiq va talx, totli va qaygʻuli voqeliklariga rosmana koʻzgu tuta olgan favqulodda shaxs. “Hasbi hol” shunchaki voqealar xronologiyasi yoxud janglar tarixini hikoya qilmaydi, balki toʻgʻri soʻz, xolis yondashuv bilan haqqoniy xulosalar chiqaradi.
Oʻzbek xalqi har ikki soʻzning birida maqol yoki ibora ishlatishga azaldan usta. Bu aytilmoqchi boʻlgan fikrni yanada oʻtkirlashtiradi. Shoirona til bilan aytganda, fikr – qilich, maqol va iboralar uni qayrovchi qayroqtosh.
Besh asr muqaddam Mirzo Bobur tilidan aytilgan baʼzi maqollar va ularning voqealarga qanchalik mosligi beixtiyor kishini hayratlantiradi. “Boburnoma”da muallif boshidan kechirgan voqealar qatori yon-atrofida roʻy bergan turfa holatlarni ham tasvirlar ekan, oʻquvchiga yanada tushunarli boʻlishi uchun ayrim forsiy va turkiy maqollardan foydalanadi.
Quyida “Boburnoma” memuarida tilga olingan va Bobur Mirzoning shaxsiy hayotiy tajribasi, sinov-u janglarda toʻplagan xulosalari bilan sugʻorilgan ayrim xalq maqollarini hamda ularni qoʻllashga sabab boʻlgan tarixiy voqeliklarni keltirib oʻtamiz.
“Uzri gunohidan battar”
“Boburnoma”da muallif Shayboniyxon haqida soʻz yuritar ekan, uning bir ishini hech bir mantiqqa toʻgʻri kelmasligini izohlashga kirishadi. Yaʼnikim, “Shayboniyxon Xoja Yahyodan xavotirda edi. Shuning uchun uni ikki oʻgʻli Xoja Muhammad Zakariyo va Xoja Boqiy bilan Xuroson tomonga joʻnatdi. Keyinidan bir necha oʻzbak borib, hazrati Xoja Yahyoni ikki yosh oʻgʻli bilan Xoja Kordzan atrofida shahid qildilar. Shayboniyxon: “Xojani oʻldirishga men buyruq bermaganman, buni Qanbarbiy bilan Koʻpakbiy qildilar”, der ekan, bu gapi undan yomonroq” deydi muallif.
Bobur Mirzo ana shu voqea sharhida “Uzri gunohidan battar” maqolini ishlatadi. “Shunday ishlarni beklar oʻz boshi bilan xonidan va podshohidan ruxsatsiz qila boshlasa, unda xonligi-yu podshohligi qayerda qoldi?!” deya fikrini izohlaydi.
“Doʻstlar bilan oʻlim – toʻydir”
Bu maqol ogʻir va darbadar kunlarning birida, Hirotdan Kobulga borishda qalin qor yoqqan mahal muallif tilidan yangraydi. Shoh va shoir otning qornidan keladigan yoʻllarda oʻzi oldinga tushib, qor tepib, lashkarga yoʻl ochar ekan, hech vaqt oʻzini shohlik maqomida tutmaydi. Boshqalar gʻorda qor boʻronidan jon saqlab turgan chogʻda Bobur qorda oʻra qazib, oʻsha yerda tong ottiradi.
Matn tabdili: “Bir haftaga yaqin qor tepib, kunda bir sharʼiy – bir yarim sharʼiydan ortiq koʻchilmas edi. Qor tepar kishi men edim, oʻn-oʻn besh ichkilar bilan va Qosimbek edi, ikki oʻgʻli – Tangriberdi va Qanbar Ali bilan, yana ikki-uch navkari ham bor edi. Ushbu zikr etilganlar yayov yurib, qor tepar edik. Har kishi yetti-sakkiz-oʻn qari ilgari yurib qor tepar edi. Har qadam qoʻyganida beligacha, koʻksigacha bota-bota qor tepar edi.
Shu usulda qor tepib... Havoli Qutiy degan gʻorga keldik. Ushbu kun dahshatli boʻron bilan qor yogʻar edi. Shunchalikki, barchaga oʻlim vahimasi boʻldi...
Gʻor torroq koʻrindi. Men gʻorning ogʻzida kurak olib, qor kurab, oʻzimga bir takya miqdori yer yasadim, qorni koʻksimgacha qazdim. Hanuz oyogʻim yerga tegmasdi. Biroz shamoldan panoh boʻldi. Oʻsha holatda oʻtirdim. “Har necha dedilarki: “Gʻorga boring”. Bormadim. Koʻngilga kechdikim, barcha el qorda va chopqunda, men issiq uyda va istirohat bilan; unda barcha el tashvish bilan mashaqqatda, men bunda uyqu bilan farogʻatda. Muruvvatdan yiroq va hamjihatlikdan nari ishdir. Men ham har tashvish va mashaqqat boʻlsa koʻrayin, har nechuk el toqat qilib tursa – turayin. Bir forsiy maqol bor: “Doʻstlar bilan oʻlim – toʻydir” degan...” (“Boburnoma”. 14-b.).
Koʻrinadiki, el qatori yumushga bel bogʻlash, ovqatlanish, hayot kechirish shohning kundalik hayotiga aylanib boʻlgan.
“Qishloq qayerda-yu, daraxtlar qayerda”
Bu maqolni ishlatguncha Bobur unga olib boruvchi voqeani astoydil soʻzlab beradi. Yaʼnikim, u Axsi shahri “Andijondan gʻarb sari toʻqqiz yigʻochlik yoʻlda” ekanini aytib, Umarshayx Mirzo uni poytaxt qilganini eslatib oʻtadi. Shuningdek, Sayxun daryosi qoʻrgʻonining pastidan oqib oʻtishi, qoʻrgʻoni baland jar ustida joylashgani, xandaq oʻrnida chuqur jarlar borligi, buni poytaxt qilgan “Umarshayx Mirzo bir-ikki marotaba tashqariroqdan yana jarlar qazdir”ganini aytar ekan, poytaxt qishloqdan ancha uzoqlashib ketganiga shama qiladi.
U soʻzini davom ettirar ekan, Fargʻonada bunchalik mustahkam qoʻrgʻon yoʻqligi, mahallalari qoʻrgʻondan bir sharʼiy yiroqda joylashganini aytib, “Qishloq qayerda-yu, daraxtlar qayerda?“ maqoli, aftidan, Axsi uchun aytilganini taʼkidlab oʻtadi (“Boburnoma”. 31-b.).
“Qopudagini qopmasa, qariguncha qaygʻurar”
Muallif voqeani shunday hikoya qiladi: “Tanbal bizning otlanganimizni bilib, akasiga koʻmakka shoshib kelayotgan ekan. Kun ikki namoz orasi payti ediki, Tanbal lashkarining qorasi Navkand tomonidan paydo boʻldi. Akasining bunday nochor qolib, mulohazasiz chekinishidan va bizning bunday ildam yetganimizdan lol va hayratda turib qoldi. Biz dedikki, uni bizga bu taxlit Xudo yetkazdiki, hozir u sarosimada turipti, agar biz harakat qilib, ularga tashlansak, Tangri koʻmagida birortasi ham qochib ketolmaydi. Vays Logʻariy va yana baʼzilar dedilarki, kun kech boʻldi. Bugun boʻlmasa, ertaga urusharmiz, qayoqqa ham borishardi? Ertalab har qayerda boʻlsa, uchratamiz, deb darhol hujum qilishni maʼqul koʻrmadilar. Shundaygina eshikka kelgan gʻanim hech qanday zarar koʻrmay qutuldi.
“Qopudagini qopmasa, qariguncha qaygʻurar” degan maqol bor” (“Boburnoma”. 71-b.). Bu maqolga koʻra, agar odam imkoniyat, omad oʻzi eshikkacha kelganida foydalanmasa, keyin umrining oxirigacha afsus qilib oʻtadi.
Anglaymizki, “ogʻizdagi oshni oldirish” kabi bir vaziyat yuzaga kelgan. Bobur bu oʻrinda quyidagi baytni keltiradi:
Korhoro ba vaqd boyat just,
Kori bevaqt sust boshad, sust.
(Mazmuni:
Ish vaqtida unumli boʻlur,
Bevaqt ishning ishkali boʻlur.)
Maʼlum boʻladiki, ertasiga gʻanimning ustiga yurib, uni topolmay qoladilar.
“Koʻzlarini tuz tutti”
Bobur bir voqeani shunday hikoya qiladi. Yaʼnikim, Ali Doʻst vaqt oʻtishi bilan zaiflashib, ojiz holga tushib qoladi. Buning sababi, u Tanbalni orqa qilib, Boburga va uning tarafdorlariga koʻp jabr-u zulmlar oʻtkazar ekan. Shu bois Boburning ham unga nisbatan taʼbi yomon edi. Oxiri Ali Doʻst xavotir va xijolat ichida tura olmay, ketishga ruxsat soʻraydi. Bobur unga minnatdorlik bildirib, ruxsat beradi. Shundan keyin Ali Doʻst va Muhammad Doʻst Tanbal huzuriga yoʻl olib, yana koʻplab yovlik va yomonliklar qilishda davom etadi.
Bir necha yil oʻtgach, Ali Doʻstning qoʻliga kuydirgi chiqib, vafot etgan. Muhammad Doʻst oʻzbakka qoʻshilgan, ishi unchalik yomon emasdi. U yerdan ham koʻrnamaklik qilib qochib, Andijonning togʻ etaklariga borib, yana fitnalar uyushtiradi. Oxiri qozigʻini topib, yana oʻzbak qoʻliga tushadi.
Bobur ana shu holatga izoh berar ekan, sotqinning koʻzlarini koʻr qilganini aytib oʻtadi va shu maqolni qoʻllaydi: “Koʻzlarini tuz tutti...” maqolining maʼnosi shu boʻlsa kerak” (“Boburnoma”. 75-b.).
Bu ibora hozirda ham “tuz haqi urdi”, “non-tuz haqiga xiyonat qildi”, “tuzlugʻiga tupurgani uchun koʻr boʻldi” koʻrinishida xalq orasida ishlatilib kelinadi.
“U kechuvni suv olib ketdi”
Maqolga sharh berishdan avval, voqeani qisqacha sharhlasak. “Boburnoma”da aytilgan ushbu voqeada muallif bir vaqtlar podshohlik daʼvosida yurgan, ammo taqdir tebranishlari orqali xor-zor holatga tushgan shaxsning holi haqida yozadi. Uning yaqin navkarlari birin-ketin Bobur tomonga oʻtayotgani, oʻzi esa ichidagi gʻurur va alamni yashira olmasdan, amalsiz holda Bobur oldida taʼzim qilishga majbur boʻlgan vaziyat.
“Boburnoma”da shunday keladi:
Tabdili: “Undan ikki qiziq ish sodir boʻldi. Biri: navkarlari ayrilgani sababli uning koʻnglini koʻtarishga harakat qilganimda, u bunga javoban: “Navkarlar toʻrt marotaba aynan shunday mendan ayrilishgan, yana kelishgan”, dedi. Ikkinchisi: inisi Valining qachon kelishi, Amu daryosidan qaysi kechik bilan oʻtishini soʻraganimda, dediki: “Agar kechuv topilsa, tez keladi. Biroq kechiklar suv koʻpaygach, oʻzgaradi” (“Boburnoma”. 102-b.).
Bunday lahzada Bobur tomonidan aytilgan “U kechuvni suv olib ketdi” maqoli juda kuchli va ramziy maʼno kasb etganini koʻramiz. Yanikim, qachonlardir bor boʻlgan imkoniyat va yoʻl endi yoʻqoldi – uni aslo ortga qaytarib boʻlmaydi.
“Shahar darvozasini yopib boʻladi, dushman ogʻzini yopib boʻlmaydi”
Bu maqolni ishlatar ekan, Bobur xalq tilidagi ayrim yanglish fikrlarga urgʻu beradi. Yaʼni u “har qachonki, Tangri taolo menga biror davlat bersa, mehmon va musofir beklarni, yigitlarni oʻz tarbiyalaganlarim va andijonliklardan ortiqroq, yaxshiroq koʻrdim”, deb yozadi. Ammo xalq ogʻzida doim bir gʻiybat yuradi. Yaʼni: “Oʻzi va andijonliklardan oʻzgaga eʼtibor qilmaydi”.
Muallif shu oʻrinda voqeaga aloqador bir qancha maqollarni ham ishlatadi: “Dushman ne demas, tushga ne kirmas”, “Shahar darvozasini yopib boʻladi, dushman ogʻzini yopib boʻlmaydi” (“Boburnoma”. 116-b.).
“Goh oʻn bir yaxshi, goh toʻqqiz”
“Boburnoma”da shunday parcha keladi:
“Ushbu joydan Sayyid Toʻfon, Sayyid Lochinni qoʻsh ot bilan Lahoʻrdagi beklarning oldiga: “Urush boshlamang, Siyalkot yoki Parsaruga kelib, bizga qoʻshiling”, degan soʻzlar bilan shoshilinch joʻnatdim.
Hammaning ogʻzida: Gʻozixon oʻttiz-qirq ming kishi yigʻibdi; Davlatxon qari holi bilan beliga qilich bogʻlabdi; bular urush boshlasalar kerak, degan gaplar edi. Xayolimga: “Gah yozdah beh, gah nuh” (“Goh oʻn bir yaxshi, goh toʻqqiz”) degan maqol keldi (“Boburnoma”. 191-b.).
Bu maqolning shunday sharhlash mumkin. Hayotda hamisha bir xil boʻlmaydi – baʼzan omad kulib boqadi, baʼzida kelmay qoladi. Baʼzan ish yaxshilik bilan tugaydi, baʼzan kutilmagan musibat yoki yoʻqotish keladi.
Yaʼni, dunyo ishlari doim bir tekis emas, “gah yozdah” – biroz ortiq, yaxshiroq holat; “gah nuh” – kamayish, pasayish boʻlib turadi.
“Inonmagil doʻstingga, somon tiqar poʻstingga”
Voqealar rivoji aynan maqoldagi maʼnoga hamohang kechadi. “Boburnoma”da yozilishicha, Bobur Mirzo Ispara tomon yoʻlga chiqib, Mahan qishlogʻida toʻxtaydi. U yerda kutilmagan holda bir nechta guruhlar – Qosimbek, Ali Doʻst va Sayyid Qosim jamoatlari ham kelib qoʻshiladilar. Bu holat goʻyo oldindan kelishilgandek, omadli va birlashuvchan vaziyat boʻladi. Keyin Bobur Xasbon dashti va Choʻpon koʻprigidan oʻtib, Oʻratepaga yetadi.
Shu orada Qanbar Ali Tanbalga ishonib, undan maslahat soʻrash uchun Axsiga boradi. Ammo Tanbal xiyonat yoʻliga oʻtib, uni qoʻlga oladi va uning viloyatlariga yurish qiladi.
Shu voqeaga nisbatan Bobur “Inonmagil doʻstingga, somon tiqar poʻstingga” degan turkiy maqolni keltiradi (“Boburnoma”. 75-b.).
Bu hikmat voqea mazmuniga toʻla mos keladi: yaʼni, odam baʼzan doʻst deb bilgan kishisidan ham xiyonat koʻrishi mumkin. Qanbar Alining Tanbalga ishonchi ham shunday oqibatning yorqin namunasidir.
Bobur ELMURODOV,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori
Ta’lim-tarbiya
Ma’naviyat
Jarayon
Adabiyot
San’at
Ma’naviyat
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q