Oyina.uz portali oʻzbekning 100 ziyolisidan “HAR BIR INSON HAYOTI DAVOMIDA OʻQISHI SHART BOʻLGAN 10 KITOB” tavsiyasini berishda davom etadi.
Loyihaning 38-kuni yozuvchi Nurilla Chori “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiya qiladi:
Anchadan beri Oyina.uz portalining “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” soʻrovnomasini zoʻr qiziqish bilan kuzatib kelaman. Aslini olganda bunday soʻrovnomalar oʻzbek matbuoti uchun begona emas. Ikki minginchi yillarda “Hurriyat” gazetasi, ziyo.uz saytida, “Tafakkur” jurnalining “Javondagi javohir” va “Yoshlik” jurnalidagi “Tavsiya” ruknlarida ham shu mazmundagi maqolalar berib kelinadi. Oyina.uz ham bu anʼanani davom ettirayotganidan xursand boʻldim. Ochigʻi, loyihaga kitob tavsiya qilish oldidan qattiq oʻy bosdi... Abdulla Oripov taʼbiri bilan aytganda, “bir qarasam” kitoblarni yelkalab, “bir qarasam” kitoblarni qoʻltiqlab yuribman. Qisqasi, kitoblar ichida yashabman.
Eng qizigʻi shuki, oyina.uz barmoq bilan sanarli kitob soʻrayapti. Kamina sanamoqchi boʻlgan kitoblar barmoqqa sigʻmadi. Ammo shart shunday boʻlgandan soʻng, nachora?!
Oliy oʻrin, “Qurʼoni karim”, hadisi shariflar, anbiyolar qissalari, sahobalar hikoyatlari
1. “Alpomish” va “Goʻroʻgʻli” turkumidagi dostonlar
2. Sofokl, “Shoh Edip” asari
3. Alisher Navoiy, “Lison-ut tayr” asari
4. Abdulla Qodiriy, “Oʻtkan kunlar” romani
5. Abdulla Oripov, “Ishonch koʻpriklari” sheʼriy toʻplami
6. Murod Muhammad Doʻst, “Lolazor” romani
7. Togʻay Murod, “Otamdan qolgan dalalar” romani
8. Migel Anxel Asturias, “Senyor Prezident” romani
9. Erkin Aʼzam, “Shovqin” romani
10. Xayriddin Sulton, “Yozning yolgʻiz yodgori” qissasi.
Soʻrovnomaga qatnashayotib tanlov ogʻir ekanini his etdim. Juda koʻp kitoblardan qarzdor ekanimni angladim. Agarda oyina.uz barmoqlab emas, boʻgʻimlab sanashga imkon berganida edi, attang...
***
Nurilla Chori 1983-yili Qashqadaryo viloyati Yakkabogʻ tumanidagi Izilloq qishlogʻida tugʻilgan. Oʻzbekiston Milliy universitetining oʻzbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. “Boʻron tingan kecha” va “Tashvishi yoʻq odamlar” hikoyalar toʻplami nashr etilgan.
Nurilla Chori “Oltin qalam” XV Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov gʻolibi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi. Ayni vaqtda “Yoshlik” jurnali bosh muharriri.
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q