Tarix fanlari doktori Azamat Ziyo “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiya qiladi


Saqlash
23:38 / 31.10.2023 1506 2

Oyina.uz portali oʻzbekning 100 ziyolisidan “HAR BIR INSON HAYOTI DAVOMIDA OʻQISHI SHART BOʻLGAN 10 KITOB” tavsiyasini berishda davom etadi.

 

Loyihaning 47-kuni tarix fanlari doktori Azamat Ziyo “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiya qiladi:

 

1. Amir Temur, “Temur tuzuklari” kitobi

Oʻzbekning ulugʻi Amir Temurning kimligini teranroq bilish uchun ham ushbu asarni oʻqimoq va uqmoq kerak. Unda kishilik tarixida eng yorqin iz qoldirgan buyuk arbobning davlat va jamiyat boshqaruviga oid oʻz qarashlari bor. Jahon xalqlari oʻtmishidagi biron hukmdor bunday asar – qonunlar va ular boʻyicha hayotiy tushuntirishlar toʻplamini yaratolgan emas. Eng muhimi, ushbu tengsiz asar Sohibqiron oʻz umri va faoliyati davomida avvalo va doimo bilim, qonunlar, adolat va donishmandlikka tayanganini tasdiqlovchi oʻziga xos dalildir.

 

2. Abdulhamid Choʻlpon sheʼrlari

Men uchun Choʻlpon adiblarning eng ulugʻidir. Soʻz mahorati, bilimi koʻlami, falsafiy tafakkuri, zakiylik darajasi, millat va yurt kuyinchakligida undan oʻtganini koʻrganim yoʻq (albatta, bilganlarim orasida). Qizigʻi, uning sheʼriy satrlari barchasi oddiy, odamga yaqin, hayotiy, aqlli va goʻzal. Bitta satrini olsangiz ham, mazmun va chiroyini hech ham yoʻqotmaydi. Masalan, “Kishan kiyma, boʻyin egma!» yoki “Ki sen ham hur tugʻilgʻonsen!

 

3. Abdulhamid Choʻlpon, “Kecha va kunduz” romani

Choʻlpon ham nazm, ham nasrda bir xilda yuksak maqomda ijod qilolgan buyuk adibdir. Bundayin isteʼdod egasini na oʻzimiz, na chet adabiyotlarda uchratganim yoʻq (albatta, bilganlarim orasida). Buning isboti boʻlmish ushbu asar qaram millatning fojiasini yalongʻochlab bergan. Unda inson, millat qanchalik goʻzal, iqtidorli, toʻgʻri boʻlmasin, umumqoloqlik, omilik, oʻz oʻqiga oʻralib qolishlik muhitida xunuk, uquvsiz, xudbin, tentak boʻlib koʻrinaverishi, yuraverishi yuksak mahorat bilan ifodalab berilgan. Asarda milliy dunyoqarashimiz, eʼtiqodimiz, feʼl-atvorimizni ilmiy oʻrganish uchun yetarli darajada ishoralar bor.

 

4. Abdulla Qodiriy, “Oʻtgan kunlar” romani

Asar nima haqidaligini adibning oʻzi oʻta qisqa va haqqoniy aytgan: tariximizning eng kirlik, qora kunlarining adabiy talqini. Bunday kunlar nimaligini esa Yusufbekxoji tilidan bildirgan: Ittifoqni ne el ekanini bilmagan, yolgʻiz oʻz manfaati shaxsiyati yoʻlida bir-birini yeb, ichkan mansabparast, dunyoparast va shuhratparast muttahamlar Turkiston tuprogʻidan yoʻqolmay turib, bizning odam boʻlishimizgʻa aqlim yetmay qoldi. Biz shu holda ketadirgan, bir-birimizning tegimizga suv quyadirgʻan boʻlsaq yaqindirki, oʻrus istibdodi oʻzining iflos oyogʻi bilan Turkistonimizni bulgʻatar va biz boʻlsaq oʻz qoʻlimiz bilan kelgusi naslimizning boʻynigʻa oʻrus boʻyindirigʻini kiydirgan boʻlarmiz. Oʻz naslini oʻz qoʻli bilan kofir qoʻligʻa tutqin qilib topshirquchi — biz koʻr va aqlsiz otalargʻa xudoning laʼnati albatta tushar, oʻgʻlim! Bobolarning muqaddas gavdasi madfun Turkistonimizni toʻngʻuzxona qilishigʻa hozirlangʻan biz itlar yaratguchining qahriga albatta yoʻliqarmiz! Temur Koʻragon kabi dohiylarning, Mirzo Bobur kabi fotihlarning, Forobiy, Ulugʻbek va Ali Sino kabi olimlarning oʻsib-ungan va nashʼu namo qilgʻanlari bir oʻlkani halokat chuqurigʻa qarab sudragʻuchi albatta tangrining qahrigʻa sazovordir.

 

5. Abdulla Qodiriy, “Mehrobdan chayon” romani

Asar Qoʻqon xonligining ijtimoiy-siyosiy muhitini shundoqqina koʻz oʻngingizga keltirib qoʻyishi bilan qimmatlidir. Unda Rossiya imperiyasiga qaramlik ildizlari – siyosiy va diniy biqiqlik sharoitidagi boylik, bilim, yaratuvchilik, goʻzallik, isteʼdod hech narsamasligi, fojia sari yumalashni toʻxtatib boʻlmasligi shundoqqina koʻrinib turadi. Shu bilan birga, koʻrgilik qanchalar achchiq boʻlmasin, botir, masʼuliyatni oʻz qoʻliga olishga qodir insonlar yoʻqolib ketmasligi, ular sharoitdan qatʼi nazar kurashish yoʻllarini istashlari gʻoyasi ham bor.

 

6. Togʻay Murod, “Otamdan qolgan dalalar” romani (kinoasari ham )  

Ushbu asarni har bir oʻzbek oʻqishi kerak. Ayniqsa, bir tomondan, Rossiya imperiyasiga 126-yillik qaramlik tarixidan xabarsiz yosh avlod, ikkinchi tomondan, sovet hokimiyati bizni roʻshnolikka olib chiqdi, sovet davrida taʼlim, tibbiyot tekin edi, ashulasini bugun ham aytib yurganlar. Erksizlik va majburiy mehnat – qulchilik bosqichimizni badiiy yoʻllar bilan haqqoniy yoritib bergan buyuk asar.

 

7. Qahramon Rajabov, “Turkiston qoʻrboshilari” asari 

Bu asarni ham har bir oʻzbek oʻqishi kerak. Negaki bundan yuz yil burun ota-bobolarimizning milliy davlatchilikni tiklash yoʻlida sovet hokimiyatiga qarshi kurashlariga bosh-qosh boʻlgan harbiy arboblarimiz – qoʻrboshilarimiz tarixi ilk bor ilmiy yoʻsinda va haqqoniy ravishda yoritib berilgan asar mana shu boʻladi. Unda Ibrohimbek, Shermuhammadbek, Katta Ergash va Kichik Ergash singari nisbatan taniqli qoʻshinboshilarimiz qatorida yana oʻnlab milliy qahramonlarimiz haqida ilmiy asoslangan va qimmatli maʼlumotlar bor.

 

8. Qahramon Rajabov, “Turkiston Muxtoriyati tarixi” kitobi 

Asarda milliy davlatchiligimizni tinch yoʻl bilan tiklash, zamonaviy siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy tuzum qurish maqsadidagi birinchi va soʻnggi urinish – Turkiston muxtoriyatining uch oyga ham yetmagan joʻshqin, qarama-qarshiliklarga boy, oqibati fojia bilan tugagan, Turkiston mintaqasida sovet rejimiga qarshi istiqlolchilik harakatiga turtki boʻlgan tarixiy bosqich ilk bor boshqacha yoʻsinda va haqqoniy ravishda yoritib berilgan.

 

9. Qahramon Rajabov, “Turkiston mintaqasida sovet rejimiga qarshi istiqlolchilik harakati va mohiyati” (1918 – 1935) kitobi 

Ushbu asarni ham har bir oʻzbek oʻqishi kerak. Negaki oʻzbekning har bir avlodi ota-bobolarimiz sovet bosqinchi-bosmachilariga qarshi salkam yigirma yil qoʻlda qurol bilan kurashganlarini bilishi, el-yurt ozodligi uchun shahid ketgan ajdodlarimizni esdan chiqarmasligi, sovet hokimiyatining barcha kirdikorlariyu jirkanch tabiatini yodda tutishi shart.

 

10. Azamat Ziyo, “Oʻzbek davlatchiligi tarixi” kitobi. 

Ushbu tavsiyam kamtarsizlik oʻlaroq baholanishini istamasdim. Negaki uzoq, ayniqsa, soʻnggi yillardagi kuzatishlarimga koʻra, juda koʻpchilikda milliy davlatchiligimizning 3000-yillik tarixiy yoʻli haqida ozgina boʻlsa-da tasavvur yoʻq. Ushbu mavzuda yaratilgan yaxlit asar yoʻqligi sharoitida 2000 va 2001-yillari ikki nashrda dunyo yuzini koʻrgan kitobimni oʻqishni maslahat bergan boʻlardim. Kitob sotuvlarda qolmagan, biroq elektron nusxalari bor.

 

Azamat Ziyo 1963-yili Toshkentda tarixchi olim Hamid Ziyoyev oilasida tugʻilgan. 1980-1985-yillarda Toshkent davlat universiteti (hozirgi Milliy universitet) sharq tillari fakultetida oʻqigan. 2020-yildan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senat aʼzosi, Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi, 2021-yildan Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi aʼzosi. 2021-yildan “Oʻzarxiv” agentligi huzuridagi jamoatchilik kengashi raisi. 2019-yildan buyon Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori lavozimida ishlab kelmoqda. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.

 

Tarix fanlari doktori, professor Azamat Ziyoning oʻzbek xalqi va davlatchiligi, oʻzbek xalqining kelib chiqishi, temuriylar, boburiylar, shayboniylar, ashtarxoniylar davri tarixiga oid 200 dan ortiq ilmiy, ilmiy-ommabop ishlari eʼlon qilingan. 2021-2025-yillari bajariladigan oʻn jildlik “Oʻzbek xalqi va davlatchiligi tarixi (eng qadimgi zamonlardan hozirgacha)”, uch jildlik “Oʻzbek xalqi va davlatchiligi tarixi tarixshunosligi (eng qadimgi zamonlardan hozirgacha)”, etnologiya va antropologiya yoʻnalishida uch jildlik “Oʻzbeklar: tarixi, madaniyati va anʼanalari (eng qadimgi zamonlardan hozirgacha)” teran ilmiy asarlar gʻoyasi ham Azamat Ziyoga tegishli.

 

Azamat Ziyo “Shuhrat” medali (1996), “Doʻstlik” ordeni (2003), “Mehr-saxovat” va “Maʼnaviyat fidoyisi” (2020) koʻkrak nishonlari bilan taqdirlangan.

 

Oyina.uzni telegramda kuzating

 

2 Izohlar

Akobir

01:11 / 02.11.2023

Yaxshi tanlangan kitoblar. Barchasi milliy, oʻzbek xalqining oʻtmishini, qadriyatlarini oʻzida mujassam qilgan asarlar.

Akobir

16:11 / 01.11.2023

Badiiy asarlar insonlar uchun albatta kerak. Lekin, insonni ota-bobolari, vatani, umuman kimligini bilish uchun tarix va vatan tarixiga oid asarlarni oʻqishi zarur. Ushbu 10 ta kitobning 9 tasida xalqimizning yaqin oʻtimishi haqida yozilgan. Ularda yutuqlar bayoni ham bor albatta. Lekin ulardagi asosiy gʻoya — xalqimizning qayerda qanday xatolar qilganligini koʻrsatish. Ya'ni saboq chiqarish. Xatolardan xulosa chiqarish. Chunki inson kecha yiqilgan chuqurdan keyingi gal ehtiyot boʻlib, aylanib oʻtadi yoki uni koʻmish choralarini koʻradi.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

12:02 / 10.02.2025 0 206
“Koʻylak ustidagi natyurmort” tahlili





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24445
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//