Olinma so‘zlar xuruji, tarjimadagi ishkalliklar, “tamoyil” va “prinsip” o‘rtasidagi tafovut


Saqlash
12:11 / 23.11.2021 36987 5

Tarjima tilni boyitadigan asosiy vositalardan, deyishadi. Bu – ayni haqiqat. Chunki shu asnoda yangi ma’nolar bilan birga yangi so‘zlar, boshqacha ifoda shakllari ham ikkinchi tilga kirib keladi. Ammo bu boyishning o‘ziga xosligi shundaki, tarjima qilingan matnlar orqali emas, balki tarjima qilish asnosida tarjima qilinmagan so‘zlarni ikkinchi tilga ham olib kirish tufayli til ko‘proq boyiydi. O‘zlashmalar deb ataladigan va hozirgi o‘zbek tili leksikonining juda katta qismini tashkil etadigan kalimalar – arab tilidan olinganmi, yoinki forsiy, ruscha-baynalmilal manbadan kirib kelganmi, bundan qat’iy nazar, ularning hammasi ona tilimizda muqobili bo‘lmagani uchun qabul qilingan va o‘zbek tili boyigan.

 

Telefon, stol, stul, kompyuter, ekran, klaviatura, osmon, darvoza, dutor, panjara, piyola, piyoz, kuy, parcha, hayrat, g‘ayrat, himmat, manfur, g‘urur, johil singari minglab va o‘n minglab so‘zlarning barchasi – beistisno ravishda – turkiy tilda muqobili bo‘lmagani sababli yoinki mavjud turkiy so‘zlar ko‘zda tutilayotgan ma’no tovlanishini to‘laroq aks ettirmagani sababli o‘zbek tili xazinasidan o‘rin olgan. Masalan, qadimgi turkiy tilimizda atmosferaning yuqori qismi ko‘k deyilgan. Uning bulutsiz kundagi tusini tasvirlamoqchi bo‘lsak, ko‘m-ko‘k ko‘k deyish kerak. Holbuki, shu muddaoni moviy osmon, lojuvard samo kabi chetdan kirgan leksik birliklar to‘laroq ifodalaydi. Ilm-fan rivojlangani sari, bunday so‘zlarning ma’no doirasi ham kengayib boraveradi. Chunonchi, koinot (bor narsalar)ning ma’nosi o‘zgarib, kosmosni anglatadigan bo‘lib qoldi.

 

Bugungi globallashuv zamonida, fan-texnika va texnologiya tez ommalashayotgan bir davrda tilga yangi so‘zlarni qabul qilish o‘ta jadallashib ketdi. Bundan chorak asr avval u yoki bu tilga, aytaylik, bir yilda nechta so‘z chetdan kirganini aniqlash mumkin bo‘lsa, hozir buning iloji yo‘q: xorijiy so‘zlar ekinzorlarni bosgan chigirtkalarday shiddat bilan yopirilib kelyapti, uni tasnif qilish, ta’riflash, statistikasini yuritishga fursat yetishmaydi, chunki bir-ikki oy ichidayoq bu ma’lumotlar eskirib qoladi. Bu, albatta, ijobiy holat emas. Chunki qabul qilish o‘rinli va zarur bo‘lgan so‘zlar bilan birga ona tilimizda bor, ammo tarjimonning no‘noqligi, til bilmasligi sababli o‘zbekcha muqobiliga almashtirilmagan so‘zlar ham kirib qolib, azaldan qo‘llab kelinayotgan so‘zlarni sitib chiqaryapti yoki funksiyasini cheklayapti. Masalan, biron yilning nari-berisida kreativ degan bir “jozibali” so‘z paydo bo‘ldi va u ijodiy, tashabbus singari kalimalarni bo‘g‘ib tashlab, o‘rni bo‘lsa-bo‘lmasa qo‘llanyapti. Ana shunaqa “modniy” so‘zlardan yana biri motivatsiya bo‘lib turibdi. Uning eng to‘g‘ri va op-oson tarjimasi – rag‘bat. Biroq kreativ fikrlashga noqobil mutarjimlarimizda uni o‘girish motivatsiyasi kamligi sababli bu ikkala so‘z bugun juda faollashib, “zamonaviy, ajnabiy manbalardan xabardor odam” ekanini ko‘rsatishga xizmat qilyapti.

 

Chet so‘zlar qancha ko‘p kirib kelsa, ikkinchi tilning talaffuzi shunchalar buzila boradi.  Masalan, forsiy kalimalar eng ko‘p qo‘llangan XIIXIX asrlardagi o‘zbek tilida ana shunday olinma so‘zlarning xuruji natijasida ota, ona, tog‘a, qora kabi o‘nlab asl turkiy, chinakam o‘zbekcha so‘zlarning talaffuzi, bora-bora esa imlosi ham o‘zgarib, ato, ano, tag‘o, qaro tarzida aytishga va yozishga o‘tilgan.

 

Aksar mutaxassislar til boyligi deganda biron xalq tilida necha ming so‘z borligini nazarda tutishadi. Holbuki, boshqa tillardan faqat leksikon – so‘zlargina emas, jumla tuzilishlari, yangicha ifoda shakllari ham ikkinchi tilga kirib keladi. Boshqa tildan kirgan so‘zlar, har holda, tilni boyitishga xizmat qilsa, o‘zga tillardan kirib kelgan kalimalar tilning milliy xossalarini, ozdir-ko‘pdir, yemirishga xizmat qiladi.

 

Professor Fattoh Abdullayevning “Til qanday rivojlanadi?” degan risolasi (1972)da ko‘rsatilishicha, o‘tgan asrning yigirmanchi yillarida tuzilgan bir lug‘atdagi so‘zlarning 28,6 foizi arabcha, 16,9 foizi tojikcha, 4,7 foizi rus-internatsional, 50,3 foizi asli o‘zbek so‘zlaridan iborat” bo‘lgan (33-bet). Asarda o‘zbek tili lug‘at tarkibida yillar o‘tgani sari ruscha so‘zlar hissasi ortib borgani hisob-kitob orqali dalillab berilgan.

 

Albatta, sovet davrida bu tabiiy hol edi. Mustaqillik yillariga kelib tilga boshqa tillardan so‘z olish tarzi birmuncha o‘zgardi. Bir yoqdan ma’viza, aqiqa, valiyma, hasanot singari arabiy kalimalarning hissasi keskin ortdi, ayni paytda, ingliz tili leksikoniga mansub reyting, xolding, bot, piar, gigabayt, klaster kabi so‘zlar ham o‘zbek tiliga bodrab kirib kelyapti. Durust, ammo ajnabiy so‘zlar qancha ko‘p olinsa, til xossalari shuncha barbod bo‘lishi ham bor gap. O‘z qadim xususiyatlarini ko‘proq saqlab qola olgan, biz “uncha rivojlanmagan” deb biladigan ayrim tillar, masalan, Sibir ellarining tili bizga qaraganda ancha toza ekani, asl tomirlaridan uzilmay yashab kelayotganining sababi ham shunda.

 

So‘z sathidan jumla sathiga o‘tadigan bo‘lsak, bu yoqda ham xiyla nuqsonlar borligi ko‘zga tashlanadi. O‘rischa o‘ylaydigan, ammo o‘shani bir amallab “o‘zbekcha” qilib gapiradiganlarga ergashib, ona tilimizda ham “Men o‘ylaymanki...” deb gap boshlaydiganlar, shunday yozadiganlar ko‘payib qoldi.  O‘zbek kishisi bunaqa gapirmaydi, bunaqa deb yozmaydi-ku?

 

Chunki har bir tilda jumla tuzilishi o‘zgacha. Ruscha gapni o‘sha taxlitda o‘zbekka aytsangiz, tushunmaydi. Mana, “Jahon bestsellerlari” turkumida Tolstoy, Dostoyevskiy, Chexov kabi adiblar asarlarini paydar-pay chiqarayotgan “Buukmedianashr” nashriyoti kitoblaridagi bir jumla: “Demak, gap shunday, men sizni nega chaqirdim: sizga taklif bildirmoqchiman, mening do‘stim bo‘ling”. Tavba, bunaqa so‘zlagan kishidan ko‘ra, etigini poyma-poy kiyib yurganlar sog‘roq emasmi?

 

Tag‘in bir masala. O‘zbek tilida har bir jumla uzunligi – bir nafas olib chiqarguncha aytib tugallanadigan besh-o‘n so‘zdan iborat bo‘ladi. Gap nafasda yoki jumladagi so‘zlar sanog‘ida emas. O‘zbek, botiniy ongining tarziga ko‘ra, o‘sha hajmdagi jumlalar mag‘zini oson hazm qiladi, buni hisobga olish shart. Chiranib, o‘rischa yo boshqa tildagi jumlalar kabi uzun jumlalar tuzish o‘quvchini muallifdan, asar ruhidan uzoqlashtiradi.

 

Yaxshi tarjima-chi? U tilning ifodaviy imkoniyatlarini keskin oshiradi. Masalan, oddiygina, bir qarashda o‘girma ekani ham bilinmaydigan nuqtayi nazar degan birikmani olib qarang. Biz deyarli har kuni fikr dalillamoqchi bo‘lsak, “shu nuqtayi nazardan”, deb gap boshlaymiz. O‘zimizning o‘zbekchaday. Aslida esa bu – “точка зрения” degan ruscha birikmaning qoyilmaqom tarjimasi, xolos. Yoki yaqingacha uchramagan yana bir so‘z tilimizda paydo bo‘ldi-yu, ommalashdi-ketdi. Qadriyat deydilar uni. Bu – tarjima mevasi, “ценность” so‘zining chiroyli o‘girmasi.

 

Ammo chetdan kirgan so‘zlarni “o‘zimizniki” qilib olgach, uni har ko‘yga solish tamoyilidan voz kechishimiz zarurligini ham aytib o‘taylik. Tarjimaning totli mevasi bo‘lgan “qadriyat” – tabarruk, ulug‘ so‘zlardan. Eng yaxshi diniy va milliy xossalarimizni qadriyatlarimiz deb bilamiz, shunday deb ardoqlaymiz. Shuning uchun katta bannerlarda bir oshpaz yigit qo‘lidagi narsani ko‘z-ko‘zlab, “O‘z qadriyatiga ega kolbasa!” deb xitob qilishini ko‘rib, so‘zning uvol bo‘lganiga, qadrsizlanganiga hayfsinadi kishi. Aslida, eng katta qadriyat – So‘z hazrati oliylari emasmi?

 

Tarjima sohasidagi ishkalliklardan yana biri, boya aytganimizday, har qanday ajnabiy so‘zni “musulmoncha”lashtirishdan iborat. Yaqinda bir matndagi “... amalga oshirish tamoyillari” degan ifodaga ko‘zim tushdi. Amalga oshirishda qanaqa tamoyil bo‘ladi? Prinsip deb qoldirgan durust emasmi? Nahotki prinsip endi tamoyilga aylanib ketgan bo‘lsa? Tamoyil, axir, buning naq aynan aksi – prinsipsizlikni bildiradi-ku? Qanday qilib, deysizmi? Tamoyil – arabcha so‘z; biron narsaga moyillikni, mayl qo‘yishni bildiradi. Moyil bo‘lish esa prinsipsizlik demak. Tamoyilning o‘zi rus tiliga tendensiya deb o‘giriladi. Arab so‘zlarini bizdan ko‘proq istifoda etadigan va shunga moyilroq bo‘lgan tojiklarda ham prinsip so‘zi prinsip deb, undan keyin esa asos, qonun, usul, bunyod, shart deb izohlangan. Ammo o‘zbek tarjima amaliyotida chorak asr avval bir tamoyil paydo bo‘ldi – har qanday ruscha va rus tili orqali kirib kelgan baynalmilal so‘zlarni, biron arabcha yo tojikcha so‘z bilan almashtirish! Bu esa prinsipsizlikning o‘zginasi edi. Ana endi “принципиальный человек”ni, yo bo‘lmasa, “принципиальная ошибка”ni nima deb o‘girishni o‘ylab ko‘ring. Bunday mushkulotlar yo avvalgi kabi “prinsipial odam”, “prinsipial xato” deb beriladi yoki o‘rniga qarab “qat’iy, e’tiqodida sobit odam” deb almashtiriladi, “asos-e’tiboriga ko‘ra xato”, “mutlaqo xato” deganday muqobil topib berilishi ham mumkin. “Prinsip” so‘zini keyingi paytda ba’zilar “qat’iyat” degan kalima bilan almashtirishyapti. Lekin, aytaylik, mashinaning ishlash prinsipi bor, ammo ishlash qat’iyati bo‘lmaydi-ku? Qolaversa, qat’iyatli odam – “решительный человек”dir, prinsipial odam yana boshqa tushuncha.

 

Men internetdagi onlayn-tarjimon dasturiga “prinsip” so‘zini kiritib ko‘rdim. Unda ham prinsip o‘zbek tilida tamoyil bo‘ladi, deb ko‘rsatilyapti (boyagiday bilarmonlar kiritgan-da). So‘ng ana shu so‘zning arab, fors, ozar, tojik, qozoq, qirg‘iz va boshqa tillarga o‘girilishiga yuzlandim. Ularning hech birida prinsip – tamoyil deb berilmagan.

 

Til sohasida yuz berayotgan bu g‘ayriilmiy intilishni ehtimol ba’zilar har bir tilni toza saqlashga bo‘lgan tadorik – purizm, deb o‘ylar. Ammo, afsuski, bu purizm ham emas-da. Uni esa nima deb nomlashni ham bilmaysan, kishi. Xo‘p, musulmonchalashtirish yo‘lidagi urinish deylik. Ammo... u, loaqal, to‘g‘ri bo‘lishi kerak-ku. Arablarning o‘zi prinsipni “mabda”, “qoida” deb turganida, tojiklar esa o‘zgartirmasdan prinsip deganida, biz o‘zbeklar – olisdagi bir turkiy xalq vakillari – arab tilini arablarning o‘ziga o‘rgatamizmi, bu tilning arablardan ham qizg‘inroq fidoyisi bo‘lib olamizmi? Bizning “tamoyil”ga arablar-u forslar, turklar, ozarlar, afg‘onlar, uyg‘urlar... kulmasmikin? Ular tamoyil boshqa, prinsip boshqa narsa ekanini yaxshi bilishadi-ku?

 

Shuning epkinida yana bir tuppa-tuzuk so‘zga ham putur yetdi – metod, metodist, metodikani kimdir chiqitga o‘tkazib, uslub, uslubchi, uslubiyot kabilarini qulog‘idan tortib maydonga opchiqdi.

 

Avvalo, savol berging keladi – nima sababdan barcha g‘arb so‘zlaridan voz kechish kerak? Qolaversa, metod so‘zi uslubga to‘g‘ri keladimi yoki usulga? Biz ko‘rgan kitoblarda metod – metod deb berilgan va talqin ma’nosida usul, yo‘l, tarz, ravish tarzida sharhlangan. Ammo hech bir manbada uslub deyilgan emas!

 

Chunki uslub – boshqa narsa. Abdulla Qahhor uslubi degan gapni eshitgandirsiz? Bu kalima Abdulla Qahhorning metodi emas, yozish tarzi, ijoddagi o‘ziga xosligi degani. Publitsistik uslub, rasmiy uslub, badiiy uslub degan tushunchalar bor. Uni qaytarib ruschaga o‘girsangiz, masala oydinlashadi – stil! Stilistika – uslubiyot, stil pisatelya – yozuvchi uslubi degani. Metodni – uslub desak, unda “stil”ni nima qilamiz?

 

Ko‘ramizki, tarjima – qudratli bir qurol. Uning yordamida ona tilimiz boyishi, misli ko‘rilmagan ko‘lamlar kasb etishi mumkin. Ammo shu bilan birga, aynan tarjima tilni xarob qilishi, uning asl milliy tabiatini yo‘qqa chiqarishi, pirovardida, ekspressiya (ifoda vositalari) kuchaygani sari, impressiya (ta’sir qilish imkoniyatlari) kamayib ketishi ham mumkin. Demak, tilning boyishi degan tushunchaning mazmun ko‘lami keng va u har doim ham so‘zlar miqdori ko‘pligiga, jumla tuzishdagi rang-barangliklarga bog‘liq bo‘lavermas ekan. Asosiy shart esa shu – qanday asar tarjima qilinsa-da, bu jarayonda ona tilimizning tub xossalariga putur yetmasin, o‘zbek tili qulf urib, tobora o‘sib, yayrab-yashnasin.

 

Zuhriddin ISOMIDDINOV

 

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi,

2021-yil 19-noyabr, 47 (4654)-son.

“Tarjima va til” maqolasi

5 Izohlar

Sorry

19:02 / 13.02.2024

Juda zor

Nuraliyeva Diana

16:01 / 14.01.2024

Menga yoqdi bugun 5 baho oldim raxmat

Asqarbek

20:01 / 12.01.2024

Hech narsa yoʻgʻu

Muxammaddin Qodirov

18:01 / 03.01.2024

Bu va shunga o'xshash bo'lar-bo'lmas maqolalar yozadiganlar birlashib, o'zbek tilining bugungi yig'lashga arzirli holatini obdon mulohaza qilishsa-yu, aniq-tiniq qoidalar va uslubiyotlar ishlab chiqishsa bo'lmaydimi? Hech bo'lmasa, tilimizga mos alifbo shakllanishidan boshlasak ham bo'ladi (masalan, yo'g'on "i"ni ingichkasidan farqlasak qanday yaxshi bo'lardi).

Sannar

20:10 / 08.10.2023

Olinma so'zlar aslida bizga emas bizdan boshqa davlatga kirib kelishi lozim

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19276
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16340
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi