Bundan atigi yuz yil avval yashab oʻtgan ota-bobolarimizning ovozi saqlanib qolmagan, fotosurati ham yoʻq. Ularning qiyofasini, feʼl-atvorini koʻrgan-bilganlarning hikoyalari orqali uzuq-yuluq tasavvur qilamiz. Biz oʻsha otalarning bolasimiz, deymiz. Ammo har bir soʻzi, ishi ibratli boʻlgan ulugʻ siymolar bor. Oradan necha asr oʻtsa ham, ular xayolimizda tirikday. Millat ularni sogʻinadi, xotirasida tiriltirishga urinadi. Qiyofalarini oʻsha davrda yashagan shaxslar yozib qoldirgan qaydlar orqali tiklashga harakat qiladi. Garchi bus-butun ijod mahsuli ekanini bilib tursak ham, qay bir rassom yo haykaltarosh yaratgan qiyofani qabul qilamiz, chunki boshqa tayanadigan narsamiz yoʻq…
Amir Temurning boʻy-basti, rang-roʻyi qandayligini unga zamondosh muarrixlar bayon qilgan. Chunonchi, uni oʻz koʻzi bilan koʻrgan tarixchi Ibn Arabshoh Sohibqironni “…baland boʻyli, qadimiy pahlavonlarday ulkan qomatli, yelkalari keng, boshi shernikiday katta, barmoqlari yoʻgʻon, oq-qizil tiniq yuzli, yoʻgʻon ovozli, ikki koʻzi bamisoli ikki yoniq shamday olovli, badani pishiq, xuddi toshday qattiq, oʻlimdan qoʻrqmaydigan, iztirobsiz, vazmin odam edi”, deb taʼriflagan. Bundan Amir Temurning qad-qomati, xarakterini birmuncha tasavvur etish mumkin, ammo afsuski, yuz qiyofasi qanday boʻlgani oydinlashmaydi. U kezlarda portret chizish shakllanmagan, rassomlar kishi yuzini tasvirlashda realistik yoʻlda emas edi. Miniatyuralar ham kishi qiyofasini tiklashda asqatmaydi. Yevropa rassomlari esa oʻz tasavvurlari asosida Sharq kishisiga mutlaqo oʻxshamaydigan portretlar yaratgan. Turli davrlarda, turli mamlakatlarda chizilgan bu rasmlar bir-biriga hatto oʻxshamaydi ham.
Va nihoyat, XX asr oʻrtalariga kelib antropolog Mixail Gerasimov kishi yuz qiyofasini skelet qoldiqlariga qarab qayta tiklash metodini taklif etdi. Professor Gerasimov oʻtmishda yashab oʻtgan yuzlab mashhur kishilarning portretini ularning kalla suyagi shakliga qarab yasashga muvaffaq boʻldi. Jumladan, u Amir Temur qiyofasini ham oʻsha metod asosida tikladi. Sohibqironning bugungi barcha rasmlari va haykallariga Gerasimov yasagan oʻsha byust asos boʻlgan. Garchi ular Gerasimov portretiga qaraganda xiyla ishlov berib, rang indirib, “jozibali”, “jonli” holga keltirilgan boʻlsada, hammasi oʻsha talqinga tayanadi.
Gerasimov yasagan portretlar (jumladan, Amir Temur qiyofasi) aslidagiga monand ekaniga shubha yoʻq. Chunki bu olim unga qadar yasagan byustlar koʻp sinovdan oʻtgan va har gal tasdiqlangan. Hatto ikki-uch asr avvalgi kalla suyaklari berilganida (rassomlar naturadan chizgan portret boʻlgan, ammo Gerasimovdan ataylab bekitilgan) u tayyorlagan byust asliga juda oʻxshash boʻlibgina qolmay, rassomlar aks ettira olmagan yoki atay tasvirlamagan baʼzi hollarni (yuzida kinoya aks etib turishigacha) tiklagan. Buni qarangki, oʻsha odam chindan ham zaharxandaga moyil boʻlgan ekan.
Shuning uchun ham, bugungi baʼzi “millatim”chilarning, Amir Temur xunuk qilib tasvirlangan, Gerasimov buni ataylab qilgan, degan iddaolariga qoʻshilish qiyin. Olimning unaqa maqsadi boʻlmagan va hech kim unga ajdodlarimiz qiyofasini xunuk qilib tasvirlashga buyruq bermagan. Qolaversa, umri jangda oʻtgan XIV – XV asr odamining qiyofasi mullayona muloyim boʻlmasligini ham hisobga olish kerak. Gerasimov talqini ilmiy aniq ekaniga yana bir dalil shuki, u Amir Temur portretini yasagach, baʼzi mutaxassislar, moʻylovini uzunroq qilib qoʻyibsiz, biz musulmonlarda soqol uzun, moʻylov esa kalta qoʻyilgan, koʻpincha qirdirib ham yurilgan, deb eʼtiroz bildiriladi. Ammo Gerasimov bunga qoʻshilmaydi va portretga oʻzgartish kiritmaydi. Keyin maʼlum boʻlishicha, sarkardalar moʻylovni uzun qoʻyishi taomil ekan. Demak, olim yuz va moʻy qoldiqlarigacha eʼtibor bergan. Ushbu maqola Amir Temurning Gerasimov tayyorlagan portreti haqqoniyligiga daxl qilish uchun yozilgan emas, gap boshqa yoqda.
1941-yil iyun oyida Stalin topshirigʻiga koʻra Samarqanddagi Goʻri Amir xilxonasida qazish ishlari boshlangan. Amir Temur va boshqa temuriy hukmdorlarning daxmalari kovlanishiga “sabab” esa oʻzimizdan qidirib topilgan: “Ulugʻ oʻzbek shoiri Alisher Navoiy tavalludining 500-yilligi munosabati bilan, u yashab ijod qilgan temuriylar davri haqida yanada toʻlaroq maʼlumot olish uchun XV asrda yashagan tarixiy shaxslarning (Amir Temur, Shohrux mirzo, Mironshoh, Ulugʻbek va Muhammad Sulton – Z. I.) qabrlarini kovlab ochish amalga oshirildi”, deb yozilgan edi hukumat komissiyasining shu haqdagi dalolatnomasida. Qarang, Navoiy ijodini oʻrganish uchun oʻsha davr hukmdorlarining qabrini ochish zarurati paydo boʻlgan emish! Qolaversa, qabr kovlashga kirishilgan iyun oyida Navoiyning tavallud sanasi (9-fevral) allaqachon ortda qolgan edi.