Tarixiy muallimlarimiz zakosi bizni birlashtirishi kerak


Saqlash
13:38 / 09.10.2025 62 0

Dunyoda hech qachon o‘zgarmaydigan qonun-qoida

 

Hayot azal-azaldan ustoz-shogirdlik asosiga qurilgan. Odam bolalikdan ustoz tufayli ilm-hunar, hayot ta’limotlarini o‘zlashtiradi, tillar, ixtisoslarni o‘rganadi. Uning ma’naviy-ma’rifiy qiyofasi ham ustoz orqali shakllanadi. Dunyoda tamoyillar, qonun-qoidalar doim o‘zgarib, yangilanib turadi. Ammo ustoz-shogird tamoyili o‘zgarmaydi. U inson o‘sishining tub asosi. Talant tarbiyasi esa tamomila tengsiz. “Ustoz ko‘rmagan shogird har maqomga yo‘rg’alar” degan maqolning qanchalar haqligi hayot, turmush, ish yumushda har daqiqada achchiq tajribalarini ko‘rsatib turadi. Jomiy va Navoiy o‘rtasidagi ustoz-shogirdlik barcha insoniy, ruhiy qirralari barobarida insoniyatning bu boradagi ideallari qatoriga kiradi. 

 

1969-yilda onam qazo qildilar, bor olam huvillab qoldi. Mahallamiz qariyalari ta’ziyaga kelishdi. To‘qsondan oshgan Qoravoy bobo ta’ziyadan so‘ng meni bag‘irlariga bosdilar: “Yuragingdagi gavharni avayla”, dedilar va yelkamga qoqib qo‘ydilar-da: “Onang o‘rniga o‘tadi”, dedilar. Men buni pir o‘giti deb qabul qildim.

 

Hayot yo‘limda duch kelgan odamlarni tasodif deb o‘ylamadim. Faqat bir marta beriladigan hayotda ularni yo‘ldosh deb qaradim. Har bir odamning dunyoga kelishi – Xudoninng sirli hikmatlaridan nishon. Hayotdagi barcha nomutanosibliklar, tuganmas ziddiyatlar, jinoyatlar ushbu hikmatni anglamaslik, yoki unga e’tiborsiz, bepisand bo‘lishdan kelib chiqadi. Odam o‘z bepisandligida nihoyatda ojiz, hatto uning qulidir. Xudoyi taoloning haqiqati shuki, “har bir kelgan og‘irchilikning oxirida yengili bor”. Barcha ishlar shunga ko‘radir. Bizga bu dunyoda duch kelgan odamlarning hammasi qaysi bir ma’noda yo tayanch, yo ibrat, yo o‘git, yo nadomatdirlar. Ulardan o‘rganib yo‘lini doim to‘g‘rilab borgan sobir va donodir. Diyonatingga zarra dog‘ tushmagani ana shundan. Boring ziyoda bo‘lsin

 

Ibrohim G‘afurov,

O‘zbekiston Qahramoni

 


Hech kim bilmaydigan ustozlarim

 

Ustozlarim haqida gapirsam, ular shu qadar ko‘pki, ularning har biriga alohida-alohida to‘xtalsam ham kimdir, albatta, qolib ketadi. Shu bois, xotiramga bir umr naqshlanib qolgan ikki voqeani aytib bersam... 

 

Talabalik yillari oilam bilan bir xonali uyda ijarada turganmiz. Shu xonada bir necha yil yashab, bolalarni katta qildik. O‘sha yillari matbuotda e’lon qilingan ko‘plab maqolalarim shu xonada, aniqrog‘i, xona o‘rtasiga qo‘yilgan, kunduzi bir chetga surib qo‘yiladigan... choy yashik ustida yozilgan. Ertalab, kechqurun ustiga dasturxon yozib ovqatlanamiz, bolalar uxlaganidan keyin esa u men uchun ijod stoliga aylanadi. 

 

Oradan ancha vaqt o‘tgach, yashik eskirib, bir tomonga qiyshayadigan bo‘lib qoldi. Ovqatlanish qiyin, yozish mushkul. Ozroq taxta topib, ichini ikkiga bo‘ldim. Tepa qismida non-choy, qand-qurs, pastki qismida esa choynak-piyola, idish-tovoq turadigan qo‘lbola mebelga aylandi-qo‘yoldi. Yashik shu maqomda bizga yana ko‘p yillar xizmat qildi. Keyinroq ozroq ustachilik qilib, guruch, un, makaron, yog‘ saqlaydigan idishga aylantirdim. Bu “ixtiro”dan ham ko‘p foyda ko‘rdik. 

 

Nihoyat, bizga shaharning boshqa bir chetidan uy berishdi. Yangi uyga ko‘chib ketayotib, choy yashikni ham olib ketdik. Unga balkondan joy tegdi. Endi unda bolalarning poyabzallari, qoramoy, cho‘tka turadigan bo‘ldi.

Oradan ikki-uch yil o‘tgach, yashik butunlay yaroqsiz bo‘lib qoldi. Bir kuni ertalab yashikni hovlidagi chiqindi to‘kiladigan joyga tashlab uyga qaytdim. Kiyinib ishga otlandim. Xizmat mashinasiga o‘tirayotib, ko‘zim choy yashikka tushdi. U menga: “Ha, xo‘jayin, kerak bo‘lmay qoldikmi endi, mayli, zorimiz bor, zo‘rimiz yo‘q”, deganday mo‘ltirab turardi. 

 

Ko‘nglim buzildi. Xuddi gunoh ish qilgan odamday xayollarim chuvalashib ishxonaga keldim. Lekin choy yashik ko‘zimga otasi tashlab ketgan boladay ko‘rinaverdi. Tushlikka yaqin mashinani chaqirdim. Hozir borib yashikni uyga olib chiqib qo‘yaman. 

 

Katta yo‘ldan uyimiz tomonga burilishimiz bilan chiqindixonaga qaradim – yashik joyida yo‘q, kimdir olib ketgan bo‘lsa kerak. Mashinadan tushdim. A’zoyi badanim muzlab ketganday bo‘ldi. Ishxonaga shoshilishim kerak, ammo... u yerga ertalab kim bo‘lib borgan edim-u, endi kim bo‘lib boraman?...

 

Oradan ko‘p o‘tmay uch xonali uyga ko‘chib o‘tdik. Xorijda ishlab chiqarilgan “Stenka”, oshxona mebeli, stol-stul sotib oldik. Ular uzoq yillar savlat to‘kib turdi, ammo o‘sha choy yashik qilgan xizmatning yuzdan birini ham qilmadi...

 

Bir gal yozgi ta’tilda sinfdoshlar bilan qishlog‘imiz tepasidagi Sanochsoyga bordik. Biz joylashgan o‘tovning yonidan Sanochsoy oqib o‘tadi. Suvining tiniqligidan hayratga tushasan. Shu suvdan ichmoqchi bo‘ldik, bizni mehmon qilayotgan cho‘ponning umr yo‘ldoshi paqirda suv olib kelib, yog‘och cho‘michda bizga navbat bilan uzatdi. Hammamiz ichib bo‘lganimizdan keyin onaxon paqirda qolgan suvni... soyga olib borib to‘kdi. 

 

Shu ikki voqea hayotdan olgan unutilmas saboqlarim qatorida turadi. Mendan kimdir ustozlarim haqida so‘rasa, ularning nomlarini aytayotib, o‘sha – o‘zim tashlab yuborgan choy yashikni va paqirda qolgan suvni yerga emas, soyga sepgan cho‘pon ayolni eslayman. Bugun suvni tejash haqida gap ochilgudek bo‘lsa, bu yorug‘ olamni allaqachon tark etgan o‘sha ayol qo‘lida paqir bilan bizga miyig‘ida kulib qarayotganday bo‘ladi.

 

Ahmadjon Meliboyev,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

 


Millat ustozlari 

 

Ustoz va shogirdlik an’anasi Odam Ato, Momo Havodan bizga meros. Farishtalar Odam Ato va Momo Havoga ustozlik qilgan bo‘lsa, ular keyin avlodlariga, ajdodlar avlodlarga navbatma-navbat hayotni o‘rgatib kelgan. Shuning uchun bu an’ana qon meros, gen meros desak to‘g‘ri bo‘ladi. 

 

Ustoz kitoblar bor. Asli odamda tarbiyalanadigan, muhim narsalar nimalar? Insonda tuyg‘u, aql, nafs, qalb va did tarbiyalanishi kerak. Bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan bu jihatlarning tarbiyasida ustoz kitoblarning ahamiyati katta. Masalan, “O‘tgan kunlar” asarini o‘qiyotganingizda, siz didingiz, aqlingiz, tuyg‘ularingiz qanday tarbiyalanayotganini sezmasligingiz mumkin. Lekin shu jarayonda bu kitob sizga haqiqiy ustozlik qilayotgan bo‘ladi. 

 

Yana bir narsani aytib o‘tishim kerak. Maktabdagi ustozlar bor, hayotdagi ustozlar bor, ishxonadagi ustozlar bor. Lekin millat ustozlari ham bor. Millat ustozlari deganda yaqin tariximizdagi Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Halima Xudoyberdiyeva, Shukur Xolmirzayevdan tortib, Oybek, Mirtemir, Qodiriy, Na voiy, Beruniygacha nazarda tutayapman. Millat ustozlari bitta-ikkita guruh yoki qatlamni emas, balki bir qancha avlodlarning didini, tafakkurini, farosatini tarbiyalaydi. 

 

Biz juda murakkab, qaltis zamonda yashayapmiz. Mana shunday paytda millat ustozlarining etagini mahkam tutishimiz kerak. Ulardan yiroqlashayotgandekmiz. Holbuki, xuddi shu tarixiy muallimlarimizning zakosi bizni birlashtirishi kerak. Biz ulguni shulardan olishimiz kerak. U yoq, bu yoqdan bostirib kelayotgan har xil ta’sirlardan emas.


Ustoz va shogirdlik haqida gap ketganida, yana bir narsa haqida o‘ylab qolaman. Keyingi vaqtlarda tinglashdan ko‘ra, gapirishni afzal ko‘radiganlar ko‘payib ketdi. Lekin eramizdan 500 yilcha oldin yashab o‘tgan faylasuf Pifagor o‘z shogirdlariga 7 yil davomida og‘ziga tosh solib yurishni buyurgan ekan. (Balki bu dars va saboqlar jarayonida bo‘lgandir). Maqsad, ularni tinglashga o‘rgatish bo‘lgan. Tinglashni bilgan odam fikrlashni o‘rganadi. Bilim va tafakkur tinglashdan oziqlanadi. Bu ham ustoz va shogirdlik an’anasining muhim saboqlaridan biridir.

 

Eshqobil Shukur,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, publisist

 

“Ustozga ehtirom” kitobidan

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

11:10 / 08.10.2025 0 103
Tafakkur karvonining sarboni

Tarix

11:09 / 30.09.2025 0 855
4-oktabr. Mashʼum kundan guvoh hujjatlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//