Mohir muharrir Murtazo Qarshiboy “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiya qiladi


Saqlash
00:07 / 27.10.2023 870 0

Oyina.uz portali oʻzbekning 100 ziyolisidan “HAR BIR INSON HAYOTI DAVOMIDA OʻQISHI SHART BOʻLGAN 10 KITOB” tavsiyasini berishda davom etadi.

 

Loyihaning 44-kuni Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist, mohir muharrir Murtazo Qarshiboy “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiya qiladi:

 

Albatta, dunyodagi har bir inson oʻqishi kerak boʻlgan oʻnta kitobni turli nuqtayi nazardan tavsiya etish mumkin. Oʻziga ravo koʻrganni oʻzgaga ham ravo koʻrish – xalqimizga xos odat. Ana shu anʼanaga amal qilib, keling, yaxshisi oʻzimga ravo koʻrgan oʻnta kitobni sanab oʻtaqolay.

 

Avvalo, musulmon farzandi sifatida muqaddas Qurʼoni karim va muhaddislar sultoni Imom Buxoriy bobomizning “Al-jomeʼ-as sahih” kitobini nafaqat oʻqish, balki doimo ularga amal qilib yashash harakatida boʻlish lozim, deb hisoblayman.

Buyuk turkiy madaniy meros vorislaridan biri boʻlgan oʻzbek xalqiga mansub inson sifatida Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻatit-turk”, Alisher Navoiyning “Xamsa”, “Xazoyinul-maʼoniy”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”, Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” kitoblarini oʻqimoq va bilmak shart.

 

Qadimiy Sharq sheʼriyati durdonalaridan boʻlgan Hofiz Sheroziy va Mirza Abdulqodir Bedil devonlarini, Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”sini ham albatta mutolaa qilmoq zarur. Ana koʻrdingizmi, shu bilan oʻnta oʻrin toʻldi-qoldi. “Men – bashar farzandiman!” deb boshimizni baland koʻtarib yashashimiz uchun jahon adabiyotidan ham albatta yangi yaxshi namunalarni oʻqishimiz kerak. Hech boʻlmasa, Pushkinning “Yevgeniy Onegin”, Servantesning “Don Kixot”, Tolstoyning “Urush va tinchlik”, Markesning “Tanholikda yuz yil” kitoblarini.

 

Murtazo Qarshiboy 1961-yili Samarqand viloyati, Payariq tumanidagi Boʻzgʻovul qishlogʻida tugʻilgan. Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universitetining oʻzbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. “Yoshlik”, “Mushtum”, “Tafakkur” jurnallari, “Vatan”, “Respublika” gazetalari va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligida faoliyat olib borgan.

 

Murtazo Qarshiboyning “Oʻnglanmagan taqdir talqini”, “Talotoʻpdan uygʻunlik sari”, “Bunyodkor xalq gʻoyasi”, “Buyuk oʻzgarishdan yangilanish sari”, “Ezgulik va maʼnaviyat” publisistik toʻplamlari, “Vatan tuygʻusi” (Xayriddin Sultonov bilan hammualliflikda), “Milliy istiqlol gʻoyasi va maʼnaviyat asoslari” darsliklari va “Koʻngil – ozod ham oʻzing, obod ham oʻzing”, “Inson moʻjiza izlab yashaydi”, “Oʻttiz yillik andisha” kabi kitoblari nashr etilgan. Murtazo Qarshiboy “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist” (2001) unvoni bilan mukofotlangan.

 

Oyina.uz Telegramda kuzating

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//