Oyina.uz portali oʻzbekning 100 ziyolisidan “HAR BIR INSON HAYOTI DAVOMIDA OʻQISHI SHART BOʻLGAN 10 KITOB” tavsiyasini berishda davom etadi.
Loyihaning 52-kuni shoir Vafo Fayzulloh “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiya qiladi:
1. Qurʼoni karim. Arabiy matn, oʻzbekcha tarjima va tafsiri bilan mutolaa qilinishi kerak. Iymonli insonning yashash nizomi. Unda inson uchun eng toʻgʻri yoʻl koʻrsatilgan.
2. Imom al-Buxoriy, "Sahihi Buxoriy" ishonchli hadislar to‘plami. Arabcha matn tarjimasi bilan. Paygʻambarimiz Muhammad Mustafo (s.a.v) oʻz lafzlari va sunnatlari bilan musulmoncha yashash qandayligini oddiy va teran qilib koʻrsatib berganlar.
3. Alisher Navoiy, "Hazoyin ul maoniy" asari. Aql va hislarning tilimizdagi sanʼatkorona uygʻunligidan benihoya hayratlanadi kishi.
4. Servantes, "Don Kixot" romani. Hozirgi zamon dunyo romanchiligida birinchi boʻlib yaratilgan mumtoz roman namunasi. Roman janri Gʻarbda emas, Sharqda koʻz ochganini ham shu asar tafsilotlari xabar beradi. Benihoya begʻubor asar.
5. Jaloliddin Rumiy, "Ma'naviy masnaviy" asari. Sharq sheʼriyati va maʼnaviyatining durdona namunasi.
6. Lev Tolstoy, "Urush va tinchlik" roman-epopiyasi. Insoniyatning urushga munosabati va urushda insonning mohiyati badiyan nihoyatda teran ochib berilgan.
7. Abdulla Qodiriy, "Oʻtkan kunlar" romani. Ikki yuzdan ortiq shu janrda yaratilgan oʻzbek romanlaridan birortasi bu asardek tafakkurni inʼom etolmaydi. Asarda millatimiz qanday boʻlishi va qay ahvolda ekani realistik va romantik yoʻnalish uygʻunligida yonib tarannum etiladi.
8. Mixail Sholoxov, "Tinch Don" roman-epopiyasi. Dunyo realistik romanchiligining mumtoz namunasi. XX asr rus prozasida bunga teng keladigan, u bilan bellashadigan boshqa bir asarni bilmayman.
9. Frans Kafka, "Jarayon" romani. Eng daxlsiz boʻlgan inson erkiga tajovuz ramzan, ruhan, real yoʻnalishda koʻrsata bilingan.
10. Chingiz Aytmatov, "Asrni qaritgan kun" romani. Yuki qanchalik ogʻir boʻlmasin, qoʻshiqday oʻqiladi. Sobiq Ittifoq davrida eng dahshatli maʼnaviy fojialar qatl-qatagʻonlar mardonalik bilan koʻrsatilgan.
Vafo Fayzulloh 1963-yili Navoiy viloyati, Karmana tumanining Togʻguzar qishlogʻida tugʻilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini va Moskvadagi oliy adabiyot kursini tamomlagan. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi. “Hut”, “Xabarsiz sevinch”, “Mangu lahza”, “Jon yoʻli”, “Azaliy gʻussa”, “Oq laylak”, “Qoyadagi daftar”, “Iz”, “Belgidan belgigacha” kabi sheʼriy kitoblar, “Chaqmoq yorugʻi” adabiy-tanqidiy maqolalar toʻplami muallifi.
Vafo Fayzulloh Kafkaning “Jarayon” romanini, “Otamga xat” essesini, Miterlinkning “Soʻqirlar” dramasini, Borxes, Hamsun, Akutagava hikoyalarini, Markes asarlarini, Bodler, Verlen, Rembo, Brodskiy va Svetayeva sheʼrlarini tarjima qilgan.
Oyina.uz'ni Telegramda kuzating
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q