Otam birovlarning ishiga aralashmasdi, o‘zining ishiga ham hech kimni aralashtirmagan – Said Ahmad haqida qizi xotiralari


Saqlash
10:21 / 14.10.2025 12 0

Qish boshlanib, qor yog‘ishi bilanoq otam yerto‘ladan chanani olib chiqib, unga arqon boylab, ustiga jajji yostiqchani mahkamlab menga berardi. Kun bo‘yi dugonalarim bilan chanaga chalqanchasiga yotib yaxmalakda tepalikdan pastga qarab uchardik. Kun botgach, otam egniga paxtali choponini ilib, meni yana chanada uchirardi. Oy nurida tomlardan osilib tushgan sumalaklar yaltirar, daraxtlar shoxiga qo‘ngan qor jimir-jimir qilardi. Mening qosh-kipriklarimga qor parchalari urilar va bir zumda erib yuzimga oqib tushardi. Shunda o‘zimni ertaklardagi qor malikasi saltanatiga kirib qolgan bechora Gerdadek his qilardim. 

 

Bolalikka qaytib

 

Men bolaligimni, otamni ana shunday shirin xotiralar bilan eslayman. Ne hayratki, hatto chaqaloqligim xotiramda jonlanadi goho: atrof qorong‘i, ko‘zimga qayerdandir nur tushib, bezovta qiladi. Yuzimga muzdek qor parchalari qo‘nadi, tepamga bir otam, bir onam engashadi. Qo‘l-oyog‘im boylangan, qimirlatolmayman, boshimni ko‘tarolmay tipirchilayman... Eh-he, bolalikni eslasam, turli xotiralar gavdalanaveradi. Otam ham, onam ham ijodkor bo‘lgani uchundir, el qatori ertalab to‘qqizda ishga ketib, kech soat yettida qaytishmagan. Uyimizdagi kun tartibi oddiy oilalarnikiga sira o‘xshamasdi. Otam kunduzi kundalik ishlar bilan mashg‘ul, tunlari ijod qilar edi. Ammo kech yotganiga qaramay, sahar turib, hovliga suv sepib, salqinlatib qo‘yardi. Keyin magnitofon ovozini balandlatardi. Har tong onam ikkimiz Tavakkal Qodirov, Berta Davidova yoki Fattohxon Mamadaliyev qo‘shiqlarini tinglab kunni boshlardik.

 

Otam bilan o‘tgan kunlarim

 

Tun Said Ahmadning ijod pallasi edi. Yarim tunda otamning ijodxonasiga kirib olib, yozuvchining asar yozar chog‘i butun dunyodan uzilib, qahramonlari bilan yashayotganidagi kechinmalarini jimgina kuzatardim. Ijodxonadagi sandiqcha ustiga ko‘rpacha to‘shab, meni o‘tirg‘izarkan, sovuq kunlari choponiga ham o‘rab qo‘yardi otam. Ana shu issiqqina chopon bag‘rida u kishining ijodiy pallalariga guvoh bo‘lganman.

 

Otam o‘ta qiziquvchan odam edi. Nimanidir bilgisi kelsa, ipidan ignasigacha qaysarlik bilan o‘rganardi, fe’limdagi shu jihat menga u kishidan o‘tgan deb o‘ylayman. Qolaversa, otamning qiziqishlari meni ham qiziqtirgan. Masalan, yozishdan zerikkan damlarida katta qo‘shaloq kassetali magnitofonga mikrofonni ulab, menga qiziq savollar berib, ovozimni yozib olardi. Orada suratga ham tushirardi. Men ham har yakshanba radiodan sharq kuylarini yozib olardim, hatto kinoteatrga ham magnitofonni olib borib, filmlardagi qo‘shiqlarni yozib olardim.

 

Otamning hikoya qilishicha, yoshligida mashhur fotograf Pensonga shogird tushgan ekan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, u kishi yaxshi suratkash ham edi. Ijodiy safarlardan anchagina fotoplyonka bilan qaytardi. Eh-he, suratlarni ishlash jarayonidagi zavqini aytmaysizmi... Quyosh xobgohiga kirar ekan, otam ikkov derazaga qora parda tutib, qizil lampa nurida rasm chiqarardik. Jarayon ketma-ketlikda bajarilgach, qog‘oz ustida surat paydo bo‘lardi, bu menga juda sehrli tuyulardi. Suratlar tayyor bo‘larkan, otam qistirgichlar bilan ularni birma-bir arqonga tizib chiqardi. Keyin ikkimiz shashka, domino ham o‘ynardik.

 

Rassomlikdan muharrirlikka

 

Gaplarimdan anglayotgandirsiz otamning erkatoyi bo‘lganimni? Onam ko‘p taqiqlar qo‘yib, nasihat qilgan bo‘lsa, otam umuman tanbeh bermagan, nimani so‘rasam o‘sha narsani muhayyo qilardi. Lekin kasb tanlashimda otam biroz qarshi bo‘lgan. Keling, yaxshisi, bu hikoyani ham aytib beraqolay.

 

Bolaligimdan rasm chizishni yoqtirardim. Chizganlarimni otam do‘sti – Benkov nomidagi san’at va rassomchilik bilim yurtida birga o‘qigan kursdoshi, O‘zbekiston xalq rassomi Rahim Ahmadovga ko‘rsatganida, u kishi “O‘zing-ku bir paytlar rassomchilikni tashlab, yozuvchilikka o‘tib ketganding. Mana, talanting baribir qizingda yuzaga chiqibdi. Endi Nodirani rassom qilgin degan. Shundan so‘ng o‘sha davrda Romanovlar uyida joylashgan Pionerlar saroyiga qatnab bir muddat tahsil olganman. Men o‘qigan 150-maktabning shundaygina ro‘parasida otamning yana bir yaqin do‘sti, O‘zbekiston xalq rassomi Abdulhaq Abdullayev yashardi. Bu inson o‘z uyida kichik darsxona ochib iqtidorli bolalarga rassomchilikni bepul o‘rgatardi. Men ham shu darsxonada rangtasvir sirlarini o‘rgandim.

 

Lekin baribir maktabni bitirib kasb tanlash arafasida otam “Rassomchilikning o‘ziga yarasha mashaqqatlari bor. Masalan, o‘qish jarayonida “натуршик” va “натуршица”larning rasmini chizish kerak. Bu kasb egalari talabalarning ro‘parasida kiyimsiz soatlab o‘tirishadi. Talabalar esa ularga qarab inson tanasini, suyaklarini, mushaklarini to‘g‘ri chizishni o‘rganadi. Tabiat manzaralarini chizish uchun rassomlar molbert, yog‘och ramkaga tortilgan mato – polotno, turli bo‘yoqlar, mo‘yqalamlar, ularni artish uchun kimyoviy suyuqliklar solingan idishlar ortilgan og‘ir yuklarni ko‘tarib tog‘larga, dalalarga, cho‘l-u biyobonlarga uzoq muddat safarga ketishadi. Ko‘rayapsanmi, rassomchilikning qiz bolaga qiyinchilik tug‘diradigan jihatlari ko‘p. Yaxshilab o‘ylab ko‘r. Agar adabiyotchi bo‘lsang, har holda ishimizni davom ettirasan, onang ikkalamizdan qolgan qo‘lyozmalar va arxiv bilan o‘zing shug‘ullanasan, kitoblarimizga muharrirlik qilasan. Hammasini fikrlab, keyin bir xulosaga kelgin” degan.

 

Albatta, otamning aytganlari buyruq emas, maslahat edi. Bajarish yoki bajarmaslik o‘z zimmamda edi. Hamma aytilgan gaplardan xulosa qilib, Toshkent davlat universitetining rus filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirdim, tamomlagach, ko‘p yillar rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi bo‘lib ishladim va bu tanlovimdan biror marta afsuslanmadim. Bugun otam istagandek ota-onamning arxivi bilan shug‘ullanaman, kitoblarini o‘zim tahrir qilib nashrga tayyorlayman.

 

Bir jomadon tufli

 

Otam tarbiya masalasida ham juda erkin edi. Esimni taniganimdan beri urishib, achchiq-tiziq gaplar bilan tarbiya berganini eslolmayman. O‘zim ham maktabda a’loga o‘qiydigan, ro‘zg‘or ishlarida saranjom, kattalarni hurmat qiladigan yaxshi qiz edim-da (kuladi). Ota-onamning hayot yo‘li men uchun tarbiya edi aslida.

 

Shu... yaxshi qiz bo‘lganim uchunmi, sovg‘alarga ko‘milib yashaganman. Otam chiroyli kiyimlar, sumkalar, taqinchoqlarni ko‘rsa, darrov sotib olib, onam ikkimizga sovg‘a qilardi. Esimda, o‘ninchi sinfni bitirayotganimda tikuvchilikka qiziqishimni ko‘rgan otam menga Olmoniyada ishlab chiqarilgan “Veritas” nomli tikuv mashinasini sovg‘a qilgan. Xaligacha shu mashinada u-bu narsalarni tikib turaman.

 

Otam olib keladigan sovg‘alardan yana biri haqida qiziq voqea esimga tushib qoldi. Bir kuni otam “O‘zbek adabiyoti kunlari”da qatnashish uchun Moskvaga ketadigan bo‘lib qoldi. Onam “Nodiraning tuzukroq tuflisi qolmabdi. Moskvadan yaxshiroq tufli olib keling” deb oyog‘imning o‘lchamini karton qog‘ozga tushirib berdi. Otam ham sodda bo‘lganmi yo bolaning o‘lchami tez o‘zgarishini bilmaganmi, xullas, bir xil o‘lchamdagi bir jomadon tufli bilan qaytgan Moskvadan. O‘sha tuflilarni ancha paytgacha onam tanishlarning bolalariga sovg‘a qilib yurganlarini eslayman.

 

Hozirjavob yozuvchi

 

Otam gapga chechan, hazilkash, sinchkov odam edi. Masalan, onam gohida nolib, “Ro‘zg‘orga o‘zimning pulimdan ishlatdim” desa, otam “rahmatli Abdulla aka (Abdulla Qahhor) “ayol kishining puli bamisoli eshik tepasiga osib qo‘yilgan tosh – kirsang ham boshingga uriladi, chiqsang ham” der edi” deb birdan javob qaytarardi. Yana bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Bir kuni onam zargarlik do‘konidan menga atab qopqog‘i ochiladigan medalyon sotib oldi. O‘zining kichkina fotosuratini qirqib, medalyon ichiga joyladi va sekingina shifoner ichiga bekitib qo‘ydi. Otamning kayfiyati yaxshi bo‘lganda “Saidahmad aka, O‘rdadagi tilla magazinida chiroyli medalyon ko‘rdim. Falon pul turar ekan. Bitta-yarimtasi olib ketib qolmasdan shuni Nodiraga olib qo‘yaylik” dedi. Otam bo‘lsa “Tunov kuni shifonerdan dastro‘mol olayotganimda o‘sha siz aytgan medalyonga ko‘zim tushuvdi. Uni endi shkafdan kim ham olib ketardi” deb kuldi. “Voy! Ko‘ruvmidingiz?” dedi onam endi otamdan pul chiqmasligini bilib. Otamni umuman aldab bo‘lmasdi, qaysi narsa qayerda turganini, qachon paydo bo‘lganini albatta bilar edi.

 

Otam birovlarning ishiga aralashmasdi, o‘zining ishiga ham hech kimni aralashtirmagan. Ko‘ngliga yoqqan ishni qilardi, ko‘ngliga mos odamlar bilan munosabatda bo‘lardi.

 

U kishi manti, yupqa va qatlamani sevib yer edi. Boshqa yurtlarga safarga borsa, u yerlarning taomini yemay, o‘zi bilan olib ketgan qazi, patir, mayizdan oz-ozdan tamaddi qilib yuraverardi. Otamning jomadonida har doim bir quti hind choyi va elektr suv qaynatgich bo‘lgan.

 

Otam bilan olis safarlar...

 

Otam biz bilan ko‘p-ko‘p safarlarga borgan. Masalan, kichkina paytim Kislovodskdagi sanatoriyada dam olganimiz, Boltiqbo‘yidagi o‘rmonda yashaganimiz, mashinada Issiqko‘lga safar qilib, ko‘lda cho‘milganimizni xotirlayman. Otam sevgan mashg‘ulotlar orasida mashina haydash ham bor edi. Onam ikkimizni mashinada tinimsiz safarlarga olib borardi. Bolaligim mashinada o‘tgan desam ham bo‘ladi. Talabalik yillarimda esa u kishi bilan Qora dengiz sohilida joylashgan Pisundadagi Yozuvchilar uyushmasiga tegishli sanatoriyaga dam olgani borganmiz. Otam bilan eng so‘nggi safarimiz AQSHga bo‘lgan. U yerda “Kelinlar qo‘zg‘oloni” spektaklining premerasida qatnashib, Nuy-York, Vashington shaharlarini aylanganmiz. Mazza qilgandik o‘shanda.

 

Otam sog‘lig‘i yomonlashib kuchdan qolganda ham tinimsiz ijod qilgan, so‘nggi nafasigacha yozuv stolidan nari ketmagan. Otamning so‘nggi kunlarini eslarkanman, yana anchagina asarlarni o‘ylab qo‘yib yozishga ulgurmaganidan afsuslanaman.

 

Yozuvchining qizi Nodira Husanxo‘jayeva xotiralarini

Guljahon Namozova yozib oldi.

 

Ma’naviy hayot jurnali, 2025-yil 3-son.

Ertaklar olamida yashadim maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

13:10 / 09.10.2025 0 553
Tarixiy muallimlarimiz zakosi bizni birlashtirishi kerak

Adabiyot

11:10 / 08.10.2025 0 139
Tafakkur karvonining sarboni





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//