
Savollarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bosh mutaxassisi Abdulatif domla Tursunov javob berdi.
– Yaqinda bir kishi “Tandirni qiblaga qarab o‘rnatish kerak, yo‘qsa baraka bo‘lmaydi, qiblaga orqa bo‘lib non yopilmaydi” deganini eshitdim. Bu qanchalik to‘g‘ri, bid’at emasmi?
– Tandirni qaysi tomonga qaratib qurishning dinga aloqasi yo‘q. Qaysi tomon qulay bo‘lsa, o‘sha tomonga qaratib qurilaveradi.
Savoldagi kabi e’tiqodda bo‘lish shumlanishdir. Dinimiz shumlanishdan qaytargan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam bunday degan: “Kasallik yuqishi yo‘q, boyqushdan shumlanish yo‘q, ruhlarning qushga aylanib yurishi yo‘q, safar oyida shumlanish yo‘q” (Imom Ahmad va Imom Ibn Moja rivoyatlari). Vallohu a’lam.
* * *
– Turmushga chiqqan qiz farzandli bo‘lsa, onasi unga beshik olib borishi shartmi? Olib bormasa, u dunyoda yostiq quchoqlab yotarkan degan gap bor emish. Men tuqqanimdan so‘ng onamga beshik olib ovora bo‘lib yurmasliklarini aytib, uyda beshik bor degandim. Ular shu gapni aytishdi. Shu gap qanchalik to‘g‘ri?
– Shariatda unday gap yo‘q. Farzand tug‘ilsa, uning nafaqasi otasiga vojib bo‘ladi. Nafaqa deganda farzandning yemoq-ichmog‘i, kiyim-kechagi va shunga o‘xshash zaruriy ehtiyojlari nazarda tutiladi. Jamiyatimizda noshar’iy shakllangan bid’atlardan biri siz savolda aytgan beshik to‘yi masalasidir. Ya’ni, bolaning beshigi va yana unga qo‘shimcha bir talay narsalarni qiz tomonning zimmasiga yuklab qo‘yishdir. Aslida bu muammolar otaning muammosi. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday ta’lim bergan:
“Ularni (farzandlarni) ma’ruf ila yedirib, kiyintirish tug‘dirganning zimmasidadir” (Baqara surasining 233-oyatidan).
* * *
– Bir tanishim juda ham semirib ketdi, endi semizlik sog‘lig‘iga zarar berayotgan ekan. Bir ishonchli shifokor oshqozonning bir qismini kesib tashlash kerak debdi. Jarrohlik amaliyoti undan yaxshi chiqish kafolati bilan qilinar ekan. Semizlik dardidan qutulish maqsadida bunday amaliyot o‘tkazish mumkinmi?
– Savolda so‘ralgan ushbu jarrohlik amaliyotida ruxsat berilgan va taqiqlangan holatlar bor. Chiroyli bo‘lish, ko‘rkam ko‘rinish uchun bo‘lsa, joiz emas. Chunki bu ishlar zarurat hisoblanmaydi. Tanadagi nuqsonni to‘g‘rilash maqsadida bo‘lsa, joiz bo‘ladi. Chunki bu holat zaruratga aylanadi.
Zamonamizning ko‘zga ko‘ringan ulamolari oshqozonni kichraytirish amaliyotiga bir necha shartlar bilan ruxsat bergan:
1. Bu shunchaki ozish yoki tananing shaklini chiroyli qilish uchun bo‘lmasligi kerak.
2. Bu amaliyot natijasida boshqa kasallikka duchor bo‘lmasligi kerak.
3. Semizlikni yo‘qotishning mazkur amaliyotdan boshqa chorasi bo‘lmasligi kerak.
4. Avrat masalasiga rioya qilish kerak.
Ulamolar mazkur fatvolariga fiqhiy manbalarda kelgan quyidagi iboralarni asos qilib kelib keltiradi:
biror a’zoga tushgan qorason kasalligi boshqa a’zolarga tarqab ketmasligi uchun shu a’zoni kesib tashlashda gunoh yo‘q. Qorason kasalligi tekkan qo‘lni kesishda, qorinning ichini davolash maqsadida qorinni yorishda gunoh yo‘q (“Fatavoi Olamgiriya”);
ortiqcha yog‘li shishi bor inson shu shishni olib tashlamoqchi. Agar bunday muolajalar aksar holatda halok bo‘lish bilan tugasa, joiz emas. Agar unday bo‘lmasa, ya’ni aksar holatda muvaffaqiyatli o‘tsa, zarari yo‘q. “Xizonatul-muftiyn”da shunday kelgan (“Fatavoi Olamgiriya”).
Ortiqcha a’zoni kesib tashlash kabi ishlar Alloh taolo yaratgan narsani o‘zgartirishga kirmaydi. Balki u ayb yoki bemorlikni yo‘qotish qabilidan hisoblanadi (“Fathul-mulhim”).
Odam ozaman deb oshqozonini kestirishi yoki jarrohlik stoliga yotishiga zarurat yo‘q. Semirib ketmaslik uchun sport bilan muntazam shug‘ullanish, parhez qilish, doimiy harakatda bo‘lish, nafsni tiyish har jihatdan foydalidir.
* * *
– Do‘stlarimiz bilan qo‘l berib ko‘rishamiz, xayrlashayotganda ham shunday qilamiz. Bir do‘stimiz “Ikki marta qo‘l berilmaydi, ya’ni salomlashganda qo‘l berib ko‘rishdik, xayrlashayotganda ham qo‘l berilsa, makruh bo‘ladi” dedi. Chindan ham shundaymi?
– Suhbatning oxirida, xayrlashayotgan chog‘da ham uchrashuv avvalidagidek qo‘l berishish joizligi hadislarda kelgan. Chunonchi, Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallollohu alayhi va sallam qachon biror kishi bilan vidolashsa u kishining qo‘lini tutib turar, to u kishi o‘zining qo‘lini qo‘yib yubormaguncha uning qo‘lini qo‘yib yubormasdi va “Allohdan diningni, omonatingni va oxirgi amalingni omonda qilishini so‘rayman” der edi” (Imom Termiziy rivoyati).
Ulamolarimiz ana shu va shu kabi hadislarga suyanib, xayrlashayotgan paytda ham qo‘l berishish mustahab ekanligini aytgan.
* * *
– Men ustachilik qilaman. Bir kishi “Seshanba kuni yangi ish boshlama, ziyon ko‘rasan, ishing yurishmaydi. Chorshanba kuni ish boshlasang yaxshi bo‘ladi” deb kitobda o‘qiganman deb qoldi. Ammo qaysi kitobda o‘qiganini aytmadi. Uning shu gapiga ishonsa bo‘ladimi?
– Seshanba yo haftaning boshqa biror kuni ish boshlagan kishining ziyon ko‘rishi haqida biror hadis yoki diniy asarda ma’lumot uchratmadik. Balki dinimiz hafta kunlari va oylardan shumlanishdan qaytargan. Ba’zi olimlar ahamiyatli ishlarni chorshanba kuni boshlashni tavsiya qilib, bunga “Qaysi ish chorshanba kuni boshlansa albatta mukammal bo‘ladi” mazmunidagi hadisni dalil qilib keltirgan. Lekin muhaddis ulamolar ushbu rivoyat to‘qima ekanini ta’kidlashgan (“Mavzuotu Mulla Ali Qori”, “Al-Maqosidul-hasana”, “Asnal matolib” va boshqa kitoblar).
Shuningdek, Abulhasan Ali ibn Muhammad al-Kinoniy o‘zining “Tanzihush-sharia” degan kitobida mazkur rivoyat to‘qima ekanini aytib o‘tgandan keyin “Sahih hadislarda Alloh taolo nurni chorshanba kuni yaratgani rivoyat qilingan. Ilm ham nurdir. Agar ilm nur yaratilgan kun – chorshanba kuni boshlansa, Alloh Qur’oni karimda aytib o‘tganidek, o‘z nurini (jumladan, ilm tahsilini ham) itmomiga – nihoyasiga yetkazadi deb yaxshi gumon qilish mumkin” deydi. Bu bilan ilm tahsilini chorshanba kuni boshlash xayrli ekani kelib chiqadi.
Xulosa qilib aytganda, chorshanbadan boshqa kunda ish boshlagan kishi albatta ziyon ko‘radi degan e’tiqodda bo‘lish noto‘g‘ri. Shariatga muvofiq har qanday ishni xohlagan kunda boshlash joiz. Haftaning qaysidir kunini kutish shart emas. Musulmon inson ishi rivoj topishini istasa, buning sabablarini ushlashi, halol mehnat qilishi, aldovdan va birovning haqidan hazar qilishi va Alloh taolodan ishining barakasini so‘rashi lozim bo‘ladi.
* * *
– Mahallamizdagi qabristonda mevali daraxtlar bor. Ularning mevalari pishgan vaqtda ko‘pchilik qatori biz ham kirib yeb turamiz. Ba’zilar bu ish joiz emas deb qoldi. Shu masalada dinimizda nima deyilgan?
– Bu haqda Burhoniddin ibn Moza rohimahulloh shunday zikr qilgan: “Qabristondagi daraxtlarning hukmi ikkiga bo‘linadi: 1) ular yer qabristonga aylantirilishidan oldin ekilgan bo‘lishi mumkin; 2) ular yer qabristonga aylantirilganidan keyin ekilgan bo‘lishi mumkin. Agar daraxtlar yer qabriston qilinishidan oldin ekilgan bo‘lsa, ekkan odamning mulki bo‘ladi. Shuning uchun daraxtlarning egasi tirik bo‘lsa, uning roziligi bilan yoki undan sotib olib, keyin iste’mol qilish joiz bo‘ladi. Agar daraxtlarning egasi ulardan odamlar yeyishini muboh qilgan (ruxsat bergan) bo‘lsa, u holda so‘ramasdan yeyish ham joiz. Ammo egasining niyati ma’lum bo‘lmasa yoki egasi vafot etgan bo‘lsa va nima maqsadda ekkani noma’lum bo‘lsa, u holda ulardan yeyish joiz bo‘lmaydi.
Agar daraxtlar yer qabristonga aylantirilganidan keyin ekilgan bo‘lsa, ushbu holatda ham ular egasining mulki hisoblanadi. Shunga ko‘ra bunda ham egasining niyatiga bog‘liq bo‘ladi. Agar egasi ma’lum bo‘lmasa yoki uning niyati ma’lum bo‘lmasa, u holda ular qabristonning mulki bo‘lgani uchun ularni sotib, puli qabristonning ehtiyojlari va ta’miri uchun ishlatiladi” (“Muhiyt”).
Demak, qabristondagi mevalarni yeyish yoki boshqa ekinlarni olish ularni ekkan egasining niyatiga bog‘liq bo‘lar ekan. Agar boshqalar yeyishi yoki foydalanishi uchun ekkan bo‘lsa, ulardan yeyish joiz bo‘ladi. Ammo o‘zi uchun ekkan bo‘lsa yoki niyati ma’lum bo‘lmasa yo kim ekkani ma’lum bo‘lmasa, u holda ularni pulga sotib olib, yeyish yoxud uning daromadidan foydalanish joiz bo‘ladi, xolos.
Ta’kidlash joizki, ba’zilar qabristondagi mevali daraxtlarning tomiri mayyitning qoni va najosatidan ozuqa olgani uchun ularni yeyish makruh degan da’volarni qilishadi. Bunga javoban ulamolar ushbu da’vo o‘rinsiz deb hisoblashgan. Chunki daraxtlarning ildizlari garchi najosatdan ozuqa olsa ham, istihola (bir narsaning butunlay boshqa narsaga aylanishi) yo‘li bilan boshqa moddaga aylanadi va ularning mevalarini yeyish hech bir makruhliksiz joiz va halol bo‘ladi deganlar (“Ahkomul-janoiz”).
Shunday bo‘lsa-da, qabristonga mevali daraxtlarni ekmaslik tavsiya qilinadi. Zero, ularning tomirlari qabrlar o‘pirilishiga olib kelishi mumkin. Vallohu a’lam.
Damin JUMAQUL tayyorladi.
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025 yil 3-son.
“Qaltis savollarga nozik javoblar” maqolasi.
Tarix
Ma’naviyat
Jarayon
Adabiyot
San’at
Ma’naviyat
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q