Jurnalist Iqbol Qo‘shshayeva “Har bir inson hayoti davomida o‘qishi shart bo‘lgan 10 kitob” tavsiya qiladi


Saqlash
17:38 / 24.08.2024 853 0

Oyina.uz portali o‘zbekning 100 ziyolisidan “HAR BIR INSON HAYОTI DAVOMIDA O‘QISHI SHART BO‘LGAN 10 KITOB” tavsiyasini berishda davom etadi. Loyihaning 76-kuni jurnalist Iqbol Qo‘shshayeva “Har bir inson hayoti davomida o‘qishi shart bo‘lgan 10 kitob” tavsiya qiladi:

 

Mutolaani muayyan yosh oralig‘ida chek-chegaralash nisbiy holat. Agar quvvayi hofizasi yetsa, Dostoyevskiyni o‘spirin ham o‘qishi mumkin. Aksincha, oltmish yoshdayam “ikki karra ikki to‘rt bo‘ladi” qabilidagi pandnomadan ta’sirlanib yurish hech gap emas. Ro‘yxatga hazrat Navoiyning “Xamsa”si, Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” romani, Jeyms Joysning betakror asarlari... yana o‘nlab durdonalarni kiritgim keldi. Biroq bugungi avlod (turfa ijtimoiy tarmoq, internet jilvalaridan ortib!) ushbu “o‘ntalik”ni o‘qishga astoydil bel bog‘lasa, keyingilariga o‘z-o‘zidan yo‘l ochiladi... Yoshlar albatta (!) o‘qishi shart deb hisoblagan kitoblarim ro‘yxatini keltirib o‘taman.

 

1.      Abdulla Qodiriy, “O‘tkan kunlar” romani. O‘zini o‘zbek bilgan odam ilk ikki romanni o‘qimasligi mumkin emas. Qodiriy domlaning o‘zlari ham “O‘tkan kunlar”ni besh marotaba o‘qiladurg‘on kitob, degan ekanlar. Har o‘qiganingda rang-barang taassurot, avval ilg‘amagan qo‘riqlarini topib boraverasan. Bolalik adog‘i yoshlik ostonasida o‘qilsa, tabiiyki, muhabbat mavzusi diqqatni tortadi. Otabek bilan Kumushning fojiali muhabbati qissasi bo‘lib tuyuladi. Yigitlar Kumush sabab ayol dunyosiga mo‘ralasa, qizlar Otabek timsolida yigitlar olamini kashf etadi. Ayrimlari hayotdagi hamrohim shundayin bo‘lsa, deya ong ostida orzusidagi yigit qiyofasini gavdalantirib oladi. Otabekdayini uchratmagan taqdirda ham, harholda, homidlarga o‘zini arzongina bag‘ishlamaydi.

 

Yillarni o‘tkazib o‘qiganingda, nigohing ma’suma Kumushning Otabegiga emas, mutafakkir Qodiriyning Otabegiga tushadi. U bilan hamohang fikrlaysan. Millatni millat qiladigan otabeklar ekanini anglaysan. Ularni qanday qilib “o‘q”dan asramoq kerakligi haqida qayg‘urasan.

 

2.      Abdulla Qodiriy, “Mehrobdan chayon” romani. “Bilimli, zamonaviy va diniy hissiyoti o‘tkir Ra’no” – ma’rifatparvar Qodiriyning ideali. U o‘n to‘rt yoshidayoq “Haftiyak”, “Qur’on”, “Chahor kitob”, “So‘fi Olloyor”, “Maslak ul-mutaqqin”, Navoiyning barcha asarlari, “Devoni Fuzuliy”, Amiriy, Fazliy, Xoja Hofiz Sheroziy va Mirzo Bedil... Shayx Sa’diyning “Guliston”ini yod biladi. O‘zi yaxshi ko‘rgan chig‘atoy-o‘zbek shoirlarining badiiy asarlaridan alohida majmua tuzgan. Ra’no hamma zamonlarning “nodir uchrayturgon yakto fozila qizlaridan”. O‘ylab qolaman, xon harami ostonasini o‘ziga ep ko‘rmagan, ota-onasi va ukalarining hayotini tahlika ostiga qo‘yib, yarim tunda erkakcha libosda ota hovlisini tark etgan Ra’no o‘z davri – muhiti uchun qanchalar o‘gay farzand bo‘lgan ekan-a? Agar u ancha-muncha madaniylashgan dunyoning farzandi – bizning zamondoshimizga aylangan taqdirda ham bu isyonkor qizning qismati qanchalar og‘ir kechardi... Uni barcha tahqir-u nadomatlardan a’lo ekanini isbotlay olarmidik? Kumushbibi jozibasidan ko‘ra Ra’noning mardligi ko‘proq o‘ylantiradi. Ayni damda zamondoshing qiyofasida marg‘ilonlik suluvni emas, Ra’noni ko‘rging keladi. O‘zbek adabiyotida yaratilgan ayol qahramonlar orasida eng zalvorlisi ham shu bo‘lsa kerak. Nazarimda, yozuvchi sharq ayollarida ko‘rishni orzu qilgan shiddat-u qat’iyatni shu qahramoniga singdirgandek. Lekin u feministka emas! Kechirasiz-u, o‘sha davrda xonning haramini o‘ziga sharaf deb bilgan, Ra’noning o‘nlab dugonalari bo‘lmagan deysizmi? Qayta-qayta murojaat etsa-da, hamisha yangi gap aytish mumkin bo‘lgan qahramon. Adabiyotda shunday kamyob timsollar bo‘ladi: Hamlet, Antigona, Medeya, Iskandar, Pechorin, Vanya tog‘a va hatto “revizor” – Xlestakov!.. Bular qatoriga hech ikkilanmasdan Otabek bilan Ra’noni ham kiritish mumkin. Bu obrazlar orqali san’atkor o‘z davri va jamiyatining dardlariga tashxis qo‘yadi. Ra’no o‘zining nozik yelkasiga zamonlar yukini, insonlar dard-u iztiroblarini ko‘tara oladigan obraz. Uni ma’naviy jasorat timsoli deyish mumkin. Ma’nan jasorat ko‘rsatish uchun tafakkur qilish, fikrlash, kitob o‘qish, mushohada san’atini egallash kerak. Iching bo‘m-bo‘sh, onging qashshoq bo‘lsa, jasorat tugul, dadilroq so‘zlashga botinolmaysan.

 

3.      Aliksandr Pushkin, “Yevgeniy Onegin” she’riy romani. Muhabbat haqidagi betakror asar. 15–16 yoshda o‘qiganingda zerikish dardiga mubtalo bo‘lgan Oneginni va tuyg‘usi ma’yus Tatyanani o‘zingcha tushungandek bo‘lasan. Lekin ularning cho‘ng iztirobi bilan bo‘ylasha olmaysan. Shu bois bu kitobni ayni navqironlik ayyomida yana bir karra mutolaa qilgan ma’qul. Pushkinning o‘zi tan olishicha, “Yevgeniy Onigen” aqlning sovuq kuzatuvi va yurak hasratining mahsulidir. Siz mazkur asarda orzu-xayollar bilan vidolashayotgan romantik yigit dardlariga oshno bo‘lasiz. Uning erka ruhi tuyg‘usi po‘k ayollardan bezgani kabi, jamiyat riyolaridan ham erta toliqadi. Xayol va hayot o‘rtasidagi ziddiyatlar yigit ko‘nglini toptaydi. Ichki dunyosi boy, o‘z olamiga ega Tatyanani xayolparast ma’suma, pok tiynat sohibasi qilib tasvirlashda Pushkinning AYOL shaxsiyatiga hurmati mujassam. Shoir ayol pokligini, ma’sumaligini hayot-mamot darajasida muqaddas deb biladi. Asarda kiborlar dunyosining zavqi, tantanasi, o‘yin-kulgilar, xotin-xalajning g‘amzasi boricha tasvirlanadi. Biroq bu g‘ala-g‘ovurga begona, yot qalb egalari borki, ularning kimligini, qalbidagi po‘rtanalarni o‘quvchi asarning oxirida anglaydi. “Yevgeniy Onegin” o‘z zamoniga sig‘magan, lekin hamma zamonlarning erka farzandiga aylangan shoir arzi holidir.

 

4.      Aleksandr Dyuma, “Graf Monte Kristo” romani. Aleksandr Dyumaning tutqunlik, mutelik, ojizlikdan xalos etadigan bu romani o‘quvchi yuragida qat’iyatni uyg‘otadi. Xudoga tavakkal qil, deydi. Vaqt hamma og‘riqlarni davolashi, kimgaki qanday yomonlik qilma, o‘zingga qaytib kelishidan saboq beradi. Hayotning qaltis vaziyatlarida sinib qolmaslikka o‘rgatadi. Kitobsevarda ertangi kunga ishonch, ilmga rag‘batni kuchaytiradi. O‘smirlik pallasi o‘ta nozik, hatto xavfli palla. Ayni shu damda yosh yigit-qizning ko‘ksida Edmon Dantesning fikri gupirib turishi ayni muddaodir. “Xudoyim o‘zi yaratgan insonga hayot va yashashga cheksiz muhabbatni ham ato etgan ekan, inson ana shu aziz hayotni saqlash uchun qo‘lidan kelgan hamma choralarini ko‘rmog‘i kerak, bu Parvardigor amri. Ishonch va umidvorlik yoshlik timsolidir”. “Graf Monte Kristo” inson irodasiga qo‘yilgan haykaldir!

 

5.      Nodar Dumbadze, “Abadiyat qonuni” romani. Nodar Dumbadzening ushbu asarida jurnalist Bachananing shunday gapi bor: “Insonning yuragi uning tanasidan yuz barobar og‘irroq... Shu darajada og‘irki, uni bir kishi ko‘tarolmaydi... Binobarin, biz odamlar toki tirik ekanmiz, bir-birimizga yordam berishimiz, bir-birimizning yuragimizga madad bo‘lishga harakat qilishimiz kerak: siz – menga, men – unga, u esa boshqa birovga...”. Inson qanchalik irodali bo‘lmasin, yuragidagi zalvorni yolg‘iz o‘zi ko‘tarishga ojiz. U hamdamga muhtoj.

 

Mariyaning Bachana oldidagi iqrorida hayotning taxirdan taxir sharobini ichgan, biroq inja tuyg‘ularni boy bermagan yurakning xaritasini ko‘ramiz: “Hayotimda besh marta o‘lib, besh marta qayta tirilganman. Birinchi marta qo‘rquv ichida o‘lib, yolg‘iz yashash uchun tirildim... Ikkinchi marta yolg‘izlikda o‘lib, mug‘ambir bo‘lib tirildim... Uchinchi marta mug‘ambirlikda o‘lib, beparvo bo‘lib tirildim... To‘rtinchi marta beparvolikda o‘lib, nafrat bilan tirildim... Beshinchi marta nafrat bilan o‘lib, muhabbat bilan tirildim... Endi muhabbat bilan o‘laman. Bu mening so‘nggi o‘limim bo‘ladi...”. Muhabbat bilan “tirilmoq” uchun mana shu chig‘iriqlardan o‘tishga to‘g‘ri keladi. Baxtning yo‘llari do‘zax otashi kabi azob. Oson yo‘ldan borib topilgan baxt – baxt emas. Bu yo‘lda nelarnidir boy berasan...

 

6.      Aleksandr Belyayev, “Amfibiya odam” romani. Aleksandr Belyayevning ushbu asarini 12 yoshimda o‘qiganman. Darsda edim. Eng oxirgi partada o‘tirib, kitobning oxiriga yetganimda, piqillab yig‘lab yuborgandim. Sinfdagilarning hammasi ajablanib qaragandi o‘shanda. Asar yakunida odamlar Ixtiandrni unutgan, bunday odam-baliqning yashagan yo yashamagani cho‘pchakdek tuyulib, hammaning yodidan chiqqan vaqtda ham chin otasi Baltazarning dengizga qarab “Ixtiandr, o‘g‘li-im-m!” deb nola qilishidan ta’sirlangandim. Asar ilmiy-fantastik janrda bo‘lsa-da, odamzotning jirkanch hayotini tahlil qiladi. Doktor Salvator: “Men baxtli odamlar dunyosini yaratmoqchi edim. Odamlar baxtli bo‘lsin degandim. Inson jamiki illatidan poklanib, turfa pastkashliklarini tark etib, osuda jamiyatda yashashini orzu qilgandim”, deydi. Biroq BADBAXTLIK hatto orzungning fuqarosi bo‘lishga ham yo‘l qo‘ymaydi. Tabiat hukmidan uzilib qolgan intellekt yovuzlikka xizmat qilishini anglagan professor barcha urinishlarining behuda ekanini, inson uchun ZAMIN borligini oxir-oqibat anglab yetadi. Ilohiy qonuniyatni buzish evaziga jondan aziz farzandi, bor ilmiy ishlari, hammasini qurbon beradi. Alloh yaratgan Dunyoni tuzataman deb inson o‘zini o‘zi halokatga mubtalo etishi muqarrardir.

 

7.      Richard Bax, “Oqcharloq Jonatan Livingston” qissasi. Richard Baxning ushbu asari yoshlarning doimiy hamrohi bo‘lishini xohlardim. Tez-tez o‘qib tursalar deyman. Kitobxonni ma’nan bir pog‘onaga ko‘taradigan va ruhiy parvoz zavqini beradigan kitob bu. “Oqcharloq Jonatan Livingston” hikoyasi “Lison ut-tayr”ning sodda varianti. Yetuklik, komillik haqidagi gaplar labimiz qirg‘og‘idan shu qadar osongina to‘kilib ketadi-ki... Balkim, bu tushunchaning asl mag‘ziga yeta olmaganimiz uchun ham jo‘n tasavvurimiz “komillik”ni uvol qilib tashlar. Asardagi Salliven degan qushning gaplarini eslayman: “Sen tasavvur qilasanmi: yashashdan maqsad – qorin to‘yg‘azish, ozuqa talashib janjallashish yoki To‘daga hokim bo‘laman deb kuyib-pishishdan iborat emasligini anglab yetish uchun har qaysimiz nechta umrni yashab ko‘rishimiz lozim bo‘larkan?.. Minglab umrni, Jon, o‘n minglab umrni. Shundan keyin esa dunyoda komillik degan tushuncha ham borligini fahmlashimiz lozim bo‘ladi...” Biz aytib o‘tilgan to‘siq – sinovlarning qay biridan omon chiqa olarmikinmiz? Odam hayvondan ongi, fikri, tafakkuri bilan ajralib turadi. Hayot degani yemoq-ichmoq, kiyinmoq, jismni bezamoqdan iborat emas. Oqcharloq Jonatan bahosi arzon havaslardan voz kechishga, shunchaki emas, balki hazrati INSON bo‘lib yashashga undaydi. Bu qushlar haqidagi asar emas, o‘zimiz – insoniyat haqidagi asardir.

 

8.      Jaloliddin Rumiy, “Ichindagi ichindadur” asari. Xullas, ichki erkka erishmasdan, ma’naviy tushovlarni uzmasdan turib, komillikni orzu qilib o‘tirmang. Mavlono Rumiy boshdagi zanjirlardan – hayotning zamzamalaridan ozod bo‘lishga undaydi. Eng xavfli zindon ongdagi mahdudlikdir. “Biz yagona og‘ochning butalarimiz”, deya din-u mazhab devorlarni qulatadi. Dunyoning narigi qirg‘og‘ida og‘rib turgan jon birodaring ekanini his etasan. Va atrofingdagi ko‘pchilik intilayotgan, ommani qiziqtirayotgan, bizni ushlab turgan rasmiy tutumlar juda bachkana tuyuladi. Bu asar ichki hurlikka erishish yo‘llarini ko‘rsatadi. Mutelik, qullikdan qutulib, boshingdagi kishanlarni uloqtirasan. Soddaroq aytganda, maqsading o‘zingga tushovmi, voz kech, deydi “Ichindagi ichindadur”. Birovlarga bukilib-egilib kun kechirgandan ma’nan hur bo‘lib yashash qanchalar huzurbaxsh! So‘nggi xulosa esa: neki izlasang, bari sening ichingda, hammasi o‘zingda jam. Adolat, vafo-muhabbat, go‘zallikni haqiqatbozga o‘xshab o‘zgadan emas, o‘zingdan izlashga, topishga undaydi. Hazrat Navoiy ham bejizga: “Har ne istarsen, o‘zingdin istagil”, demagan.

 

9.      Lev Tolstoy, “Anna Karenina” romani. Ayol va erkak dunyosi kesishgan, tadqiq etilayotgan nuqta har doim qiziq tuyuladi. “Anna Karenina” ham shunday. Tuyg‘ularini mardlarcha himoya etgan, chin ishqqa tashna, jamiyat zanjirlaridan ozod ayol qismati ko‘pchilikda e’tiroz uyg‘otar, lekin hayotning beomon gurzisi sizdagi kibrni chilparchin qilib, ayol iztirobi bilan yuzma-yuz qo‘yishi hech gap emas. Xoh erkak bo‘lsin, xoh ayol. Bunday ishqning yukini ko‘tara olish yoki unga munosib bo‘lish qanchalar qiyin!!! Ba’zi adiblarimiz Anna obrazini noto‘g‘ri talqin etishadi. Paradoksni qarangki, Annaga “axloqsiz” degan tamg‘ani o‘zi bo‘ynigacha fahshga botgan jamiyat, Annadan ruhan quyi, ichki dunyosi hech qachon u bilan bo‘ylasha olmaydigan ma’nan majruh qavm bosadi. Italiyalik rejissyor Juzeppe Tornatorening “Milena” filmini ko‘rganimda ham, Annani eslagandim. Filmda go‘zal bir xilqatni xunukdan xunuk xotinlarning aji-bo‘ji to‘dasi – jaholat qanday qilib badnom qilgani shafqatsiz realizm bilan ko‘rsatilgan. Annaning qalbi riyokorlikka isyon qiladi.

 

U boshqalardek yallolanib yashab keta olmaydi. Ikkiyuzli xonim qiyofasidan jirkanadi. Uning mardligi – o‘z fojiasiga, haqiqatiga tik boqa olganida.

 

10.    Valentin Kataev, “Xayol chechaklari” asari. Yozuvchi bo‘laman degan kitobxon Valentin Katayevning “Xayol chechaklari”ni o‘qisin. Esse, xotiralar qanday yozilishi, fikr qanday ifodalanishi bilan tanishsin. Bu bir o‘qib, qayta qo‘lga olinmaydigan asar emas. Uzoq-uzoq yillargacha takror-takror mutolaa qilish mumkin. Davr ta’siri, mafkura tazyiqlaridan xoli xotiranomada muallif Mayakovskiy va Bunin misolida tuzumga o‘zining shaxsiy, xolisona munosabatini bildiradi. Biri yangi davr – shiorlar davrini chapak chalib qarshi olsa, ikkinchisi mutlaq inkor etadi. Ammo ikkisining qismati-da fojeiy. Ayni o‘sha palla inqilobdan keyingi hayot – qadriyatlar yer bilan bitta bo‘lgan, xuddiki Alpomish “o‘lib”, ultontozlar to‘rga chiqqan davr edi. “Xayol chechaklari”ni o‘qiyotib, o‘quvchi muhim jihatni: tuzumning o‘tkinchi kayfiyatiga berilmasdan tuzum haqida, zamonasoz ko‘yiga tushmasdan zamon to‘g‘risida yozish san’atini ko‘radi. Haqiqat shuki, qiyqiriqlar ortida qichqiriqlar bor. Davrlar daxl qilolmaydigan hudud – sening xayoling! Unda unib-o‘sgan chechaklarni payhon etmasdan oq qog‘ozga topshir. Adabiyotimizda xotiralar, esselar, yodnomalar ko‘p yozilgan, lekin men “Xayol chechaklari”ning yaqiniga keladiganini ko‘rmadim. Na badiiyat, na haqiqatga xolis yondashilgani, na voqelik sof holicha yoritilgani jihatidan. Valentin Katayev o‘zini tadqiq etadi, o‘zini o‘rganadi. O‘zingni tadqiq qilish osonmi?

 

Iqbol Qo‘shshayeva 1982-yili Buxoro viloyatida tug‘ilgan. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetining bakalavr (2003), magistratura (2012) bosqichlarini tamomlagan.

 

U mehnat faoliyatini 2004-yilda gazetada boshlagan. 2013-yildan beri “Madaniyat va ma’rifat” telekanalining “Kino-videomahsulotlar va tezkor dublyaj” muharririyati katta muharriri lavozimida faoliyat ko‘rsatib keladi.

 

Sukunat tug‘yoni” kitobi muallifi.

 

Iqbol Qo‘shshayeva 2007-yilda “Atirgul”, 2023-yilda “Eng ulug‘, eng azizRespublika tanlovi g‘olibi bo‘lgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 126
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22034
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//