Sunʼiy intellekt – insoniyatning soʻngi yillardagi eng ahamiyatli texnologik yutuqlaridan biri sanaladi. Uning rivoji bilan koʻplab sohadagi bir qancha jarayonlar optimizatsiyalashdi: matematiklar dasturni kompyuterning hisoblash quvvatini oshirish uchun, ekolog, klimatologlar potensial tabiiy xavflar boʻyicha prognoz qilish uchun, shifokorlar boʻlsa aniqlash qiyin boʻlgan kasalliklarga dastlabki davrlardan tashxis qoʻyish va turli murakkablikdagi dorilarni ishlab chiqarish uchun moslashtirdi.
Biroq olimlar uning ijobiy tomonlarini inkor etmagan holda yetarlicha salbiy jihatlari koʻzga tashlana boshlaganini taʼkidlaydi. Ulardan biri – insondagi kognitiv funksiyaning pasayishidir.
ChatGPTʼning inson ongi uchun xavfli ekani maʼlum qilindi. Qayd etilishicha, avvalgi yordamchi texnologiyalarga qaraganda SIʼdan doimiy foydalanish inson kognitiv qobiliyatining pasayishiga olib kelishi mumkin. Ushbu texnologiya axborot bilan ishlash jarayonida odamlarning maʼlumotlarni eslab qolish va qayta ishlash kabi tabiiy qobiliyatidan foydalanishga hojat qoldirmaydi.
Muammo nimada, deysizmi?
Inson miyasi moslashuvchan tuzilma. U tashqi sharoit va ragʻbatlantirishga koʻra ishlash prinsipini oʻzgartiradi. COVID-19 pandemiyasi davrida Angliyadagi maktab oʻquvchilari masofaviy taʼlimga oʻtganidan keyin diqqatni jamlash (konsentratsiya) qobiliyati salbiy tomonga oʻzgargani bunga yaxshi misol boʻla oladi. Britaniyalik olimlar tomonidan oʻqituvchilar orasida oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalariga koʻra, 70% mutaxassis pandemiyadan keyin bola xulq-atvorida salbiy oʻzgarishlarni kuzatgan. Xususan, maktab oʻquvchilari zerikish va asabiylikdan shikoyat qila boshlagan. Natijada oʻqituvchilar oʻquvchining darsga toʻliq “shoʻngʻishi” uchun moslashishiga toʻgʻri kelgan: sinfdagi har qanday mashgʻulot uchun 10 daqiqadan ortiq vaqt ajratilmagan. Mutaxassislar fikriga koʻra, ushbu holat karantin davrida bolalar gadjetlar bilan doimiy kontaktda boʻlganining oqibati boʻlishi ham mumkin.
Sunʼiy intellekt “fikrlash jarayoni”ning oʻrnini bosa oladigan insoniyat tarixidagi ilk texnologiya boʻldi. Avval Excel kabi yordamchi dasturlar hisob-kitoblarni soddalashtirishga (shunda ham inson omili muhim boʻlgan: natija olish uchun toʻgʻri formula kiritilishi kerak) yordam bergan boʻlsa, neyrotarmoqlar biror masalani bajarishda inson ongi qilishi kerak boʻlgan barcha vazifani oʻzi hal qiladi. Mana shu jarayon kognitiv qobiliyatning pasayishiga toʻgʻridan toʻgʻri tahdid sanaladi.
Albaniyalik oʻquvchilar orasida oʻtkazilgan tadqiqot natijalari ham bu fikrni tasdiqlaydi. Unga koʻra, neyrotarmoqlar mustaqil fikrlash qobiliyati rivojlanishiga toʻsqinlik qilishi mumkin: Tadqiqot uchun saralangan oʻquvchilar “yordamchi”ga toʻlaqonli tayanib, SIsiz kasbiy va intellektual murakkabliklarga dosh berolmagan. Bundan tashqari, ChatGPT va shunga oʻxshash dasturlar oʻquvchidagi bilim va yangi koʻnikmalar oʻzlashtirish qobiliyatini susaytiradi.
Microsoft texnologik korporatsiyasi va Karnegi Mellon universitetidagi amerikalik olimlar xavotirli tendensiyani aniqladi. Korporatsiyaning rasmiy saytida eʼlon qilingan tadqiqot natijalariga koʻra, generativ sunʼiy intellektdan faol tarzda foydalanish tanqidiy fikrlash va masalalarni mustaqil hal etish qobiliyatini zaiflashtirishi mumkin.
Xulosalar biznes, taʼlim va IT sohasida aqliy mehnat bilan shugʻullanuvchi 319 nafar ishchi xodim oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalariga asoslangan. Natijalarga koʻra, sunʼiy intellekt instrumentlaridan foydalanuvchi xodimlar koʻp hollarda (40% holatda) tanqidiy tahlil qilmay turib neyrotarmoq xulosasiga toʻliq tayangan.
Bu tendensiya ayniqsa, doimiy bajariladigan vazifalarni amalga oshirishda yaqqol sezilgan: foydalanuvchilar shaxsiy mulohaza oʻrniga SIga koʻr-koʻrona ishonishni maʼqul koʻrgan.
“Avtomatlashtirishdagi ajoyib istehzo (ironiya) shundaki, u bizni doimiy ishlarimizdan xalos etish bilan birga, shaxsiy intellektimizni chiniqtirish imkoniyatidan mahrum etmoqda” – deydi tadqiqot mualliflaridan biri.
Olimlarni koʻproq yosh avlod tashvishga solmoqda. Masalan, talabalar esse yozishda mustaqil tahlildan qochib SIdan faol foydalanmoqda. Shu tariqa, ular orasida neyrotarmoqqa qaramlik shakllanmoqda. Bu holat “Google effekti”ni eslatadi: bir muddat avval, hatto hozir ham foydalanuvchilar imkon boʻlishi bilanoq arzimas savollar bilan gugl qidiruv tizimiga murojaat qiladi.
Neyrotarmoqni shu kabi tahlillar asosida, qaysidir maʼnoda zamon tahlikasi deb bilgan tadqiqotchilar SIdan foydalanishda avtomatizatsiya va muammoni mustaqil hal qilish oʻrtasidagi muvozanatni saqlash, tanqidiy fikrlashni doimiy mashq qilish va taʼlim jarayonlariga diqqatli boʻlish zarurligini taʼkidlaydi.
Jarayon
Tarix
Falsafa
Vatandosh
Tarix
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Til
Tarix
//
Izoh yo‘q