Adiba barcha asarlarida “Ayolga e’tiborli bo‘ling! Ayolga mehr bering!” degan badiiy tezisni ilgari suradi – “Soyabon ostida”gi iztiroblar tahlili


Saqlash
09:23 / 14.10.2025 15 0

Nasr – og‘ir karvon. Uning yukini hamma ham ko‘tara olmaydi. E’tirof etish kerakki, o‘zbek prozasida nozik qalblarida XX asrdan yangi asrga zalvorli poetik yuk olib o‘tish saodatiga muyassar bo‘lgan Ma’suma Ahmedova, Jamila Ergasheva, Salomat Vafo, Shahodat Isaxonova, Zulfiya Qurolboy qizi, Risolat Haydarova, Muhabbat Yo‘ldosheva, Mehriniso Qurbonova, Dilbar Saidova, Hulkar To‘ymanova, Nigina Niyoz, Zulfira Misbax, Gulchehra Asronova, Nazokat Azim, Dilfuza Sobirova, Hamroxon Musurmonova, Zuhra Mamadaliyeva, Nigora Jaloliddin qizi kabi adibalar bor. Afsuski, bu avlod vakillarining barchasi ham birdek dovruq qozona olgan emas. Orada “o‘tish davri” bilan xastpo‘shtlanadigan o‘n-o‘n besh yillik katta tanaffus ularning ayrimlarini o‘z komiga tortib, yutib yubordi. Shukurki, bugungi kunga kelib o‘z so‘zi va uslubiga ega bo‘layotgan, tinimsiz izlanishlar olib borayotgan yangi avlod yuzaga qalqib chiqdi. Muyassar Tilovova, Gulnoza Mamarasulova, Nargiza Asadova, Go‘zaloy Matyoqubova, Bibi Robiya Saidova, Nodirabegim Ibrohimova, Tillanisa Nuryog‘di, Lobar Azizxo‘jayeva, Husniya Pardayeva, Odinaxon Abdurahmonova, Mohira Toshpo‘latova, Manzura Abdullayeva, Saida Ibodinova, Alloma Hakimova, Aliya Temuriyzoda, Rohilabonu Gʻuchchiyeva, Charos Avazova... Sanog‘ini davom ettirish mumkin bo‘lgan ushbu ijodkorlar orasida Raxshona Ahmedovaning alohida o‘rni bor. 

 

Rahshona Ahmedova bilan 2021-yil bahorida, ayni daraxtlar qiyg‘os gullagan damda Yozuvchilar uyushmasida tanishgan edim. Yaqinda nashr etilgan kitobini dastxat yozib berdi. Kitobning nomi “Soyabon ostida”. Muqovadagi suratda yomg‘irda soyabon tutib turgan bir nozik ayol tasvirlangan edi. Negadir xayolimda birdan gulga burkangan yapon olchasi – sakura jonlandi va Raxshona uning tagida turgandek edi... U koreys qizlariga ham o‘xshardi.

 

Kitob bilan tanishish davomida bildimki, Raxshona Ahmedova 2008-2009-yillarda Janubiy Koreyaning Pusan chet tillar universiteti xalqaro jurnalistika fakultetida tahsil olgan, 2020-yillarda esa Seulda yashagan ekan. Bu uning nafaqat tashqi ko‘rinishi, hikoyalariga ham singib ketgandek edi.

 

“Soyabon ostida” kitobi 13 hikoya va 2 qissadan iborat moʻjaz to‘plam. Unda 1987-yilda go‘zal Farg‘onada tug‘ilib, bir necha yil Janubiy Koreyada yashagan va koreys adabiyotini, madaniyatini chuqur o‘rgangan iste’dodli adibaning o‘ziga xos adabiy olami jamlangan. Kitobga so‘zboshi yozgan O‘zbekiston xalq yozuvchisi Temur Po‘latov “Uning yozganlarida teran badiiy topilmalar, ijodkorga xos uslub topishga intilayotgani, badiiy til va g‘oya mushtarakligi, qissa va hikoyalarning o‘ziga xos ironiya va nafosatga yo‘g‘rilgani kabi jihatlar unda yozuvchiga xos xislatlar bo‘y ko‘rsatayotganini anglatadi”, deya ta’kidlaydi.

 

To‘plamdagi ilk hikoyadanoq Raxshona Ahmedova jahon xalqlari turmush tarzi, adabiyoti, qadriyatlari bilan yaqindan tanishgan va o‘z anglamlarini xalqimizning betakror hayot tarzi, an’analari bilan qiyosiy o‘rganib, tegishli xulosalar chiqargan sinchi o‘laroq taassurot o‘yg‘otadi. “Meni kechir, Kumiko!” hikoyasi ikki dugona – yapon qizi Kumiko bilan o‘zbek talabasi Shona o‘rtasidagi munosabatlar asosiga qurilgan. Shona Kumikodan yapon tilini o‘rganish uchun uyiga boradi. O‘z navbatida Kumiko undan ingliz tilini o‘rganadi. Bu jarayonda ikki qizning, aniqrog‘i, ikki millat vakilasining turmush tarzi, dunyoqarashi namoyon bo‘ladi. Kumiko yolg‘iz farzand, ammo u ota-onasidan alohida yashaydi. Ermagi – kuchugi Kiyoshi. U yoqimtoy, lekin tinimsiz akillayveradigan kuchukchasini haftada bir marta “Go‘zallik saloni”ga olib borib, yuvib-tarab, yunglarini kaltalatadi. Boshiga tasma kiydirib qo‘yadi. Har kuni sayrga olib chiqadi. Haftada bir onasini eslamaydigan qizning kuchugiga ko‘rsatayotgan bunday mehr-muhabbati ba’zan Shonaning g‘ashini ham keltiradi:

 

“Shu bir jonivorga nega buncha mehr qo‘ymasang, undan ko‘ra, turmushga chiq, bolali bo‘l, ana ularga mehr bersang bo‘ladi”.

 

Kumiko yoshi ulg‘ayib borayotganiga ahamiyat bermas, bunday aslo kuyunmas, hali har tomonlama munosib insonni uchratish umididaligini yashirmasdi. Qolaversa, u “Bola ortiqcha yuk! Men kuchukdan xohlagan payt voz kechishim mumkin, lekin boladan kechib bo‘lmaydi”, deya Shonani hayratlantirardi. U ana shunday murakkab xarakter sohibasi edi. U Shonaning kunda-kunora onasi bilan telefonda suhbatlashib o‘tirishini ham qabul qilolmay “Nima haqida gaplashasan?” derdi. Bu ota-onasidan bo‘lak yashaydigan qizning o‘z haqiqatlari aks-sadosi edi. Uning maqsadi o‘qish, ermagi kuchukchasi. Bir kuni dugonasining ehtiyotsizligi sabab Kiyoshini mashina urib ketganida shunchalar kuyundiki, uni tog‘ etagiga ko‘mib qaytgach, kuchugi uchun ibodat qildi. So‘ng sake ichishni boshladi va kuchugi bilan bog‘liq xotiralarni eslab, tonggacha yig‘lab chiqdi...

 

Shona o‘qishni tugatadi va xayrlashish uchun Kumikoning uyiga borganida uni yana mast holatda uchratadi. Xayrlashadi, ammo Kumiko buni angladimi, yo‘qmi, bilmaydi. Keyinchalik unga xat yozadi. O‘qish davridagi yordamlari uchun rahmat aytadi va uni yaxshi ko‘rishini ta’kidlaydi. Ammo Kumikodan aks-sado bo‘lmaydi. Yana maktub yuboradi. Ana shunda javob keladi. U Shonani sog‘inganini, yolg‘izligi bilinayotgani, u ketgach, Kiyoshidan ayrilgach hayoti, qalbi huvillab qolganini yozadi. “Kiyoshini tushlarimda ko‘ryapman. U tushimga boshida gullardan chambarak taqib olgan holda kiradi. Itlar uchun ham jannat bo‘lsa agar, u o‘sha yerda yurgani aniq...” deydi. Adabiyotshunos Marhabo Qo‘chqorova ta’kidlaganidek, “Rivojlangan Yaponiyada odamlarning “yolg‘izlik” kasaliga mubtalo bo‘lgani yosh Kumiko obrazi va hayoti misolida yaxshi ochib berilgan”.

 

(Yaponlar it va mushukni yaxshi ko‘rishadi. Yaponiya nafaqat odamlar orasida, balki jonivorlar orasida ham eng ko‘p umr ko‘ruvchi davlat sifatida e’tirof etilgan. Bloomberg nashrining Tokio qishloq xo‘jaligi  va texnologiyalari universiteti hamda Yaponiya jonivorlar uyushmasi ekspertlariga tayanib yozishicha, Yaponiyada itlar – 13,2, mushuklar 11,9 yil umr ko‘rar ekan. 2010-yilda o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, jami 34 foiz yapon xonadonida uy hayvonlari bo‘lgan. Shunisi qiziqki, 2015-yilda Yaponiyada uy hayvonlarining soni bolalar sonidan oshib ketgan. Bu muallif Raxshona Ahmedova Janubiy Koreyada o‘qigan va yapon qizlari bilan tanish bo‘lgan davrga (2010) ham to‘g‘ri keladi.)

 

Raxshona Ahmedova hikoyalarida aniq va yodda qolarli portretlar yaratgan. “Meni kechir, Kumiko” hikoyasida qizni “Sochlari o‘g‘il bolalarnikidek kalta, ko‘zlari qisiq, go‘zallik borasida o‘rtamiyona qiz edi. Tishlarining biroz oldinga chiqib turishidan xijolat tortar, kulganida og‘zini to‘sishga urinarkan, har doim ham buning uddasidan chiqa olmasdi”, deya tasvirlaydi. “Ayi” hikoyasida farrosh ayolning tashqi qiyofasini “Qaddi biroz egik, egnida shalviragan, rangpar paxtalik, qora duxoba shimi uniqib ketgan, oyog‘idagi yaltiroq chiziqli, yo‘l-yo‘l oqish krossovkasining ham u yer, bu yeri titilgan, kiygulik siyog‘i qolmagandi hisob” tarzida ifodalaydi. Tasvirlar sohibining kasb-kori, hayot tarziga qarab o‘zgarib boradi. Masalan, “Yukioning tanlovi” hikoyasida o‘n beshinchi qavatning oyna bilan qoplangan ayvonida tebranma stolda xayol og‘ushida o‘tirgan ayolni “yuzlariga ajin tushgan, sochlarga oq oralagan. Yangi kelin bo‘lib tushganida o‘ttiz besh yoshda edi. Yurish-turishida yapon ayollariga xos nazokat bor edi. Tabassumida guldek noziklik, harakatlarida esa nafislik ufurib turar, istarasi issiqqina qiz edi. Hozir esa sochlarini ming kalta qilib kestirmasin, yoshlarga xos kalta-kulta kiyib yurmasin, baribir qarilik soya solmoqda...” deya tasvirlasa, metro bekatlari, universitetning gavjum ko‘chalarida mayda-chuyda sotib yuradigan “Noma’lum ayol”ni “Oldiga tutgan peshband kirlanib, jigarrang tus olgan, avvalgi rangi qanday bo‘lganini bilib bo‘lmasdi. Oyog‘ida oqish jun paypoq, qalin, xol-xol ko‘ylagining ustidan guli rangi bilan qorishiq, tugmali nimcha kiygandi. Sochlari siyrak, qorasidan oqi ko‘proq, boshining tepasiga o‘rama qilib yig‘ilgan, yuzi ajin bosgan bir qari ayol” sifatida namoyon etadi. Ammo ayolning soch turmagi tasvirida ifoda buzilgan. “Boshining tepasi” ifodasi o‘rniga tushmagan. Masalan “O‘rama qilib yig‘ilgan sochlari siyrak, qorasidan oqi ko‘proq, yuzi ajin bosgan bir qari ayol edi” desa ham bo‘lar edi.

 

“…Men turmushda ko‘rmagan, bilmagan narsa haqida hech narsa yozmayman”, deydi Abdulla Qodiriy. Shu boisdan “Ilhomsiz, ehtirossiz yozilgan asar changlanmagan gulga o‘xshaydi”, deyishadi. Raxshona qaysiki voqea-hodisani ko‘rib, guvoh bo‘lib, aql tarozusidan o‘tkazib, tuyg‘ular-la his qilib yozgan bo‘lsa, jonli chiqqan. Shunga qaramasdan muallifga koreys dugonasi aytib bergan voqea asosida yozilgan “Seni yaxshi ko‘raman, Mino!” hikoyasida yodda qolarlik portretlarni ko‘rmaymiz yoki o‘n olti yoshida “Men seni yaxshi ko‘raman, Mino!” deya baralla ayta olgan jasoratli qiz – Yunsoning keyingi hayotidagi yorqin sahifalarga guvoh bo‘lmaymiz. O‘z vaqtida nozik bir qizaloqning katta bir yurakni qo‘llarida ko‘tarib ketayotgan surati tushirilgan maktub olgan Mino ham sevgisini unuta olmagan va oilasida baxt hissini tuymayotgan kishi sifatida tasvirlanadi. Hikoya so‘ngida portlash sodir bo‘lmaydi. Biroq hikoyada tuyg‘ularning go‘zal ifodasi bor. Raxshona Ahmedovani tuyg‘ular, ayol qalbi kuychisi deyish mumkin. Marhabo Qo‘chqorova ta’kidlaganidek, “Adiba barcha asarlarida “Ayolga e’tiborli bo‘ling! Ayolga mehr bering! Ayolni seving!” degan badiiy tezisni ilgari suradi”. Uning har bir hikoyasida ayol qalbi, uning o‘y-xayollari, orzu-iztiroblari qorishiq keladi va mehr-muhabbat nuri bilan saodatga yo‘g‘rilib boradi. Ikkinchi shaxsga murojaat shaklida yozilgan “Soyabon ostida” hikoyasi buning yaqqol namunasidir. Unda uch farzandni tarbiyalayotgan va ro‘zg‘or tashvishlariga o‘ralashib qolgan ayol olami tasvirlanadi. Bir qarashda u har kuni bir xil ishlarni bajarayotgan oddiy uy bekasi, ammo tanganing orqa tomonida uning ham qalbi, orzu istaklari namoyon bo‘ladi. Garchi u bundan malollanmasa-da, mehr kutadi. Erining “Kun bo‘yi uydasan. Nima qilasan o‘zi?” deya jahllanishiga tish yorib, biror og‘iz javob bermaydi. Tilini tishlaydi. Uyda qolgan ayol o‘ylari kitobxonni larzaga soladi. “Bolalarning biri maktabga, boshqasi bog‘chaga ketsa, unisi hali kichkina... Axir, shunaqa, uy ichida kuymalanib vaqt o‘tkanini sezmaydi kishi. O‘rnimga qolib ko‘ring...”  demoqchi bo‘ladi, ammo tish yormaydi... Ichida eriga maza deb o‘ylaydi: “Har kuni ishga boradi, yangirib keladi”. Oddiy paypog‘ini topolmasa ham, bolalarining yerda yotgan o‘yinchog‘ini bosib ketib, sindirib qo‘ysa ham ayolni aybdor qiladigan erning ko‘ngliga qarash, “Xafa qilmoqchi emasdim, jahlim chiqib ketdi-da” deb ko‘nglini ko‘tarishni istash... Ammo bularing barchasi xayol. Ayolning umidli xayollari yana bir jerkish bilan yerparchin bo‘ladi. Yorug‘ kunlarni tush ko‘radi. Tushida qanaqadir chiroyli joylarda, quyoshdan pana, soyabon ostida dengiz bo‘ylab sayr qiladi.

 

Raxshona Ahmedova uyda o‘tirib qolgan ayolning orzulari, o‘y-xayollarini umumbashariy armonlar tizimida chuqur iztirob bilan qalamga oladi. Kitobxonni ayol qalbining eng nozik, sirli puchmoqlariga olib kiradi. Bu iztirob o‘quvchiga yuqadi. Uning yutug‘i ham shunda! Muallifning “Orzu va dengiz” hikoyasini eng yaxshi asarlaridan degim keladi. Undagi mavzu dolzarb, ifoda nihoyatda go‘zal. Tastubeklik Amangeldi ota obrazi orqali Orolbo‘yi xalqlarining asriy fojeasini ochib bera olgan. Amangeldi ota yetmishdan oshgan, qotmadan kelgan chuvakkina chol, buyuk bir sog‘inch bilan har kuni Orolni ko‘rgani boradi va unga bir idish suv qo‘yib keladi. “Senga suv olib keldim-da, Orolim... Bizdan xafa bo‘lganing yetar, bizni jazolaganing yetar, bo‘ldi endi qayt, arazingni yig‘ishtir. Sening dengiz bo‘lganingni ko‘rib, keyin ketaman, ungacha o‘lmayman!” deydi. U agar hamma Orolga suv quysa, dengiz avvalgi holiga qaytishiga ishonadi. “Qani endi, qani endi... o‘sha to‘lib toshgan paytingga qaytsayding. Qani endi moʻjiza ro‘y bersa-yu, Orol suvga to‘lib, bu sahrolar ustiga dengiz yoprilib kelsa, sahroqumda tiqilib qolgan kemalar yana to‘lqin ustida chayqalsa...” deya orzu qiladi. Chol umrining oxirigacha Orolga qaytishini kutib yashaydi. So‘nggi lahzalarda ham “Endi men bormayman, kampir, eshityapsanmi, endi o‘zi keladi...” deb ishonadi. Ammo Orol qaytmadi. Otasi janozasiga yetib kelolmagan o‘g‘il Orolga boradi va bor ovozda hayqiradi:

 

“Ey, Orol, yig‘lamaysanmi? Endi seni ko‘rgani keladigan mehriboning yo‘q! Senga har kuni suv olib keladigan Xizring yo‘q!”

 

Bu nafaqat o‘g‘ilning, balki butun millatning nidosi bo‘lib jaranglaydi. Muallif Amalgeldi ota obrazi bilan butun millat fojeasini ochib beradi va xalqlarni ogohlikka da’vat etadi. Chang-to‘zon kiraverganidan ko‘zlarining kosasi kichrayib, qush ko‘zi bo‘lib qolgan cholni halokatga yuz tutgan avlod timsoliga ko‘taradi. Tabiat bergan ne’matlarning qadriga yetmaslik qanday oqibatlarga olib kelishini, Orolni o‘rganishga kelgan mutaxassislar qumliklarga tiqilib qolgan kemalar oldida suratga tushib, cho‘kib borayotgan bandargohlarni tasvirga olib, sara baliqlarni yeb, sara ichimliklarni ichib ketishi, ammo samarasi sezilmasligini obrazli tarzda katta iztirob bilan qalamga oladi. Shu boisdan Raxshona Ahmedova hikoyalarida o‘qtin-o‘qtin namoyon bo‘ladigan tasvir o‘rniga kelgan sharh, hikoya o‘rnidagi bayonni mavzularning dolzarbligi, dard va iztirobning kattaligi, so‘zning latofati yopib ketadi. Marhabo Qo‘chqorova ta’kidlaganidek, “mukammallikka da’vo qilayotgan” ushbu hikoyalar – “mahorat bilan chalingan mashqlar” muallifning katta qalb sohibi ekanidan dalolat beradi. Hikoyalardagi original syujetlar adibaning o‘zbek adabiyotiga yuksak asarlar taqdim qilib, buyuk an’anani davom ettirishiga ishonch uyg‘otadi.

 

Ushbu bitiklar Raxshona Ahmedovaning hikoyalari haqidagi kichik kuzatuvlar, xolos. Uning “Sevgim mening, sevgilim mening”, “Haqiqat shamoli” kabi qissalari, “Tongotar” romani va qator tarjimalari ham borki, ular alohida mavzu...

 

Xoliyor SAFAROV,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

13:10 / 09.10.2025 0 552
Tarixiy muallimlarimiz zakosi bizni birlashtirishi kerak

Adabiyot

11:10 / 08.10.2025 0 139
Tafakkur karvonining sarboni





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//