Yil yoʻqotishlari – 2022-yilda vafot etgan taniqli oʻzbekistonliklar


Saqlash
16:18 / 26.12.2022 2268 0

 

Poyoniga yetayotgan 2022-yilda Oʻzbekiston siyosiy, fan, madaniy hayotidagi taniqli insonlardan ayrimlarini yoʻqotdik. “Oyina.uz” har yilgi anʼanasiga sodiq qolgan tarzda yil davomida vafot etgan mashhur sanʼatkor, siyosatchi, olim, davlat xizmatchilarini yodga oladi.

 

VIDEONI TOMOSHA QILISH

 

2022-yilning ilk kunlaridanoq, aniqrogʻi 2-yanvar kuni Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Rustam Obidov 72 yoshida vafot etdi. U “Fan va turmush” jurnalida uzoq va samarali mehnat qilgan. Jurnalist oʻtgan asrda Oʻzbekiston televideniyesi orqali namoyish etilgan “Olamga sayohat” koʻrsatuvi orqali tomoshabinlar eʼtiborini qozongan. 

 

 

Kimyo-texnologiya sohasidagi yirik olim, Fanlar akademiyasi akademigi Saydiahrol Toʻxtayev 3-yanvar kuni 79 yoshida vafot etdi. Marhum qariyb 60 yillik ilmiy pedagogik faoliyati davomida yurtimizda noorganik kimyo sohasining rivojiga, shu yoʻnalishda yuqori malakali kadrlar tayyorlashga munosib hissa qoʻshgan. Akademik vafotiga Prezident Shavkat Mirziyoyev ham taʼziya bildirdi.

 

 

Oʻzbekiston fan arbobi, akademik, professor Baxtiyor Nazarov 77 yoshida olamdan oʻtdi. U 1986−1994-yillarda “Oʻzbek tili va adabiyoti” jurnalining bosh muharriri, prezident maslahatchisi, oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimlarida ishlagandi.

 

 

Yanvar oyining oxirida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, professor, teatr rejissyori, pedagog Joʻra Mahmudov vafot etdi. U “Ona”, “Qiyomat qarz”, “Insonlikka nomzod”, “Ogʻriq tishlar”, “Soxta oqsuyak”, “Qayerdasan, jon bolam”, “Qirol Lir” va boshqa spektakllarni sahnalashtirgan. Bundan tashqari kichik tomoshabinlarga bagʻishlangan bir nechta ertak-pyesalar muallifi.

 

 

26-yanvarda oʻzbek adabiyoti, dramaturgiyasi ogʻir judolikka uchradi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, “Mehnat shuhrati”ordeni sohibi, taniqli dramaturg, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Sharof Boshbekov olamdan oʻtdi. U yozgan “Temir xotin” komediyasi kirib bormagan oʻzbek xonadoni boʻlmasa kerak. Mazkur asar asosida tasvirga olingan badiiy film ham xalqimizga manzur boʻlgan.

 

 

29-yanvar kuni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Umarali Normatov 91 yoshida vafot etdi.

 

 

Fevral oyida Oʻzbekiston xalq artisti Viloyat Oqilova vafot etdi. Viloyat Oqilova raqqosa sifatidagi faoliyati davomida “Zang”, “Larzon”, “Shodlik”, “Xorazm lazgisi”, “Pomir raqsi”, “Afgʻoncha”, “Dilrabo”, “Shodiyona” kabi koʻplab raqslarni mahorat bilan ijro etib, mutaxassislar va xalqimiz eʼtirofiga sazovor boʻlgan. U baletmeyster sifatida bir qancha raqslarni sahnalashtirib, oʻziga xos maktab yarata olgan sanʼat dargʻalaridan biri edi. 

 

 

Toshkent tibbiyot akademiyasining faxriy professori, akademik Turgʻunpoʻlat Daminov 81 yoshida vafot etdi. Daminovning oʻzbek tibbiyoti rivojidagi xizmatlari katta. U bolalarda uchraydigan gepatitning davomli va surunkali xillari shakllanishini klinik-patogenetik nuqtayi nazardan oʻrgandi. Bolalarda uchraydigan V virusli gepatitning davomli xilini samarali davolash usulini ishlab chiqdi va amaliyotga tatbiq etdi. Koʻpincha chaqaloqlar oʻlimiga sabab boʻladigan nafas yoʻllari kasalliklari belgilarini aniqlagan.

 

 

Atoqli arxeolog olim, tarixchi, Fanlar akademiyasi akademigi Edvard Rtveladze 80 yoshida vafot etdi. Marhum Oʻrta Osiyo, Kavkaz, Kipr, Yaponiya va Fransiyada olib borilgan 80 dan ortiq ilmiy arxeologik ekspeditsiyalar ishtirokchisi hisoblanadi. Koʻpgina arxeologik yodgorliklarni ochgan va tekshirgan. Edvard Rtveladze rahbarligida Tohariston ekspeditsiyasi tomonidan Kampirtepada olib borilgan qazishlar natijasida arxeologik amaliyotda birinchi marta Kushonlar davriga oid qadimiy shahar xarobasi toʻliq ochilgan. 

 

 

Sobiq murabbiyi Rustam Akromov 73 yoshida vafot etdi. U Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, mamlakat milliy terma jamoasini boshqargan ilk murabbiy, mamlakatimiz terma jamoasini Osiyo oʻyinlarida chempion qilgan futbol professori edi.

 

 

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Joʻraxon Poʻlatov 88 yoshida vafot etdi. Joʻraxon Poʻlatov xalqona, samimiy kulgiga boy har bir chiqishi orqali el mehrini qozongan, askiya sanʼatining dargʻalaridan biri edi.

 

 

Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi Ibrohim Fayzullayev 89 yoshida vafot etdi. Fayzullayev rahbarlik qilgan xoʻjalik respublikadagi ilgʻor va iqtisodiy baquvvat xoʻjaliklardan biri boʻlib, paxta, gʻalla, pilla yetishtirishda yuqori koʻrsatkichlarga erishgan. 

 

 

Mart oyida taniqli immunolog, asli samarqandlik Rahim Xaitov 78 yoshida Moskvada vafot etdi. U Rossiya Fanlar akademiyasi, Rossiya Tibbiyot fanlari akademiyasi akademigi, tibbiyot fanlari doktori, professor. Rossiya Immunologiya instituti direktori. Raxim Xaitov Rossiya allergologlar va klinik immunologlar uyushmasi prezidenti, JSST immunologiya boʻyicha eksperti edi. U OIVga qarshi rus vaksinasining ishlab chiquvchilaridan biri sifatida tanilgan.

 

 

15-mart kuni Oʻzbekiston xalq artisti Toʻti Yusupova vafot etdi. Aktrisa kinoda va teatrda samarali faoliyat yuritgan. Ayniqsa Said Ahmadning “Kelinlar qoʻzgʻoloni” komediyasidagi Sotti obrazi orqali oʻzbek tomoshabinlarining mehrini qozongan.

 

 

Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatri sanʼatkori, Oʻzbekiston xalq artisti Maryam Ixtiyorova 82 yoshida vafot etdi. U oʻzining uzoq yillik faoliyati davomida “Vodillik kelin”, “Bomba”, “Dev bilan pakana”, “Kelgindi kuyov” kabi koʻplab filmlarda va spektakllarda rol ijro etgan. 

 

 

Oʻzbekiston xalq artisti Lutfulla Saʼdullayev 10-aprel kuni 81 yoshda vafot etdi. U faoliyati davomida 200 ga yaqin spektakllarda bir-biridan esda qolarli rollar ijro etdi. Kino va videofilmlar, televizion miniatyuralar dasturida ijro etgan rollari esa 500 dan ortiqdir. 

 

 

Angren shahar hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Nuritdin Abduraximov 11-may kuni vafot etdi. U Angren  shahar  hokimi  lavozimiga qadar Prezident Administratsiyasining masʼul xodimi sifatida faoliyat yuritib kelgan.

 

 

Oʻzbekiston xalq baxshisi, Sherobod dostonchiligi maktabi vakili Abdunazar Poyonov 73 yoshda vafot etdi. Abdunazar baxshi  repertuaridan “Alpomish“, “Malika ayyor“, “Sherali“ va boshqa dostonlar, doʻmbira kuylari hamda Vatanga muhabbat, sadoqat, xalq hayoti mavzularida oʻzi ijod qilgan termalar oʻrin olgan. 

 

 

Oʻzbekiston qahramoni, “Nurli obod” fermer xoʻjaligi rahbari Lola Murotova vafot etdi. Lola Murotova 1958-yil Oltiariq tumanida tugʻilgan. Faoliyati davomida Fargʻona viloyatidan Oliy Majlis Senati aʼzosi etib tayinlangan.

 

 

May oyining soʻnggi kunlarida taniqli futbol sharhlovchisi, Oʻzbekiston sport jurnalistlari otaxoni Axbor Imomxoʻjayev 86 yoshida olamdan oʻtdi. U umrining 60 yildan oshiq qismini oʻzbek futbol rivoji va oʻzbek sporti jurnalistikasiga bagʻishlagan. Axbor Imomxoʻjayev oʻzbek futboliga oid qator kitoblar muallifi ham hisoblanadi.

 

 

Iyun oyida Sirdaryo viloyati Yangiyer shahri hokimi Ilyor Xoʻjayev kasallikdan soʻng vafot etdi. Ilyor Xoʻjayev 2016-yildan beri ushbu lavozimda faoliyat yuritib kelayotgan edi. 

 

 

Shu oyda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, MTRK raisining birinchi oʻrinbosari Farhod Mahmudov ham olamdan oʻtdi. U 1995-yildan buyon Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimida turli lavozimlarda faoliyat koʻrsatgan.

 

 

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Haqqul 28-iyun kuni 73 yoshida vafot etdi. Olimning “Oʻzbek adabiyotida ruboiy”, “Uvaysiy sheʼriyati”, “Badiiy soʻz shukuhi”, “Zanjirband sher qoshida”, “Sheʼriyat – ruhiy munosabat”, “Abadiyat farzandlari”, “Tasavvuf va sheʼriyat”, “Kamol et kasbkim...”, “Gʻazal sogʻinchi” kabi 20dan ortiq kitoblari nashr etilgan.

 

 

Avgustda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, taniqli shoira Farogʻat Kamol vafot etdi. Uning 1985-yilda dastlabki sheʼriy toʻplami – “Osmon parchasi” keyinroq “Uzoq safarlar”, “Bargizub”, “Holatlar kitobi” kabi sheʼriy toʻplamlari nashr qilingan.

 

 

Sentyabrda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, xonanda Ravshan Namozov vafot etdi. Xonanda oʻz faoliyatini 1989-yili tashkil etilgan “Qars” guruhida boshlagan. 1991-yildan buyon yakkaxon ijod qilgan xonanda 1993-yili Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist unvoni bilan taqdirlangan.

 

 

Oʻzbekiston xalq shoiri, taniqli tarjimon Jamol Kamol 84 yoshida vafot etdi. U tarjimon sifatida Uilyam Shekspirning “Hamlet”, “Otello”, “Antoniy va Kleopatra”, “Qish ertagi”, “Venetsiya savdogari”, “Qirol Genrix IV”, “Makbet” kabi oʻndan ortiq dramalarini bevosita ingliz tilidan oʻzbek tiliga tarjima qildi. Jamol Kamol sheʼrlari rus, ingliz, fransuz, polyak, ukrain, turk, ozarbayjon, tojik va boshqa koʻplab tillarga tarjima qilingan.

 

 

Afsonaviy oʻzbek rok-pop qoʻshiqchisi Davron Gʻoipov 61 yoshida vafot etdi. 17 yoshidan gitarada qoʻshiq ijro etishni boshlagan. 1980-yilgacha “Yalla” guruhida gitarist sifatida ijod qilgan. 1981-yilda “Original” guruhiga asos solgan va tez orada mashhurlikka erishgan. U “Kerak emas shahlo koʻzlaring”, “Qaydasan”, “Bu nima bu?”, “Shoshmagin”, “Otkritoye okno” singari yuzlab hit qoʻshiqlar yaratgan.

 

 

14-noyabr kuni sobiq “Ummon” guruhining xonandasi Jasur Rafiqov vafot etdi. U bir necha yillardan buyon saraton kasalligi bilan kurashib kelgan. “Ummon” guruhi 2007-yilda Zohid Rixsiyev, Jasur Rafiqov va Shohruh Isamuhammedov tomonidan tashkil etilgan va yoshlar orasida juda katta mashhurlikka erishgan. 2019-yilda guruh parchalanib ketgan edi.

 

 

15-noyabr kuni Oʻzbekiston rassomlar uyushmasi aʼzosi, musavvir Shavkat Muzaffar (Shavkat Turopov) 54 yoshida vafot etdi. Shavkat Muzaffarning bir qancha rangtasvir, grafika, karikatura va shuningdek xattotlik asarlari AQSH, Germaniya, Chexiya, BAA, Fransiya, Janubiy Koreya, Malayziya, Saudiya Arabistoni kabi qator mamlakatlarning shaxsiy kolleksiyalarida, shu jumladan, AQSH Kongressi kutubxonasining Markaziy Osiyo fondida saqlanadi.

 

 

Dekabr oyida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, akademik Abdumavlon Abdullayev 92 yoshida vafot etdi. Shavkat Mirziyoyev uning yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Abdumavlon Abdullayev gʻoʻza genetikasining fundamental asoslarini rivojlantirishga hissa qoʻshgan edi.

 

 

18-dekabrda isteʼdodli oʻzbek adibi Sobir Oʻnar 58 yoshida vafot etdi. Adibning ilk hikoyasi — “Kunsuluvning xatlari”. Shundan soʻng yozuvchining “Orzuga toʻla qishloq”, “Ovloq adirlar bagʻrida”, “Chashma” hikoyalar toʻplamlari nashr etilgan. “Chambilbelning oydalasi” asari muallifi. 

 

 

Oʻxshash maqolalar: 2021-yil yoʻqotishlari

 

Inobat AHATOVA,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 126
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22034
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//