Stalinchilik siyosatining “tirik shohidi” – vino zavodiga aylantirilgan masjid


Saqlash
12:42 / 27.11.2025 487 0

Namangan shahridagi qadimiy me’moriy yodgorliklar orasida Atoulloxon to‘ra masjidi alohida o‘rin tutadi. Xalq orasida “Ota Valixon to‘ra” nomi bilan ham ataladigan ushbu inshoot Sumalak guzar mahallasi markazida, Uychi ko‘chasida joylashgan bo‘lib, o‘zining nafis me’moriy qiyofasi va boy tarixi bilan ajralib turadi. 


Masjid XVIII asr oxiri – XIX asrning birinchi yarmida yashagan, zullisonayn shoir va naqshbandiya tariqatining taniqli xalifalaridan biri Majzub Namangoniy qurdirgan ilk masjid o‘rnida barpo etilgan. Majzub avvalo Degrezlik dahasida masjid va madrasa qurdirgan bo‘lib, ular xalifa Muhammad Aziz madrasasi nomi bilan XX asr boshlarigacha faoliyat ko‘rsatgan. 1914-yili sodir bo‘lgan zilzila va tasodifiy yong‘in natijasida mazkur binolar vayron bo‘lgach, ulamolar ularni qaytadan tiklash tashabbusi bilan chiqqanlar. Bu ishga homiylikni Majzubning nabirasi Imom Atoulloxon to‘ra o‘z zimmasiga olgan.


Qurilish ishlari uchun vodiyning mashhur ustalari jalb qilingan, ammo bunday ulkan gumbazli inshootni qurish oson bo‘lmagani bois ko‘pchilik bu mas’uliyatni zimmasiga olishga botina olmagan. Nihoyat, usta Mulla Qirg‘iz  vazifani qabul qilib, 1915-yil bahorida qurilishni boshlagan. U bilan birga uning shogirdlari usta Fozil Namangoniy, Soqov hoji va boshqalar ham mehnat qilganlar. Mulla Qirg‘iz poydevorni mustahkam shibbalash usulida qurgan va har bir qatlamni aniq hisob-kitob bilan mustahkamlagan. Masjidning umumiy o‘lchami 27×19,6 metr bo‘lib, tarhi to‘g‘ri burchakli va simmetrik tuzilishda barpo etilgan.

 

Ilgarigi yog‘ochdan qurilgan Aziz Xalil eshon masjidi va Shoh So‘fi masjidi zilzila natijasida vayron bo‘lganidan so‘ng, ana shu joyda yangi masjid barpo etilgan.


Qurilish 1917-yili yakunlangan. Yoshi ulug‘ otaxonlarning ma’lumotlariga ko‘ra, masjid yer uchastkasi 100×80 metr maydonni tashkil etgan. Uning janubiy-sharqiy qismida asosiy bino, shimoliy-sharqiy qismida esa “P” harfi shaklida hujralar joylashgan, markazda katta hovuz bo‘lgan.

 

 

Masjidning shimoli-sharqiy peshtoqining 1983-yildagi ko‘rinishi.

 

Atoulloxon to‘ra masjidi o‘z me’moriy yechimlari bilan Farg‘ona vodiysi, shuningdek, butun Markaziy Osiyo miqyosida ham noyob namunalardan hisoblanadi. Uning gumbazi kattaligi jihatidan XVI asrdan keyin qurilgan binolar ichida yagona bo‘lib, diametri jihatidan Xoja Ahmad Yassaviy, Sulton Sanjar, Bibixonim va Go‘ri Amir maqbaralari gumbazlaridan kattadir. Gumbaz aylanasi bo‘ylab kufiy xatda “kalimat tayyiba” bitilgan bo‘lib, bu ustaning benazir san’atkorligini namoyon etadi.

 

 

Masjidning 1938-yildagi ichki ko‘rinishi.

 

Masjidning ichki qismidagi ustunlar g‘ishtdan terilgan, ular turli rangdagi sirli qoplamalar bilan bezatilgan. Har bir ustunning yuqori qismida kufiy xati bilan “Alloh” va uning sifati yozilgan. Ikkinchi qavatga chiqish uchun eshikning ikki yonida 10 metrga yaqin balandlikdagi burama zinapoyalar qurilgan. Bu me’moriy yechimlar Namangan ustalari mahoratining yorqin isbotidir.

 

 

Masjidning g‘arb tomondan ko‘rinishi. 1938-yil.


Masjid qurilishi Atoulloxon to‘ra va usta Mulla Qirg‘iz o‘rtasidagi kelishmovchilik sababli 1918-yildan 1922-yilgacha to‘xtab qolgan. Keyin hashar yo‘li bilan ishlar yakunlanib, binoga hayot kirgan. Masjid ochilishida o‘sha yerda aholining ehson sifatida to‘qib kelgan gilamlari bilan to‘shalgan kutubxona va qorixona tashkil etilgan. Bu muassasalarda Qur’on ilmining bilimdonlari Ismoil Mahdum Sottiyev, Muhammadxon qori Xoji Ubaydulloh o‘g‘li va boshqalar ta’lim bergan. Ulardan Farg‘ona vodiysi va hatto Xitoydan kelgan talabalar ham ta’lim olgan.

 


 Masjid ichidagi mehrobining 1948-yildagi ko‘rinishi.

 

Biroq 1920-yillar oxiriga kelib, sovet hokimiyatining dinga qarshi siyosati Atoulloxon to‘ra masjidi faoliyatini butunlay cheklab qo‘ydi. Masjid 1929-yili yopilib, avval omborxona, 1933-yili masjid xotin-qizlar klubiga aylantirilgan, hujralar buzib tashlangan.

 
1935-yili esa Xotin-qizlar klubi o‘sha paytdagi Oxunboboyev nomli kolxozning oshxonasiga ko‘chirilgan hamda Namangan shahar ijroiya komitetining masjid binolarini “vino zavodi tashkil qilish uchun” ajratish haqidagi qaroriga ko‘ra, bu masjid vino zavodiga aylantirilgan va 1980-yillar oxirigacha vino ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Bu holat stalinchilik siyosatining diniy va madaniy merosga nisbatan shafqatsiz munosabatini, moddiy yodgorliklarni ham mafkuraviy qurbonga aylantirish jarayonini yaqqol namoyon etadi. 


1986–1987-yillari yodgorlik Davlat inspeksiyasi tomonidan ta’mirlanib, ikki yil davomida viloyat rassomlari ko‘rgazmasi sifatida foydalanilgan. 1989-yili esa masjid yana diniy idora ixtiyoriga qaytarilgan.

 

 

Masjidning sharqiy devor qismi. 1983-yilgi ko‘rinishi.


Atoulloxon to‘ra masjidi bugungi kunda Namangan shahri markazida saqlanib qolgan eng muhim me’moriy yodgorliklardan biri bo‘lib, u me’moriy go‘zallik namunasi, shuningdek, qatag‘on siyosatining “tirik shohidi”, ma’naviy muqaddas makonning davlat mafkurasi yo‘lida qanday tahqirlanganini yodga soluvchi tarixiy dalildir. Shuning uchun uni muhofaza etish, ilmiy o‘rganish, yoshlar va sayyohlar uchun mazkur inshootni ilmiy-ma’rifiy markaz sifatida faol ishlatish, uni zamonaviy talablar asosida targ‘ib qilish dolzarb vazifadir.

 

Foydalanilgan manbalar:


1.  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi joriy arxivi.

2.  Baxtiyor Ro‘zinov va boshqalar. Namangan viloyati madaniy merosi. – Namangan. 2013. – 60–63-betlar.

3.  O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi idoraviy arxivi. 5215/Yu 91-jamg‘arma. 1983.

 

 

  Mashhuraxon DARMONOVA, 
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Mafkura

14:02 / 13.02.2026 0 192
O‘zbek xalqining milliy g‘oyasi

Ta’lim-tarbiya

12:02 / 12.02.2026 0 157
Olmoncha halollik





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//