1991-yil Termiz shahrida tugʻilgan Farzona Abdullayeva boshlangʻich va oʻrta taʼlimini oʻz yurtida olgach, bakalavriatni poytaxtdagi Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiyasi institutining Xalqaro huquq sohasida davom ettiradi. 2015-yilda Janubiy Koreyaning Hanyang universitetida magistratura bosqichi uchun KGSP grantini, 2021-yilda esa ikkinchi marta magistratura bosqichini oʻqish uchun QS reytinggida huquq sohasi boʻyicha top 100 talikka kiruvchi London shahridagi Queen Mary universitetida Chevening grantini qoʻlga kiritadi. Hozirda u Angliyaning nufuzli Southampton universitetida Intellektual mulk huquqi boʻyicha faoliyat olib bormoqda.
Quyida Farzona bosib oʻtgan yoʻl, qiyinchilik va muvaffaqiyatlar haqida uning tilidan hikoya qilinadi.
Maoshdan-maoshgacha yashash nima ekanini koʻrib ulgʻayganman
Kimdir imkoniyatlar bilan dunyoga keladi, yana kimdir ularni yaratish uchun tinimsiz mehnat qiladi. Maoshdan-maoshgacha yashash nima ekanini koʻrib ulgʻayganman. Bolalikni eslasam, “ishlasang – tishlaysan” degan maqol, oʻzim toʻliq anglab yetmagan holatda men va aka-opalarimga shior boʻlgan ekan. Barchamiz biror nimaga erishish uchun qattiq mehnat qilishimiz va ilm olishimiz kerak edi. Hayotning barcha bosqichi bir saboq beradi, deb hisoblayman. Shuningdek, bolalik va u davrdagi qiyinchiliklar meni intiluvchan va kurashuvchan boʻlishimga sababchi boʻlgan. Kelajakdagi “ulkan” rejalar esa ayni shu davrlardan boshlangan. Inson astoydil mehnat qilsa, uddalay olishini ilk bor ichimdan his qilganim – Janubiy Koreyaning nufuzli KGSP grantini yutganimda boʻlgan.
Toshkentda oʻqishga ota-onamni koʻndirish, Chevening yutishdan ham qiyinroq boʻlgan
Toshkentda oʻqish uchun ota-onamni rozi qilish, Chevening yutishdan ham qiyinroq boʻlgan. U paytlarda hali koʻpchilik Toshkentga oʻqishga bormas, ayniqsa qizlarning taʼlimiga boʻlgan qarash hozirgidek ijobiy emasdi. Termizdan Toshkentga ketish… Kichik bir shaharda ulgʻaygan qiz uchun bu ochigʻi, Toshkentdan London yoki Koreyaga oʻqishga borishdan ham kattaroq burilish edi. Bakalavriatni shartnoma asosida oʻqiganman va kontrakt pulini toʻlash va Toshkentda yashash xarajatlari ancha summaga borib qolardi. Tabiiyki, faqat maoshga yashaydigan oila uchun bu kichik summa emasdi. Agar Oʻzbekistonda magistraturaga topshirsam, shartnoma asosida qabul qilinish ehtimolim deyarli 90% edi, chunki grant uchun ajratiladigan oʻrinlar soni 1-2 tadan oshmasdi. Shu sababli, Oʻzbekistonda “grant”ga kirishdan chet elga oʻqishga ketish manfaatliroq tuyulgan. Bu esa xorijiy grantlar haqida oʻrganib, topshirishimga turtki boʻlgan. Koʻpincha, ayol-qizlar qanchalik iqtidorli boʻlmasin, ularning bakalavrdan keyingi taʼlimiga deyarli investitsiya kiritilmaydi. Aslida, ayollardan ham juda koʻp kuchli tadqiqotchi, olimlar, professorlar yetishib chiqadi. Shunchaki ularga ham imkon berilishi, sharoit yaratilishi zarur.
Bu borada Oʻzbekistonda joriy etilgan tartib – ayol-qizlar uchun magistratura taʼlimining bepul boʻlgani juda quvonarli. Sababi, bu millatning ertasiga, ilmga qilingan investitsiya hisoblanadi.
KGSP va Chevening stipendiyasi uchun alohida tayyorgarlik qilmaganman
KGSP va Chevening kabi nufuzli grantlarni yutish, zarur hujjatlar va tayyorgarlik jarayoni haqida koʻp soʻrashadi. Men ularni yutish uchun alohida tayyorgarlik koʻrmaganman. Ikki grantning ham oʻziga xos talablari bor. Oʻylashimcha, menda tayyorgarlik jarayoni oʻqish va ish davomida tabiiy ravishda kechgan.
Agar ingliz tilini yetarlicha bilsangiz, sohangizdagi muammolarni aniqlab, ularni oʻrganish va yechimlar topishga ishtiyoqingiz boʻlsa, Siz uchun ham koʻp imkoniyat eshiklari ochiladi, deb oʻylayman. Masalan, KGSP grantiga oʻqishni endigina bitirganlar topshira oladi, ular asosan isteʼdodli va intiluvchan yoshlarni qidiradi. Chevening esa yutish ancha qiyinroq, qabul koʻrsatdiki 5-10 % tashkil qiluvchi grant hisoblanadi. Uni yutish uchun ish tajribasi juda muhim, ayniqsa bu grant nafaqat iqtidorli, balki jamiyat uchun foydali boʻlgan yosh mutaxassislarga imkon beradi. Cheveningʻni yutishimda asosiy omillardan biri – intellektual mulk huquqi boʻyicha Janubiy Koreyaning Seul shahridagi 4-yillik ish tajribam, boʻlsa kerak.
Xorijdagi taʼlim menga bergan eng katta saboq – faqat oʻzimdan kutishni oʻrgandim
Oldinlari talabalarga taʼlim muassasasi bilim berishi kerak, oʻquvchini “haqiqiy mutaxassis” boʻlib chiqishi ularga bogʻliq, deb oʻylaganman. Xorijdagi taʼlim menga bergan eng katta saboq – hammasini tashqaridan kutish emas, barchasi oʻz-oʻzimga bogʻliqligini tushunib yetganim boʻldi. Oʻzbekistonda talaba va uning natijalari uchun tizim, oʻqituvchi yoki professorlar “qaygʻurishi” kerak. Talabalarning taʼlim koʻrsatgichi yomon boʻlsa, oʻqituvchilarni ayblash odatiy holatga aylanib qolgan. Yoki koʻpincha vaqt va eʼtibor talabalar nazoratiga sarf qilinadi. Xorijdagi tizim butunlay boshqacha, talaba oʻzi uchun faqat oʻzi javobgar. Darslarga qatnashish oʻzining ixtiyori, imtihondan yiqilsa, yana oʻqiydi. Yaʼni bu yerda hamma shaxs sifatida oʻzi uchun oʻzi masʼul. Immigratsiya va chet elda yashash yoki ishlash maqsadida boʻlgan yurtdoshlarimizga oʻqishga borishni birinchi darajali yoʻl deb aytgan boʻlardim. Va, albatta, chet elda yashash – taʼlim kontrakt toʻlovi, uy-joy, yeb-ichish kabilar qimmatligi uchun iloji boricha stipendiya bilan kelgan maʼqul. Agar universitet grant taqdim etmasa yoki oʻsha davlatlardan stipendiya yutish iloji boʻlmasa, “El-yurt umidi” fondi bu borada yaxshi yordam beradi. Chunki taʼlim uchun kelganlarning bor diqqati oʻqishga qaratilishi kerak, pul topishga emas. Yuqoridagi fond shu imkoniyatni taqdim etadi.
Qanday qilib boshqa nomzodlardan ozgina boʻlsa-da ajralib turishim mumkin?
Xorijda ish topish – Oʻzbekistondagidan bir necha barobar murakkab, ayniqsa, ilmiy daraja bilan ishlashni istasangiz. Janubiy Koreyaning Hanyang universitetida magistraturani bitirgach, Intellektual mulk sohasida Seuldagi eng rivojlanib borayotgan yuridik firmaga hujjatlarimni yuborganman. Bir necha urinishda ham javob kelmagan. Lekin bu kichik muvaffaqiyatsizlik meni umidsizlantirmadi, aksincha, kelasi safar ariza yuborish bilangina cheklanmay, kompaniya faoliyatini kuzatib, ular tomonidan tashkil etilgan seminarga bordim. Seminardagi savol-javoblarda qatnashib, suhbat qilarkanman, firmaga havas bilan qarashimni, ularga bir necha marta amaliyot uchun hujjat ham topshirganimni aytib oʻtdim. Bunga javoban boʻlim boshligʻi: “Rostdanmi?! Unda yana ochilganida qayta topshir”, dedi.
Keyingi amaliyot uchun qabul ochilgan kunidayoq hujjatlarimni topshirib, uydagilarni koʻrgani Oʻzbekistonga ketdim. Toshkentdan Termizga ketayotgan vaqtim intervyuga taklif xatini (e-mail) oldim va oʻzimda yoʻq xursand edim. Ularga javoban Oʻzbekistonda ekanimni aytsam, intervyuni onlayn oʻtkazishimiz ham mumkinligini taʼkidlandi.
Shundan keyin ishga qabul qilinganim, sentyabr oyidan amaliyotni boshlashim mumkinligini eshitgach xulosa qildim: ishga kirishda hech qachon osonlikcha taslim boʻlmaslik, agar oʻziga ishonchi yuqori boʻlsa, ariza topshirish bilangina cheklanmay, “nima qilsam, boshqa nomzodlardan ozgina boʻlsa-da ajralib turaman?” degan savol berib koʻrish muhimligini tushundim.
Amaliyotdan keyin shu firmada ish boshlab, toʻrt yil faoliyat yuritdim. Keyin Chevening stipendiyasi orqali Londonga kelib, yana uch yil ular bilan masofaviy faoliyatimni davom ettirdim.
100 dan ortiq ish oʼrniga ariza va ikkitagina intervyuga taklif
Koreyadagi barcha ish joylarida koreys tilini bilish talab etilib, ingliz tili qoʻshimcha ustunlik bersa, Angliyada ingliz tili birinchi til boʻlgani uchun unda xuddi ona tilidek gapirish, fikrlash va javob berish kerak boʻladi. Oʻqishda ham, ishda ham. Shu sababli fikringizni ravon ifodalolmasangiz, siz allaqachon orqadasiz.
Angliyadagi ish bozori Koreyadan ancha raqobatbardosh: bir ish oʻrniga 100 dan ortiq nomzod toʻgʻri keladi.
Shaxsiy tajribam misolida aytadigan boʻlsam, taxminan 200-300 dan ortiq ishlarga ariza topshirganman, ularning sanoqlilarigina intervyu bosqichiga taklif qilgan. Yuqorida aytganimdek, boshqalardan ajralib turadigan xususiyat haqida juda uzoq oʻylaganman. Keyin intervyudan oʻtolmagan ishlarimdan fikr-mulohaza berishlarini, qayerda qanday xato qilganimni aytib oʻtishlarini soʻraganman.
Bu orqali nomzod kerakli savol berib, rekruterdan koʻp maʼlumot olgach, oʻsha kompaniyaning navbatdagi vakansiyasi uchun kuchliroq nomzod sifatida tayyorlanishi mumkin boʻladi.
Xulosa shu-ki, nomzod qanday qilib boʻlmasin, boshqa mutaxassislarda yoʻq koʻnikma, qirraga egaligini koʻrsata olishi, shuningdek, “Kompaniya nima uchun aynan meni ishga olishi kerak?” degan savolni avval oʻziga berib koʻrishi kerak. Oʻshandagina mutaxassis oʻz oʻrnini topadi.
Oʻzbekiston haqidagi ilk tasavvurni Siz berishingiz mumkin
Xorijdagi aksariyat oʻzbekistonliklar faqat oʻz hamyurtlari bilan doʻst boʻladi. Aslida esa chet elga chiqqach, barcha imkoniyatlardan maksimum darajada foydalan kerak. Masalan, chet elliklar bilan doʻstlashish, ularning madaniyatini chuqurroq anglab yetishga harakat qilish va, albatta, ularni Oʻzbekiston madaniyati bilan yaqinroq tanishtirish lozim.
Oʻzbekiston haqida hech narsa bilmaydigan xorijliklar qarshisida boʻlish shunday ulkan masʼuliyat-ki, Vataningiz haqida qanday taassurot qoldirish aynan Sizga bogʻliq boʻladi. Chunki bu ular uchun Oʻzbekiston va oʻzbekistonliklar haqidagi ilk tasavvur Siz orqali shakllanadi.
Yurtdoshlarimiz chet elda qiladigan eng katta xato…
Oʻylashimcha, musofirlikda inson doimgidan koʻra yaqinlariga, oilasiga muhtojlik sezadi. Bunga koʻproq insondagi emotsional holat, yangi muhitga moslashish, moliyaviy qiyinchilik, bosim kabilar sabab boʻladi. Shunday vaqtlarda inson hech ikkilanmasdan oilasiga oʻz hayotida kechayotgan qiyinchiliklarni ayta olishi, kerak boʻlsa moliyaviy, maʼnaviy va ruhiy yordam olishi shart. Ammo men kuzatganim juda koʻp hamyurtlarimiz bu borada oilasidan oʻz holatini yashirib yo yetarlicha yordam olmay katta xatoga yoʻl qoʻyadi.
Afsuski, koʻplab oʻzbek oilalarida farzandini chetga taʼlim olishga yuboradi-yu, chetdagi vaziyatni bilmay turib farzandidan moliyaviy taʼminot kutadi. Chet elda yashash bu oʻzimdagidek emas. Narxlar, sugʻurta, ijara toʻlovi, oziq-ovqat… Umuman, farzandingizdan pul kutmang, ishora ham qilmang, degim keladi. 10 yildan ortiq muddatdan buyon chet elda taʼlim olib, yashab kelayotgan inson sifatida aytaman, avvalo, talabaning chet elda “oʻzini eplab yurgani” tahsinga loyiq. Boshqa davlatdan kelgan doʻstlarimda bu kabi oiladan keladigan bosim yoki masʼuliyatni hech qachon kuzatmaganman. Ishlab topgan pullarini ham oʻz ehtiyotlari uchun oʻylanmay sarf qilishardi, imtihonlar boshlansa bemalol ishdan taʼtil olar yoki ishlamasdi. Shu tariqa, asosiy eʼtiborni sifatli taʼlim olishga, yaxshi mutaxassis boʻlishga qaratardi.
Oʻqishni bitirgach, ular 5 yil ichida turli kompaniyalarda menejer boʻlib ishladi, topadigan daromadlari ham shunga yarasha ancha yuqori edi. Lekin “uyiga pul yuborish dardida” kunni kun, tunni tun demay mehnat qilgan oʻzbeklar keyinchalik yaxshi kompaniyalardan ish topishi, yaxshi karyera qurishi ancha qiyin.
Umrimning yarmi musofirlikda oʻtdi
Ona vatan sogʻinchi – har bir musofir qalbining tubida yashasa kerak. Tilim oʻzbek tilida chiqqan, ilk qadamimiz vatan tuprogʻi ustiga bosilgan, ilk doʻstlik rishtalari shu zaminda qurilgan ekan, bu sogʻinch shubhasiz, umrbod qalblarda yashaydi. Yaxshiyamki, internet bor deb qoʻyaman gohida, sogʻinganda hech yoʻq ekran orqali yaqinlarim diyorini koʻrish, ularning ovozini eshitish, suhbatidan bahra olish imkoniyati bor.
Umrimning yarmi musofirlikda oʻtganini uchunmi, 34 yoshga kirgach, uy – tinchlik va xotirjamlik his qiladigan manzil boʻlib qolgan. Oila sogʻinchi esa menimcha, hech qachon tark etmaydi.
Mashhura Rahmonova suhbatlashdi,
Oyina.uz
Jarayon
Tarix
Falsafa
Vatandosh
Tarix
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Vatandosh
Til
//
Izoh yo‘q