“Barcha sharaf va unvonlarga la’natlar bo‘lsin!” – Yodgora Nasriddinova qismati


Saqlash
14:51 / 30.11.2025 1279 0

1924-yil tashkil topgan O‘zbekiston SSRda ayrim vazirliklarni ayollar boshqargan bo‘lsa-da, biroq davlat, partiya va hukumat rahbarligiga lozim ko‘rilmagani tarixdan ma’lum. Ammo O‘zbekiston SSR Oliy Sovet Prezidiumi raisi lavozimini 1959-yil 24-martdan 1970-yil 25-sentyabrgacha Yodgora Sodiqovna Nasriddinova egallaganini nafaqat yosh avlod, balki yoshi ulug‘lar ham bilmasa kerak. 


Yodgora (rasmiy hujjatda Yadgar) Sodiqovna Nasriddinova 1920-yil  26-dekabrda Qo‘qonda yukchi oilasida tug‘ilgan. To‘g‘rirog‘i, otasi vafotidan uch oy o‘tib tug‘ilgani bois, unga Yodgora ismi qo‘yiladi. U tug‘ilganida onasi 15 yoshda edi. Beva qolgan ayol ota uyiga qaytadi va ko‘p o‘tmay majburan boshqa yigitga turmushga beriladi.

 
“O‘gay otamga men kerak emas edim. U bekorchi va giyohvand edi. 6 yoshga to‘lganimda u qo‘limdan ushladi-da, katta yo‘l chetiga tashlab ketdi. Odamlar kelib meni olib ketishdi. 11 yoshgacha qo‘lma-qo‘l bo‘ldim. Bir gal u oilada, boshqa gal bu oilada yashadim. 1931-yilda O‘zbekistondagi birinchi Bolalar uyida qo‘nim topdim va ayni shu yerda men birinchi marta yangi ko‘ylak kiydim, o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldim”, deya yozadi Y.Nasriddinova. 


Voyaga yetgach Toshkent Temiryo‘l transporti institutida o‘qidi. Uning mehnat daftarchasi yildan yil yangi tayinlovlar bilan to‘lib bordi: oddiy ishchi, o‘nboshi, texnik… Kattaqo‘rg‘on suv ombori qurilishida 18 yoshli qiz prorab sifatida ishladi. Bir yil o‘tib Toshkent – Angrenko‘mir (u vaqtda Stalinko‘mir) temir yo‘lida uchastka boshlig‘i bo‘ldi. 


 

1939-yilda respublika rahbariyati umumittifoq fizkultparadida O‘zbekiston nomidan Yodgora ishtirok etishiga ishonch bildirdi. O‘shanda Katta Kreml saroyida bo‘lib o‘tgan qabul marosimida delegatlarni shaxsan Stalin tabrikladi. Fizkulturachilar bilan qo‘l berib ko‘rishar ekan “xalqlar dohiysi” o‘zbek qizi oldiga keldi-da, uning sochlarini silab: “Qizcha, sen qayerdansan?” – dedi. “O‘zbekistondan, fizkultura bilan shug‘ullanaman, ishlab, o‘qiyman”, dedi qiz. Shuning o‘zi yetarli bo‘ldi. Toshkentda o‘sha kunning o‘zida Yodgora yangi Sharq ayolining ramziga aylandi. “Yodgora bo‘laylik!” – shiori o‘zbek qizlarining tilidan tushmaydigan bo‘ldi. 

 



Bir kuni uni O‘zbekiston rahbari Usmon Yusupov huzuriga chaqiradi (hozirgi Fanlar akademiyasi joylashgan bino u vaqtlarda KP MK binosi edi). Salomlashib bo‘lgach: “Biz seni respublika komsomoli kotibi lavozimiga tasdiqladik”, dedi. “Sen yetimsan, bolalar uyida tarbiyalangansan, hayotni tushunasan”, dedi Usmon Yusupov. Shu tariqa, Yodgora 1942-yildan O‘zbekiston komsomoli Markaziy Qo‘mitasida maktablar bo‘yicha kotib lavozimida ish boshladi. 


Shu o‘rinda tarixiy haqiqatni aytib o‘tish kerak: aynan Yodgora Nasriddinova urush tufayli Toshkentga olib kelingan 200 ming bolaning taqdiriga mas’ul edi. Ularni yedirib-ichirish, turar-joy bilan ta’minlash maqsadida Yodgora kecha-yu kunduz tinim bilmay ishladi. Zamon shunaqa edi. 1946‒1947-yillarda Toshkent viloyat komsomol qo‘mitasining birinchi kotibi, 1948‒1950-yillarda O‘zbekiston LKSM MK ikkinchi kotibi, 1950‒1952-yillarda Toshkent shahar kompartiyasi birinchi kotibi lavozimida ishlaydi. Ma’lum muddat Respublika Qurilish materiallari sanoati vaziri bo‘lgach, 35 yoshda, ya’ni 1955-yilning fevralidan 1959-yil martiga qadar O‘zbekiston Ministrlar Soveti raisining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritdi. 

 


Stalin vafotidan so‘ng hokimiyat tepasiga kelgan Nikita Xrushchev yuzida hamisha tabassum bo‘lgan Yodgora Nasridinovaga e’tibor qaratdi. U xorijiy safarlarga albatta Nasriddinovani olib ketardi.


O‘zbekiston Kompartiyasi MK birinchi kotibi lavozimiga saylangan Sharof Rashidovning o‘rniga 1959-yil 24-martida O‘zbekiston Oliy Soveti Prezidiumi raisi lavozimini egallaganda Yodgora 39 yoshda edi. O‘zbekiston MK byurosida bo‘lajak nomzod muhokama qilinayotgan bir vaqtda telefon jiringlab qoladi. Nikita Sergeyevich Xrushchev Rashidovga Oliy Sovet Prezidiumi raisligiga Yodgora Nasriddinova nomzodini tavsiya qiladi. Telefonni qo‘ymagan holda Rashidov nomzodni ovozga qo‘yadi. Jimjitlik. Ikkinchi bor takrorlaganida ham jimjitlik hukronlik qiladi. Shunga qaramay Rashidov “Nikita Sergeyevich, bir ovozdan siz ko‘rsatgan nomzod tasdiqlandi”, deb yuboradi. O‘sha yilning oktyabridan 1970-yilning iyuliga qadar bir vaqtning o‘zida SSSR Konstitutsiyasiga binoan SSSR Oliy Soveti Prezidiumi Raisining o‘rinbosari bo‘lib xizmat qiladi. 1970-yil 14-iyulda SSSR Oliy Soveti Millatlar Kengashining raisi etib saylanadi va bu lavozimda 1974-yil 16-iyunga qadar ishlaydi. 

 

 

1974-yili Millatlar kengashi raisligiga lozim ko‘rilmagan Yodgora Nasriddinovani Leonid Brejnev chaqirib: “Biz seni Avstriyaga elchi qilib jo‘natmoqchimiz. Borasanmi?” deydi gapni uzoqdan boshlab. “Yo‘q, Leonid Ilich, hech qayerga bormayman. Yolg‘iz ayolman, qizim o‘qishda, o‘g‘lim shu yerda ishlaydi” deya rad javobini beradi. “Sen ahmoqsan!” – dedi Brejnev. “Mayli ahmoq bo‘lsam bo‘la qolay. Ketsam bo‘ladimi?” deydi ayol. Keyinchalik Nasriddinova “agar Leonid Ilich insonlarcha, “biz seni elchilikka tavsiya qilamiz”, deganida edi Avstriyaga ketishga rozi bo‘lardim”, deydi. 


Shundan so‘ng u 1974-yilda SSSR qurilish materiallari sanoati vazirining o‘rinbosari etib tayinlanadi. Ko‘p o‘tmay mansabi biroz pasaytirilib, Osiyo va Afrika mamlakatlari ishlari qo‘mitasi raisi lavozimlarida faoliyat yuritdi. 1979-yildan ittifoq darajasidagi shaxsiy pensioner. 


Ko‘pchilikning fikricha, xizmat pillapoyalaridan ko‘tarilib borish evaziga Yodgora Nasriddinova shaxsiy hayotini qurbon qilgan. U rafiqa, ona bo‘ldi. Ammo oila davrasida juda kam bo‘lardi. Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, 1950-yilda Usmon Yusupov O‘zbekiston Kompartiyasi MK birinchi kotibi lavozimidan ozod qilinib, SSSR Paxtachilik vaziri etib tayinlanadi. Kompartiya MKga birinchi kotib saylanmay turadi. MKga kotiblardan biri vaqtinchalik rahbarlik qiladi. Bu ma’suliyat (1950-yil apreldan 1950-yil avgustgacha) Siroj Nuriddinov zimmasiga tushadi. 


Siroj Nuriddinov Yodgora Nasriddinovaning turmush o‘rtog‘i ekanini kamdan kam odam bilsa kerak. Bu haqda Yodgora Nasriddinovaning xotiralariga tayanilsa, 1946-yil mart oyida Toshkent viloyat komsomoli birinchi kotibi bo‘lmish Nasriddinovani O‘zbekiston rahbari Usmon Yusupov huzuriga chaqirib: “Yodgor, turmushga chiqish haqida o‘ylab ko‘rish vaqti keldi”, deydi. Usmon Yusupov Siroj Nuriddinov haqida gapirar ekan, uning birinchi xotini bo‘lganini, ammo urush tufayli bu xotin eriga xiyonat qilib KP MK ishlar boshqaruvchisi bilan turmush qurganini, Nuriddinovdan bo‘lgan bolalariga qaramayotganini aytadi. Usmon Yusupovning gapini yerda qoldirmagan Yodgora Nasriddinova Siroj Nuriddinovga tumushga chiqib, uning ikki farzandiga onalik qiladi, o‘zlari ham ikki farzand ko‘rishadi.



Leonid Brejnev davrida quyoshi so‘na boshlagan Yodgora Nasriddinova Mixail Gorbachevning qayta qurish davrida “paxta ishi” bo‘yicha poraxo‘rlikda ayblandi. Go‘yoki u yuqori lavozimda ishlagan yillarida 23 million rubl pora olgan emish. Raqamga e’tibor bering, 23 ming emas, 23 million rubl. 


Qayta qurish davrida “Известия” nashrining haftalik “Неделя” ilovasida Nasriddinova haqida bir nechta maqola e’lon qilinadi. Maqolalar tufayli u 1988-yilda KPSS safidan chiqariladi va unga nisbatan jinoiy ish ochiladi. Ammo u aybsizligini aytib SSSR Bosh prokuraturasiga murojaat qiladi. Natijada 1990-yil dekabrida Bosh prokuratura jinoyat tarkibi yo‘qligi tufayli unga nisbatan ochilgan jinoiy ishni to‘xtatishga majbur bo‘ladi.  1991-yil 3-aprel kuni  KPSS MK partiya nazorati qo‘mitasi 1988-yil 18-noyabr kuni Nasriddinovani partiyadan o‘chirish to‘g‘risidagi qarorini bekor qildi. 1991-yil 13-iyun kuni “Известия” gazetasi Yodgora Nasriddinovaning “До и после “коррупции” (“Korrupsiyagacha va undan keyin”) deb nomlangan maktubini e’lon qildi. Maktubda muallif o‘zining oqlanganligi va o‘ziga nisbatan ochilgan ish bo‘yicha qarashlarini bildirgan.


Jurnalistlarga bergan intervyularidan birida Yodgora Nasriddinova: “Stalin boshimni siladi, Xrushchev yuksakka ko‘tardi, Brejnev esa ahmoq qildi”, degan edi.


2005-yil 11-may kuni esa “Московский комсомольц” gazetasida “Изгнание из хлопкового рая” (“Paxta jannatidan haydalish”) degan nom bilan intervyu e’lon qilinadi. Bu intervyuda Y.Nasriddinova o‘ziga qarshi ochilgan ish ortida o‘zining siyosiy raqibi Sharof Rashidov turganligini ta’kidlaydi.


Avvaliga Y.Nasriddinova bilan Sh.Rashidovning munosabatlari yaxshi bo‘lgani aytiladi. Ular orasidan qachon “ola mushuk” o‘tgani va bunga nima sabab bo‘lgani aniq emas. Siroj Nuriddinovning qizi Lola Rustamovaning fikricha, Yodgora Nasriddinova bilan Sharof Rashidov o‘rtasida o‘zaro iliq munosabat bo‘lgan, bir-birlarini hurmat qilishgan, biroq Yodgora opani KPSS MK ideologiya kotibi Mixail Suslov xush ko‘rmagan. O‘z navbatida Sharof Rashidov M.Suslovning injiqliklariga qarshi borgisi kelmagan bo‘lishi mumkin.  


 

Bir narsa aniq, 1974-yilda SSSR Oliy Soveti Millatlar Kengashi raisligi masalasi ko‘tarilganida O‘zbekiston bu lavozimdan Latviya foydasiga voz kechishini bildiradi. Sharof Rashidovning mana shu xatti-harakati Yodgora Nasriddinovaning e’tiroziga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. 


“Bu ochiq-oydin qasos harakatlari menga qarshi ko‘p yillik o‘zboshimchalik va qonunsizlikning boshlanishini ko‘rsatdi” deya yozadi Nasriddinova va O‘zbekiston KP MK byurosi majlislarida ko‘p masalalarda fikrlar mos kelmagani bois Sh.Rashidov bilan tortishib qolganini eslatadi. 


Uning yozishicha, 1970-yilda Moskvaga yuqori lavozimli ishga yuborilganidan keyin Rashidovning tomog‘iga qadalgan suyakka aylanib qolganmish: “U meni asosiy raqib sifatida ko‘rdi. Men har qanday vaqtda uning o‘rniga qo‘yilishim mumkinligini tushunardi. U raqobatchilarni shafqatsizlarcha yo‘q qilardi. Yaxshiyam men Toshkentda emas, Moskvada edim”. Fikrimizcha, bu masalada Y.Nasriddinova o‘zining hissiyotlarini bildirgan bo‘lsa kerak. Chunki Sharof Rashidovning birorta ham raqibining burni qonamagan.  

 
Ikki yarim yil davom etgan tintuv va so‘roqlar tufayli sakkiz marta infarktni boshdan kechirgan ayol qizi shifoxonaga tushib qolganini,  o‘g‘li yurak xurujidan vafot etganini eslaydi. Uning gazetada e’lon qilingan ochiq xatidagi “Barcha sharaf va unvonlarga la’natlar bo‘lsin. Men yagona o‘g‘limni yo‘qotdim. Abadiy batrak bo‘lib qolganimda yaxshi bo‘lardi, bolalarim ham tirik bo‘lib yonimda bo‘lardi...” degan so‘zlarini o‘qish naqadar og‘riqli.



Yodgora Nasriddinova o‘zbek futbolining ashaddiy muxlisi bo‘lganini ham ta’kidlash joiz. Moskvaga ketishdan avval u futbol kuratori edi. “Paxtakor” futbol jamoasining tashkil etilishida ham uning xizmatlari beqiyos bo‘lgan. Mazkur jamoa tashkil etilishi bilan bog‘liq barcha masalalarni zudlik bilan hal qilgani tahsinga loyiq. Bundan tashqari aynan Yodgora Nasriddinova XX asrning eng zo‘r o‘yinchilaridan biri deya tan olingan Gennadiy Krasniskiyni qo‘llab-quvvatlagan va otaliqqa olgan edi. 


Yodgora Nasriddinova O‘zbekiston mustaqillika erishganidan so‘ng bir necha bor Toshkentga keldi. Ammo respublika rahbariyatining o‘ziga e’tibor bermaganidan ko‘ngli sovib, O‘zbekistonda amalga oshirmoqchi bo‘lgan bir qator loyihalarini to‘xtatdi. U 2006-yil 7-aprel kuni Moskvada vafot etdi. 


 

Vasiyatiga ko‘ra, Kunsev qabristoniga, o‘g‘li Baxtiyorning qabri yoniga dafn etildi.  


                   

 Sharofiddin TO‘LAGANOV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Mafkura

14:02 / 13.02.2026 0 192
O‘zbek xalqining milliy g‘oyasi

Ta’lim-tarbiya

12:02 / 12.02.2026 0 157
Olmoncha halollik





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//