Doktor Davron Mahmudov – yuqumli kasalliklar va sifat nazorati bo‘yicha ekspert. O‘zbekiston, Rossiya, Yevropa va AQSH davlatlari ish tajribasiga ega mutaxassis. Bugungi kunda AQSHda sifat bo‘limi analitigi sifatida dori vositalari va oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi ustida izlanish olib bormoqda. Hozirda “Yevropa va Amerika sifat nazorati standartlarini O‘zbekistondagi farmasevtika va oziq-ovqat mahsulotlari nazorat tizimiga integratsiya qilish: innovasion yondashuvlar va global ahamiyat” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi ustida izlanmoqda.
Tushlar haqiqatga aylanganda: oq xalatga eltgan bolalik parvozi
...Yodimda, chamasi 7 yoshlar edim. Tush ko‘rdim. Tushimda oppoq xalatda kengliklar, vodiylar, katta suv to‘lqinlari uzra keng qanot yozib uchdim. Ha, aynan oppoq xalatda kengliklar uzra parvoz qildim. Bu shunday yoqimli tuyg‘u ediki, hali hanuz o‘sha bolalikda tushimda his qilganlarim ko‘zimni yumsam, ko‘z oldimda gavdalanadi. Tushimning ta’biri yillar o‘tib o‘z tasdig‘ini topdi. Bugun men aynan oppoq xalat kiyadigan kasb egasi – shifokor bo‘ldim. Men qalban hamon o‘sha 7 yoshli bolakay Davron bo‘lib yashayapman. Hozir 38 yoshdaman. Biroq o‘sha 7 yoshimdagi hissiyot hamisha men bilan birga.
Maqsad sari shaxdam qadam
...Bolaligim Toshkent shahrida o‘tdi. Ilk tahsilni poytaxtdagi 242-maktabda olganman. So‘ng Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik liseyida tibbiyotga oid dastlabki bilim va ko‘nikmani o‘zlashtirdim. So‘ng Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Rossiyadagi Sankt-Peterburg davlat pediatriya akademiyasida tahsilni davom ettirdim. Men pediatr shifokor sifatida bolalarda S gepatiti infeksiyasini individual tarzda davolash yo‘nalishida nomzodlik dissertatsiyamni muvaffaqiyatli himoya qilgach, maqsadim yanada aniqlashdi: ushbu tadqiqot ilmiy doiralarda e’tirof etildi va bolalar uchun differensial terapiya usullarini rivojlantirishga asos bo‘lgandi.
2012–2016-yillar juda samarali kechdi. Toshkent pediatriya tibbiyot institutida xalqaro loyihalarni muvofiqlashtirib, Yevropa bilan hamkorlikda sog‘liqni saqlashga doir yirik loyihalarda faoliyat yuritish shifokor sifatida meni chiniqtirib bordi. Ushbu yillar oralig‘ida o‘zbek va ingliz tillarida chop etilgan ilk ilmiy monografiyamdan tibbiyot muassasalarida o‘quv qo‘llanmasi sifatida foydalanib kelinmoqda.
Keyinchalik ish faoliyatimda burilish yuz berdi. O‘zbekistonda sifatsiz va ba’zida xavfli import dorilarining keng tarqalashini ko‘rib, sifat nazoratining xalqaro tizimlariga e’tibor qaratdim. Ya’ni, men o‘zimni global sifat nazorati sohasida ko‘ra boshladim. Chunki oziq-ovqat va dori vositalarining xavfsizligi butun dunyo miqyosida, jumladan, O‘zbekistonda ham har doim va har qachon dolzarb sanalgan. Avvaliga Maltadagi oziq-ovqat korxonalarida Yevropa sifat standartlarini o‘rgandim, tajriba orttirdim. Olgan bilim va ko‘nikmalarimni EU-GMP talablariga javob beruvchi farmasevtika kompaniyasida yanada rivojlantirdim.
Bugungi kunda AQSHda sifat bo‘limi analitigi sifatida dori vositalari va oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi ustida izlanish olib boryapman. Hozirda “Yevropa va Amerika sifat nazorati standartlarini O‘zbekistondagi farmasevtika va oziq-ovqat mahsulotlari nazorat tizimiga integratsiya qilish: innovatsion yondashuvlar va global ahamiyat” mavzusidagi doktorlik dissertatsiya ishim aynan shu sohaga qaratilgan.
Maqsadim aniq: O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimiga xalqaro sifat nazorati tizimini joriy etishni istayman. FDA va USP kabi dunyo bo‘yicha tan olingan AQSH regulyator tizimlarining eng ilg‘or tajribasini o‘rganib, Vatanimga olib kelish, mahalliy xodimlarni o‘qitish va zamonaviy sifat siyosatini shakllantirish bo‘yicha ish olib bormoqdaman.
COVID-19: old qatordagi xizmat
COVID-19 pandemiyasi davrida, O‘zbekiston hukumati chaqirig‘iga binoan, yurtimizga qaytib, inqirozni boshqarishga yordam berdim. 2020–2021-yillarda Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazida faoliyat olib bordim. Bu jarayonda 600 dan ortiq bemorni davolab, antikoagulyant asosidagi yangi protokollarni joriy qildim, bu esa asoratlarni 50% ga va sun’iy nafas oldirish ehtiyojini 25% ga kamaytirgan.
Kamtarona xizmatlarim e’tirof etilib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim.
Shifokorlikning mazmun-mohiyati bitta: inson hayoti uchun javobgarlik
Mendan ko‘p so‘rashadi: O‘zbekistondagi va Amerikadagi shifokorlik kasbi o‘rtasidagi asosiy farq nimada, deb? Mening javobim oddiy: dunyoning qaysi nuqtasida bo‘lmang, shifokorlikning mazmun-mohiyati bitta: inson hayoti uchun javobgarlik. Bo‘ldi, boshqa javob yo‘q. Tizim jihatidan esa har ikkala davlatning o‘z ish prinsipi bor, albatta. Bunda Amerikada bemorlarga xizmat ko‘rsatishda barcha jarayonlar elektronlashgan, tekshiruvlar aniq, yondoshuv yagona standart asosida olib boriladi. Bu borada O‘zbekistonda ham katta o‘zgarishlar bo‘layotganini alohida e’tirof etaman. Bu albatta, quvonarli hol. Lekin O‘zbekistonning AQSH tajribasidan o‘rganadigan jihatlari talaygina. Buni ham alohida aytib o‘tishim kerak.
Harakat qilgan insonga chegara yo‘q
Amerika haqida, hayot tarzi, iqtisodiyoti, ta’lim tizimi, madaniyati, umuman sehrli diyorda yashash zavqi va mashaqqatlari haqida, O‘zbekiston va Amerikaning taqqosiy jihatlarini so‘rab yaqinlar va tanishlar ko‘p savolga tutishadi. Men ularga umumiy tushuncha hosil bo‘lishi uchun bir gapni aytaman: Amerika boy davlat. Ha, u sehrli diyor. Iqtisodiyoti bo‘yicha ham yetakchi o‘rinlarda turadi. O‘zbekiston esa endi rivojlanib kelayotgan davlatlar sirasiga mansub. Shunday ekan, bu ikki davlatni taqqoslashning o‘zi absurd tushuncha, aslida. Yagona va haqiqatga anchagina yaqin bo‘lgan o‘z xulosani aytaman: siz qanchalik yuqori tomon odimlasangiz, tasavvuringizga-da sig‘magan olamni kashf qilib boraverasiz. Imkoniyatlar eshigi keng ochilaveradi. Har bir bosilgan shaxdam qadam kelgusidagi imkoniyatlar zanjirining navbatdagi bo‘g‘inini yaratadi. Eng muhimi, harakat qila olgan insonga chegara yo‘q. Demak qaysi bir yangi manzilni bosib o‘tish yana bir ertangi muvaffaqiyatingiz poydevori bo‘lishi mumkin. Asosiysi, siz o‘zingiz uchun eng yaxshisini ko‘ra oling va o‘zlashtiring!
Maqsadingiz aniqmi, o‘z yo‘lingizni toping, chekinmang!
Xorijga kelishdan avval men uchun eng katta maqsad – bu ota-onamni rozi qilish bo‘lgan. Hozir esa – insonlarni, atrofimdagilarni, hammani, Vatanimni rozi qilishni istayman. Ya’ni, maqsadim yuksalgan.
Xorijga kelib tahsil olishni, ish o‘rganib, tajriba orttirishni istayotgan har bir uka-singlimga albatta keling, dunyo ko‘ring, harakatdan to‘xtamang, degan bo‘lardim. Maqsadingiz aniqmi, o‘z yo‘lingizni toping, chekinmang. Qiyinchiliklar, to‘siqlar dunyoning har bir nuqtasi, har bir chekkasida mavjud. Muhimi, hamma gap, siz ana shu to‘siqdan yorib o‘tib, o‘z chegarangizni kengaytira olishingizda. Siz birinchi qadamni qo‘ya oldingizmi, biling-ki, keyingilari o‘z-o‘zidan davom etaveradi: ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi va.... hokazo.
Nigora NISHONBOYEVA suhbatlashdi.
Tarix
Vatandosh
Tarix
Tarix
Jarayon
Jarayon
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Til
Tarix
//
Izoh yo‘q