Shavkat Mirziyoyev akademik Abdumavlon Abdullayev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Saqlash
14:53 / 09.12.2022 1449 0

Akademik Abdumavlon Abdullayev 8-dekabr kuni 92 yoshida vafot etdi. Uning vafoti munosabati bilan prezident Shavkat Mirziyoyev, bosh vazir Abdulla Aripov, Senat raisi Tanzila Norboyeva, Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yoʻldoshev hamdardlik bildirdi.

 

Oʻzbekiston ilm-fani ogʻir judolikka uchradi.

 

Oʻzbekistonda genetika sohasining yetakchi namoyandasi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Abdumavlon Abdullayev 2022-yilning 8-dekabrida vafot etdi.
 

Abdumavlon Abdullayev 1930-yilning 13-iyulida Namangan viloyatida tugʻilgan. 1952-yili Oʻrta Osiyo davlat universitetini tugatib, mehnat faoliyatini Oʻsimlikshunoslik ilmiy tekshirish instituti Oʻrta Osiyo tajriba stansiya kichik ilmiy xodimi lavozimida boshladi. 1961-yilda nomzodlik, 1973-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1995-yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylandi.
 

Isteʼdodli olim oʻzining qariyb 70 yillik ilmiy faoliyati davomida Fanlar akademiyasida fidoyilik bilan mehnat qildi. Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti kichik, katta ilmiy xodimi, laboratoriya mudiri, direktori, OʻzRFA Prezidiumining qishloq xoʻjaligi fanlari boʻlimi raisi hamda umrining soʻnggi kunlarigacha instituti bosh ilmiy xodimi lavozimida samarali faoliyat koʻrsatib, ilm-fan rivojiga munosib hissa qoʻshdi.
 

Abdumavlon Abdullayev ilmiy faoliyati davomida gʻoʻza genetikasining fundamental asoslarini rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshdi. Olim yaratgan ilmiy maktab asosida gʻoʻzaning bir qator yangi navlari kashf etildi hamda genetika seleksiyasida gʻoʻzaning yovvoyi turlaridan foydali donorlar sifatida foydalanish imkoniyati yaratildi. Mamlakatimiz paxtachilik ilm-fani rivojining fundamental asosi va milliy boyligi boʻlgan gʻoʻza genlari kolleksiyasining asoschilaridan biridir.
 

U 600 dan ortiq ilmiy ishlar, jumladan 10 dan ortiq monografiyalar muallifi. Ilmiy maqolalarining 300 dan ortigʻi xalqaro nufuzli jurnallarda chop etilgan. Jonkuyar ustoz sifatida koʻplab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan zahmatkash olimning bevosita rahbarligida 20 dan ortiq fan doktori va 40 ga yaqin fan nomzodlari tayyorlangan.
 

Akademik A.Abdullayevning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi” (1980), “Mehnat shuhrati” ordeni (2003) “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofoti” (2011) bilan mukofotlangan edi.

 

Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Abdumavlon Abdullayevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

 

SH.Mirziyoyev, T.Norbayeva, N.Ismoilov, A.Aripov, B.Yoʻldoshev

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//