Jamiyatda insonlarning oson ijtimoiylashuvi yoki jamoatchilikdan oʻzini tortishiga qarab ularni ekstravert va introvertga ajrata olamiz. Lekin yana shunday toifa borki, ular yuqoridagi ikki shaxsiyat turining eng sara xususiyatlarini oʻzida aks ettiradi. AQSH Merilend universitetining Inson psixofiziologiyasi laboratoriyasi direktori Barri Smitga koʻra, yerning 68% aholisini tashkil etuvchi ambivertlar oʻzi kim? Ularni qanday ajratish mumkin? Ambivertlar qaysi kasblarda yaxshi natijalar koʻrsatadi? Quyida shu haqda gaplashamiz.
Ambivert kim?
Ambi lotin tilidan “ikkalasi” degan maʼnoni anglatib, ular xarakterida ikki ijtimoiy turning asosiy xususiyatlarini birlashtiradi.
Masalan, tipik ambivert kun davomida yuzlab ish-masalalarni hal qilishi, rejalarni puxta bajarib, hamkasblarining diqqat markazida boʻlishi mumkin. Kechasi esa aksariyat introvertlar kabi, uyga “qamalib” olgancha tunni sevimli kitobi bilan oʻtkazadi. Ambivertning oʻzgaruvchan holati uning kayfiyati va vaziyatiga bogʻliq boʻladi.
Ambiversiya yana ekstravertdan introvertgacha boʻlgan “gradiyent”dagi oltin oʻrtalik, deb ham yuritiladi. Rossiyalik ruhshunos Tatyana Poriskaya fikricha, ambivertlik koʻpchilikka xos:
“Toʻlaqonli ekstravert va introvertlar kamdan-kam uchrashi shubhasiz, shuning uchun ham bunday ajratish shartli hisoblanadi. Ambivertlik esa xulq-atvorning aralash turi sifatida koʻpchilik odamlarda uchraydi. Shu sababli ham odamlarning qaysi tipga xosligini aniqlovchi testlarda har-xil natijalar paydo boʻladi. Bunga esa turli omillar, masalan, oʻsha testni yechish vaqtidagi kayfiyat, hayotiy bosqich, va hatto, test topshirish joyidagi muhit ham taʼsir qiladi”.
Marti Leyni “Introversiya ustunliklari” kitobida ekstraversiya va introversiyani yagona uzluksiz energiya oʻqining ikki uchi sifatida fikr yuritadi. Agar ularni ranglar gradiyenti shkalasida taqqoslasak, oʻta introvertlik koʻk rangga, ekstraversiya esa qizil rangga boʻyaladi. Bu ikkisining oʻrtasida sariq va yashil tusda ambiversiya namoyon boʻladi.
Tushunchaning paydo boʻlish tarixi
1920-yillarda shveysariyalik olim Karl Gustav Yung ilk bor odamlarni ekstravert va introvertga ajratish taklifini beradi. Bunda Yung hayotiy energiya yoʻnalishini ushbu farqlarni aniqlovchi asosiy mezon sifatida oladi. Masalan, ekstravertlarda energiya tashqi olamga yoʻnalib, ular jamiyat bilan faol munosabatga kirishadi, atrofdagilarning eʼtiboridan “quvvat oladi” va imkon qadar odamlar orasida boʻlishga intiladi.
Introvertning hayotiy energiyasi aksincha, uning ichki dunyosiga yoʻnaladi, u shaxsiy fikr-mulohazalari va his-tuygʻulariga eʼtibor qaratadi. Introvertlarga ommaviy chiqishlar, shovqinli tantanalar va jamoaviy tadbirlar ogʻir keladi.
Yung ambiversiyani 1923-yildayoq shaxsiyatning uchinchi turi sifatida tan olgan boʻlsa-da, hech qachon intro-ekstravertlik tipologiyasiga kiritmagan.
Ushbu terminni “ekstravert va introvertlik oʻrtasidagi qorishuv – psixologik norma”, deb hisoblagan amerikalik ruhshunos Edmund Konklin taklif qilgan. Konklin ikki turdan farqli oʻlaroq, ambivert turi nisbatan moslashuvchan va samaradorroq boʻlishiga ishongan. 2006-yilda amerikalik psixolog Maykl Krou ambiversiya kognitiv buzilish xavfining pastligi bilan bogʻliq ekanini isbotlab, ambiversiya qarish davrida kognitiv funksiyalarning saqlanib qolishiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi toʻgʻrisidagi gipotezani ilgari suradi.
2016-yilda Cherepoves shahri olimlari IIB xodimlari oʻrtasida soʻrov oʻtkazib, ambivertlar ekstravert va introvertlarga nisbatan emotsional jihatdan chidamliroq ekanini aniqlaydi.
Ambivertlar qaysi xususiyatlari bilan ajralib turadi?
Ambivertlar oʻz xatti-harakatlarini vaziyatga qarab ongli yoki ongsiz ravishda oʻzgartiradi. Ularning xarakter sifatini turli muhitda kuzatish orqaligina aniqlash mumkin. Ehtimol, bu belgilar orasida sizga tegishli xususiyatlar ham bor boʻlishi mumkin:
— Moslashuvchanlik. Ambivert vaziyat va koʻzlangan natijaga qarab ekstravertlikdan osongina introvertlikka oʻtishi mumkin. U turli suhbatdosh va sharoitlarga moslashuvchan boʻladi.
— Ijtimoiy tajribalarga ochiqlik. Introvertlardan farqli oʻlaroq, ambivertlar yangi tanishuvlardan qochmaydi, yangi aloqalarni oson oʻrnatadi va munosabatlarga qoʻrquvsiz kirishadi. U oʻzi oʻrgangan jamoa, masalan, oila aʼzolari, yaqin doʻstlar bilangina cheklanmaydi. U hamkasblari bilan, va hatto, bogʻda it yetaklagan begona sayyoh bilan ham aloqa oʻrnatishga tayyor boʻladi. Uning ekstravertlardan farqi boʻlsa, ular begona muhitdan koʻra tanish muhitni afzal koʻradi.
— Jamoada hamda yolgʻiz ishlash qobiliyati. Ambivert – jamoada yaxshi “oʻyinchi” boʻladi. U hamkasblarini tinglashni, masʼuliyatni teng taqsimlash va jamoa ruhini qoʻllab-quvvatlashni yaxshi uddasidan chiqadi. Shu bilan birga, ambivert vazifani toʻliq oʻz boʻyniga olishi mumkin, chunki jarayonni shu tariqa nazorat qilish unga osonroq keladi.
— Diqqatli tinglovchilar. Agar suhbatdagi biror masala ambivertga qiziq boʻlsa, u boshqaruvchilikdan oson tarzda diqqatli va minnatdor tinglovchi roliga oʻta oladi.
— Yolgʻizlikdagi komfort. Ambivertlar yolgʻizlikda diskomfort his qilmaydi, aksincha, vaqti-vaqti bilan bunga ehtiyoj sezadi. Ambivertga oʻz-oʻzi bilan boʻlish hech qachon zerikarli emas, u doim oʻzi uchun qiziq mashgʻulot topa oladi va bu holatda oʻzini keraksiz his qilmaydi.
— Yopiq shaxsiy muhit. Ambivertlar shaxsiy va ommaviy masalalarni aniq ajrata oladi. Garchi ular jamoada ochiq, suhbatga kirishuvchan va emotsional boʻlsada, shaxsiy masalalarni oʻzida mahkam saqlay oladi.
— Ambitsiya yoʻqligi. Ambivertlar 3 shaxsiyat turi orasida nisbatan kam ambitsiyalarga ega tur sanaladi. Ekstravert uchun jamiyatda oʻzining statusini saqlab qolish va tinglovchilarini hayratda qoldirish doim muhim. Introvert odatda, oʻz maqsadlariga intiluvchan, chunki ularda “quvish” hissi doimiy mavjud. Ambivertlarga esa joriy mavqeyida yurish qulay. Ular biror ish ustida ambitsiya yoki biror nimani isbotlash uchun emas, faqat kuchli qiziqish ortidangina qattiq ishlab, oʻzini namoyon qilishi mumkin.
— Kuchli empatiya. Turli hissiy holatlarni oʻzi boshdan kechiradigan ambivertlar boshqalar nimani his qilayotganini yaxshi tushunadi. Shuning uchun ham ular odatda tushunuvchan va rahmli odamlar boʻladi.
— Kuchli sezish qobiliyati (intuitsiya). Boshqalarni tushunish, avvaldan bilish qobiliyati, odamlarning samimiyatiga ishonish mumkin yoki mumkin emasligini toʻgʻri baholashga yordam beradi.
— Divergent fikrlash. Ambivert xodimlar masalani hal qilishda ijodkorona va noanʼanaviy yondashuvi bilan farq qiladi. Ular voqea rivoji boʻyicha bir qancha tasavvurga ega boʻlib, qiyin vaziyatlardan oson chiqish boʻyicha nostandart va tezkor yechimlar oʻylab topish qobiliyatiga ega boʻladi.
Psixologik nuqtayi nazardan ambivertlar…
Ruhshunos Yuliya Kaminskayaga koʻra, aslida, barcha ambivert boʻlib tugʻilib, hayotiy tajribalar, oilaviy anʼanalar, madaniy atrof-muhit, turli inqirozli holat va boshqa hayotiy vaziyatlar asosida ekstra yoki introvert boʻlib shakllanadi. Bu faktorlar insonga psixologik tipni tashkil etuvchi maʼlum xarakter xususiyatlarini rivojlantirish imkonini beradi. Biroq shuni anglash muhimki, ekstraversiya va introversiya qarama qarshi nuqtalar emas, balki maʼlum kordinata oʻqi kabi shkaladir. Inson bu shkala boʻylab oʻziga kerak boʻlgan sifatlarni rivojlantirishi va natijalarni qayd etishi orqali bosqichma-bosqich harakatlanishi mumkin.
Ambiversiyaga yaqinlashish uchun esa ekstravertlarga oʻz energiyasini nazorat qila olish hamda empatiyani rivojlantirish, introvertlarga boʻlsa muloqot qobiliyati va ochiqlik ustida ishlash tavsiya etiladi. Lekin hammasidan oldin oʻz motivatsiyalarini tushunish, toʻgʻri baholash muhim sanaladi.
Ambivertlardan yaxshi boshqaruvchi chiqadimi?
Soʻzsiz, eng yaxshi lider bu ambivertdir.
Yaxshi boshqaruvchi – qoʻl ostidagilarni ruhlantiruvchi, oldinga tortuvchi va bunga bor energiyasini sarflashga tayyor ekstravert boʻlishi kerakdek tuyulishi mumkin. Biroq tadqiqotchilar liderlik pozitsiyasida koʻproq introvertlar muvaffaqiyat qozonishini isbotlagan. Ular barcha masala va uni hal qilish yoʻlini diqqat bilan oʻylab, tezkor va oʻylanmagan qarorlar qilmaydi. Ular tinglashni biladi v inqirozli vaziyatlarda stressga chidamli. Biroq umuman olganda, oltin oraliq har doimgidek, eng optimal yechim sanaladi. Bu boradagi oʻrtalik boʻlsa ambivertlar sanaladi.
Liderlik boʻyicha mutaxassislar rahbarning eng muhim koʻnikmalaridan biri bu – moslashuvchanlik qobiliyati ekanini taʼkidlaydi. Boshqaruvchi kutilgan natijaga erishishi uchun unda turli odam va vaziyatlarga koʻnikuvchanlik hamda ikki psixotip xususiyatlarni vaqtida “oʻchirib yoqish” qobiliyati juda muhimdir.
Ambivert oʻzining universalligi bilan istalgan ishning uddasidan chiqishi mumkin. Lekin bir qancha kasblarda ambiversiyaning boshqalardan ustunlik qiluvchi xususiyatlari, masalan, bir vaqtning oʻzida tirishqoq va tashabbuskor, yaxshi orator va diqqatli tinglovchi, tashkilotchi va bajaruvchi boʻla olishi muhim.
Ushbu xususiyatlar, ayniqsa, jurnalist, sotuvchi, shifokor, ijtimoiy ishchi, tashkilotchi yoki tadbir boshlovchisi, diplomat va siyosatchilar uchun qoʻl kelib, ambivertlar mazkur faoliyatida yuqori samaradorlik koʻrsatadi.
Tarix
Vatandosh
Tarix
Vatandosh
Tarix
Tarix
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Til
Tarix
//
Izoh yo‘q