O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimiz tabiatiga mos barcha milliy, ma’naviy qadriyatlarni, xalqimizning ezgulik, insonparvarlik, bag‘rikenglik kabi fazilatlarini o‘zida mujassam etgan.
E’tiborli jihati, mamlakatimizda “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyani to‘liq ro‘yobga chiqarish, inson huquq va erkinliklari sohasidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchiligimiz bilan uyg‘unligini ta’minlash, xalq manfaatlarini ta’minlash yo‘lida davlat organlari faoliyatiga tizimli va bosqichma-bosqich joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Inson huquqlari va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish hamda qonun ustuvorligini ta’minlash, shuningdek, jamiyat va har bir fuqaro hayotiga ularni tatbiq etish Yangi O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatining bosh maqsadiga aylangani jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasida zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini samarali bajarishga qaratilgan Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiyasida belgilangan vazifalarning izchil amalga oshirayotgani davlatimizning xalqaro maydondagi obro‘sini ko‘tarmoqda. Buning isboti sifatida O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashining a’zosi sifatida faol harakati, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari hamda inson huquqlari masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachilar bilan yaqin hamkorligini aytish o‘rinlidir.
Darhaqiqat, yurtimizda inson huquqlariga oid xalqaro standartlarni amalga oshirish, ayniqsa ayollar, bolalar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish hamda ijtimoiy adolat tamoyillariga konstitutsiyaviy maqom berildi. Shuningdek, xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashib, qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha qonuniy asoslar shakllantirilgani, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berilganining e’tirofi, desak bo‘ladi.
Konstitutsiyaning 20-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan o‘zaro huquq va majburiyatlar bilan bog‘liqdir.
Insonning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas.Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi. Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi.
Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak.
Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi”, deb belgilanishining o‘zi ham bugungi davr talablariga aynan mosligini ta’minlaydi.
Har bir fuqaroning hayoti, huquqi davlat tomonidan qonuniy himoyalanishi esa, Konstitutsiyaning 23-moddasida quyidagicha, ya’ni “O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistondan tashqariga majburiy chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emas. Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish to‘g‘risida xalqaro huquq normalariga muvofiq g‘amxo‘rlik qiladi”, deb qayd etilgan.
E’tiborli jihati esa, Konstitutsiyaning 24-moddasida belgilab qo‘yilganidek, “O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquq va erkinliklari xalqaro huquq normalariga muvofiq ta’minlanishi xalqaro huquq normalariga muvofiq himoyalanishi kafolatlab qo‘yildi.
Konstitutsiyamizning 13-moddasida: O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi”, deb belgilangan.
Mana shu normalarni o‘zi ham O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilish bo‘yicha olib borilgan barcha harakatlar xalqaro hujjatlarga to‘liq mos kelishini tasdiqlaydi.
Barchaga ma’lumki, O‘zbekiston BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqqan davlat bo‘lib, dunyoda 2 mlrddan ortiq yoshlar masalasi, muammolarini dunyo hamjamiyati oldida huquqiy yechimga chaqirgan davlatdir.
Shuningdek, O‘zbekiston, inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarga, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkilotining 6 ta asosiy shartnomasi va 4 ta fakultativ protokoliga qo‘shildi. Bu hujjatlarda O‘zbekiston o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarishi yuzasidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va shartnomaviy qo‘mitalariga muntazam ravishda milliy ma’ruzalarni taqdim etib kelmoqda. Mamlakatda Ekologik ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha Parij bitimiga qo‘shildi.
Bunday o‘zaro hamkorlik natijasida tashqi siyosatda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha aloqalarning butunlay yangi shakllari va natijalar qayd etildi. Jumladan, inson huquqlari bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi. O‘zbekiston “Samarqand ruhi”ni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqladi.
Islom hamkorlik tashkilotining Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. O‘zbekistonning Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalari doirasida xalqaro majburiyatlarini, shuningdek, ushbu tashkilot tomonidan taqdim etilgan paxta yig‘im-terim kampaniyasi monitoringi yakunlari bo‘yicha tavsiyalarni bajarishi, shu jumladan, 2017 — 2020 yillarda O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha dasturning amalga oshirilishi xalqaro hamkorlar tomonidan ijobiy baholandi. 2022-yildan majburiy mehnat bo‘yicha qo‘yilgan shartlarning bekor qilinishi strategik ahamiyatga ega bo‘ldi.
Natijada bugun “inson – jamiyat – davlat” tamoyili har bir insonni farovon yashashini ta’minlashi bilan birga, fuqarolarimiz dunyoning qayerida yashamasin, mehnat qilmasin, ta’lim olmasin davlat tomonidan tinch va xavfsiz hayotini, fundamental huquq va erkinliklarini himoyalash bo‘yicha yangi huquqiy himoyalanish mexanizmlarining hayotda tatbiq etilayotgani xalqaro ahamiyatga ega vazifalarning amaliy ifodasidir.
Yuqoridagilarga qo‘shimcha sifatida “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning barcha BMTga a’zo davlatlar qonunchiligidagi o‘rniga ahamiyat beradigan bo‘lsak, mazkur xalqaro hujjatning yangilangan Konstitutsiya bilan hamohangligiga amin bo‘lamiz.
Bugungi kunda yangilangan Konstitutsiyada qayd etilgan moddalar bilan 30 moddadan iborat bo‘lgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining moddalari o‘zaro bog‘liq va uyg‘un. Bu esa, “Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarining xalqaro va milliy qonunchilikdagi himoyasi”ni ko‘rsatadi. Jumladan, “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning 3-moddasida “Har bir inson yashash, erkin bo‘lish va shaxsiy daxlsizlik huquqlariga egadir”, deb belgilangan.
Konstitutsiyamizning 25-moddasida “Yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqidir va u qonun bilan muhofaza qilinadi. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir. Shuningdek, Konstitutsiyaning 31-moddasida “Har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega bo‘lish, o‘z sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega. Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega.
Hech kim uy-joyga unda yashovchi shaxslarning xohishiga qarshi kirishi mumkin emas. Uy-joyga kirishga, shuningdek unda olib qo‘yishni va ko‘zdan kechirishni o‘tkazishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yo‘l qo‘yiladi. Uy-joyda tintuv o‘tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi”, deb belgilangan.
Demak, bugun biz yangilangan Konstitutsiyamizning fuqarolarimiz uchun huquq va erkinliklar kafolati hamda xalqaro huquq normalariga mosligini keng jamoatchilikka targ‘ib etish, hayotiyligini qonun ustuvorligi bilan ko‘rsatishimiz ham qarz, ham farzdir.
Zero, har bir xalq, millat o‘z istiqloliga erishganidan so‘ng jahonda yangi mustaqil davlat sifatida tashkil topganligi, maqsadi, kelajak istiqbollarini Konstitutsiya bilan mustahkamlaydi. Chunki dunyodagi mavjud konstitutsiyalarning barchasi ularni ijod etgan xalqning, millatning siyosiy tafakkuri, ma’naviyati va madaniyati bilan uzviy bog‘liqdir.
Feruza MUHIDDINOVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori.
Tarix
Falsafa
Vatandosh
Tarix
Vatandosh
Tarix
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Til
Tarix
//
Izoh yo‘q