2024-yil Oʻzbekiston ilm, fan, madaniyat, san’at va sport sohalarining koʻplab taniqli vakillaridan ayrildik, bir qator siyosat va jamoat arboblari vafot etdi. Oyina.uz sayti an’anaga muvofiq 2023-yil kabi 2024-yil hayotdan ko‘z yumgan mashhurlar va taniqli shaxslarni esladi (Video shaklida bu yerda ko‘ring).
Islom Jasimov
2024-yil 16-yanvar. Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Islom Jasimov 66 yoshida vafot etdi. 1986−2017-yillar davomida prokuratura organlari tizimida mas’uliyatli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatib kelgan.
1993-yilda “O‘zbekiston Respublikasi faxriy yorlig‘i”, 2001-yilda “Shuhrat” medali va 2017-yilda “Do‘stlik” ordeni hamda 2020-yilda “MDH bosh prokurorlari muvofiqlashtiruvchi kengashining 25 yilligi” medali bilan taqdirlangan.
Maxamad Toshboltayev
Olim Maxamad Toshboltayev 2024-yil 19-yanvarda vafot etdi.
U faoliyati davomida Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari – Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash va kimyolashtirish muammolarini hal etish kengashi raisi sifatida faoliyat yuritgan.
Turg‘un Azizov
Yanvar oyining so‘nggi kunlarida O‘zbekiston xalq artisti, aktyor va rejissyor Turg‘un Azizov 90 yoshida vafot etdi. U 33 yoshida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlangan. 1974-yilda O‘zbekiston xalq artisti unvonini olgan. Shuningdek, u “Mehnat shuhrati” ordeni (2001-yil) sohibi ham hisoblanadi.
Rejissyor sifatida “Mirzo Ulug‘bek”, “Alisher Navoiy”, “Mehrobdan chayon”, “Chimildiq”, “Mashrab” kabi spektakllarni sahnalashtirgan.
Qalandar baxshi
1-fevral kuni Oʻzbekiston xalq baxshisi Qalandar baxshi (Roʻzimboy Normatov) 73 yoshida vafot etdi. Qalandar baxshi “Avazxon” folklor etnografik ansambli badiiy rahbari sifatida koʻp yillar faoliyat yuritgan. “Oshiq Gʻarib va Shohsanam”, “Tohir va Zuhra”, “Sayotxon va Hamro”, shuningdek, “Goʻroʻgʻli” turkumidan “Bozirgon”, “Avazxon”, “Xirmondali” kabi dostonlarni yuksak mahorat bilan kuylagan.
Roʻzimboy Normatov 2001-yili “Oʻzbekiston xalq baxshisi” unvoni bilan taqdirlangan.
Abror Tursunov
8-fevral kuni Aktyor va rejissyor Abror Tursunov vafot etdi. U “Chinor ostidagi duel”, “Suyunchi”, “Abdullajon”, “Kim jinni”, “Ayollar saltanati” kabi ko‘plab filmlarda rol ijro etgan. Tursunov “Kulol va xurmacha” filmidagi roli bilan muxlislarga tanish.
Ma’lumotlarga ko‘ra, san’atkor insult bilan bir necha yil davomida kurashgan.
Jasur Shametov
Taniqli operator, rejissyor, klipmeyker Jasur Shametov 10-fevral kuni 39 yoshida vafot etdi.
U “Qalbim o‘g‘risi”, “Achchiq hayot”, “Qalbaki dunyo”, “Uchrashuv”, “Gunoh”, “Zarb”, “Oh, Salima, Salima”, “Mahallada nima gap?” kabi badiiy filmlarda postanovkachi operator sifatida ishlagan. Shuningdek, “Uchrashuv” badiiy filmining ssenariy muallifi va postanovkachi rejissyori.
Aktyor sifatida “Suiqasd”, “Poyma-poy” filmlarida rollar ijro etgan.
Klipmeyker sifatida Rayhon, Lola, Shohruhxon, Munisa Rizayeva, “Afruz” guruhi va boshqa xonandalar bilan hamkorlik qilgan.
Raim Farhodiy
Taniqli bolalar shoiri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Buloqcha” jurnali bosh muharriri Raim Farhodiy 4-aprel kuni 82 yoshida vafot etdi. Raim Farhodiy bolalar uchun 50 dan ortiq she’riy va nasriy kitoblar yozgan. O‘zbek bolalar she’riyati namunalarini, Navoiy, Bobur g‘azallarini rus tiliga tarjima qilgan.
1989-yil “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, 1999-yil “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Mashrab Kimsanov
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Mashrab Kimsanov bir necha yildan buyon og‘ir xastalik bilan kurashib kelgan. U hayoti davomida 4 marotaba insultni boshdan kechirgan va gapirish hamda mustaqil harakatlanish imkoniyati cheklangan edi.
Ijodkor 2-may kuni 69 yoshida olamdan ko‘z yumdi. Kimsanov “Vodillik kelin”, “Olovli yo‘llar”, “Otamdan qolgan dalalar”, “Masxaraboz”, “Umid”, “Zebuzar”, “Hayot mamot”, “Haqiqiy erkaklar ovi”, “Sehrli qalpoqcha”, “Onaginam orzusi” kabi ko‘plab filmlarda esda qolarli rollarni ijro etgan. Shuningdek, ijodkor “Tog‘lik kuyov” filmining postanovkachi rejissyori hisoblanadi.
Chori baxshi Umirov
4-may kuni O‘zbekiston xalq baxshisi Chori baxshi Umirov 86 yoshda hayotdan ko‘z yumdi. Chori baxshi yarim asrdan ziyod o‘zining sehrli ovozi va sozi bilan el olqishiga sazovor bo‘lgan baxshi sifatida Sherobod dostonchilik maktabiga mansub yosh baxshilarga o‘z ijodidagi dostonlarni o‘rgatib, ustozlik qilib kelmoqda edi.
Xalqimizning an’anaviy baxshichilik san’atini qayta tiklash va keng targ‘ib etish, o‘sib kelayotgan yosh avlodga ushbu noyob san’at sirlarini o‘rgatishda, xalqimiz, kelajak avlodlarga o‘zining yaratgan dostonlarini meros qoldirish yuzasidan olib borgan xizmatlari uchun 2017-yilda davlatimiz tomonidan Chori baxshi Umirovga “O‘zbekiston Xalq baxshisi” unvoni berilgan.
Abdurauf Qorjovov
7-iyun kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Abdurauf Qorjovov 68 yoshda vafot etdi. U MTRK tizimida 27 yil davomida ishlagan, shuningdek, so‘nggi yillarda “Yangi O‘zbekiston” gazetasida faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi.
U 1994-yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist unvonini olgan. Shuningdek, faoliyati davomida “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Ramiz Asqar
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faxriy a’zosi, turkolog va tarjimon Ramiz Asqar 22-iyun kuni 70 yoshida vafot etdi.
Ramiz Asqar 2004-yilda “Qutadg‘u bilig” asarining til xususiyatlari mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 2009-yilda “Devonu lug‘otit-turk” asarining til xususiyatlari mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. U 150 dan ortiq ilmiy maqola, 70 dan ziyod kitob chop ettirgan, shularning 54 tasi tarjima sanaladi. U 2020-yil fevral oyida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga faxriy a’zo etib qabul qilingan. O‘zbek adabiyotini targ‘ib etishdagi xizmatlari, o‘zbek va ozarboyjon adabiy aloqalarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun 2022-yilda “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.
Malika Qayumova
14-iyun kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Malika Qayumova 70 yoshda olamdan o‘tdi. Malika Qayumova o‘z ijodiy faoliyati davomida teatrda sahnalashtirilgan 30 dan ortiq spektakllarda bosh qahramon rollari va turli obrazlarni ijro etgan.
Jumladan, “Taqdir”da amma, “Devona”da ona, “Fotima va Zuhra”da ona, “Alpomish”da Kuntug‘mish, “Pari qishloq”da ona, “O‘lding, aziz bo‘lding”da ona, “Xonuma”da Tekle, “Toshkentning nozanin malikasi”da Xayri, “Superqaynona-2”da Hojar, “Oy onam-qaynonam”da Qumri, “Qizi borning – nozi bor”da quda kabi obrazlari mutaxassislar tomonidan yuqori baholangan.
Nazirjon Saidov
Andijon viloyati Oltinko‘l tumani sobiq hokimi, jurnalist Nazirjon Saidov 28-iyun kuni 76 yoshida vafot etdi. Jurnalist turli yillarda muxbir, bo‘lim mudiri va muharrir o‘rinbosari sifatida ishlagan.
U shuningdek, 1993−1999-yillarda Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari, kotibiyat mudiri bo‘lib ishlagan. 2008−2021-yillarda Jurnalistlar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi rahbari bo‘lgan. Saidov 2001-yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, 2019-yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan, Oliy Majlis deputati bo‘lgan.
Tursunali Mamajonov
28-iyul kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Tursunali Mamajonov 75 yoshida vafot etdi.
Tursunali Mamajonov “Vodil chinori” xalq dorbozlik jamoasi badiiy rahbari, Farg‘ona viloyati hayvonot bog‘i tashabbuskori, faxriy ekolog bo‘lgan.
Sayfiddin Ermatov
Ravshan Ermatovning otasi, Oʻzbekiston sporti faxriysi Sayfiddin Ermatov 71 yoshida 14-avgust kuni vafot etdi.
Sayfiddin Ermatov faoliyati davomida koʻplab isteʼdodli yosh hakamlarni tarbiyaladi. Shogirdlari orasida FIFA referisi, futbol mundiallarini boshqarish boʻyicha jahonning mutlaq rekordchisi Ravshan Ermatov, shuningdek, Abduhamidullo Rasulov kabi taniqli hakamlarni uchratish mumkin. Shuningdek, tarkibida Server Jeparov, Shuhrat Mirxoldirshoyev, Yaroslav Krushelniskiy, Yuriy Nikitov kabi iqtidorlarni jamlagan 1982-yilda tugʻilgan futbolchilardan iborat Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi bosh murabbiyi boʻlgan.
Mashkura Safayeva
Sud faxriysi Mashkura Safayeva uzoq davom etgan xastalik oqibatida 21-avgust kuni 74 yoshida vafot etdi.