2023-yil yoʻqotishlari


Saqlash
13:12 / 28.12.2023 979 0

Yakuniga yetib borayotgan 2023-yil Oʻzbekiston ilm, fan, madaniyat, sanʻat va sport sohalarining koʻplab taniqli vakillaridan ayrildik, bir qator siyosat va jamoat arboblari vafot etdi. Oyina.uz sayti an’anaga muvofiq ularni xotirlaydi.

 

VIDEONI KO'RISH

 

Sanat

 

Oʻzbekiston xalq shoiri, Oliy Majlis Senati aʻzosi, Yozuvchilar uyushmasi Fargʻona viloyati boʻlimi rahbari, shoira Enaxon Siddiqova 13-yanvar kuni 68 yoshida vafot etdi. Shoira vafotiga qadar Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Fargʻona viloyati boʻlimi rahbari, “Qalb sadosi” haftalik gazetasining bosh muharriri vazifasida xizmat qilib kelayotgandi. 2015-yildan shu kunga qadar Oliy Majlis Senati aʻzosi edi.

 

 

Afsonaviy sirk ustasi Hakim Zaripov ham shu yilning 18-yanvar kuni 99 yoshida vafot etdi. U 80 yil davomida sirk manejida ot ustida tomosha koʻrsatib kelgan. U turli yillarda “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist”, “Oʻzbekiston xalq artisti” faxriy unvonlari, shuningdek, “Madaniyat va sanʻat fidokori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.

 

 

Yozuvchilar uyushmasi aʻzosi, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoir Oshiq Erkin — Erkin Madrahimov 86 yoshida vafot etdi. Shoirning 30 ga yaqin badiiy va publitsistik kitobi nashr etilgan boʻlib, uning ijodiy faoliyati mustaqillik yillarida yuqori baholanib, 1997-yilda “Shuhrat” medali, 2003-yilda Qoraqalpogʻiston Joʻqorgʻi kengashining qaroriga binoan Qoraqalpogʻiston respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, 2012-yilda esa Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi unvoni bilan taqdirlangan.

 

 

2023-yilning 5-martga oʻtar kechasi ijtimoiy tarmoqlar taʻziya postlariga toʻlib-toshdi. Gap shundaki, MittiVine taxallusi bilan ijod qilib kelgan taniqli vayner va bloger Farhod Mannopov 27 yoshida vafot etdi. Vayner suzish chogʻida boshidan jarohat olgan hamda operatsiya qilingan, ammo u komaga tushib, oʻziga kelmagan.

 

 

Shundan soʻng, Mannopovni operatsiya qilgan Star Med markazi tekshiruvlar davom etayotgani sababli faoliyatini vaqtincha toʻxtatdi. Uzoq jarayondan soʻng 2-iyun kuni boʻlib oʻtgan sudda Star Med Center klinikasining tibbiy faoliyat bilan shugʻullanishi uchun berilgan litsenziyasi bekor qilingan.

 

Yana 5-mart, xuddi shu kuni “Nuroniy” gazetasi bosh muharriri Shuhrat Dehqonov ham 52 yoshida vafot etdi. Jurnalistning oʻlimga davomli qand kasalligi sabab boʻlgan. Dehqonov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, turli jamoat tashkilotlarida masʻul lavozimlarda faoliyat yuritgan. Muhriddin Xoliqovning bir qancha mashhur qoʻshiqlari, jumladan, “Pariroʻy sanamlar” sheʻri muallifidir.

 

 

Joriy yilning 8-mart kuni jurnalist va shoir Akmal Toshev 37 yoshida vafot etdi. Marhum shu kungacha “Inson va qonun” gazetasi hamda “Huquq va burch” jurnali birlashgan tahririyatida bosh mutaxassis vazifasida ishlab kelayotgandi. Uning “Mohiyat lahzalari”, “Farishtali kunlar” nomli sheʻriy toʻplamlari nashr etilgan.

 

 

Aprel oyi taniqli jurnalist, siyosiy dasturlar muallifi Sohibjon Alijonov 55 yoshida vafoti bilan boshlandi. Faoliyatini “Yoshlar” teleradiokanali “Davr” axborot dasturlari muharririyatida oddiy muharrirlikdan boshlagan jurnalist 2019-yildan vafotiga qadar Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasini “Axborot-tahlil multimedia markazi” davlat muassasasining direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi.

 

 

8-aprel kuni Oʻzbekiston ahli yana bir katta yoʻqotishni boshdan kechirdi. Oʻzbekiston xalq artisti, aktyor Murod Rajabov uzoq davom etgan qand kasalligidan soʻng 74 yoshida vafot etdi. “Olovli sohil” filmidagi kichik roli bilan sanʻat olamiga kirib kelgan aktyor faoliyati davomida “Ajoyib xayolparast”, “Toʻylar muborak”, “Olovli yoʻllar”, “Tangalik bolalar”, “Temir xotin”, “Temir erkak”, “Kichkina tabib”, “Shaytanat”, “Sarvinoz”, “Ulfatlar”, “Super kelinchak”, “Sevginator” singari yuzlab filmlarda suratga tushgan. Shuningdek u Rajabov “Pari momo”, “Ulfatlar”, “Anora”, “Ulfatlar-2”, “Bir kelib keting qishlogʻimizga”, “Ulfatlar-3 yoxud ulfatlar Tailandda” filmlariga rejissyorlik qilgan.

 

 

Oʻzbek balet sanʻatining yetuk iste’dod egalaridan biri, Oʻzbekiston xalq artisti Guli Hamrayeva 76 yoshda vafot etdi. Barchaga maʻlumki, u Oʻzbekiston xalq artisti Razzoq Hamroyevning qizi. Balerinaning “Baxchasaroy fontani”, “Don Kixot”, “Esmeralda”, “Dilorom”, “Amulet lyubvi”, “Spartak” va boshqa koʻplab spektakllardagi yetakchi partiyalari milliy balet xazinasidan munosib oʻrin egallagan.

 

 

Oʻzbekiston xalq shoiri Oydin Hojiyeva 13-may kuni 81 yoshida vafot etdi. U faoliyati davomida “Sharq yulduzi”, “Saodat”, “Gulxan” hamda “Saodat” jurnallarida turli lavozimlarda ishlagan. Shoiraning 20 ga yaqin ortiq sheʻriy kitoblari nashr qilingan. Oydin Hojiyeva taniqli adabiyotshunos, Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov bilan turmush qurgan.

 

 

Raqqosa, oʻzbek raqs san’atida oʻz maktabini yaratgan Oʻzbekiston xalq artisti Qizlarxon Doʻstmuhammedova 77 yoshida vafot etdi. U “Oʻzbekiston” teatr-studiyasi solisti, Toshkent davlat madaniyat instituti, “Xalq musiqasi” kafedrasi oʻqituvchisi, xalqaro “Oltin meros” xayriya jamgʻarmasi qoshidagi milliy mumtoz raqs dastasining bosh badiiy rahbari sifatida ishlagan.

 

 

“Yoshlar” telekanalining “Yangi davr” dasturi boshlovchisi, jurnalist Nozima Mahmudova 26-may kuni 31 yoshida vafot etdi. Vafotiga qadar qadar Qishloq xoʻjaligi vazirligi media markazi va “Yoshlar” telekanalida faoliyat olib borayotgan edi.

 

 

Oʻzbekiston xalq artisti Tolib Karimov 19-iyul kuni 83 yoshida vafot etdi. U teatrda “Qutlugʻ qon”, “Boy ila xizmatchi”, “Shoh Edip”, “Mirzo Ulugʻbek”, “Alisher Navoiy”, “Sohibqiron Temur”, “Yetti faryod”, “Bir koshona siri” kabi yuzlab spektakllarda turli darajadagi rollarni ijro etgan.

 

 

Yozuvchilar uyushmasi aʻzosi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi Luqmon Boʻrixon 58 yoshida vafot etdi. Yozuvchining “Yalangoyoq”, “Sirli muallim”, “Xizr koʻrgan yigit” singari hikoya va qissalar toʻplamlari nashr etilgan. Shuningdek yozuvchi “Jaziramadagi odamlar” romanini ham nashr etgan. U “Shuhrat” medali sohibi sanaladi.

 

 

Oʻzbekiston xalq artisti Nuriddin Hamroqulov 77 yoshida vafot etdi. San’atkorning repertuaridan “Samarqand ushshogʻi”, “Toshkent irogʻi” singari koʻplab mumtoz qoʻshiqlardan tortib, “Talqinroz”, “Oqqush” singari oʻnlab bastakorlik qoʻshiqlari ham oʻrin olgan. Ayniqsa, uning “Olamni asrang”, “Raʻno”, “Soy koʻrdim”, “Shirinliging”, “Kuldi bahorim”, “Turnalar”, “Ajab sirlar” kabi qoʻshiqlari xalqimiz orasida mashhur.

 

 

1-sentyabr kuni Oʻzbekiston va Tojikiston xalq artisti, bebaho ovoz sohibi Sherali Joʻrayev hayotdan koʻz yumdi. U mehnat faoliyatini 1972-yilda “Shodlik” ashula va raqs ansamblida xonanda sifatida boshlagan. Sanʻatkor uzoq yillar davomida turli filarmoniyalarda faoliyat yuritgan. Vafotiga qadar esa “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi xonandasi sifatida samarali ijod qilib kelgan. Uning “Oʻzbegim”, “Parijon”, “Birinchi muhabbatim”, “Bandaman” kabi qoʻshiqlarini yosh-u qari xirgoyi qiladi.

 

 

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan san’at arbobi, kinorejissor Xayrulla Joʻrayev 78 yoshida vafot etdi. Ijodkor prezident devonida masʻul xodim, Davlat kinokompaniyasining raisi, prezidentning davlat maslahatchisi, madaniyat ishlari vaziri sifatida ham ishlagan. Xayrulla Joʻrayev “Ahmatovlar oilasi”, “Abdumannon Umarov”, “Abdulla Qodiriy”, “Hamid Olimjon” kabi qisqa metrajli, “Fuqaro”, “Barcha fazilatlar senda mujassam”, “Afgʻoniston, 85-yil kuzi”, “Ikki million tanish chehra” kabi toʻla metrajli filmlar yaratgan.

 

 

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, suxandon Oʻtkir Siddiqov 20-noyabr kuni 78 yoshida vafot etdi. Ijodkor faoliyatini 1968-yilda “Shodlik” ashula va raqs ansamblidan boshlagan. Oʻtkir Siddikov konsert dasturlarida mumtoz adabiyot vakillarining sheʻr va gʻazallarini, zamondosh shoirlar asarlaridan namunalarni ijro etgan.

 

 

21-noyabr kuni Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, askiya sanʻati ustasi Mamasidiq Sherayev olamdan oʻtdi. U Jizzax, Fargʻona teatrlarida aktyor, qiziqchi boʻlib xizmat qilgan. Margʻilonda askiyachilik maktablari faoliyatini boshqargan. U 2020-yildan hozirgi vaqtgacha Margʻilon shahrida musiqali maqom teatrining oliy toifali drama artisti sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi.

 

 

Sport

 

2023-yil 7-may kuni taniqli oʻzbek futbolchisi va murabbiyi Viktor Jalilov 71 yoshida vafot etdi. U futbolchi sifatida “Paxtakor” va Namanganning “Tekstilchi” jamoalarida oʻynagan. U faoliyati davomida, Qashqadaryoning “Mashʻal” va Samarqandning “Dinamo” klublarida ham ishlagan, 2015-yilda Oʻzbekiston U-22 jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlangan. U 2 karra Oʻzbekiston chempioni, 3 karra kumush, 4 karra bronza medali sovrindori, 4 karra Oʻzbekiston kubogi sohibi hisoblanadi. 3 marotaba Oʻzbekistonda yilning eng yaxshi murabbiyi deb tan olingan.

 

 

23-may kuni taniqli qilichboz, Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi bosh hakami, xalqaro toifadagi hakam Aida Xasanova 39 yoshida vafot etdi. Sportchi koʻp karra Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo chempioni, 2005-yilda Angliyada oʻtkazilgan xalqaro turnir oltin medali sovrindori. 2014-yilda u uch turdagi qurollardan foydalangan holda qilichbozlik boʻyicha Oʻzbekiston tarixidagi birinchi xalqaro hakam boʻlgan. U Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi (FIE) hakami boʻlib ishlagan. 2015-yilda ilk bor jahon va Osiyo chempionatlarining final bosqichida oʻzbekistonlik hakam sifatida ishtirok etdi. 2019-yilgi Olimpiada oʻyinlarida ishtirok etadigan Oʻzbekiston va Markaziy Osiyodan birinchi hakam etib saylandi. Ushbu oʻyinlarda u Osiyoni himoya qiladigan yagona ayol qilichbozlik hakami edi.

 

 

Siyosat

 

2023-yilning fevral oyida Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi, senator Baxtiyor Sayfullayev 72 yoshida vafot etdi. Uning amaldorlik davri 2005-yildan boshlangan. Shu yili Sayfullayev Madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimiga tayinlangan, 2012-yildan Oʻzbekiston davlat sanʻat va madaniyat instituti rektori lavozimida ishlay boshlagan, 2017-yil avgustida esa Madaniyat vazirligiga rahbar boʻlgan. 2020-yil prezident farmoni bilan senator etib tayinlangan hamda keyinchalik Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi sifatida ish boshlagan.

 

 

Namangan shahri Davlatobod tumani hokimning innovatsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Abdurasul Qayumov vafot etdi. Maʻlum qilinishicha, u nafas yetishmovchiligi sababli Respublika koʻp tarmoqli shoshilinch tibbiy yordam markazi Namangan filialida vafot etgan.

 

 

17-mart kuni Xorazm viloyati Gurlan tumani hokimi oʻrinbosari Umidjon Jumagaldiyev baxtsiz voqea oqibatida vafot etdi. Maʻlum boʻlishicha, u tuman investitsiyalar, sanoat va savdo boʻlimi boshligʻi sifatida faoliyat yuritib kelgan. Jumagaldiyev vafotiga yoʻl-transport hodisasiga uchragani sabab boʻlgan. U 2021-yilda tuman hokimi oʻrinbosari etib tayinlangan.

 

 

Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasi Harbiy-ilmiy va amaliy rivojlantirish markazi katta ilmiy xodimi, iste’fodagi general-mayor, harbiy fanlar nomzodi, professor Aleksandr Shishlyannikov ogʻir kasallikdan keyin 15-sentabr kuni 73 yoshida vafot etdi. U faoliyati davomida Chexoslovakiyadagi Markaziy harbiy qoʻmondonlik va Germaniyadagi Gʻarbiy harbiy qoʻmondonlik boʻlinmalarida xizmat qilgan. 1993−1995-yillarda Tojikiston mudofaa vaziri lavozimida ishlagan.

 

 

Davlat va jamoat arbobi, Namangan viloyatining sobiq hokimi Toʻlqin Jabborov ogʻir xastalikdan soʻng 73 yoshida vafot etdi. 1996−2004-yillarda Namangan viloyati hokimi lavozimida ish yuritgan. 2000−2005-yillarda Oliy Majlis deputati boʻlgan.

 

 

Davlat va jamoat arbobi Nazir Rajabov 84 yoshida vafot etdi. U 1978−1984-yillarda Oʻzbekiston SSR qurilish vaziri lavozimida ishlagan. 1984−1987-yillarda Namangan viloyatini, 1987−1988-yillarda esa Samarqand viloyatini boshqargan.

 

 

20-oktabr kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinati konlaridan birining ekskavator mashinisti, mehnat faxriysi, Oʻzbekiston Qahramoni Jonsaid Turdiyev 69 yoshida vafot etdi. U qariyb oʻttiz yil mobaynida “Qolmaqir” konida xizmat qilgan, koʻplab shogirdlar tayyorlab, togʻ-kon sanoati rivoji yoʻlida ishlagan. 1998-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” oliy unvoni hamda “Oltin yulduz” medali bilan mukofotlangan.

 

 

Fan

 

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Habibulla Akbarov 8-aprel kuni 87 yoshida vafot etdi. Habibulla Akbarov fan arbobi, geologiya sohasida yirik olim hisoblanadi.

 

 

Tarix fanlari doktori, faxriy jurnalist Qudrat Irnazarov 73 yoshida vafot etdi. Turli yillarda gazeta muxbiri, tarix kafedrasi oʻqituvchisi, mudiri, Milliy universitetda dekan kabi lavozimlarda faoliyat yuritgan. 2019-yildan buyon Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Ijtimoiy va gumanitar fanlar kafedrasi professori, keyinroq Jamoatchilik bilan aloqalar va reklama kafedrasi professori sifatida ishlab kelayotgandi.

 

 

17-sentabr kuni adabiyotshunos olim va akademik Naim Karimov vafot etdi. U ilmiy izlanishlari, asosan, XX asr oʻzbek adabiyotini oʻrganish, jadid adiblari — Choʻlpon, Fitrat, Hamza ijodi bilan bogʻliq. 1999-yilda Naim Karimov qatagʻon qurbonlari xotirasini abadiylashtirish boʻyicha jamoat komissiyasiga rahbarlik qilgan. Olim Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi bosh tahririyati aʻzosi hisoblanadi. Naim Karimov 1996-yilda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi faxriy unvoni, “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.

 

 

3-oktabr kuni fizikaviy elektronika sohasidagi yirik olim, fizika-matematika fanlari doktori, professor, Fanlar akademiyasi akademigi Nazar Toʻrayev 85 yoshida vafot etdi. Shuningdek, Nazar Toʻrayev jamoat ishlarida ham faol ishtirok etgan. 1990−1995-yillarda mamlakat parlamenti deputati boʻlgan.

 

 

Inobat AHATOVA,

Oyina.uz

 

O'xshash maqolalar:

 

Yil yoʻqotishlari – 2022-yilda vafot etgan taniqli oʻzbekistonliklar

 

2021-yil yoʻqotishlari

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Vatandosh

15:06 / 19.06.2024 0 741
Nobel qoʻmitasidan xat olgan oʻzbek olimi

Jarayon

20:06 / 14.06.2024 0 2413
Hamster Kombat oʻynaganni pul kutadimi yoki qamoq?

Adabiyot

17:06 / 14.06.2024 0 264
Taraqqiyot uchun nimalarni o‘zgartirishimiz kerak?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19771
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17321
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//