To‘y egalarining 25 foizi qarzga kiradi – O‘zbekistonliklar nega dabdabali to‘y qilayotgani o‘rganildi


Saqlash
18:54 / 11.07.2025 116 0

Joriy yilning 19-iyun-3-iyul davri oraligʻida “Yuksalish” harakati aholi oʻrtasida “Oʻzbekistonda toʻylar” mavzusida soʻrovnoma oʻtkazib, natijalar asosida tahliliy hisobot tayyorladi.

 

Soʻrovnomada Respublikaning har bir hududidan ishtirok etgan 1243 nafar qatnashchilarning 34,3 foizini 18-30 , 35,5 foizini 30-45, 30,2 foizini boʻlsa 50 va undan yuqori yoshdagilar tashkil etgan. Respondentlarning aksariyati turmush qurgan boʻlib, bu ularning toʻy anʼanalari va xarajatlari mavzusidan bevosita xabardor ekanligini koʻrsatadi.

 

Dastlabki savollar natijasi toʻy xarajatlari va daromadlar nomutanosibligini koʻrsatgan. Respondentlarning aksariyati (81,24%), ayniqsa, viloyatlarda yashovchilar oilasining oʻrtacha daromadi 5 milliondan 12 million soʻmgachaligini bildirgan. Toʻyga sarflangan yoki sarflanishi reja qilingan mablagʻ miqdori boʻlsa 31,28 foiz ishtirokchi tomonidan 30 million soʻmgacha miqdorda koʻrsatilgan. 23,98% ishtirokchi 50 million soʻmgacha, 15,72 foiz ishtirokchi 70 million soʻmgacha, 15,88% respondent 100 million soʻmgacha va yana 9,62 foizi 100 million soʻmdan ortiq mablagʻ sarflamoqchi ekanini yoki sarflaganini koʻrsatgan.

 

Ahamiyatlisi shundaki, aksariyat ishtirokchilar moliyalashtirish manbasi sifatida oʻz daromadi yoki jamgʻarmalarini emas, qarz (25,1%) va yaqinlardan keladigan yordamga (55,17%) tayangan. 14,11% ishtirokchi oʻz daromadi yetarli ekanini bildirsa, 5,62% respondent javob bermagan ushbu natijalarga koʻra, Yuksalish harakati toʻyni koʻplab oilalar uchun ulkan moliyaviy yuk deya baholagan.

 

Respondentlarga koʻra, xarajatlarni harakatlantiruvchi asosiy omil ijtimoiy va ota-ona tomonidan boʻlgan bosim sanaladi. Ularning 46,15 nafari toʻyga katta xarajat qilishiga “Elga toʻy berishimiz kerak” degan variantni sabab sifatida koʻrsatgan. 31,36 foiz ishtirokchi bu yoshlarning orzu-havasi bilan bogʻliqligini, yana 29,03% ota-onaning orzu havasi ekanini bildirgan. “Quda tomon talabi” degan variant boʻlsa 16,6 foiz respondent tomonidan qoʻllab-quvvatlangan.

 

Ishtirokchilarga ideal toʻy formati sifatida turli variantlar berilganida javoblar quyidagicha boʻlgan:

 

  • - Oʻrtamiyona, yaqin qarindoshlar va doʻstlar davrasida: 494 nafar ishtirokchi
  • - Toʻy shakli muhim emas, yoshlar baxtli boʻlsa bas: 143 nafar ishtirokchi
  • - Kamtarona, katta ziyofatsiz marosim, toʻy sayohati yoki kelajak uchun investitsiya: 225 nafar ishtirokchi
  • - Kamtarona, katta ziyofatsiz marosim: 176 nafar ishtirokchi
  • - Hashamatli, mehmonlar bilan gavjum: 83 nafar ishtirokchi

 

Hashamatli toʻy gʻoyasiga qarshi aksariyat respondentlar dabdabali toʻyni keraksiz stress va qarzlarga sabab deb baholagan. Mablagʻ sarflanganlaridan afsuslanishlarini bildirganlar — respondentlarning 44,51% ini tashkil etadi. Bundan koʻrinadiki, jamiyat ortiqcha sarfni xohlamaydi, biroq majbur boʻlmoqda.

 

Respondentlar tanlov imkoni boʻlsa, dabdabali toʻy oʻrniga mablagʻlarini mantiqliroq yoʻnalishlarga, xususan, taʼlim (38,94%), uy-joy xaridi (34,54%), sayohat (30,77%), sogʻliqni tiklash (30,45%) yoki biznesga sarmoyani (27,72%) sarflashini bildirgan.

 

Soʻrovnomada shuningdek, jamiyatni qisman boʻlsa-da fikrini oʻrganish maqsadida, respondent hududida toʻy xarajatlariga munosabatni oʻzgartirish borasida takliflar soʻralgan. Ishtirokchilar maʼmuriy chora koʻrish, targʻibot va tashviqot ishlarini oʻtkazish hamda moliyaviy savodxonlikni oshirishni yechim sifatida koʻrsatgan. Demakki, ijtimoiy ongda muqobil yondashuvlar uchun tayyorlik bor. Anʻanalarni boʻlsa qayta koʻrib chiqishga ehtiyoj sezilmoqda.

 

Biroq hech qanday oʻzgarishga ehtiyoj yoʻq, deb biladigan (7,14%) qatlam ham yoʻq emas.

 

Soʻrovnoma asosidagi umumiy xulosalar sifatida quyidagilar sanab oʻtiladi:

 

  1. Oʻzbekistondagi zamonaviy toʻy xarajatlari koʻplab oilalarni qarzga botirayotgan boʻlib, bu ularning turmushni boshlash imkoniyatlariga salbiy taʻsir koʻrsatmoqda.
  2. Isrofgarchilikning asosiy sababi shaxsiy istaklar emas, balki ijtimoiy bosim, “koʻz-koʻz qilish” madaniyati va katta avlodning kutishlari hisoblanadi.
  3. Jamiyatda ratsional fikrlash (xarajatlarni kamaytirish zarurati) bilan anʻanaviy irratsional xatti-harakatlar (odamlar nima deydi degan qoʻrquv) oʻrtasida ichki ziddiyat mavjud.
  4. Koʻpchilik aholining fikricha, toʻy marosimlarini soddalashtirish, hajmini kamaytirish va ortiqcha odatlardan voz kechish zarur va qoʻllab-quvvatlanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Jarayon

17:07 / 11.07.2025 0 69
Qanday qilib arzonroq sayohat qilish mumkin?

Vatandosh

13:07 / 11.07.2025 0 154
Tomchi effekti – ikki doʻstni oʻzgartirgan sayohat





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//