
O‘zimizga uy olib, ko‘chib chiqqunimizcha sakkiz joyda ijarada yashabmiz. Lekin nolishga haqqim yo‘q. Doim ijara uylarda tekinga turganmiz. Biri chala qurilgan, biri tashlab ketilgan, boshqasiga tekin qorovul kerak bo‘lgan uylar edi. Gapning ochig‘i, o‘sha kezlar sharoiti yaxshi uyga ijara haqini to‘lashga qurbimiz yetmas edi.
Faqat bir marta pulini to‘lab ijarada turdik. Uyning egasi choli bilan ahil yashaydigan bir kampir bo‘lib, doim odmi, rangi uniqqan ko‘ylak kiyib yurardi. Poyabzali ham urfdan qolgan edi. Bular ikkovi ham oliy ma’lumotli, ishi, topish-tutishi tuzukkina bo‘lsa ham kamtar yashab, kamtar kiyinib, yengilgina ovqatlanardi. Men esa o‘sha paytlar qimmat restoranlarda ovqatlanishni, brend kiyimlar kiyishni orzu qiladigan va baxtni ana shularda deb biladigan yoshda edim. Shuning uchun kampir va uning choli ko‘zimga xasis, o‘zini yaxshi ko‘rmaydigan insonlar bo‘lib ko‘ringan. To‘g‘rirog‘i, ular turmush tarzining mohiyatini anglamaganman.
Bugun-chi? Hamma “xarid qil, ko‘proq iste’mol qil” deya jar solish bilan ovora. Reklamalar, blogerlar, hatto do‘st-u yorlar ham go‘yo bir-birining havasini keltirish, hasadini uyg‘otish uchun poyga o‘ynayotgandek. Yangi gadjetlar, yangi urfdagi kiyimlar, qimmat restoranlar... Yana ziyofat va gashtaklar. Agar hayotning shu chambaragida aylanmasangiz, zamondan ortda qolib ketasiz go‘yo.
Ha, ko‘p topib, ko‘p sarflashni orzu qilgan paytlarim bo‘lgan. Ammo vaqt o‘tib tejamkorlik degani kambag‘allik yoki xasislik emas, inson o‘zini, hayotni, atrofdagilarni tushunishi uchun bir imkoniyat ekanini angladim. Kamxarj bo‘lib yashash hayotni yengillashtiradigan bir ne’mat ekan aslida. Hozir bu fikrni hamma birday qabul qilavermaydi.
To‘qchilik va yo‘qchilikni ko‘rgan ayolman. Hamma narsa yetarli hozirgi kunimda huv o‘sha yuz gramm arzon sorimoy, xashaki choy olgan paytlarimni eslayman. O‘shanda to‘kinchilik kunlari kelishini entikib kutardim. Ammo to‘kinlik men o‘ylaganday zavq-shavq bilan baxtli yashashga asos bo‘la olmas ekan. Odamning bir burda qotgan non, bir piyola muzday suv bilan ham baxtli bo‘lishi mumkinligini tushunishim uchun ancha vaqt kerak bo‘ldi. Odam o‘zining moddiyatdan ustun ekanini bilgach, o‘zini baxtli his qila boshlarkan.
Tejamkorlik xarajatni kamaytirishgina emas. Bu – ongli tanlov. Har bir tiyin qayerga ketayotganini bilish, har bir xarid haqida o‘ylash va, eng muhimi, haqiqiy ehtiyojni orzu-istakdan ajrata bilishdir.
Tejamkorlik bilan yashash tarzini tanlagan kunimdan hayotimdagi har bir “yo‘q” boshqa bir “ha” bilan o‘rin almashdi. Masalan, yangi kiyim va poyabzallarga yo‘q desam, yaqinlarim, farzandlarim bilan sayohatga ha deyman. Qimmat kosmetikaga yo‘q desam, ehtiyojmand odamga sovg‘a olishga ha deyman.
Yaqinda bir dugonamning uyiga mehmonga bordim. Oshxonasidagi tuppa-tuzuk qozonlarni tashlab yubormoqchi bo‘lib turgan ekan. “Shoshma, – dedim unga, – senga bularning nimasi yoqmayapti? Hali yap-yangi-ku. Sen shunchaki reklamalarga aldanayapsan. Didro falsafasi haqida eshitmaganmisan?”
Keyin unga XVIII asrda yashagan fransuz faylasufi Deni Didro eski xalatini tashlab yuborganiga afsuslanib, bitik yozib qoldirgani haqida gapirib berdim.
Bir kuni Didroga chiroyli qizil xalat sovg‘a qilishadi. Yangi xalat shkafdagi eski buyumlarga yarashmaydi. Didro shu xalatning rangiga moslab uyidagi mebellar – stol va divanni, keyin gilamni, hatto devorga osilgan rasmlarni almashtira boshlaydi. Qarasa, bu ishning oxiri ko‘rinmaydigan. Shunda u o‘ziga o‘zi aytadi: “Eski xalatimning egasi edim, yangi xalatning quliga aylandim! Eski xalatimni tashlab yuborganimdan afsusdaman”.
– Pul ishlatish uchun topiladi deb o‘ylaysan, – dedim dugonamga. – To‘g‘ri, pulni sarflash uchun topamiz, ammo sarf me’yordan oshib ketsa, maqsadlarimizdan chalg‘iymiz. Hayotimizdagi ortiqcha an’analardan xalos bo‘lish baxtni topishga yordam beradi. Bu minimalistcha yashash deyiladi.
Minimalist turmush tarzi keraksiz narsalarni sotib olmaslikni o‘rgatadi. Biror buyum sotib olishdan avval minimalist o‘zidan so‘raydi: bu haqiqatan menga kerakmi? Minimalistning ko‘proq pulga ega bo‘lish imkoni bor. U kam sarflaydi, demak, zaxirada ham puli bor, ya’ni u moliyaviy stressdan ham xoli. Chunki foydasiz narsalarni sotib olishdan qutulgan. Hatto minimalist uyni tozalashga ham kam vaqt sarflaydi. Tadqiqotlarga ko‘ra bir amerikalik xonadonini tozalash uchun oyiga kamida 24 soat vaqt ajratishi kerak. Agar odam ozroq narsaga ega bo‘lsa, tozalashga ham ozroq vaqt ketadi. Ortgan vaqtni boshqa muhim yumushlarga sarflashi mumkin. Dang‘illama uyni to‘ldirish uchun ko‘p buyum xarid qilish kerak. Tabiiyki, bu xonalarni tozalashga ham ko‘p vaqt va kuch ketadi. Bu mantiqqa zid, ya’ni o‘zimizga o‘zimiz noqulaylik yaratamiz. Mutaxassislar ortiqcha narsalar yuqori qon bosimi, ziqlik, uyqu va ovqatlanishdagi o‘zgarishlar, bosh og‘rig‘i, charchoq, ovqat hazmi muammolarini keltirib chiqarishini allaqachon aniqlagan.
Minimalist bo‘lish ona zaminga ham yordam beradi. Kamroq narsaga ega bo‘lish orqali chiqindi va chiqindixonalar kamayishiga hissa qo‘shadi.
O‘zingdan so‘ra: nima muhim – miqdormi yo sifat?
Gapiraverdim, gapiraverdim. Dugonam esa jim eshitdi. Keyin “ha-a-a” dedi cho‘zib jaydarichasiga.
Oradan oylar o‘tib, yana shu mavzudan gap ochildi: “O‘sha gaplaringdan keyin o‘ylanib qoldim, – dedi dugonam. – Reklamaning ortidan ergashib yurgan ekanman. Qo‘limdagi narsani qadrlash o‘rniga, yangisini istabman. Endi xariddan oldin “Menga rostdan kerakmi bu?” deb o‘ylab ko‘raman”.
Bir paytlar yo‘qchilikda topishgan dugonalarim atrofimda yana paydo bo‘ldi. Oradan yigirma yilcha vaqt o‘tibdi. Biz bir-birimizni yo‘qotib qo‘ygandik. Hamma bola-chaqa tashvishi bilan ovora bo‘lib ketgan edi. Hammamiz avval o‘qidik, ishladik, yo‘qchilikni ko‘rdik, oxiri to‘kinlikka erishdik. Bir-birovdan uzilish sababi moddiy to‘kinlik tashvishi bo‘lgan ochig‘i. Vaqtlar o‘tib, bugun hammamiz bunaqa hayot bizga kerak emasligini anglab yetdik. Xuddi ilgarigi yo‘qchilik davrlaridagidek yana birlashdik. Aytsak, birov ishonmaydi, hozir hech birimizga to‘kin hayot qiziq emas.
– Yangi kiyimga, yangi idish-tovoqqa qiziqmay qo‘ydim, – degan edi Komila opa bir suhbatimizda. – Onam rahmatli yosh o‘tib ketdi. Idish-tovog‘ining sanog‘i yo‘q edi. Qayerlarda qolib ketdi ular, ochig‘i, bilmayman. Dunyo yig‘ishga imkon topgan onam sog‘lig‘i uchun pul topolmadi. Hozir daromadim yaxshi. Yolg‘iz boshim bilan farzand tarbiyaladim. Bir-ikki so‘m topsam, bozorga chopmayman, qiynalib qolgan biror odamga yoki oilaga yordam berishga harakat qilaman. So‘nggi urfdagi idish-tovoq, kiyim-kechak, qimmat restoranlar huzur bermay qo‘ygan. Aksincha, kimgadir yordamim tegsa, quvonaman. Qachonlardir katta uy qurish orzum bo‘lgan. O‘zimcha qimmat do‘konlardan mebel, zamonaviy texnika, pardalar sotib olishni rejalashtirganman. Endi o‘ylab ko‘rsam, uy emas, balki halovat topadigan bir maskan kerak ekan kishiga. Tinchlik va samimiylik bor joy.
Ko‘proq narsaga ega bo‘lishga emas, yaxshiroq yashashga harakat qilaman. Yaxshiroq degani moddiyat bilan bog‘liq emas. Kamroq tashvish, ko‘proq xotirjamlik. Oylar o‘tdi, qarasam, kam narsa bilan yashash osonroq. Hatto qulay.
Ha, bu oson emas. Isrofni cheklash uchun inson o‘z nafsi bilan do‘stlashishi kerak ekan. Shunday yashashni tanladim-u, havoyi orzu-havaslar ustidan ham g‘alaba qozondim.
Yaqinda bir ayolni uchratdim. Qo‘lida eski sumka, ammo yuzida xotirjamlik balqib turibdi. Ayol har oy bankka kelib ketadi. Demak, omonatga pul qo‘yadi. Bu toifa odamlar yemay-ichmay pul yig‘ib, yana ko‘paytirish dardida yuradi. Axir bu xasislik-ku! Uning bu ishini oqlab bo‘lmaydi deb o‘yladim.
Ayol chindan ham omonatga pul qo‘yarkan. Ammo haqiqiy vaziyat o‘ylaganimday bo‘lib chiqmadi. U yig‘ilgan pullarini saraton kasalligi bilan kurashayotgan bolalarga berarkan.
Bir safar o‘sha ayolni uchratganimda gapga soldim. Tanishib oldik. Ismi Nafisa ekan.
– Hozir internetda pul so‘rayotganlar tiqilib yotibdi, – dedi u xuddi ayb ish qilgan odamday xijolat chekib. – Ularga ko‘pam ishonavermayman. Kasalxonada esa chin bemorlar bor. Har safar ularni ko‘rsam, pul hayotimdagi eng ahamiyatsiz narsaga aylanadi.
Ayol boy emas edi. Shunchaki, hayotdan ko‘p narsa talab qilmaydi. Ko‘zlarida qanoat bor. Ba’zilar uchun ehson – sarf, birovlar uchun – baxt, huzur. Bunday kishilar pulni o‘zini xursand qilishga emas, boshqalarni shod etish uchun tejaydi. Ular o‘zlariga kam istab, o‘zgalarga ko‘p baxt ulashadi. So‘nggi urfdagi sumkalar esa tez unutiladi. Chunki modalar ham, narxlar ham, dunyo ham doim o‘zgarib turadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazilgan so‘rovda bir ayol 400-500 dollarga kiyinaman, o‘zimga pulni sira ayamayman deb javob yozibdi. Kimdir hayotning o‘tkinchi ekanini aytib, ko‘ngli tusagan narsaga pul sochar. Ularga kiyim qanchalik go‘zal bo‘lsa, ruh shunchalik shod, hayot shunchalik go‘zal bo‘lib ko‘rinar. Bunday qarashlarda ham jon bordir, ammo oddiygina chit ko‘ylak kiygan, qalbi mehr va bag‘rikenglikka to‘la Nafisa opa kabi insonlar buni qabul qilolmaydi. Ularning har bir harakati, har bir so‘zida beg‘araz muhabbat va fidoyilik balqib turadi. Qalban boy odamlar hech qachon arzon kiyimda o‘zlarini kamsitilgandek his qilmaydi. Ularga qimmat kiyim emas, oliyjanoblik muhim. Ular uchun o‘zini sevish nafaqat o‘zini, balki atrofdagilarni ham qadrlash, dardiga sherik bo‘lish, yaxshilik ulashishdir. Ular ozgina narsa bilan ham baxtli bo‘lish mumkinligini teran anglaydi.
Barno SULTONOVA
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 2-son.
“Egalikmi yo qullik” maqolasi
Mafkura
Jarayon
Jarayon
Vatandosh
Jarayon
Jarayon
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q