Tomchi effekti – ikki doʻstni oʻzgartirgan sayohat


Saqlash
13:21 / 11.07.2025 369 0

Tun yarmidan oshganda uyqu elita boshladi. Doʻstimning maroq bilan soʻzlashi, necha yillik diydor sogʻinchi ham qarshilik qila olmayapti. Bir-ikki mulgib ketgandim, doʻstim qoʻlimdan tutib tashqariga yetakladi.

Yoz oqshomi. Qur-qur, hur-hurlar... quloqqa chalinadi. Osmonda tilla tariqday sochilib yotgan charogʻon yulduzlar koʻngildagi umid uchqunlariga oʻxshaydi.

– Esingdami, yigirma yillar avval shu mahallar bizni rosa kaltaklaganding, – dedi u toʻsatdan.

Xijolatdan oʻzimni unutganga solaman.

– Oʻshanda abituriyent edik, sen aʼlochisan. Bizning kitobga tobimiz yoʻq. Imtihonlarga tayyorlanishga kelgandik. Uxlab qolgan mahalimiz tashqaridan katta, tikanakli tayoq olib kelib, rosa savalagansan. Hech esimdan chiqmaydi. Gʻaflat bossa goʻyo ustimga bostirib kelayotgandek tuyulasan, – oʻychan soʻzlayotgan doʻstimga nima deyishni bilmay kalovlanaman.

– Qoʻysang-chi, uyaltirma, bolalik qilganman-da, – yuzim qiziy boshlaydi.

– Xijolat boʻlma, juda toʻgʻri ish boʻlgan. Maqsaddan chalgʻisam, kalavaning uchini yoʻqota boshlasam badanimda oʻsha ogʻriqlar simillay boshlaydi. Sendan bir umr minnatdorman.

Samimiyat bilan qoʻlimni siqib qoʻydi.

 

 

Tongotarga yaqin doʻstim safarxaltasini hozirlay boshladi.

– Nima qilyapsan? Endi miriqib uxlaylik, qishloqning havosi boshqacha. Tiniqib uygʻonasan, – yana nimanidir boshlab qolishidan choʻchiyotgandim.

– Odam doim yonidagi goʻzallikning qadriga yetmaydi. Kitob oʻqimay qoʻysak, “dunyodagi eng suluv, eng husndor, eng koʻrkli qizga uylangan yigit unga oddiy xotinga qaragandek qaraydi” deb koʻp aytarding. Kitob shunchaki qoralangan qogʻozdek koʻrinmasin derding. Yaxshi koʻrgan yozuvchingning gapi edi bu. Endi oʻzing bu togʻlarning mahobatini, xosiyatini his qilmay qoʻyibsan.

– E, shularni hali unutmadingmi?

– Istaysanmi, senga butun bolaligimizning rasimini chizib beraman. Esingda boʻlsa sevimli multigimiz boʻlardi. “Gʻaroyib sayohat” edi nomi. Tepalikka chiqishni orzu qilgan ikki doʻst – Tyuti va Top haqida. “Bir umrlik orzu... Kechir meni, doʻstim... Eh mening sevimli samovarim” – multfilmdagi bu iboralarni takrorlab yurardik. Xorijda oʻsha “tepalik”ka chiqdim, joʻra.

Ha, bu jumlalar kundalik hayotimizga qorishib ketgan, eng sevimli oʻrol gaplarimizga aylangandi. Doʻstimning favqulodda xotirasiga tan beraman. Uning “bir umrlik orzu”sini amalga oshirish uchun yegulikni zaxiralab yoʻlga tushdik.

Avval Buloqboshiga borib, muzdek chashma suvida yuz-qoʻlimizni yuvdik, qonib-qonib ichdik. Soʻlim manzara, Beshchinor orasida suratlarga tushdik. Keyin yuqorilab, qir bagʻrida oftob chiqishini tomosha qildik. Doʻstim har bir holatni kameraga muhrladi.

Qadam tashlash malol kelayotgandi, zarrin nurlar atrofga yoyilar ekan, uyqu ariy boshladi.

– Atrofning goʻzalligini nahot koʻrmayapsan? – kuladi doʻstim yana oʻsha multik qahramonining gapini eslab.

– Koʻrayapman, koʻrayapman, – qishlogʻim koʻzimga oʻzgacha tuyula boshladi.

– Aql oʻrgatyapti demagin-u, seni doimiy majburiyat ostida yashash yuki qiynab qoʻyibdi. Bir kungina hammasini unut. Bugun oʻsha mashhur Tomchiqoqqa chiqishimiz kerak. Shu haqida yana bir oz gapirib ber.

– U Oyqor togʻining eng choʻqqisida. Qoya orasidagi oʻngirda katta xarsang toshda hovuzcha paydo boʻlgan. Unga har lahzada suv tomchilab turadi. Tomchilar zarbi yillar davomida ana shu manzarani hosil qilgan. Koʻrsang bahri diling ochilib, charchoqlaring unut boʻladi, – taʼrif berarkanman oʻzim ham zavqlanishni boshladim.

– Bir umr orzu qilganman u yerga chiqishni...

– Bir umr... kechir meni, doʻstim, Tyuti, bilmagan ekanman!

Xandon otib kulib, yoʻlimizda davom etamiz. Qolib ketayotgan ishim, meni kimdir kutib turgan boʻlishi mumkinligi, yana allaqanday kundalik majburiyatlar unutiladi.

 

Tomchiqoqni qidirib

Tomchiqoqni qidirib ketarkanmiz, xayolan bolalikka, oʻquvchilik yillarimizga qaytdik. Litseyda tahsilni boshlagach, bor-yoʻgʻi ikki haftaga bardoshimiz yetdi. Keyin turli nagʻmalar topa boshladik: “Muallimimiz dars paytida uxlab oʻtiradi. Maktabimizning oʻqituvchilari ulardan yaxshiroq...”.

Koʻch-koʻronimizni koʻtarib qishloqqa qaytib borganimizda pedagoglik qon-qoniga singib ketgan otam bu kabi bahonalarimizni qabul qilmadi. Oʻqishni davom ettirishga majburladi.

Oʻshanda yangi kelinchak boʻlgan, uyqusirab oʻtiradigan ustozimiz darsimizga boshqa kirmadi. Bolalarcha roʻkachlarimiz qurboni boʻldimikan?! Vijdon azoblanadi.

 

 

Tuman markazida yashaydigan xolamnikida yashaymiz. Tanqislik zamonida ikki sinfdosh bitta xonani band qilganmiz. Uch mahal ovqat, tekin yotoq. Xolamning toʻrt bolasi oltita boʻldi. Yana toʻkis sharoit yarata olmayotganidan oʻzlarini noqulay his qilishadi.

Bir safar ishim borligini roʻkach qilib, eng qattiqqoʻl – ximiya oʻqituvchimizdan ruxsat olib, tuman markaziga chiqib kelganman. Nima qilgansan deng? Bitta non sotib olib, qornimni toʻqlaganman. Xavotirga tushib qolgandim, doʻstim oshqozon kasaliga chalingandi.

Kechasi bilan chiroqni yoqib dars qilib chiqishimiz qoʻshnilarga sezilmasligi, gap-soʻz koʻpaymasligi uchun tungi oʻndan keyin tashqariga nur yoyilmaydigan qilib derazaga zich parda qoplardik. Oʻzimizni uxlaganga solardik. Tunlar tongga ana shunday ulanardi.

Qorongʻidan choʻchiydigan odatim bor. Sinfdoshim masjidning imomi boʻlgan akasidan duo yozilgan qogʻoz olib kelib berdi.

– Shuni yodlab, aytib yursang, balo-qazoni daf qiladi.

Arabchasini oʻqiy olmasam ham tagida yozilgan kirillchasidan yodlay boshladim. Oʻrtada hafta-oʻn kun oʻtdi.

Ne tongki, bir kuni jismoniy tarbiya darsida bizni chaqirib qolishdi.

– Mana bu nima? – arab yozuvidagi varaqni koʻrsatishdi vajohat bilan. – Qayerdan olding, kimlarga targʻib qilyapsan?

– Hech kimga... yodlayotgan edim.

Muallimlar bir-birlariga maʼnoli qarashdi.

Hech narsaga tushunmay esankirab qoldim.

– Buni kimdan olding?

Doʻstim akasidan olib kelib berganini, yodlab oʻqib yursa foydali ekanini aytdim.

Ertasi kuni ota-onalarni suhbatga chaqirishdi. Ancha mehrimiz tushib qolgan litseydan badargʻa boʻlib ketishimizga bir baxya qoldi. Tuman markazidan chaqirtirilgan mutasaddilar bu varaqning qaysi kitobdan olingani, hech qanday shubhaga asos yoʻqligini isbotlab berishdi.

Shu voqea sabab doʻstim bilan ancha qadrdonlashdik. Ammo shunday toʻs-toʻpolon mahalda men bilan yashayotgan qishloqdoshim “birga turishimizni hech kim bilmasin, bitta qishloqdan boʻlsak ham seni yaxshi tanimayman” deya oʻziga oʻrgatilgan gaplarni qulogʻimga shipshidi. Koʻp oʻtmay u xolamning uyini tark etdi. Hamma ishlar oʻrniga tushdi, ammo mening koʻnglim joyiga tushmadi.

Barcha bitiruv imtihonlarida oʻtirmasdan javob berishga ahd qildim. Deyarli barchasidan “besh” baho. Oʻ-oʻ, oʻsha lahzalar bergan sururni, lazzatni sizga his qildira olsaydim. Bir umr imtihon topshirib yurishga rozi boʻlib ketardingiz.

Lekin bu lazzat menga juda katta iztirob olib keldi. Oʻsha yili talabalik baxti nasib qilmadi. Qishloqda, okopda yotib dushmanni poylagan askarday kelgusi yilgi imtihonga tayyorgarlik koʻrdim.

 

Essiz shunday “samovar”...

Mana shu “okop”da oʻtgan yil men tepalikka chiqish uchun ortmoqlagan “samovar” nima ekanini hal qilib berdi. Bunda yoshi saksondan oshib, oʻrnidan turishga majoli qolmagan momomning hissasi katta. Biz soatlab emas, kunlab suhbatlashardik. Oʻshanda yetti urugʻimiz, qarindosh-urugʻlarning shajarasini tuzib chiqqanman.

Boshidan oʻtgan voqealarning oʻzi bir romanga tatiydi. Qirq kunlik kelinchak erini armiyaga kuzatishi, oʻrtada qoraxat kelishi. Akalari urushga ketib, daraksiz boʻlgach, onasini qaramogʻiga olishi...

Norqul boboning yetti yil deganda bir oyoqsiz uyga qaytishi...

Ular umr boʻyi shukur qilib yashadi. Momom tanasida turgan sanchiqning zoʻridan ingrab yuborardi, keyin oʻzini tutib olib “bergan dardingga ham shukur” derdi pichirlab.

Umrining soʻnggi kunlari shifokor toza spirt ichishni buyurdi.

– Bolam, necha kunlik umrim bor, toza ketay, – deya unamadi.

Tabiat bilan tillashishiga haligacha aqlim yetmaydi. Devorda osigʻliq soatimiz boʻlardi. Toʻshakka mixlangan momomga u sira ham koʻrinmaydi. Lekin ertalab nechidadir uygʻotishni tayinlasangiz soat millari ayni vaqtni koʻrsatayotgan pallada chaqiradi: “Tur, bolam, vaqt boʻldi”.

Joyidan jila olmasligini bilmagan odam qayta-qayta koʻrib, vaqtida uygʻotyapti deb oʻylashi tayin. Vaqtning ichidan vaqt hosil qilishni, pulning barakasini momomdan oʻrganganman.

Bir tuni sandiqning ustidagi yuklarni tushirishga ishora qildi. Keyin uning tagidagi bir tugunchadan pul olib menga uzatdi.

– Ol, oʻgʻlim, oʻzimdan oʻzim oʻgʻirladim. Yaxshi kunlaringga ishlatasan, qoʻsha olsang qoʻsh.

Koʻzimga jiqqa yosh qalqdi.

– Yoʻq, menga kerak emas. Oʻzingiz ishlating.

– Olmasang xafa boʻlaman.

Pullarni oldim-u ichimda nimadir uzilgandek boʻldi. Xayolimda tez orada oʻlib qoladigandek.

Momom suvga non botirib yeb oʻtirarkan, baʼzida shashlik, somsa tusab qolardi koʻngli.

– Kun koʻrgan paytim hozir, qornimiz nonga toʻymasdi, – deya xijolat boʻladi aytgan gaplaridan.

Qoʻlim pul koʻrgandan keyin botirsinib, ikki six shashlik bilan bitta Jizzax somsa koʻtarib keldim. Yarmidan koʻpini oʻzim yegan boʻlsam ham momomning koʻzda yosh bilan shashlik yegani koʻz oldimdan ketmaydi.

Oʻshandan buyon chorasizlikdan chora topilgunicha, imkonsizlikdan imkon hosil boʻlgunicha sabr qilishga oʻrgandim. Buning uchun umrimning bir qismini boy berganim rost. Oʻtgan yillarim xuddi multfilmda tepalikdan dumalab ketgan samovarga oʻxshaydi.

 

 

“Tirikmisan, ur-ra-a-a...”

Doʻstim bilan oʻtgan kunlarni eslab, togʻ yoʻlining mashaqqatlarini unutayotgandik. Bizni yoshlikdagi juda koʻp voqealar bogʻlab turadi. Yigirma yildan buyon bitta vatanga sigʻmayotgan boʻlsak-da, bir vaqtlar bitta partada oʻtirganmiz.

Katta yoʻlning boshida niyatlar ezgu edi: bir oz pul topish, shahardan uy-joy qilish, qarindosh-urugʻlarning iqtisodini koʻtarish, dunyo koʻrish...

Maqsadiga bir qadar yetishdi. Buning uchun unga Janubiy Koreyada oʻtgan besh yil kifoya qildi. Iqtisodiy muammolari aridi, shahardan qoʻsha-qoʻsha uy, mashina oldi. Ammo koʻngil qurgʻur toʻlmadi, Koreyadan soʻng Amerika orzusiga tushdi. “Sehrli diyor”ning mehrigiyosi kuchlilik qilgandir. Mana oʻn yildan oshdi – okean ortida.

U menga oʻzi uchun tutumga aylangan gaplarini uqtira olmaydi, men ham yuragimni zirapchadek tirnayotgan fikrlarimni anglatolmay ovoraman. Oʻn bir yil harbiy xizmatda boʻldim. Ishdan boʻshashim kerak. Men ham ijod kishisi sanayman oʻzimni. Ijodga qaytishim kerak. Shu xususda ular bilan bahslashdik.

– Seni u yerda nima ushlab turibdi? Oylik desak boʻlmas, harbiy libos desak hammaning havasini keltiradigan qoruvli yigit emassan.

Sidqidildan vatanga xolis xizmat qilish niyatida ekanimni hech bir soʻz bilan izohlab bera olmadim. Nahotki, u bunday kechinmadan begonalashib ketgan yo men tushuntira olmayapmanmi?

Oʻsha mahallar rasmana janjallashib ketishimizga bir baxya qolardi.

Uning yashash tarzi butunlay oʻzgarib ketgan, mening hayot formulalarim boshqacha. Gohida gapida jon bordek tuyuladi.

– Oʻzbekistonda odamlar aslida unchalik ham pulga muhtoj emas. Shunchaki qayerga ishlatishni bilmaydi. Yozuvchi boʻlsang shuni tushuntir odamlarga. Boshqalarning koʻzi uchun yashashni bas qilishsin, – deydi gohida zarda bilan.

– Nimani masalan?

– Akamga oʻn ming dollar bersam, yuz dollar qolganida endi nima qilish haqida oʻylay boshlaydi. Bir qoʻshnimiz yordam soʻragandi, ming dollar ehson qildim. Ikki kundan keyin qarasam hovli toʻla odam. Karnay-surnay, oʻyin-kulgi. Keyin bilsam, yaqinda turmushga uzatgan qizini chaqirdi qilayotgan ekan. Nega kerak bunday ortiqcha dabdaba? Oʻzi davolanishga borishi kerak edi. Yana nimani tushuntiray senga?..

– Oʻzing nima qilmoqchisan, doʻstim? Oʻzingdan gapir.

– Ochigʻini aytsam, mening boshim qotgan. Bolalarim katta boʻlib qoldi. Ularni Amerika muhitiga ishonolmayapman. Toshkenti azimdan hovli qildim, koʻrding-ku, yashay olmadim. Istanbuldan uy oldim. Hozir uchta davlat orasida halakman.

Men uchun u, u uchun men qalban oʻlgandekmiz. Bir-birimizni mutlaqo his qilmay qoʻygandik.

 

 

Tomchiqoqqa yetishimiz bilan xarsang ustiga chiqib, koʻzlarimni yumib, yotib oldim. Xayolimdan qirq yillik umrim kino tasmasidek oʻta boshladi. Talabalik yillarim, Malayziya xotiralari, Moskov safarlari, Sibir sovuqlaridagi daydishlar, Volga boʻyida Baxmal xayoli, Qozogʻiston choʻllarini vertolyotda kezganimiz...

Koʻzlarimni ochsam oppoq bulut shundoq manglayimning ustida suzib yuribdi. Tabiatga singib ketgisi keladi odamning.

Baʼzi neʼmatlarning qadriga yetmay qoʻyganmiz. Sovuqda xizmat safarida – togʻda yuribmiz. Bemor tanishim qoʻngʻiroq qilib, hol soʻradi, qayerdaligimga qiziqdi.

– Mana yuribman-da togʻda, sovuqda.

Bir pas jim qoldi.

– Mening oʻrnimga ham toʻyib-toʻyib nafas olib keling, – dedi keyin hiqillab. – Kecha operatsiyadan chiqib, oʻzimni togʻda tasavvur qilib, kayfiyatimni koʻtargandim.

U yana uch haftadan soʻng nafas olishdan toʻxtadi. “Avtobusda tik turib, tiqilib ketsam ham mayli. Men ham qayergadir shoshsam...” – uning ushalmagan orzulari musaffo togʻ havosidek dimogʻimga kirib yashashimni yengillashtiradi.

Bir zamon doʻstim xayolimni boʻlib yana tilga kirdi:

– Atrofning goʻzalligini qaragin, yaxshilab qaragin, naqadar chiroyli a... Tirikmisan?..

 

Beminnat vatan

Ikki doʻst mashhur asardagi “magʻiyaviy teatr”ga tushayotgandek jamiki sipo liboslarimizni Tomchiqoqda qoldirdik.

– Chak, chik, chak, chik...

“Tomchi toshni teshadi” deganlari haqiqat. Yillab tinchimagan tomchilar xarsangtosh bagʻrini oʻyib, shu hovuzchani paydo qilgan.

“Kapalak effekti” haqida oʻyladim. Oyqor togʻining choʻqqisidagi tomchining adoqsiz ummonlar bilan aloqasi bor. Biz beparvo qaraydigan kalavaning uchi katta-katta hodisalarda emas, lahzalarda, tomchilarda yashiringandek.

Koʻnglim boʻshab momomni esladim, huv katta qirda mozorda yotganini, “duodan qismanglar” deya koʻp-koʻp tayinlaganini doʻstimga aytdim. Vatanda turib janozasiga yetib kela olmaganimni, shungami haliyam koʻz oʻngimda tirikday gavdalanishini aytib berdim. Doʻstim otasini, onasini esladi, oxir manzilga kuzata olmaganidan nadomat chekdi.

 

 

Necha yillar aytilmagan gaplar yuragimizdan hayqirib chiqardi. Musaffo tabiat bizni poklayotgandek edi. Xarsangtosh ustida kurrai zamin ham, oʻtgan-u qolgan umrimiz ham kiftimizda turgandek tafakkur qilardik.

Doʻstim farzandlarini olib ona yurtga qaytadigan boʻldi. Beminnat, begidir, bagʻri ham odamlarining koʻngli ham keng vatan turganda bu qadar ovoragarchilik ne darkor!?

Xorijga faqat xizmat safarlariga, ilm yoʻlida borishga kelishdik.

Pastga inarkanmiz biz goʻyo yosh bolaga aylanib qolgandik. Bir-birimizga gap bermasdik, oʻz-oʻzimizdan mamnun edik. Bolaligimizning qadrdon multigidagi soʻnggi gap goʻyo dara boʻylab jaranglardi:

– Yaxshiyam men seni oʻsha tepalikka chiqishga majbur qildim...

Aziz NORQULOV

 “Ma’naviy hayot” jurnali, 2-son

“Tomchi effekti” maqolasi

Foto: Sobir MUHAMMAD

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//