
So‘nggi yillarda sayohat madaniyati va ish modeli keskin o‘zgardi. Aksariyat professional mutaxassislar doimiy ofisga borib ishlash o‘rniga masofadan turib ishlashni afzal ko‘rmoqda. Bu jarayon, ayniqsa, pandemiyadan so‘ng kuchayib, “digital nomad” deb ataluvchi yangi ijtimoiy qatlamni shakllantirdi. Ular uchun sayohat turmush tarzi, internet esa yangi ofisdir.
Bugungi kunda bu qatlam jahon miqyosida 35-40 million kishini tashkil etadi. Ularning o‘rtacha daromadlari esa yiliga 50 mingdan 250 ming AQSh dollarigacha yetadi. Ular odatda texnologiya, dizayn, marketing, muhandislik va boshqa bilimga asoslangan sohalarda faoliyat yuritadi. Raqamli ko‘chmanchilar faqat turist emas – ular yashaydigan mamlakatiga xizmat xarajatlari, ijara, oziq-ovqat, transport va boshqa sohalar orqali bevosita iqtisodiy ta’sir ko‘rsatadi.
Raqamli ko‘chmanchilar ildizi qayerdan boshlangan?
Digital nomad g‘oyasi ilk bor 1980-yillarda paydo bo‘lgan. IBM kabi texnologik gigantlar o‘sha davrdayoq masofadan ishlash imkoniyatini o‘rgana boshlagan, bu esa xodimlarni ofisdan ozod etish fikrini tug‘dirgan edi.
1997-yilda yapon texnologi Tsugio Makimoto va britaniyalik jurnalist Devid Manners tomonidan yozilgan “Digital Nomad” nomli kitob esa ushbu g‘oyani keng jamoatchilikka tanitdi. Kitob raqamli nomadlikning kelajagini oldindan ko‘ra bilgan, ammo bir jihatni e’tibordan chetda qoldirgan: jamiyat va madaniyat bu o‘zgarishni darrov qabul qilishga tayyor emas edi.
Avvaliga raqamli ko‘chmanchilik Janubi-Sharqiy Osiyo kabi hududlarda ildiz ota boshladi. Bu yerda immigratsiya siyosati ancha yumshoq bo‘lib, mustaqil ishlaydigan mutaxassislar uchun qulay sharoitlar yaratilgandi. Aynan shu pandemiyagacha bo‘lgan davr raqamli nomadlar uchun “oltin davr” sifatida e’tirof etiladi. О‘sha paytda tartibga soluvchi organlar bu harakatga deyarli e’tibor qaratmas, vizalar va immigratsiya masalalari oson hal etilardi.
Ammo COVID-19 pandemiyasi barchasini tubdan o‘zgartirdi. Dunyo bo‘ylab kompaniyalar majburiy karantinlar bilan yuzma-yuz kelib, masofaviy ishlashni zudlik bilan joriy etishga majbur bo‘ldi. Shunday qilib, ilgari nisbatan chekka qatlam bo‘lgan raqamli nomadlar harakati asosiy tendensiyalardan biriga aylandi.
Bu harakat tobora kengayib bormoqda: 2024-yil holatiga ko‘ra, AQShda raqamli ko‘chmanchilar soni 18,1 million kishiga yetgan – bu ilgari kuzatilgan ko‘rsatkichlardan sezilarli darajada ko‘p. Bu haqda MBO Partners tomonidan e’lon qilingan “2024 State of Independence in America Report” hisobotida qayd etilgan.
FlexJobs tomonidan 2021-yilda o‘tkazilgan so‘rovda ishtirok etganlarning 97 foizi masofadan ishlash imkoniyatini xohlashi, 61 foizi esa pandemiyadan keyin ham doimiy masofaviy ishlash tarafdori ekanini bildirgan.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, raqamli nomadlar odatda 25–44 yoshdagi, oliy ma’lumotli va mustaqil ish olib boradigan mutaxassislar bo‘ladi. Ular ko‘pincha frilanser yoki shaxsiy biznes egalari sifatida faoliyat yuritadi.
Shu tariqa, global mehnat bozori tubdan o‘zgarmoqda. Endi kompaniyalar o‘z tuzilmalariga geografik jihatdan harakatda bo‘lgan, doimiy ofis talab qilmaydigan ishchilarni qanday qo‘shishni o‘rganishga majbur bo‘lmoqda.
Raqamli ko‘chmanchilarning iqtisodiyotga ta’siri
Raqamli ko‘chmanchilar qisqa muddatli mehmonlar emas – ular ketgan joyida iqtisodiy ekotizimga real va barqaror foyda olib keladi. Ularning oyiga o‘rtacha sarf qiladigan mablag‘i 1,800 dollardan 3,000 dollargacha deb baholanadi. Bu esa ularni ko‘plab davlatlar uchun turizm va xizmatlar sektorida yuqori daromad manbaiga aylantiradi.
Dunyo bo‘ylab raqamli ko‘chmanchilar global miqyosda yiliga 787 milliard AQSh dollari miqdorida iqtisodiy qiymat yaratmoqda. Agar bu harakat mustaqil davlat sifatida mavjud bo‘lsa, aholisi jihatidan dunyoda 41-o‘rinda turardi.
Bali (Indoneziya) 2022-yil oxiridan boshlab raqamli ko‘chmanchilar uchun mo‘ljallangan vizalar orqali sezilarli darajada yangi demografik qatlamni jalb qila oldi. Shu kungacha taxminan 47 mingga yaqin raqamli nomad orolga ko‘chib o‘tgan. Bu esa Bali iqtisodiyoti uchun yangi doimiy daromad manbasiga aylangan.
Global tendensiyalarga asoslanadigan hisob-kitoblarga ko‘ra, bu nomadlarning umumiy yillik iqtisodiy ta’sir ko‘lami bu kabi davlatlar uchun yuz millionlab dollarga yetmoqda. Bu sarf-harajatlar asosan uy-joy ijarasi, ovqatlanish, transport va sog‘liqni saqlash xizmatlariga to‘g‘ri keladi.
Xulosa qilib aytganda, raqamli ko‘chmanchilar birgina turizm emas, balki barqaror xizmat ko‘rsatish, yashash va texnologik iste‘mol bozoriga ta’sir qiluvchi kuchli iqtisodiy faktor sifatida qaralmoqda.
Vizalar va yengilliklar: Raqobat kuchaymoqda
Ushbu guruhning iqtisodiy salohiyatini anglagan ko‘plab davlatlar ular uchun maxsus migratsiya strategiyalarini ishlab chiqmoqda. Bugungi kunda 50 dan ortiq davlat raqamli ko‘chmanchilar uchun maxsus vizalar ishlab chiqqan. Bu global migratsiya sohasida yangi raqobat maydonini yaratdi.
Estoniya 2020-yilda dunyoda birinchi bo‘lib raqamli ko‘chmanchilar uchun maxsus vizani taqdim etdi. Bu viza bir yil muddatgacha Estoniyada ishlash va yashash huquqini beradi. Shu bilan birga, Estoniya fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga "e-Residency" dasturi orqali masofadan kompaniya ochish va yuritish imkonini yaratdi.
Portugaliya esa "D8" vizasi orqali oyiga taxminan 3,280 yevro daromadga ega shaxslarga 5 yilgacha yashash va ishlash huquqini beradi. Viza nafaqat ishlash, balki doimiy yashash huquqi va kelajakda fuqarolik olish imkoniyatini ham ochadi.
Gruziya "Remotely from Georgia" dasturini joriy etgan bo‘lib, u orqali 95 dan ortiq davlat fuqarolari 360 kungacha vizasiz kirib, ishlashi mumkin. Bu Gruziya uchun nafaqat turizm, balki innovatsion iqtisodiyot rivojida muhim rol o‘ynaydi.
Indoneziya (Bali) o‘zining mashhur "Second Home Visa" dasturi orqali raqamli ko‘chmanchilarga 10 yilgacha yashash huquqini beruvchi maxsus viza taklif qilmoqda. Bu dastur orqali Bali uzoq muddatli masofaviy ishchilarni jalb qilishda muvaffaqiyat qozondi.
Meksika esa 6 oydan 4 yilgacha bo‘lgan vaqt davomida ishlash imkonini beruvchi "Temporary Resident Visa" dasturini yo‘lga qo‘ygan. Bu viza raqamli mutaxassislarga barqarorlik va huquqiy himoya taqdim etadi.
Ko‘chmanchi nima izlaydi?
Raqamli ko‘chmanchilar o‘z vaqtini va mablag‘ini qayerda sarflash borasida juda ehtiyotkor qaror qabul qiladi. Ular tanlayotgan mamlakatlar bir nechta asosiy mezonlarga javob berishi kerak:
● Internet tezligi: Ish faoliyati internetga to‘liq bog‘liq bo‘lgani uchun, yuqori tezlikdagi, ishonchli va barqaror internet tarmog‘i birinchi darajadagi talabdir.
● Kovorking va umumiy ofis infratuzilmasi: Kafe, ish markazlari va ochiq makonlarda samarali ishlash imkoniyati.
● Hayot sifati: Arzon, lekin xavfsiz va qulay yashash muhiti. Ko‘chmanchilar uzoq muddatli yashashni rejalashtirganligi sababli, sog‘liqni saqlash, ovqatlanish, iqlim va ijtimoiy barqarorlik muhim o‘rinda turadi.
● Ijtimoiy tarmoq va jamoalar mavjudligi: Masalan, Bali, Chiang Mai yoki Medellín kabi shaharlarda allaqachon shakllangan raqamli ko‘chmanchilar jamoalari mavjud bo‘lib, ular yangi keluvchilar uchun hamkorlik va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash muhiti yaratadi.
● Madaniy xilma-xillik va ochiqlik: Ko‘chmanchilar odatda global madaniyatga ochiq, ilg‘or jamiyatlarni afzal ko‘rishadi.
Xulosa
Raqamli ko‘chmanchilar zamonaviy dunyoning yangi mehmonlari emas, yangi iqtisodiy to‘lqindir. Ular kelgan joyida turizm, xizmat ko‘rsatish, infratuzilma va texnologik rivojlanishni jadallashtiradi. Ko‘plab davlatlar bu imkoniyatni to‘g‘ri anglab, migratsiya siyosatini moslashtirmoqda. Vizalar, soliq yengilliklari va qulay yashash sharoitlari orqali ular bu global to‘lqinni jalb etishga harakat qilmoqda. Bu esa raqamli turizm yoki masofaviy ishchilar uchun yaratilgan ekotizim nafaqat zamonaviy tendensiya, balki davlatlar o‘rtasidagi yangi raqobat maydoni ekanini anglatadi.
Mafkura
Jarayon
Ma’naviyat
Vatandosh
Jarayon
Jarayon
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q