
Sayohat qilish – koʻpchilikning orzusi. Biroq aksariyat hollarda bu orzu “katta mablagʻ kerak”, “viza olish qiyin”, “hali boshqa xarajatlar bor” kabi vajlar bilan toʻxtab qoladi. Ayrimlar esa, “uyda bir piyola issiq choy ichganga nima yetsin?” – deb bu istaklarni yo ortga suradi yoki umuman rejadan chiqaradi. Ammo bugungi kunda toʻgʻri rejalashtirilgan sayohat bilan bir qancha chet davlatlariga sayohat qilish katta mablagʻ talab etmaydi. Buning uchun birozgina mehnat, google orqali maʻlumotlarni toʻplash, sayohatni boshdan oyoq oldindan rejalashtirish talab etiladi xolos.
“Sayohat insonni faqat yangi joylarga olib bormaydi, balki u oʻzini yangidan kashf qilishga ham undaydi”, – deb aytgan Nobel mukofoti sovrindori Andre Jid. Sayohat qilish orqali insonning dunyoqarashi kengayadi, turli millat vakillari bilan tanishadi, ularning madaniyati va yashash tarzini oʻrganadi. Bularning barchasi insonga yangidan-yangi fikr va gʻoyalar beradi. Dono xalqimiz taʻbiri bilan aytganda birni koʻrib fikr qiladi, birni koʻrib esa shukr qiladi. Oʻzida bor narsalarga yanada shukronalikni his qiladi, koʻproq yangiliklarga initiladi va minimalizmning naqadar muhim ekanini anglaydi.
Uzoq joylarga sayohatga borganda tabiiyki ogʻir va keraksiz yuklar insonni haddan ziyod toliqtiradi. Shu sabab sayohatlar davomida odam oʻziga eng zarur narsalarni oladi va materialistik xohishlar insonni oʻz maqsadlaridan chalgʻitishini, hayotdan yetarlicha lazzat olishda toʻsiq ekanini va keragidan ortiq har qanday narsa-buyumlar insonni charchatishini anglab yetadi.
50 yevro bilan Yevropaga sayohat qilish mumkinmi?
Yevropa boʻylab eng tejamkor usul bilan sayohat qilganda, atigi 50 yevroga bir davlat, hatto ikki davlatni kezish mumkin. Bu – Yevropa Ittifoqi hududida yagona Schengen vizasi amal qilishi, arzon poyezd va avtobus tarmoqlari, hamda “low-cost” aviakompaniyalar (masalan, Ryanair, WizzAir, EasyJet) faoliyati tufayli amalga oshadi. Hatto koʻp holatlarda Oʻzbekiston ichida sayohatlardan ham arzonroq tushadi.
Vengriyaning Etvos Lorand universitetida tahsil olayotgan Barno Dusiyarova Vengriyadan Avstriyaga qilgan 1 kunlik sayohati 47 yevroga tushganini oʻz blogida yozgan. Ushbu miqdor ichiga borish-qaytish transport xarajatlari, Avstriya jamaot transportidan foydalanish uchun 24 soatlik chipta va Eron restoranidagi kechki ovqat kiradi. Albatta, har kim sayohat davomida qancha summa ishlatishi uning shaxsiy tanloviga ham bogʻliq.
Aviachiptalar bir necha yuz dollar, yana viza ham kerak…
Oʻzbekistondan Yevropa davlatlariga sayohat qilish bir nechta jarayonlarni oʻz ichiga oladi: bir necha yuz dollarlik avia chiptalar va qiyin olinuvchi viza…
Agar faqat muammolarga eʻtibor qaratilsa, hech qachon yechim topilmaydi. Oson savol esa quyidagicha: Oʻzbekistondan turib qaysi mamlakatlarga arzonroq sayohat qilish mumkin va qanday qilib sayohatni shaxsiy budjet doirasida tashkil qilish mumkin?
Aslida, Oʻzbekistonga yaqin boʻlgan, 30 kungacha vizasiz borish mumkin boʻlgan davlatlarni koʻrib chiqish, biletlarni bir necha oy oldindan sotib olish, jamoat transportidan foydalanish, hostellarda yoki mahalliy uylarda tunab qolish, oʻzi bilan yarim oziq-ovqat mahsulotlarini olish kabilar orqali arzonroq sayohat qilish mumkin.
Qaysi davlatlarga sayohat qilish osonroq va viza olish talab etilmaydi?
Arzon sayohat uchun eng maqbul yoʻnalishlar orasida vizasiz yoki viza olish oson boʻlgan davlatlar alohida ajralib turadi.
Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston – yaqin, vizasiz va hayotiy xarajatlar jihatidan sayohat uchun hamyonbop mamlakatlar hisoblanadi.
Gruziyada Oʻzbekiston fuqarolari 1-yilgacha vizasiz yashash huquqiga ega. Bu mamlakat togʻli tabiati, madaniyati va mehmondoʻst xalqi bilan sayohatchilarni oʻziga jalb qiladi.
Turkiyaga 30 kungacha vizasiz borish mumkin, Istanbul va Anqara kabi joylar yevropacha qulaylik va sharqona ruhiyat uygʻunligiga ega. Rossiyaga esa 60 kungacha vizasiz sayohat qilish mumkin boʻlib, Moskva va Sankt-Peterburg Oʻzbekiston fuqarolari uchun ommabop yoʻnalishlardan biridir.
Hindistonga e-viza olish juda oson va bu mamlakatda hayot nisbatan arzon, madaniyati esa boy va rang-barang. Shuningdek, Armaniston va Ozarbayjon ham tarixiy obidalar, tabiiy goʻzalliklar va byudjetga mos sayohat imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Birlashgan Arab Amirliklari, xususan Dubay qisqa muddatli sayohatlar uchun mashhur yoʻnalish boʻlib, 30 kungacha vizasiz rejim amal qiladi. Demak, bu orqali siz ortiqcha yugur-yugur, viza toʻlovi va hujjatbozlik stressini sezmaysiz.
Arzon aviachiptalarni qanday topish mumkin?
Skyscanner.com, Aviasales.uz, Kiwi.com, Trip.com va Google Flights kabi xizmatlar turli aviakompaniyalar hamda bron qilish saytlari orqali taklif etilayotgan narxlarni solishtirish imkonini beradi va eng maqbul variantni topishni osonlashtiradi. Eng qulay narxlardagi chiptalarni topish uchun sayohatdan taxminan ikki-uch oy oldin izlash tavsiya etiladi. Vaqtida bron qilingan chiptalar, ayniqsa mavsumdan tashqari davrlarda, ancha arzon boʻlishi mumkin. Agar sayohat sanasi yoki yoʻnalishi boʻyicha sizda moslashuvchanlik boʻlsa, Skyscanner.com kabi platformalardagi “Everywhere” (“Hamma yoʻnalishlar”) funksiyasidan foydalanib, ayni vaqtda qaysi yoʻnalishlar eng arzon ekanligini aniqlash mumkin.
Yana bir tejamkor usul bu tranzitli parvozlar orqali uchishdir. Toʻgʻridan-toʻgʻri parvozlar oʻrniga, ayrim hollarda Turkiya, Rossiya yoki Qozogʻiston kabi davlatlar orqali tranzit qilinadigan reyslar ancha arzon boʻlishi mumkin. Bunday marshrutlar koʻproq vaqt talab qilsa-da, narx nuqtayi nazaridan ancha hamyonbop boʻlishi mumkin va yoʻl-yoʻlakay boshqa shaharda qisqa muddat toʻxtab turish imkonini ham beradi.
Turar-joy tanlashda mehmonxonadan boshqa yana qanday variantlar bor?
Oʻzbekistondan turib oldindan xorijiy davlatdan mehmonxona, hostel, kunlik turar-joylar yoki mehmon uylarini oʻzingiz uchun istalgan sanaga band qilish mumkin. Ammo har doim ehtiyotkorlik, maʻlumotlarni tekshirish, sharh va kommentariyalarni oʻqishni unutmang. Bir nechta ishonchli va ommabop platformalar mavjud boʻlib, ular orqali narx, qulaylik, joylashuv va mehmonlar fikrlariga qarab mos variantni tanlash mumkin.
Eng mashhur saytlardan biri — Booking.com bu platforma dunyo boʻyicha millionlab mehmonxonalar, mehmon uylari va xususiy xonalarni taklif qiladi. Hostelworld.com yana bir shu kani platforma boʻlib, ayniqsa hamyonbop sayohat qilishni xohlovchilar uchun qulaydir. Bu sayt asosan hostellar yaʻni bir xonada bir nechta sayohatchilar joylashadigan joylarni taklif qiladi. Hostelda yashash eng arzon variant hisoblanadi, koʻp hollarda bir kecha uchun narx 17-20 yevrodan boshlanadi. Hostellar nafaqat arzon, balki boshqa sayohatchilar bilan muloqot qilish, tajriba almashish imkoniyatini ham beradi. Ular odatda umumiy oshxona, kir yuvish joyi kabi infratuzilmalarga ega boʻladi.
Airbnb.com platformasi orqali siz uy egalari tomonidan taklif etilayotgan xonalar yoki butun uyni ijaraga olishingiz mumkin. Katta shaharlar yoki sayyohlar koʻp tashrif buyuradigan hududlarda mehmonxonalar bilan solishtirganda Airbnbdagi kichik xonalar yoki mehmon uylari ancha arzon boʻladi. Ayniqsa uzoq muddatli yashash uchun Airbnb koʻp hollarda foydaliroq, chunki ayrim xonadon egalari haftalik yoki oylik chegirmalar taklif qiladi.
Shu tarzda, turar joy tanlashda har bir sayohatchi oʻz ehtiyojlari va byudjetiga mos variantni topishi mumkin. Eng asosiysi, bron qilishdan oldin narxlarni solishtirish, xizmatdn foydalangan insonlar fikrlarini oʻqish va xavfsizlikni eʻtiborga olish muhimdir.
Sayohatda qanday qilib ovqatlanish xarajatlarini tejash mumkin?
Sayohat davomida budjetni toʻgʻri boshqarishning eng samarali usullaridan biri bu ovqatlanish xarajatlarini ongli tarzda nazorat qilishdir. Turistik hududlardagi restoran va kafelarda narxlar odatda sunʻiy ravishda oshiriladi, chunki ular sayyohlar oqimiga yoʻnaltirilgan boʻladi. Shuning uchun sayohatchilar uchun eng yaxshi strategiyalardan biri – mahalliy aholi tashrif buyuradigan kichik ovqatlanish joylari, bozorlar va uy oshxonalarini sinab koʻrish.
Mahalliy bozorlarda yoki kichik yemakxonalarda taomlanish nafaqat arzonroq, balki koʻpincha yanada sifatli va yangi mahsulotlardan tayyorlangan taomlarni taʻtib koʻrish imkonini yaratadi. Bu esa sayohatni yanada mazmunli va esdaqolarli tajribaga aylantirishga yordam beradi.
Shu bilan birga, bozorlarda yangi non, meva-sabzavotlar va sut mahsulotlari arzon narxlarda taklif etiladi, bu esa sogʻlom va tejamkor ovqatlanishni taʻminlaydi.
Bundan tashqari, safarga chiqishda nonushtani oʻz ichiga oladigan hostel yoki mehmon uylarini tanlash ham byudjet uchun foydalidir. Koʻplab turar joylar bepul yoki turar joy toʻlovi ichiga kiritilgan nonushta bilan xizmat koʻrsatadi. Agar sayohatchi ijaraga olingan xonadon yoki oshxonali hostelda yashayotgan boʻlsa, oʻzi ovqat tayyorlash orqali yanada koʻproq tejash imkoniyatiga ega boʻladi
Jamoat transportidan foydalanish yoki piyoda sayr qilish balki sizga koʻproq maroq bagʻishlar
Sayohat davomida taksi xizmatidan kungiga bir necha martalab foydalanish ancha qimmatga tushishi mumkin, aksincha jamoat transportlari: metro, tramvay, avtobus yoki poyezdan foydalanish sizga koʻproq real tajribalarni beradi. Ham pul tejaysiz, ham koʻproq sayohatdan zavq olasiz. Koʻplab Yevropa yoki Osiyo shaharlari tarixiy markazlari va asosiy diqqatga sazovor joylari bir-biriga yaqin joylashgani uchun bu nafaqat tejamkor, balki shaharning atmosferasini yaxshiroq his qilishga ham yordam beradi. Piyoda sayr qilish orqali siz mahalliy hayotni yaqinroq kuzatish, yashirin goʻshalarni topish va mahalliy madaniyat bilan bevosita tanishish imkoniga ega boʻlasiz.
Agar masofa uzoqroq boʻlsa, jamoat transportidan foydalanish eng maqbul yechim hisoblanadi. Metro, tramvay, avtobus kabi transport turlari shahar ichida harakatlanish uchun eng tejamkor variant boʻlib, koʻplab davlatlarda kunlik, haftalik yoki hatto bir necha kunlik chegirmali yoʻl chiptalari mavjud.
Viloyatlar yoki mamlakatlar orasida sayohat qilishda ham tejamkor variantlarni tanlash mumkin. Aviaparvozlar qulay boʻlishi mumkin, biroq ular odatda qimmatga tushadi. Shu bois, yoʻlovchi poyezdlari yoki avtobuslar koʻproq ancha hamyonbop. Poyezdlar odatda xavfsiz, qulay va nisbatan arzon boʻlib, ayniqsa kechasi harakatlanuvchi poyezdlar yordamida siz bir vaqtning oʻzida ham harakatlanib, ham tunash xarajatidan qutulasiz.
Yotoqli avtobuslar ham xuddi shunday imkoniyat yaratadi, ular koʻpincha kengroq oʻrindiqlarga ega boʻlib, uzoq masofani qulaylik bilan bosib oʻtish imkonini beradi. Bu nafaqat pulni tejaydi, balki sayohat tajribasini yanada boyitadi.
Xorijiy davlatlarga sayohat qilayotganda foydali mobil ilovalarni bilib qoʻyish kerak?
Xorijiy davlatlarga sayohat qilayotganda foydali mobil ilovalar sizga yoʻnalish topish, til muammolarini yengish, xarajatlarni nazorat qilish va valyuta kurslarini aniqlashda katta yordam beradi. Bunday ilovalarning aksariyati bepul va iOS hamda Android tizimlarida ishlaydi, koʻpchiligi esa internet tarmogʻisiz ham foydalanish imkoniyatiga ega.
Yoʻnalish topish uchun Google Maps eng mashhur ilovalardan biri boʻlib, u nafaqat marshrutlarni koʻrsatadi, balki jamoat transporti, piyoda yurish yoʻllari va mashina orqali harakatlanish boʻyicha aniq koʻrsatmalar beradi. Sayohat vaqtida internet doim mavjud boʻlmasligi mumkin, shuning uchun Maps.me ilovasi offline xaritalari bilan juda foydali sanaladi. Ushbu ilovada kerakli shaharning xaritasini oldindan yuklab olib, Wi-Fi boʻlmagan hududlarda ham erkin harakatlanish mumkin.
Chet elda valyuta almashinuvi har doim dolzarb masala boʻladi. Bu borada XE Currency ilovasi aniq va yangilanadigan kurslar orqali sizga kerakli konvertatsiyani amalga oshirishga yordam beradi. Ilova offline rejimda ham ishlaydi, bu esa sayohat vaqtida internet cheklovlariga duch kelganingizda juda foydali.
Agar siz sayohat qilayotgan davlatingizni tilini bilmasangiz, bu ham hozir aslo muammo emas. Google Translate ushbu muammoga yechim beradi. Ilovada offlayn lugʻatlarni ham yuklab olish mumkin, bu safarda ayniqsa qulaylik yaratadi. Sayohatga chiqishdan oldin ushbu ilovalarni yuklab olish, kerakli maʻlumotlarni oldindan saqlab qoʻyish tavsiya etiladi.
Toʻgʻri rejalashtirilgan va ongli tarzda tashkil etilgan sayohat esa nafaqat moliyaviy jihatdan tejamkor, balki amaliy va madaniy tajriba manbayiga aylanishi mumkin. Shu sababli, sayohat qilish bu oʻziga sarmoya kiritishning eng yaxshi yoʻllaridan biridir. Mashhur fransuz yozuvchisi Gustave Flaubert taʻkidlaganidek: “sayohat insonni kamtarlikka oʻrgatadi – u sizga dunyoda egallagan oʻrningiz naqadar kichik ekanini koʻrsatadi.”
Mashhura Rahmonova
Jurnalist
Mafkura
Ma’naviyat
Jarayon
Vatandosh
Jarayon
Jarayon
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q