Farosat noyob in’om – Iqbol Qo‘shshayevaning iztirob prizmasi obyektlari


Saqlash
18:31 / 25.05.2026 11 0

Ko‘p yil bo‘ldi, “O‘zbekiston adabiyoti va san’atigazetasida maqola o‘qib qoldim. Birinchi navbatda maqola muallifining yozish, fikrlash uslubi e’tiborimni tortdi. Chunki milliy jurnalistikamizda uslubning o‘ziga xosligi bilan ajralib turadigan – xati “boshqa mualliflar u qadar ko‘p emas. Tasodifga yo‘ydim, “Iqbol Qo‘shshayeva degan boshlovchi jurnalist tajriba tariqasida bir yozsa yozgandir-da, degan xayolga bordim. Oradan ma’lum vaqt o‘tib shu muallifning navbatdagi maqolasi chop etildi. Yana o‘sha uslub! Uslubning o‘ziga xosligi nimada edi?

 

Keng ommaga, adabiy-madaniy jamoatchilikka ma’lum voqelik orasidan “tesha tegmagan″ epkinni, go‘dak nafasidek shabadani, nasimni topa bilishida, o‘zi topgan o‘sha holatni, sahnani, manzarani iztirob prizmasida idrok etishida! Yana: ayanchli va ko‘ngilsiz holatlarda chekiladi iztirob odatda, Iqbol Qo‘shshayeva esa har ikkala holatda ham hayotni iztirob deya atalmish zarrabin orqali ko‘radi, nazardan o‘tkazadi. “Olamda iztirob ko‘p degan jumla keladi Mixail Lermontov ijodiga bag‘ishlangan bitigida. Darhaqiqat, kim yoki qaysi mavzuda izhori dil qilishga jazm etmasin, iztirob uni biron qadam o‘zidan nari yubormaydi yoxud uning o‘zi iztirobdan voz kechsa yozishning, ijodning ma’no-mazmuni, hikmatidan mosuvo bo‘ladigandek his etadi o‘zini.

 

Dastlabki xulosa shu, ya’ni Iqboloy iztirobli holatga tusha olsagina yozadi, aks holda qalamni qo‘lga olmay qo‘ya qoladi.

 

Ikkinchi jihat – Iqbol Qo‘shshayevaning maqollarida ham zohiriy, ham botiniy hayrat qalqib turadi. An’anaviy havoyi hayratlardan, ofarinbozlikdan, ash’ornavislikdan necha chaqirimlar nari yuradi u, binobarin, hayratlariga yarasha til topadi, ifoda topadi, ohang topadi. Bularning bari taassurotni boyitishga xizmat qiladi, tassurotlar esa xayolni go‘zallashtiradi. “Darvozasiz qolgan dunyoda o‘qiganimiz ushbu jumla shunchaki o‘rni kelgandagina qog‘ozga tushmagan, yo‘q, u muallifning ijodiy kredosiga aylana boradi, zero har bir badiasida taassurot bilan badiiylashgan (demak, go‘zallashgan!) xayol qorishib, chatishib ketadi.

 

Uchinchi o‘ziga xoslik – qamrovning kengligida. Iqboloy singlimiz Alisher Navoiy, Abdulla Qodiriy dunyosida fikrlay turib Lev Tolstoy, Fyodor Dostoyevskiy, Anton Chexov olamiga nigoh tashlaydi, Bahodir Yo‘ldoshevning teatr rejissurasi konsepsiyalarini tahlil qila turib Olim Xo‘jayev, Shukur Burhon, Toshxo‘ja Xo‘jayev, Zaynab Sadriyeva... Rimma Ahmedova siymosida mujassam topgan ijrochilik mahorati va haqiqatiga buradi so‘zni. “Teatr, “sahna atalmish mo‘jizakor “hudud mohiyatiga yashiringan hikmatni, go‘zallikni, mubtalolikni yanada, yanada chuqurroq va albatta o‘zgalardan o‘zgacharoq kashf etgisi keladi. Iztirob, xayol-tasavvur, hayrat, qamrovdagi o‘ziga xosliklar ichida o‘rni-o‘rni bilan keladigan Iqbol Qo‘shshayeva kashfiyotlari sinchkov o‘quvchini bexosdan o‘yga toldiradi. Bir zum mutolaadan to‘xtaydi va mushohada girdobiga sho‘ng‘iydi. “Abdulla Oripov” filmi haqidagi maqola oddiy taqriz emas, qobiqdan chiqish! Po‘panak bosgan daqqilikdan yuz o‘girish!

 

“Millat ham tirik organizm. Chunki u o‘ylayotgan, his qilayotgan, kun kechirayotgan nafsi uyg‘oq jonlardan iborat. Aytishadi-ku, odam ulg‘aygani sari uning gunohlari ham o‘zi bilan birga ulg‘ayadi, deb” (“Darvozasiz qolgan dunyo”). To‘xtang! Taraqqiyotni, yuksalishni, madaniy ravnaqni bilamiz, bular haqida xo‘p va ko‘p bosh qotiramiz, lekin, “gunoh ham bir joyda, bir nomda turg‘un holatda turmasa kerak” deb faraz qiladi muallif singlimiz va shu zahoti fikrida qat’iylashadi: “Borgan sari o‘zini yangi-yangi shakl-u shamoyillarda namoyon etib borar ekan. Avlodlar o‘ziga “meros” bo‘lib kelayotgan ne’matlarni asrlar osha yelkasiga ortmoqlab o‘tishdan tashqari, uni “takomillashtirib” borayotgandek... Bundan chiqdi, hayotni, o‘zimizni, turmush tarzimiz, qarashlarimizni ayni shu nuqtayi nazardan taftish-tahlil qilishimiz mumkin ekan-da?! Nafaqat mumkin, balki muhim ham ekan-da?!

 

“...hamma balo shundaki, bugun gunoh o‘zining gunoh ekanini unutdi″ (“Darvozasiz qolgan dunyo”).

 

“Farosat iste’dod singari Yaratganning noyob in’omi″ (“Savdoga qo‘yilmaydigan yagona bisot”).

 

“Kumushbibining jozibasidan ko‘ra Ra’noning mardligi ko‘proq o‘ylantiradi″ (“Siz nima deysiz, Hojibobo?”)

 

“...go‘zallik cheksiz tushuncha bo‘lganidek, ya’ni uning qiyosi topilmagani uchun ham har tomonlama mukammal san’at asari bo‘lmaydi” (“Kumushga aylangan ma’suma”).

 

“San’at yaxshini yomon, yomonni yaxshi qilolmas ekan. U faqat ezgulikka moyil, yaxshilikka ishonuvchan, nozik qalblarga dalda bo‘la olishi mumkin ekan” (“San’at yolg‘izligingga arzimaydimi?”).

 

“Dunyo o‘z qarichiga sig‘magan orzular uchun sizdan ayovsiz o‘ch oladi. Aybsiz orzular uvol ketgan parvozi haqqi xayolparastni jazolaydi” (“Jo‘mard yigit tazarrusi”).

 

 “Go‘zallik xo‘rlanmasin ekan, u xo‘rlandimi tamom, ho‘l-u quruq barobar yonadi” (“Kechir, bizni baxtsizlik”).

 

“Muhabbat, bu – kasallik” desa bir o‘rinda muallif, boshqa bir holatda: “Muhabbat, bu – falsafa” degan ta’rifdan najot izlaydi, topolmaydi shekilli: “Muhabbat – bir tilsim” deya vaziyatdan chiqadi yana bir badiasida.

 

Vaziyatdan chiqdimikan? Yo‘q, chiqolmaydi, hissiyot mayinligi, ta’b nozikligi hukmron kayfiyatda xususan muhabbatdek betakror tuyg‘u xususida mutlaq to‘xtamga, mutlaq ta’rifga kelish mahol.

 

Iqbol Qo‘shshayevaning esselari xos kayfiyat bilan o‘qishni talab qiladi kitobxondan. Kayfiyat badialarning nomlanishidanoq boshlanadi – o‘ychan, mahzun, o‘zgalardan o‘zgacha. Shiddatli mushohadalarga, bahsga chorlovchi ilmoqlarga, asalarining ignasi yanglig‘ jazillatadigan chekinishlarga-da o‘zlarini hozirlamoqliklari darkor Iqbol Qo‘shshayevaning o‘quvchilari. Bir so‘z bilan aytganda, o‘zimni maroqli mulohazalar yuritishdan to‘xtatay-da, gapning indallosiga ko‘chay: go‘zallik olamiga oshufta, hayot haqiqatlarini nozik did, nozikta’b ila anglashni o‘zi uchun saodat deb bilgan azizlar, Siz orzu qilgan latif, rangin, his-hayajonlarga to‘lib toshgangina kitob muborak bo‘lsin.

 

Xurshid DO‘STMUHAMMAD

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:05 / 25.05.2026 0 15
Jamiyatdagi saviyasizliklar – hammasi qanday boshlanadi?

Ma’naviyat

10:05 / 25.05.2026 0 69
Dam olish kunlari borish mumkin bo‘lgan 15 ziyoratgoh





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//