Dedlayn – so‘ngmuhlat, revansh – qasos, probel – bo‘shliq: chetso‘zlarning o‘zimizdagi muqobili


Saqlash
19:03 / 25.05.2026 29 0

1. Breket (ing. bracket) – odam tishlarining to‘g‘ri o‘sishi va tekis bo‘lishiga yordam beradigan tibbiy jihoz.

 

2. Dedlayn (ing. deadline) – biror vazifa, loyiha yoki hisobotning oxirgi muddati.

 

3. Kriptovalyuta (ing. cryptocurrency) – faqat internetda mavjud bo‘lgan, markazlashmagan, hukumat yoki banklar nazorat qilmaydigan raqamli (virtual) valyuta.

 

4. Penablok (lot. spūma) – sement, qum, suv va maxsus ko‘pikli vosita aralashmasidan tayyorlanadigan g‘isht ko‘rinishidagi yengil, issiqlikni yaxshi saqlaydigan qurilish materiali.

 

5. Penya (lot. poena) – moliyaviy majburiyatlar o‘z vaqtida bajarilmagani uchun qo‘llanadigan iqtisodiy jazo.

 

6. Probel (rus. belыy) – matnda qatorlar, so‘zlar va harflar orasida qoladigan bo‘shliq.

 

7. Revansh (frans. revanche – urush va o‘yindagi mag‘lubiyat uchun olinajak o‘ch yoki qasos.

 

8. Reels (ing. reel) – ijtimoiy tarmoqlardagi uzunligi oltmish soniyadan oshmaydigan videolar.

 

9. Hostel (lot. hospes) – oshxona, hammom va xonasi umumiy bo‘lgan vaqtinchalik arzon mehmonxona (yotoqxona).

 

10. Emoji (yapon. , 文字) – elektron yozishmalarda tuyg‘u, holat va ma’noni ifodalovchi hissiyotli belgilar.

 

Filologiya fanlari nomzodi, shoir Abduvohid HAYIT

 

Avvalo bu mavzuda ikki og‘iz so‘zim:

 

Globallashuv davrida yashayapmiz. Bu shunday davrki, har tomondan har soniyada yuzlab yot so‘zlar suqilib kirishga harakat qiladi. Ular begona o‘tga o‘xshaydi, lug‘atimizdan joy olish uchun ba’zan o‘nlab o‘z so‘zlarimizni siqib chiqarib, tilimizda ildiz otadi. Kimdir “nima qilibdi, qancha ko‘p yangi so‘z qo‘shilsa, nutqimiz shuncha boy bo‘ladi” deyishi mumkin. Albatta, tildan tilga so‘zlarning o‘tishi azaldan bor hodisa, uni inkor qilib bo‘lmaydi. Ammo boshqa tillardan so‘zlarning kirib kelishida ham muayyan chegara, me’yor bo‘lishi shart. Bu jarayonda me’yor buzilsa, til yamoq tushgan matoga o‘xshab qoladi, tilga e’tiborsizlik qilsak, bu yamoqlar tilimizni butunlay qoplab, asl qiyofasini buzib qo‘yishi ham mumkin. Shu bois bugun til himoyasida qattiqroq turish kerak.

 

Til qotib qolgan narsa emas, u mingyilliklar davomida ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan. Ayni paytda esa bu jarayon tezlashdi, shuning uchun har kuni yog‘ilib kelayotgan xalqaro so‘z va tushunchalarni shunchaki qabul qilish emas, imkon qadar ularning muqobillarini yaratishga harakat qilmog‘imiz zarur. Bu borada imkoniyatlarimiz juda keng, faqat undan foydalana olsak bo‘lgani.

 

Va tavsiyalarim:

 

1. Breket – tasavvur qiling, agar bu jihozga umuman nom berilmagan bo‘lsa, o‘zbekcha so‘zlar bilan uni qanday tushuntirgan bo‘lardik: tishlarni tortib turadigan sim, moslama. Turk qardoshlarimiz shu mantiqdan kelib chiqqan shekilli, uni diş teli, ya’ni tish simi deyishadi. Lekin hozir bu jihozning faqat sim emas, shaffof qolip va boshqa xillari ham bor. Ya’ni, breket jihozning yagona baynalmilal nomi emas. Shundan kelib chiqib, uni o‘zbek tilida ham bir emas, bir necha nomlar bilan atash mumkin. Misol uchun tishsim, ortodontik bog‘ich, tish to‘g‘rilash moslamasi, shaffof qolip va hokazo. 

 

2. Dedlayn – so‘ngmuhlat.

 

3. Kriptovalyuta – hozir inglizcha digital yoki ruscha sifrovoy so‘zi o‘rnida bizda raqamli so‘zi ishlatilayapti. Shunga ko‘ra bu so‘zni o‘zbek tilida raqamli pul birligi, raqamli pul deyish to‘g‘ri deb o‘ylayman. Agar raqam o‘rnida son so‘zi ishlatilib, sonli pul deyilsa, yana ham o‘zbekcharoq bo‘lardi (turkchada virtual ma’nosida sanal so‘zi ishlatiladi), ammo o‘zbek tilida raqamliga ko‘nikildi.

 

4. Penoblok – o‘zbek tilida g‘ovak, g‘alvirak kabi ajoyib so‘zlarimiz bor. G‘ovak yog‘och, g‘ovak tosh, g‘ovak yer... Shu bois ruscha penoblokni o‘zbek tilida bemalol g‘ovakg‘isht deyishimiz mumkin. 

 

5. Penyamoliyaviy jarima, qanday jarimaligi tagmatndan anglashilsa, shunchaki jarima deb qo‘llash ham mumkin menimcha.

 

6. Probel – o‘zbek tilida bo‘sh joy, bo‘shliq degan ma’qul, chunki ko‘pgina tillar, misol uchun ingliz (space), fransuz (espase ) tillarida ham shu tarzda ishlatiladi.

 

7. Revansh – fransuzcha revanche so‘zi o‘ch, qasos ma’nolarini bildiradi. Ammo boshqa tillarda siyosat va sportga oid atama sifatida ishlatilgani uchun unga muqobil sifatida bizdagi o‘ch, qasos so‘zlarini qo‘llab bo‘lmaydi. Atama sifatida u XIX asrning yetmishinchi yillarida Fransiyada revanshizm siyosiy harakatining paydo bo‘lishi bilan shakllana boshlagan. Bu siyosiy harakatning maqsadi Fransiya – Prussiya urushida Olmoniyaga o‘tib qolgan Fransiya yerlarini qaytarib olish bo‘lgan. Keyinchalik revanshizm boshqa mintaqalarga ham ko‘chgan va ko‘pincha bosqinchilik ma’nosini ifodalagan.

 

Menimcha, o‘zbek tilida revansh so‘zi ma’nolarini to‘la ifodalaydigan yaxlit atama shaklidagi muqobilni topish qiyin. O‘ylaymanki, uni majburan tilimizga kiritishga ham hojat yo‘q. Shu bois o‘zbek tilida jumladagi ma’nodan kelib chiqib revansh o‘rnida qayta bellashuv, qaytarib olish, qasos, o‘ch kabi turli so‘z va iboralardan foydalanish maqsadga muvofiq.

 

8. Reels – menimcha, Tik-Tok kabi bu so‘zni ham tarjimasiz qabul qilishga to‘g‘ri keladi.

 

9. Hostel – ilgari mehmon qabul qilinadigan xona va maxsus binolar qo‘noqxona deyilgan. Hozir mehmonxona deganda muhtasham binolarni ko‘z oldimizga keltiramiz, qo‘noqxona esa nisbatan kichikroq hostel yoki motelga ma’no jihatidan mos keladi. Kelajakda O‘zbekistonda sayohatchilar oqimi ortgani sari, o‘ylaymanki, bu kabi kichik qo‘nimgohlar ham ko‘payib boradi. Agar ularni qo‘noqxona yoki qo‘noquy desak, bu bilan unut bo‘layotgan so‘zimizni iste’molga qaytargan bo‘lardik.

 

10. Emoji – emoji.

 

Bayram ALI tayyorladi.

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2026-yil 1-son.

Eshiklar ochiq, lekin... maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:05 / 25.05.2026 0 14
Jamiyatdagi saviyasizliklar – hammasi qanday boshlanadi?

Ma’naviyat

10:05 / 25.05.2026 0 69
Dam olish kunlari borish mumkin bo‘lgan 15 ziyoratgoh





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//