“Bu ne’matlar evaziga xalqni afv eting” – Amir Temurning imomi va tarjimoni


Saqlash
16:50 / 28.05.2026 17 0

Amir Temur kabi ulkan saltanat hukmdori uchun harbiy yurishlar faqat siyosiy va harbiy jarayon emas, balki diniy ibodatlar, diplomatik muloqotlar va ilmiy suhbatlar bilan ham chambarchas bog‘liq, albatta. Shu sabab Sohibqiron huzurida ibodatlarni boshqaradigan yuksak ilmga ega imom, shuningdek, turli mamlakatlardan kelgan ulamolar bilan bemalol muloqot qila oladigan, arab tilini mukammal biladigan tarjimonga ehtiyoj nihoyatda katta bo‘lgan. Shu sabab buyuk Turon sultoni Amir Temur o‘zining harbiy safarlarida eng ishonchli imom va tarjimon sifatida Mavlono Abduljabborga tayangan hamda uni doimo o‘z yaqinida olib yurgan.

 

Manbalarda aytilishicha, u Amir Temurning kundalik ibodatlarida imomlik qilgan, harbiy yurishlar jarayonida ham hukmdor ibodatlarining tartib bilan o‘tkazilishiga mas’ul bo‘lgan. O‘sha paytda sarbozlar ruhiyatini ko‘tarish, safar davomida diniy birlikni saqlab turish va hukmdor oldida shar’iy marosimlarning to‘g‘ri bajarilishi aynan imom zimmasidagi eng muhim vazifalardan edi. Bundan tashqari, Sohibqironning arab olamidagi zabardast ulamolar bilan uchrashuvlari, siyosiy-diplomatik muzokara va ilmiy bahslarida ham Mavlono Abduljabbor muhim o‘rin tutgan.

 

Ibn Arabshoh ta’kidlashicha, u Amir Temur huzurida nafaqat imom, balki ilm ahli vakili sifatida ham tanilgan, faqihlikda chuqur bilimga ega fozil olim edi. Shu bois Amir Temurning saroyida o‘tkaziladigan ilmiy majlislarda ko‘pincha hakamlik qilgan. Ayniqsa, o‘sha davrning yirik allomalari Sa’duddin Taftazoniy va Sayyid Sharif Jurjoniy o‘rtasidagi mashhur bahsda hakamlik qilgani alohida eslanadi. Manbalarda aytilishicha, bu munozarada Sayyid Sharif Jurjoniy g‘olib chiqqan va bu natija saroy ahli orasida katta qiziqish uyg‘otgan. Mavlono Abduljabborning Amir Temur huzuridagi mavqei uning diniy e’tiqodi, ilmiy saviyasi, tarjimonlik mahorati va bahslaridagi adolatidan dalolat beradi. U faqat ibodatlarni boshqaruvchi din arbobi emas, balki Amir Temurning shaxsiy hayotida muhim rol o‘ynagan, ilm va siyosat chorrahasida faoliyat yuritgan yuksak darajadagi ziyoli sifatida tarixda munosib o‘rin egallagan.

 

Mavlono Abduljabborning to‘liq ismi haqida manbalarda ikki xil ma’lumot uchraydi. Amir Temurning Mamluklar davlatiga qilgan yurishi chog‘ida Halabda u bilan uchrashgan olimlardan Ibn Xatib Nosiriy uni “Abduljabbor ibn Abdulloh al-Xorazmiy al-Hanafiy” deb ataydi. Ammo Halabda u bilan uchrashgan yana bir faqih olim va shu bilan birgalikda Halab qozisi bo‘lgan Abul Valid ibn Shihna esa uni “Abduljabbor ibn No‘mon al Xorazmiy al Hanafiy” deb qayd etgan. Bu tafovut dastlab qaraganda chalkash tuyulsa ham boshqa tarixiy manbalar masalani oydinlashtiradi. Damashqda Mavlono Abduljabbor bilan bevosita suhbat qilgan buyuk tarixchi Ibn Xaldun ham uning ismini aynan Abduljabbor ibn No‘mon deb tilga oladi. Bu esa No‘mon ismi tasodifiy emasligini ko‘rsatadi.

 

Eng muhim ma’lumotni esa Ibn Arabshoh beradi. Uning yozishicha, Mavlono Abduljabborning otasi Samarqandda yashagan, fiqh ilmining furu sohasida davrining eng yetuk olimlaridan biri bo‘lgan. U shunchalik mashhur va obro‘li faqih edi-ki, zamondoshlari uni hanafiy mazhabining asoschisi bo‘lgan buyuk faqih Imom Abu Hanifa No‘mon ibn Sobitga o‘xshatib, hurmat bilan No‘mon ikkinchi deb atashgan. Shundan kelib chiqadiki, Abduljabborning otasining asl ismi Abdulloh bo‘lgan, ammo ilmiy salohiyati va mazhabda egallagan mavqeiga ko‘ra No‘mon laqabi bilan mashhur bo‘lgan. Demak, manbalarda uchraydigan ikki xil ism Abduljabbor ibn Abdulloh va Abduljabbor ibn No‘mon aslida bir biriga zid emas. Birinchi ism otasining haqiqiy ismini bildirsa, ikkinchisi uning ilmiy laqabi bilan bog‘liq. Shu bois har ikkisi ham tarixiy jihatdan to‘g‘ri hisoblanadi.

 

Manbalarda uning tug‘ilgan yili aniq ko‘rsatilmagan. Biroq Ibn Xatib Nosiriy Halabdagi suhbatda Mavlono Abduljabbordan yoshini so‘raganida u “hozir qirq yoshga kirdim” deb javob beradi. Amir Temurning Halabga kelishi va u yerda ulamolar bilan uchrashuvi hijriy 803-yil rabiyul avval oyining 14-kuni, milodiy 1400-yil 10-noyabrda sodir bo‘lganligi ma’lum. Shu ma’lumotlardan kelib chiqib, 803-hijriy yildan 40 yil ayirilsa, 763-hijriy yilga to‘g‘ri keladi. Bu esa milodiy 1362-yil atrofini anglatadi. Demak, manbalarda tug‘ilgan sana aniq berilmagani holda, mavjud guvohliklar asosida Mavlono Abduljabborning 763 hijriy, milodiy 1362-yilda tavallud topgani haqidagi xulosa mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi.

 

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Mavlono Abduljabborning otasi o‘z davrining yirik ulamolaridan biri bo‘lgan. Shu boisdan Mavlono Abduljabbor ham faqih va fozil kishi bo‘lib yetishdi. U usul, mantiq, arab tili, fors tili va turk tillarini mukammal bilgan. 1400-yilda Amir Temur bilan birga Halab shahriga kelgan Mavlono Abduljabbor Halabda hanafiy mazhabi qozisi Kamoliddin Umar ibn Abiy Jarrodadan shayx Akmaliddinning Imom Marg‘iloniyning “Hidoya” asariga yozgan sharhini so‘raydi. Mazkur sharhni mutolaa qilgach, u unda bir qancha noaniqlik va xatoliklar mavjudligini aniqlab, bu haqda Halab ulamolariga ma’lum qiladi.

 

Mavlono Abduljabborning tarjimonlik faoliyatini misollar bilan ko‘rsatmoqchi bo‘lsak, bir qancha dalillarni keltirish mumkin. Amir Temur tomonidan Halab qal’asi taslim qilingandan keyin Amir Temur u yerning ulamolari va qozilarini huzuriga to‘pladi. Bu majlisda Halabning shofe’ mazhabi qozisi Ibn Shihna ham qatnashdi va u yerda sodir bo‘lgan voqealarni o‘z asarida qayd qilib o‘tgan. Majlisda Ibn Shihna shaxsan Amir Temur bilan suhbat quradi. Amir Temur bilan Halab ulamolari o‘rtasidagi suhbatda Amir Temurga arab tilidan Mavlono Abduljabbor ibn No‘mon al-Hanafiy tarjimonlik qiladi. Majlisda Halab ulamolari o‘zaro maslahat qilishib ularning nomidan Ibn Shihna gapiradigan bo‘ldi.

 

Amir Temur Mavlono Abduljabbor vositasi orqali Halab ulamolaridan so‘ragan birinchi savoli quydagicha edi: Kechagi jangda biz tomondan ham, siz tomondan ham o‘ldirilganlar bo‘ldi. Ulardan qay birlari shahiddirlar? Bizning o‘liklarimizmi yoki siznikimi? Bu savolga Ibn Shihna quydagi hadis bilan javob beradi. Allohning rasuli (s.a.v) huzurlariga bir sahroyi arab kelib dedi: Yo Rasululloh! Bir kishi o‘z nomusi uchun urush qiladi, boshqa bir kishi shijoat ko‘rsatish uchun urush qiladi, yana biri esa o‘z maqomini bildirish uchun urush qiladi, yana bir kishi o‘lja uchun urush qiladi. Shulardan qaysi biri Allohning yo‘lidadir? Allohning rasuli (s.a.v) kimki Allohning so‘zi hamma narsadan oliy bo‘lishi uchun jang qilsa ana o‘sha Allohning yo‘lidadir. Bizlardan va sizlardan kim Allohning kalimasini oliy qilish uchun jang qilgan bo‘lsa, o‘sha shahiddir deb javob berdilar. Amir Temur bu javobdan juda hursand bo‘ldi. Shundan keyin samimiy suhbat eshiklari lang ochilib ketdi va Amir Temur: “Men yarim jon odamman va falon va fulon mamlakatlarni egalladim” – dedi va Ajam, Iroq, Hind mamlakatlarini va boshqa shaharlarini birin-birin sanab chiqdi. Bu vaziyatdan Ibn Shihna foydalanib, shunday dedi: “Bu nematlar evaziga shukur tariqasida bu xalqni afv eting va bundan keyin hech kimni o‘ldirmang”. Amir Temur esa hech qachon qasddan bir kishini ham o‘ldirmaganligini aytadi. Halabliklar bilan bo‘lgan jangda ular o‘zlarini o‘zlari shahar darvozalarida qisib o‘ldirganliklarini va ularga mol-dunyolari bilan omonda ekanligini aytadi.

 

Amir Temur halabliklardan so‘ragan ikkinchi savoli quydagicha bo‘ldi: Ali, Muoviya va Yazid haqida sizlar nima deysizlar? Shu vaqt Qozi Ilmuddin al-Qafasiy al-Molikiy ular hammasi mujtahidlardir, deb javob berib yubordi. Bundan Amir Temurning g‘oyatda g‘azabi kelib, Ali haqda, Muoviya zolim, Yazid esa fosiqdir. Siz halabliklar ham Damashq ahliga tobesizlar, ular (damashqliklar) bo‘lsa Yazid tarafdorlari bo‘lib, Husaynni qatl etganlar, deb xitob qildi. Shu vaqt Ibn Shihna Amir Temurga lutf bilan murojaat etib, al-Molikiy bergan javobini u qandaydir bir kitobda ko‘rganligi va manosini yaxshi tushunmaganligini aytib, uning uchun uzr so‘radi. Amir Temur biroz chehrasi ochildi-yu, lekin kayfiyati avvalgi holatiga qaytmadi. Undan so‘ng Amir Temur Ibn Shihnadan yoshi haqida so‘radi. Ibn Shihna tug‘ilgan yilim 749-yil bo‘lib, hozir ellik to‘rt yoshga yetdim, deb javob berdi. So‘ngra solat ul-mag‘rib (shom namozi) vaqti kirib, namozga (turishga) chaqirildi. Amir Temur shom namoziga imomlikka Mavlono Abduljabbor ibn No‘mon o‘tishini buyurdi. Ibn Shihna Amir Temur bilan yonma-yon turib namoz o‘qidi.

 

Shu o‘rinda biroz tahlil qiladigan bo‘lsak, bu vaqtda Halab shahrida shaharning to‘rtta mazhab bosh qozilari va juda katta ulamolar jamoasi bor edi. Lekin Amir Temur o‘zining imomi Mavlono Abduljabborni imomlikka o‘tishligini buyurgan. Bu bilan Amir Temur o‘zining imomini qanday e’zozlaganligini ko‘rishimiz mumkin.

 

Keyingi kuni ham Amir Temur Mavlono Abduljabborni va Halab qozisi Ibn Shihnani chaqirtirib, Ali va Muoviya haqidagi savolini qaytardi. Ibn Shihna unga: “Hech shak-shubhasiz haq Ali tomonida edi. Muoviya esa xalifalardan emas edi. Chunki Allohning rasuli (s.a.v) tomonidan “Mendan keyin xalifalik o‘ttiz yildir” degan sahih hadis sodir bo‘lgan. Bu (muddat) Ali bilan tamom bo‘lgan edi” – deb javob berdi. Shu vaqt Amir Temur Ali haqda, Muoviya zolim, deb ayt dedi. Bunga javoban Ibn Shihna “Hidoya”ning sohibi xalqqa jabr qiluvchi voliylardan qozilikka tayinlash joizdir, degan jumlasini keltiradi.

 

Darhaqiqat, garchi o‘sha paytda Ali haqda bo‘lsa ham, sahoba va tobeinlarning ko‘pchiligi Muoviyning qoziligini qabul qilishgan, deb javob beradi. Bu so‘zlardan Amir Temur hursand bo‘ldi va Halabda istiqomat qilish uchun tayinlagan amirlarini chaqirib, ularga: Bu odam bu shaharda sizlarning mehmoningizdir. U, xizmatkorlari, do‘stlari va ularga qo‘shilgan kishilarga yaxshi muomala qiling. Biror kishi ularga aziyat berishiga yo‘l qo‘ymang, ular uchun yegulik oziq-ovqat ajrating va qal’ada qoldira ko‘rmang, balki yashash joyi qilib madrasani, ya’ni qal’a ro‘parasidagi Sultoniya madrasasini belgilang, dedi. Amirlar Amir Temur qanday buyurgan bo‘lsa ana shunday qilishadi.

 

Mavlono Abduljabbor Xorazmiy Sohibqiron Amir Temurning eng ishonchli imomi, maslahatgo‘yi va xalqaro muloqotlarda tarjimonlik qilgan yetuk olim edi. Ayniqsa, Sohibqironning Damashqda mashhur tarixchi, jamiyatshunoslik fani asoschisi Ibn Xaldun bilan o‘tkazgan ilmiy bahs-munozaralarida uning xizmati beqiyos bo‘lgan. Mavlono Abduljabbor nafaqat ushbu uchrashuvlarda tarjimonlik qilgan, balki Ibn Xaldunga Amir Temurning shaxsiy xarakteri va harbiy zakovati haqida rasmiy tarixiy manbalarda uchramaydigan noyob ma’lumotlarni ham so‘zlab bergan.

 

Ushbu qimmatli ma’lumotlar keyinchalik Ibn Xaldunning shogirdi –  mashhur tarixchi Taqiyuddin Maqriziyning asarlari orqali bizgacha yetib keldi. Maqriziy bu ma’lumotlarni shaxsan o‘z ustozidan eshitganini ta’kidlaydi. Aynan Mavlono Abduljabborning ushbu xotiralari tufayli bugun biz Amir Temur siymosining boshqa manbalarda yoritilmagan qirralarini chuqurroq anglash imkoniga egamiz.

 

Mavlono Abduljabbor Ibn Xaldunga Sohibqironning harbiy yurishlaridagi sir saqlash qobiliyatini shunday ta’riflaydi: “Agar biror kishi senga: Amir Temur ko‘chganida qayerga borishini kimdir biladi”, desa aslo ishonma. Yoki “U qachon to‘xtashini biror kishi oldindan biladi”, desa ham ishonma”.

 

Abduljabborning aytishicha, Amir Temur barcha amirlarni yig‘ib kengash oʻtkazsa-da, yakuniy qarorni faqat eng yaqin 5-6 nafar xos kishilari bilan pishitar va haqiqiy maqsadni hatto o‘sha amirlarga ham oxirgi daqiqagacha aytmas edi. Askarlar dengiz to‘lqinidek bir tomonga qarab yurar, lekin kutilmaganda Amir Temurning buyrug‘i bilan butunlay boshqa tomonga burilib, dushmanni g‘aflatda qoldirar edi.

 

Maqriziy o‘zining asarida Sohibqiron Amir Temur shaxsiyatining hayratlanarli qirralarini ochib beruvchi bir qancha nodir voqealarni keltirib o‘tadi. Shunday hikoyalardan biri Ibn Xaldun tomonidan naql qilingan bo‘lib, u bu ma’lumotlarni bevosita Mavlono Abduljabbor Xorazmiydan eshitganini bayon etadi. Ushbu voqea Sohibqironning nafaqat harbiy sohada qanday yuksaklikka erishgani va inson psixologiyasini chuqur tahlil qila oladigan strateg ekanini yaqqol namoyon qiladi:

 

Voqea Damashq shahri yaqinidagi harbiy maydonda sodir bo‘ladi. Bir kuni Amir Temur kutilmaganda otga minib, Mavlono Abduljabborga ham o‘ziga hamrohlik qilishni buyuradi. Ularning yonida faqatgina bitta xizmatchidan bo‘lak hech kim bo‘lmaydi. Sohibqiron Misr mamluklari qo‘shini turgan tomon yo‘l oladi. Dushman askarlari otlarining ustida shay bo‘lib turgan bir paytda, Amir Temur ularga yaqinlashib, uzoq vaqt davomida dushman harakatlarini diqqat bilan kuzatib turadi. So‘ngra o‘z hamrohi bo‘lgan xizmatchini dushman o‘rdugohi tomon yuboradi. Xizmatchi xuddi bir muhim farmonni yetkazayotgan elchidek ularga yaqin boradi va vazifasini bajarib qaytib kelgach, Amir Temurga yuksak ehtirom bilan ta’zim qiladi.

 

Qizig‘i shundaki, dushman tomon Sohibqironning kimligini ham, bu kichik guruhning asl maqsadini ham mutlaqo payqamaydi. Vaholanki, urush maydonida qarshisidagi kishining dushman ekanini sezishdan ko‘ra muhimroq vazifa yo‘q edi. Amir Temur esa bu vaziyatni ko‘rib, kutilmagan bir xulosaga keladi. U qarorgohga qaytayotib, Abduljabborga qarab, bu qo‘shin bugun tunda qochishini aytadi. Haqiqatdan ham, o‘sha tunda Mamluk sultoni Nasir Faraj va uning amirlari kutilmaganda vahimaga tushib, o‘z joylarini tashlagan holda qochib ketishadi.

 

Keyinchalik Mavlono Abduljabbor Sohibqirondan bu sirni qanday qilib oldindan bilganini so‘rashganida, Amir Temur shunday javob beradi: “Men ularni kuzatish uchun borganimda, ularning birorta ham ayg‘oqchi-qorovulini ko‘rmadim. Shunda ularga yanada yaqin bordim va diqqat bilan kuzatdim – qarasam, ular tarqoq holda toifa-toifa bo‘lib olishibdi. Ularga kelganimni bildirishni xohladim va hamrohimga buyurdim: u borib ularning oldidan o‘tdi va qaytib kelib, menga xuddi podshohlarga xizmat qilingandek, yuksak ehtirom bilan xizmat qildi. Ular esa buni mutlaqo payqashmadi.

 

Holbuki, men ularning dushmaniman! Vaholanki, urushayotgan tomon uchun o‘zi urushayotgan dushmanidan ko‘ra muhimroq narsa yo‘qdir. Bildim-ki, ular menga e’tibor berishmayapti va shunga qaramay har bir toifa faqat o‘z-o‘ziga jipslashib qolibdi – angladim-ki, ular faqat o‘zlarini tashvishga solayotgan bir ish ichidalar. U ish esa faqat qochishdir! Ular hozir faqat qanday qilib qochib qutulish haqida qayg‘urmoqdalar”.

 

Mavlono Abduljabbor Xorazmiy orqali bizgacha yetib kelgan ushbu nodir fakt Amir Temurning naqadar buyukligini ko‘rsatish bilan birga, u dushmanning tashqi tartibsizligidan ularning ichki qo‘rquvini, beparvoligidan esa ularning yaqin soatlardagi mag‘lubiyatini bashorat qilgan. Bu ilmiy nuqtayi nazardan vaziyatni real vaqt ichida baholashning eng yorqin tarixiy namunasidir. Mavlono Abduljabborning ushbu xotiralari Ibn Xaldun kabi buyuk olimni ham hayratga solgani bejiz emas, chunki bu yerda amaliy tajriba va yuksak nazariy tafakkur bir nuqtada birlashgan.

 

Abduljabbor ibn No‘mon Amir Temur bilan birgalikda juda ko‘p olimlar bilan bahs-munozaralarga kirishdi. Bu bahs-munozaralarda o‘zining yuksak iste’dodi bilan u yerdagi olimlarni ham e’tirofiga sazovor bo‘lgan. Amir Temurning imomi, tarjimoni va maslahatchisi bo‘lgan Abduljabbor ibn No‘mon 1403-yil vafot etadi.

 

Xulosa o‘rnida aytish joiz, Sohibqiron Amir Temur o‘z davrining eng yetuk ilmiy va diniy namoyandalarini o‘z huzurida jamlagan bo‘lib, ular orasida hanafiy fiqhining zabardast olimi Mavlono Abduljabbor ibn No‘mon alohida mavqega ega edi. Mavlono Abduljabbor Sohibqiron tashkil etgan majlislarda nafaqat mohir tarjimon va odil hakam, balki diniy-huquqiy masalalar bo‘yicha eng yaqin maslahatgo‘y sifatida ham tanilgan. Eng muhimi, u Amir Temur shaxsiyati va harbiy mahoratiga oid bizgacha yetib kelgan ko‘plab noyob ma’lumotlarning asosiy yetkazuvchisi sifatida tariximizda o‘chmas iz qoldirdi.

 

       

   Elyorbek TURDIMIRZAYEV,

O‘zR FA Tarix instituti kichik ilmiy xodimi

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:05 / 25.05.2026 0 219
Jamiyatdagi saviyasizliklar – hammasi qanday boshlanadi?

Ma’naviyat

10:05 / 25.05.2026 0 298
Dam olish kunlari borish mumkin bo‘lgan 15 ziyoratgoh





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//