Omadi chopmay, turish-turmushidan nolib yurgan kishilar har qadamda uchraydi. Holbuki, bu yorug‘ olamda umrguzaronlik biz o‘ylaganchalik qiyin va murakkab emas. Faqat odamlarning o‘zi qulay yo‘l turib, egrisidan yurishni ma’qul ko‘radi, xolos. Fikrimcha, odamning umr yo‘li uning niyatlari bilan mushtarak. Kimdir tez boyishni ko‘zlab o‘g‘irlik qiladi va qamalib ketadi. Boshqasi qo‘lini sovuq suvga urmay, o‘zganing xayr-ehsoniga ko‘z tikib o‘tadi. Yana birovi biron kattaga yoqish uchun poy-patak. El boshiga ish tushganda foydalanib qoladiganlar ham oz emas.
Shular haqida o‘ylasam, Tolib pochchamiz esga tushadi. Oltmish yoshni qoralab qolgan, novcha, qorachadan kelgan pochchamiz bu ochunda yashashning ming bir hadisini olgan o‘ziyam. Ushlagan yerini tishlamasdan qo‘ymaydiganlar xilidan. Bir ish boshladimi, eshakni tog‘a, itni aka deb bo‘lsayam albatta uloqni ilib ketadi. Hozircha shahar markazida ikki qavatli do‘koni, davlatma-davlat kezib pul topadigan besh-oltita furasi bor. Viloyat markazida ijaraga bergan kvartiralaridan ham uncha-muncha pul tomib turadi. Har Yangi yilda xolamizning (onamning xolasi) qo‘lidan tutib, Parij yo Milanga jo‘nab ketishiga nima deysiz? Ha, omadini bersin!
Bu kuni bomdod mahal o‘sha pochchamiz telefon qilib turibdi. Attang, raqamini saqlab qo‘ymagan ekanman. Yo‘qsa, go‘shakni ko‘tarmasdim. Chunki pochchamiz faqat ishi tushsa sim qoqadi, boshqa payt qorasini ham ko‘rsatmaydi. To‘y-ma’rakalarda ham kamdan-kam ko‘rinadi. Aniqrog‘i, odamiga qarab keladi. Birov qarz so‘rab qolmasin degan xavotirda xeshlardan qochib yuradi. Momo-bobolarimiz ta’biriga ko‘ra, pochchamiz tug‘ilganda tanglayi pul bilan bosilgan ekan. Shundan dunyoni pul bilan o‘lchaydigan bo‘lib qolganmish. Ochig‘i, bu xil kishilar bilan osh-qatiq bo‘lishga hushim yo‘q. Yana, o‘zbekligimga borib, orani shartta uzib yuborish ham qo‘limdan kelmaydi. Boz ustiga hozirgina go‘shakni ko‘tarib qo‘ydim.
– Ey, pochchaginam, – dedim o‘zimni sipo ko‘rsatib salom-alikdan so‘ng. – Bormisiz, omonmisiz? O‘ynab-kulib yuribsizmi? Bizneslar gurullayaptimi?
– Shukur, – dedi pochchamiz boylarga xos xotirjam va bosiq ovozda. – El qatori rizqni terib yuribmiz. O‘zing yaxshimisan?
– Tinchlikmi? – shartta maqsadga ko‘chdim. – Kutilmaganda esingizga tushib qolibman?
– Shu desang, maslahatli ish bor, uka, – pochchamiz o‘ziga yaqin olib gapirdi (ishi tushib turibdi-da). – Katalakday bo‘lsa ham poytaxtda bir vatan qilsam degandim. Shunga biroz purjam yetmayroq turibdi. Uylar o‘ylaganimdan qimmat ekan. Ustiga ustak hozir ishlarim ham avvalgiday emas.
– Xo‘sh, nima xizmat? – suhbatni tezroq yakunlashni istardim. – Men sizga qanday yordam berishim mumkin?
– Hozir uylar subsidiyaga ham berilayotgan ekan, – pochchamiz maqsadiga ko‘chdi. – Shu uylardan birovini olsammikan deb chopib yuribman. Ammo subsidiya ololmay halakman. Avvaliga otangga chop, onangga chop deb rosa ovora qildi. Sizga subsidiya mumkinmas deydi. Oraga tanish-bilish qo‘shmasak ishim bitmaydiganga o‘xshaydi.
– Bunday ishlarni bitiradigan tanishim yo‘q, – taklifini keskin rad qildim. – Men jurnalda oddiy muxbir bo‘lsam. Yon-atrofimda ham qalamkashlar. Ularning qo‘lidan yozish-chizishdan bo‘lak bir ish kelmaydi.
– Gapni aylantirma, uka, – pochchamiz o‘z bilganidan qolmadi. – Bilaman, poytaxtda tanish-bilishlaring ko‘p. Yaxshilab so‘rab-surishtirsang biror tanka chiqib qolar.
– Insofingiz bormi, pochcha?! – ko‘nglimga kelgan gapni dangal aytdim. – Subsidiya beva-bechoralarga, yetim-yesirlarga, yana kambag‘al oilalarga beriladi. Kuningiz kelib-kelib shularning haqqiga ko‘z olaytirishga qoldimi? Qo‘shsha-qo‘shsha uyingiz, mashinangiz bor, uyalmaysizmi?
– Hovliqma, uka! – pochchamiz juda sokin gapirdi. – Subsidiya hammaga yetadi. Subsidiyani qo‘limda ishlaydigan bir shogirdimning nomiga olamiz. Uning hujjatlari top-toza. Nomida hatto bitta velosipedi ham yo‘q. Qog‘ozda qip-qizil kambag‘al!
– Menga qarang, pochcha, – baqirib yuborishdan o‘zimni zo‘rg‘a tiyib, zarda qildim. – Hozir tilim qichib, ko‘nglingizni og‘ritadigan gap aytib qo‘yaman. Keling, yaxshilikcha xayrlashaylik.
– Menga qara...
Xayr-xo‘shni nasiya qilib, pochchamizning gapini oxirigacha eshitmay go‘shakni qo‘ydim. Asabdan oyoq-qo‘lim bilinar-bilinmas titrab, boshimda og‘riq turdi. Quloqlarim chippa bitdi. Yo tavba! Pochchamizni bu qadar nazari past deb o‘ylamasdim. El orasidagi “Yeb to‘ymagan yalab to‘ymaydi” degan gapning chinligiga yana bir bor amin bo‘ldim. Yo‘qsa, bola-chaqadan tingan, uncha-buncha kishining havasi keladigan biznesga ega odam shunchalik past ketadimi? Bunaqada ertaga subsidiyaga olingan uyning pulini ham o‘sha shogirdiga to‘latmasligiga ko‘zim yetmaydi. Xayolimga kelgan bu fikrlardan pochchamizga gap uqtirish foydasiz ekanini tushundim. Bunday kimsalarga gap kor qilmaydi.
O‘sha pochchamiz sababmi yoki yoshim qirqdan og‘ib, mayda fe’l bo‘lib qoldimmi, so‘nggi vaqtlarda zamondoshlarni zimdan kuzatib, davralarda ularning fe’l-atvoridan gap ochadigan bo‘lib qoldim. O‘h-hu, odamlarning olasi ichida bo‘larkan. Ayrim kimsalar qilmishini eshitib, hayratdan yoqa ushlaydi kishi. Ba’zilar tirikchilik, bir-ikki so‘m pul topish dardida o‘zini ming ko‘yga solib, hatto tushga ham kirmaydigan hiylalarni o‘ylab topishga usta bo‘lib ketibdi. Bir davrada vohalik akamiz shunday gurung berib qoldi.
– Ikki yilcha burun momomizni ko‘pga qo‘shdik, – deb gap boshladi u. – Salkam bir asr yashagan momomiz mehnatkash, sarishta, yana juda shirinso‘z ayol edi. Uni katta-kichik birday yaxshi ko‘rardik. Yetimlikda o‘sgani bois dabdaba va isrofga toqati yo‘qroq edi. Har xil soxtagarchiliklarni jini suymay o‘tdi. Haqning huzuriga ketadigan kuni ham kenja tog‘amizga vasiyat qilibdi:
– Paymonam to‘lganga o‘xshaydi, bolam. Shukur, ko‘zim orqamda qolmayapti. Orzu-havasimning bariga yetdim. Yaratganning huzuriga qarib-qartayib borayapman. Shuning uchun ko‘p aza tutib yurmanglar. Meniki to‘yday gap. Hech qanday ma’raka-paraka kerak emas. Har eslaganlaringda Qur’ondan ikki sura tilovatning o‘zi yetarli.
– El nima deydi? – so‘rabdi tog‘amiz. – Oq yuvib, oq taragan enasiga bitta ma’rakani ko‘p ko‘rdi deb gap qilmaydimi?
– Elning og‘ziga elak tutib bo‘larmidi? – debdi momomiz qat’iy. – Odamlarning og‘zi bekor. Tilim bor deb har neni gapiradi. Yaxshisi, sen men aytganimni qil. Kam bo‘lmaysan.
Ona-bolaning suhbati haqida kenja tog‘amiz hech kimga churq etmagan. Faqat ertaga momomizning xudoyisini o‘tkazamiz degan kuni bu gurungning uchi chiqdi. Turgan gapki, momomizning vasiyati ko‘pchilikka ma’qul kelmadi. Oqibatda kenja tog‘amiz bir tomon, akalari-yu opalari bir tomon bo‘lib, ma’raka qilish-qilmaslik bahsi boshlandi. Bir fikrga kelisholmay turgan mahal o‘rtancha xolamiz gapga aralashdi.
– Jannatim – onajonim bir keldi-yu ketdi, – deb ko‘ziga yosh oldi. – Ma’rakasini o‘tkazsak, aytinglar, nimasi yomon? Ana, boshqa odamlar har hafta is chiqaradi. Onamizga har kuni bir qo‘y so‘yib, elga xudoyi bersak ham kam. Tunov kuni qo‘shnimiz – mulla Xudoyberdining xotini bir gap aytib qoldi. Hozir odamlar mayitning har ma’rakasida bitta qo‘y so‘yarkan. Keyin o‘sha qo‘yning kallasiga qarab mulla Xudoyberdi xatm qilarkan.
Ochig‘i, xolamizning gapi o‘rinsiz va kulgili chiqdi. O‘zimni arang tiydim. Aftidan, davrada o‘tirganlar ham tilini tishlab o‘tirardi. Shu bois oraga bir muddat sukunat cho‘kdi. Shayton baribir o‘z ishini qildi. Hammamiz birday kulib yubordik. Chetdan kuzatib turgan kishi bularning momosi o‘lib, hammasi xursand bo‘lib qolibdi deb o‘ylashi aniq edi.
– Xolamizning gaplarini omilik, xurofot deb o‘ylayman, – vohalik aka so‘ziga yakun yasadi. – Mulla Xudoyberdining ham qo‘y kallasiga qarab xatmi Qur’on qilishiga ishongim kelmaydi. Xotini o‘ylab topgan bo‘lsa ajabmas. Lekin shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi degan gap ham bor. Besh qo‘l barobar emas. El ichidan har xil odam chiqadi. Yanayam hammaning o‘zi biladi.
– Odamlarda na din, na diyonat qoldi, – suhbatimizga qo‘shildi vodiydan mehmonga kelgan do‘stimiz. – Foydani ko‘zlab hech qaysi ishdan tap tortmaydigan bo‘lib ketdik. O‘tgan yili arafa kuni qurbonlikka bir jonliq olish uchun molbozor oraladik. Afsuski, tarvuzimiz qo‘ltiqdan tushib qaytdik. Hech savdomiz pishmadi. Bozorda mol borki, narxi odatdagidan ikki-uch barobar qimmat.
– Pochin qildingizmi? – deb so‘radim bir chetdagi qo‘lbola qo‘tonda yigirma chog‘li qo‘chqor qamab o‘tirgan yigitdan. Kayfiyati yo‘q, bozori yurishmayotganga o‘xshardi. – Qo‘chqorlar qanchadan bo‘ldi?
– Keling, aka, – yigit jilmaygan ko‘yi qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, shirin gapirdi. – Qaysi birini tanladingiz?
– Hov, o‘rtada turgan qora qo‘chqorga qancha so‘rayapsiz?
– El qatori beraversiz-da, aka. Ushlab chiqaymi?
– Yo‘q, avval narxini ayting!
Hay-haylashimga qaramay yigit ildamlik bilan kamina ko‘rsatgan qo‘chqorning orqa oyog‘idan tutib, sudrab keltirdi.
– Shirvoz. Go‘shtini yegan odam baraka topadi. Yumshoq bo‘ladi.
– Ko‘p maqtamay narxini ayting, uka. Savdomiz pishmay qolsa, yana bozor oralashimga to‘g‘ri keladi. Vaqtim tig‘izroq.
– Besh yarim-olti milliondan sotayapman. Sizga teppa-tekis besh million qilib beraman.
– Ey, bu gapingizni qo‘ysangiz-chi, uka. Bir ho‘kizning pulini so‘rayapsiz. Salgina insof qiling. Olgan ham, sotgan ham baraka topsin.
– Bugunning narx-navosi shunday. Istang, bozor aylanib chiqing. Arzon topsangiz, pulingizni qaytib beraman.
– Bozor aylanib nima qildim? Yaxshisi, o‘zingiz qo‘chqor narxini sal kelishtiring.
– Bo‘ladigani shu. Boshqa o‘tib berolmayman. To‘g‘ri tushuning, biz ham tirikchilik deb uzzukun oftob tig‘ida o‘tiramiz.
– Hech kim pulni supurib olayotgani yo‘q, uka. Siz ham insof sari so‘rang-da. O‘tgan bozor siz aytgan narxda bunaqa qo‘chqorning ikkitasini olsa bo‘lardi.
– Narxni osmondan olib qo‘ymaymiz. Shu safar o‘zimiz ham qimmatga oldik. Bu gaplarni chorvadorlarga borib ayting. Yana har bir qo‘yga alohida-alohida patta to‘laymiz. Yem-xashak, suv sotib olib beramiz. Yana boshqa mayda-chuyda xarajatlariyam bor. Odamlar buni ko‘rmaydi. Faqat qimmat deb noligani noligan.
– Gapni quruq olib qochmang. Nima, ilgari patta olmaganmisizlar? Yo qo‘chqorlar ro‘za tutarmidi?
Gapim sotuvchiga yoqmadi. Jahl qilib, ushlab turgan qo‘chqorini qo‘yib yubordi. Ikki kaftini bir-biriga urib, qo‘l changini qoqdi. Shu qilig‘i og‘ir botdi. Quloq-chakkasiga shapaloq tortib yubormoqchi bo‘ldim-u, bayram kunlari deya shaytonga hay berdim.
Gapning sirasi, yana bozor oralab ketdik. Uch-to‘rt savdogarning gapini oldik. Narx-navo o‘sha-o‘sha. O‘ylab-o‘ylab, bozordan olish fikridan qaytdik. Shahardagi kushxonalar, katta yo‘l bo‘yida olis viloyatlardan keltirib sotilayotgan qo‘y-qo‘zilar narxini surishtirdik. Foydasi yo‘q. Hamma yerda xo‘roz bir xil qichqirayapti. Ko‘pga kelgan to‘y. Noiloj, qimmat bo‘lsa ham bitta qo‘y sotib oldik.
Bu gap tugab-tugamay, gurung kengaydi. O‘sha kuni tun yarmidan og‘guncha so‘z tugamadi. Bir-biridan o‘tib tushadigan voqealarni tinglab, goh hayratdan yoqa ushladik, goh kuldik.
Bir kishi oz vaqtda yaxshigina boylik to‘plabdi. Otasidan qolgan eski uyni buzib, o‘rniga ikki qavatli quribdi. Qimmat mashina olibdi. Uncha-muncha badavlatning havasi keladigan dabdabali to‘y-tomosha bilan o‘g‘il uylabdi.
Ko‘p o‘tmay el orasida mish-mishlar o‘rmalabdi. Birov lotereyasiga yutuq chiqibdi desa, boshqasi otasidan bir xum tilla qolgan ekan deganday. Aslida haligi yigit olibsotarlik qilarkan. Bog‘bonlardan uzumni ko‘tara olib, shaharga oborib sotarkan.
Hozirgi zamonda olibsotarlarning pichog‘i moy ustida. Ular o‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir. Payti kelsa, dehqon yo bog‘bon bir yilda topadigan mablag‘ni bir kunda topishi mumkin. Ammo olibsotarlik bilan ko‘z ochib yumguncha el og‘ziga tushgan boyvachcha bo‘lish amrimahol. Bir balosi bo‘lmasa shudgorda quyruq ne qilur?
Oyni etak bilan yopib bo‘lmaganiday, har qanday sirning vaqti kelib misi chiqadi. Haligi boyning ham qilmishi ayon bo‘libdi. Uchchiga chiqqan qallob ekan, nomard. Uzum solinadigan yog‘och qutilarni obdon suvga bo‘ktirib, xaridorlar haqiga xayonat qilarkan. Xudo biladi, uning kimsa bilmas yana qanday hunarlari bor?
Odatda, bunaqa ishlar iymoni sust kishilarga xos. Ammo o‘lganning ustiga tepganday, din-u diyonatdan xabari borday ba’zi kimsalar ham avlo emas. O‘ziga yarashmaydigan qiliqlari bilan millat yuzini yerga qaratmoqda. Ishonmasangiz, ijtimoiy tarmoqlarga bosh suqib ko‘ring. U yerda buni isbotlaydigan ko‘plab foto va video xabarlarga duch kelasiz. Bir misol. Yaqinda umraga borgan va daraxtning ustiga maymunday tirmashib chiqqan yurtdoshimizni ko‘pchilik ko‘rdi yo eshitdi. Insonlar tavba qilishga boradigan tabarruk maskanda o‘sha yurtdoshimiz nega bu ishga qo‘l urdi deb o‘ylaysiz? Sababi o‘ta kulgili. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining yozishicha, o‘sha odam hamrohlari bilan garov o‘ynagan. Arzimagan pul uchun o‘zini ham, birga borgan yurtdoshlarimizni ham sharmanda qilib daraxtga tirmashgan. Birniki mingga, mingniki tumanga. Uning maqsadi pul topish ekan, ovora bo‘lib ziyoratga nega bordi? Kaltabinlik, farosatsizlikning ham chegarasi bo‘lmas ekan-da. Shunday emasmi?
Yildan yilga odamlar mayda-chuyda maqsadlar atrofida o‘ralashib qolayotganday tuyuladi. Afsuski, or, nomus, g‘ujur, uyat deb atalmish tuyg‘ular unutib yuborilmoqda. Masalan, zamonaviy mobil telefon egasiga aylanish uchun har qanday ishga, hatto xayr-ehson so‘rashga ham tayyormiz. Avtomashina olish payida ijtimoiy tarmoqlarda uyimiz yonib ketdi deb ko‘z yoshi to‘kib, faryod ko‘tarishdan iymanmay qo‘ydik. Salgina ko‘proq foyda ko‘rishni o‘ylab, qutilar tagiga gilosning yaroqsizini solishdan uyalmaymiz.
Millatning kelajagini tarbiyalashga mas’ul onalar dardi esa kelin tomondan keladigan tog‘oralarda. Bugun o‘ttiz to‘qqizta tog‘ora kelibdi, ertaga qirqta bo‘larmikan degan xavotirda tong ottiradi. Yetmaganiga xuddi tog‘ni talqon qilganday ijtimoiy tarmoqlarda maqtanib chiqadi. Go‘yo farzandlarimiz kelajagi shu tog‘oralarga bog‘liqday.
So‘zimiz avvalida bu dunyoda yashash biz o‘ylaganchalik qiyin emas, bu har bir odamning niyatiga bog‘liq ekani haqida aytgandik. Darhaqiqat, shunday! Maqsadni to‘g‘ri va aniq qo‘ygan odam hayotda qiynalmay yashaydi. Ko‘pincha o‘zimiz mayda-chuyda havaslarga berilib, dabdaba-yu as’asaning izidan quvib hayotni murakkablashtirib, chigallashtirib yuboramiz, so‘ng kalavaning uchini yo‘qotib qo‘yamiz. Mohiyatan hayot halollikni, soddalikni, ma’rifatni, me’yorni yaxshi ko‘radi. Zero, Ollohning amri ham shu-ku.
Azim RO‘ZIYEV
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2026-yil 1-son.
“Kalavaning uchi qayerda?” maqolasi
Til
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
Ma’naviyat
Adabiyot
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q