Oʻzbekiston xalq shoiri Oydin Hojiyeva 81 yoshida vafot etdi

Saqlash
16:49 / 14.05.2023 1777 0

Oʻzbekiston xalq shoiri Oydin Hojiyeva 14-may kuni 81 yoshida vafot etdi. Bu haqda Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati xabar berdi.

 

“Oydin Hojiyevaning deyarli barcha toʻplamlarida pokiza va mehribon, kechirimli va sadoqatli ona tuygʻulari, vafodor yor, didli, farosatli va noziktaʼb shoira qalbi joʻsh urib turadi. Ayni chogʻda dunyo voqealariga hamdardlik, insonlar mushkulini yengillatish uchun kurash, oʻz ona xalqi, ona tuprogʻi, madaniy merosiga mehr tuygʻusi balqib turadi”, — deyiladi uyushma axborotida.

 

 

Oydin Hojiyeva 1942-yil 22-aprelda Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi Boʻston qishlogʻida tugʻilgan. 1966-yil Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning filologiya fakultetini tamomlagan. U 1965−1976-yillarda “Sharq yulduzi” jurnalida adabiy xodim, boʻlim mudiri, 1976−1985-yillar “Saodat” jurnalida boʻlim mudiri, 1985−1995-yillarda “Gulxan”, 1995-yildan esa “Saodat” jurnali muharriri lavozimida ishlagan.

 

Oydin Hojiyeva ijodi 60-yillarning ikkinchi yarmidan boshlangan. Uning birinchi sheʼriy toʻplami 1970-yilda “Shabnam” nomi bilan chop etilgan. Shundan soʻng 20 ga yaqin sheʼriy kitoblari nashr qilingan. Xususan, 1972-yil “Men sevgan qoʻshiq”, “Zar kokil qiz va quyosh”, 1975-yil “Manzillar”, 1977-yil “Navo”, 1978-yil “Tarovat”, 1979-yil “Buvisining oʻz qizi”, 1980-yil “Dostonlar”, “Tamal toshi”, 1989-yil “Saylanma”, 1991-yil “Najot”, “Olisdan kelgan ovoz”, 1996-yil “Koʻzimning oq-u qarosi” va boshqa koʻplab sheʼriy toʻplamlari nashr qilingan.

 

Oydin Hojiyeva tarjimon sifatida Shandor Petefi, A.Mskevich, Ovanes Tumanyan, Fayz Ahmad Fayz, Edi Ognesvet, Rimma Kazakova, Fariza Ungarsinova, Oyjamol Omarova, Gulruxsor, Ibroyim Yusupov, Maryamxon Abulqosimova va boshqa koʻplab jahon hamda qardosh xalqlar adabiyot vakillarining ijod namunalarini oʻzbekchaga oʻgirgan. Oʻzining sheʼrlari rus, ukrain, qozoq, qirgʻiz, tojik, belarus, fransuz, ingliz va urdu tillarida nashr etilgan.

 

Shoira 1975-yilda Yoshlar ittifoqi mukofoti sovrindori boʻlgan. 1992-yil Oʻzbekiston xalq shoiri unvoni, 1999-yil “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.

 

Oydin Hojiyeva taniqli adabiyotshunos, Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov bilan turmush qurgan.

 

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi marhumning yaqinlariga hamdardlik bildiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//