XX asrda ilm-fan, xususan, badiiy adabiyotga e’tibor ortishi tufayli adabiy-badiiy manbalarning arxivlari ham tashkil topa boshladi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi sobiq Qo‘lyozmalar instituti, hozirgi Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyida yig‘ilgan qo‘lyozmalar fondi shular jumlasidan. Mazkur arxivning tashkil topishida professor Hamid Sulaymonning alohida o‘rnini ta’kidlash zarur.
Arxiv materiallaridan foydalanish doirasi keng bo‘lib, tarix, kriminologiya, sotsiologiya, sud-huquq ilmi (юриспруденция) bilan chegaralanmaydi. Filologik tadqiqotlar hujjatlarda yashirin haqiqatni xalqqa tez va ta’sirli tarzda yetkazib berishi, jamiyat ma’naviy ehtiyojlarini to‘liqroq qondirishi mumkin.
Lev Tolstoyning “Tirilish” romani yaratilishida bir sud ishi va unga oid faktlar, Frederik Stendalning “Qizil va qora” asari uchun ham o‘z vaqtida Fransiyada shov-shuv bo‘lgan sud va uning materiallari asos bo‘lib xizmat qilgan edi (Jo‘raboyev O. Matnning matnosti sirlari. Toshkent, “Tamaddun”, 2017. 162-bet). O‘zbek adabiyotida bunday tipdagi asarlar, asosan, sobiq Ittifoq olib borgan qatag‘on siyosati mavzusi doirasida amalga oshirilgan bo‘lsa-da, mazkur jinoiy ishlarning “mutlaqo maxfiy” saqlanishi uzoq vaqtlar ularni o‘rganish imkonini chekladi. Arxivlar tadqiqotchilar uchun mustaqillik yillarida ochildi. Shu tariqa kompartiyaning manfur qilmishlari haqida, ilmiy ishlar bilan bir qatorda badiiy asarlar ham dunyoga kela boshladi.
Yozuvchi Nabijon Boqiyning “Qatlnoma” qissasi sof badiiy emas, balki hujjatli asardir. Qissa adabiy jamoatchilik tomonidan qizg‘in kutib olindi. Binobarin, Abdulla Qodiriy va unga bog‘liq sir pardasi ko‘tarilib, ko‘plab taniqli kishilar haqida bahslar yuzaga keldi.
N.Boqiy o‘rgangan vaqtda NKVD arxivi materiallari maxfiylikdan chiqarilgan edi. Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romani esa “paxta ishi” ayni avj olgan davrda harakatdagi qatag‘on haqida yozilgan. Shu sababli adibning maxsus arxivga kirib ishlashi mumkin emasdi. “Ana shu vaqt qatag‘on avj oldi... Nihoyat... qama-qama avj oldi. O‘zbek ziyolilari kishanband bo‘ldi. O‘zbek ziyolilari mahbus bo‘ldi. O‘zbek ziyolilari kechalab-kechalab Moskvaga olib ketildi. So‘roq Moskvada bo‘ldi. Sud Moskvada bo‘ldi. Hukm Moskvada o‘qildi. Ana shunda polvonlik qonim qaynadi!.. Bir oyog‘im institutda bo‘ldi, bir oyog‘im sudlarda bo‘ldi. Men tanish-bilish yo‘li bilan tergov matnlarini sotib oldim. Ikki og‘iz axborot olish uchun yarimtalar quydim”, deb yozadi adibning o‘zi (Murod T. Otamdan qolgan dalalar. Toshkent, “O‘zbekiston”, 2021. 356-bet).
Shu tariqa “o‘zbek xalqiga haykal qo‘yaman” deb niyat qilgan adib paxta ishi bilan nohaq ayblangan xalq farzandlari haqida “Otamdan qolgan dalalar” romanini yozdi. Roman tergov materiallari asosida bitilgan bo‘lsa-da, sof badiiy asar. U mustaqillik yillari o‘zbek adabiyotida voqea bo‘ldi.
Bu davrda Naim Karimov, Sherali Turdiyev, Begali Qosimov, Boybo‘ta Do‘sqorayev, Sirojiddin Ahmad singari zahmatkash olimlar yaratgan tadqiqotlar o‘zbek madaniyati tarixida katta iz qoldirgan jadidlar hayoti va faoliyatini ibrat o‘laroq kashf etdi, mustaqillik mafkurasini yaratishda dasturulamal vazifasini o‘tadi. Bu ish yana shunisi bilan qadrliki, birinchidan, arxivlarga kirish nihoyatda qiyin, ruxsatnoma olguncha bir qancha byurokratik to‘siqlardan oshib o‘tish kerak bo‘ladi. Ikkinchidan, arxivda ishlash mashaqqati ham bor. Ishning eng qiyin qismi – bu yerda Markaziy davlat arxivi yoki boshqa arxivlarga o‘xshagan alohida o‘qish zallari yo‘qligi. To‘g‘ri kelgan bo‘sh xonada ishlaysiz. Yoningizda esa sizni kuzatishga biriktirilgan xodim. Aslida, bu – ishning tashqi tomoni. Tom ma’nodagi zahmat ishni o‘qish jarayonida boshlanadi. Hujjatlar millatimiz oydinlari ustidan ochilgan jinoyat ishlari bo‘lgani bois sodir etilgan qabohatlar kishini ruhan ezadi. Buning ustiga, hujjatlar juda ko‘p va qati buzilmagan. Bu esa ularning zalvarini yanada orttiradi. Ayni choqda birlamchi manbalar bilan ishlash zavqini beradi.
Masalaning yana bir nozik tomoni bor. Bu – nashr masalasi. Ming mashaqqat bilan yozilgan ishni chop etadigan jasur noshirlar yetarli emas. Uzoq vaqt qo‘rquv saltanatida yashaganimiz xalqimiz ko‘ngliga panada qolish kayfiyatini singdirgan, shuning uchun ham qaltis mavzularda yozilgan ishlarni hamma noshirlar ham chop etavermaydi.
Ushbu satrlar muallifi ham 2019-yil aprel–iyun oylarida Davlat xavfsizligi xizmati arxivida saqlanayotgan Abdurahmon Alimuhammedov, Hamid Sulaymon, Nabi Alimuhammedov, Mirzakalon Ismoiliy, Shuhrat, Shukrullo, Mahmud Murodov, Meli Jo‘rayevlarning 726-sonli jinoyat ishi materiallari bilan tanishib chiqdi. Ularga umumiy “delo” ochilgan, jinoiy ishning hajmi 16 jilddan iborat. Bundan tashqari, har bir ayblanuvchining “shaxsiy ishi” mavjud. Hammasini qo‘shib hisoblaganda, 24 jildli aybnoma. Materiallar bilan tanishib, ayrim hujjatlardan nusxa olishga ham muvaffaq bo‘ldik.
Ish A.Alimuhammedov va boshqa ayblanuvchilar haqida Homil Yoqubovning “Qizil O‘zbekiston” gazetasida (1949-yil 16-may) chop qilingan “Adabiyotimizda estet-kosmopolitlarni oxirigacha fosh qilaylik” sarlavhali qoralovchi maqolasidan boshlangan. Keyin boshqa hujjatlar quyidagi tartibda tikilgan: ayblanuvchilarni hibsga olishga asos bo‘lgan, ish joylari yoki tanish-bilishlaridan olingan ularning “xalq dushmani” ekanini tasdiqlovchi xulosalar; A.Alimuhammedov, so‘ng
H.Sulaymon va boshqalarning tergov bayonnomalari, guvohlarning iqrorlari, guvohlar va boshqa ayblanuvchilar bilan yuzlashtirishlar.
O‘sha vaqtda suhbatlashganimiz arxiv mas’ul xodimining aytishicha, mazkur jinoiy ish – KGBga Lavrentiy Beriya rahbarlik qilgan yillarning mahsuli. Bu davrda ish hujjatlari qat’iy tartib bilan olib borilgan.
Jinoiy ishning 1–5-jildlarida tergov, 6–8-jildlarida esa sud materiallari berilgan. 9-jilddan M.Ismoiliyning suddan keyingi tergovi hamda qamoqxonada yozgan ikki jildli “Farg‘ona tong otguncha” romani va “Vijdon tavbasi” essesi o‘rin olgan.
Jahon tarixida qamoqxonada yozilgan asarlar ko‘p. Masalan, Imom Ahmadning fiqhiy asari, turk shoiri Nozim Hikmat she’rlari, chex yozuvchisi Yulius Fuchikning “Dor ostidagi so‘z” qissasi. Mirzakalon Ismoiliyning “Vijdon tavbasi” asari, bulardan farqli ravishda, mahbusning ko‘ngil dardlari sifatida qog‘ozga tushirilgan. To‘g‘ri, qamoqxonadagi hayotini esse shaklida yoki qahramonlar ismini o‘zgartirib, sof badiiy asar tarzida yoritgan ijodkorlar ham bor. Aleksandr Soljenitsinning “Ivan Denisovichning bir kuni” qissasi, Shuhratning “Oltin zanglamas”, Shukrulloning “Kafansiz ko‘milganlar” romanlari, Said Ahmadning “Borsa kelmas darvozasi”, “Sarob”, “Oftoboyim” hikoyalari shular jumlasidan. Ammo bu dardni qamoqxonaning o‘zida yozib, vijdoni bilan savol-javob qilganlar juda kam. M.Ismoiliyning “Vijdon tavbasi” essesi ana shunday kam sonli asarlar sirasiga kiradi. U kirill yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida binafsha rangli siyoh bilan qo‘lda bitilgan. Umumiy hajmi – 265 varaq. Muallif esseni qiziga murojaat tarzida yozgan. Qo‘lyozmadan nusxa so‘raganimizda, yozuvchining avlodlaridan rozilik xati olib kelishimiz talab qilindi. Surishtirib, muallifning farzandlari dunyodan o‘tgani, rozilik xatini nevaralaridan olishimiz mumkinligini bildik. Ammo muayyan sabablarga ko‘ra bu ish oxiriga yetkazilmadi.
“Vijdon tavbasi” asari tug‘ilgan, ammo hali o‘qilmagan. Kelajakda asar o‘z kitobxonini topadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi.
Ayon bo‘lyaptiki, arxiv hujjatlari qatiga yashiringan haqiqatlarni ochish adabiy jamoatchilik oldidagi muhim vazifalardan hisoblanadi.
Mehribon YODGOROVA,
filologiya fanlari bo‘yicha
falsafa doktori
“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 1-son.
“Qamoqxonada tug‘ilgan “Vijdon tavbasi” maqolasi
Til
Ma’naviyat
Adabiyot
Adabiyot
Ma’naviyat
Adabiyot
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q