Shoir Jontemir feysbuk tarmogʻida muhokamaga shunday savol qoʻydi: “Bugun hamma atrofida yigʻiladigan gʻoya sizningcha nima?” Savolni oʻqib yodimga birinchi Tilak Joʻra keldi. U 1987-yilda “Asr ovozi: Ozod inson haqida qoʻshiq” – bir nechta mamlakat ijodkorlarining mushtarak gʻoyalari antologiyasini chop qiladi (“Adabiyot va san’at” nashriyoti). Mashaqqatli ishning boshida oʻzbekning eng erkparvar shoirlari Tilak Joʻra hamda Rauf Parfi turgan. Oshiq Veysal soʻzi, Tilak Joʻra tarjimasi: “Hammamiz bir yurtning avlodlari” degan xitob butun dunyoga chaqiriq misoli e’lon qilinadi. Jamlanmaning soʻnggi sahifasida izoh yozilgan: “Bu majmua shu kungacha XX asr Yevropa, Osiyo, Afrika va Amerika progressiv she’riyatidan oʻzbekchaga tarjima qilingan ozodlik, tinchlik, ijtimoiy tenglik, insonparvarlik kabi oʻlmas gʻoyalarni tarannum etuvchi asarlarning eng yaxshi namunalaridan iboratdir”.
Progressivlik talab qilgan zamonaning progressiv shoirlaridan tarjimalar jamlangan antologiya Ikkinchi jahon urushi jarohatlari hamda butun dunyoni ikkiga ajratib vahshat solayotgan natsizm va sotsializm gʻoyalarining qurboniga aylanayotgan, erki tobora oʻz qoʻlidan ketayotgan xalqlarning nola-yu faryodlarining yozma shakli edi.
Oʻzbek tarjima maktabini bir pogʻona ko‘targan shoir, tarjimon, adabiyotshunos olim Tilak Joʻra bib kitobda ozodlik gʻoyasi orqali toʻrt qit’ani birlashtirdi. Shoirning badiiy-estetik mahoratini tan olgan holda tarjima adabiyotiga qoʻshgan hissasini e’tirof etish lozim. U oʻzbek adabiyotiga turk, ozarboyjon, fransuz, qoraqalpoq, qirim-tatar, tojik she’riyati namunalarini tuhfa etdi. Ayniqsa, buyuk shoir Nozim Hikmatni oʻzbek kitobxoniga tanishtirib, “Hozirgi turk she’riyati”, “Nozim Hikmat va oʻzbek she’riyati” haqida ilmiy tadqiqotlar olib bordi, maqolalar e’lon qildi. Bu davr uchlik shoirlari: Tilak Joʻra – Rauf Parfi – Shavkat Rahmon Turkistonning bir boʻlagini oʻzlari tarjima qilgan qardosh xalqlar adabiyoti bilan yaratdilar. Gʻaybulloh as-Salom aytganiday: “Axir, Tilak Jo‘rasiz qanday dorul-tarjima bo‘lsin?!”
Toshkent davlat dorulfununi, hozirgi Oʻzbekiston Milliy universitetining tarjima nazariyasi va nashriyot ishlari kafedrasida muallimlik faoliyatini olib borgan shoir Tilak Joʻra vujudida olim shoir oʻsib boradi, ikkisi bilan yonma-yon mahoratli tarjimon ham boʻy koʻrsatadi. Tojik adabiyotidan Abulqosim Lohutiy, Sadriddin Ayniy, Loyiq Sherali, Basir Raso, Habibullo Fayzullo, Mason Sherali, turk adabiyotidan Fozil Husni Dogʻlarcha, Oshiq Veysal, Rizo Tavfiq Fikrat, Nozim Hikmat, ozar adabiyotidan Baxtiyor Vahobzoda, Rasul Rizo, Mammad Araz kabi ijodkorlarni oʻzbek oʻquvchisiga tanishtirgan.
Asr ovozi she’riy majmuasi Lorka, Nozim Hikmat, Ogostino Neto, Pablo Nerudalarning “Ozod inson haqida qoʻshiq” deb nomlangan she’rlari bilan boshlanadi. Lorka Italiyada, Nozim Hikmat Turkiyada, Neto Angolada, Neruda Chilida ozodlik harakati yetakchilari oʻlaroq, soʻzi bilan ham bashariyatni erkka chorlardi. Ular har qaysi xalq boshida turgan mustamlakalar va ularning ezuvchi siyosatiga “yoʻq” deyishdi; qaysilari haqiqiy, qaysilari ramziy ma’noda kurashishdi.
Turkiy xalqlarni mustamlaka nomi ostida ushlab turgan Rossiya millatlar tengligi, xalq hokimiyati yoki boshqa gʻoyalarni oʻziga niqob qilgan bir davrda oʻzbek adabiyotida jadidlardan keyingi uygʻonish davri yuz berdi. 60–70-yillar she’riyatida sotsialistik realizmdan uzoq ijod qilishning oʻzi ham bir qahramonlik edi. Tilak Joʻra haqida gap ketarkan Gʻaybulloh as-Salom oʻz oʻgʻlidek yaqin bu yigit haqida shunday deydi: “Partiya, “ulug‘ og‘a” haqida bironta narsasi yo‘q. Uzoqni ko‘zlovchi biron “yog‘liq mo‘ljal” yoxud yaltoqlik bilan nazm bitmadi”. Tilak Joʻraning shoirligi shunday boʻlsa, tarjimonlikdagi qat’iyatini ham tasavvur qilavering. U tarjimada ham erkin ruh, ozod inson gʻoyalariga sodiq qoldi. Quyida Dogʻlarjadan qilingan hurlikning tugʻilishi haqidagi she’rni keltiramiz:
Tugʻiladi har kecha
Katta yaproqlarning koʻr uyqusinda
Tugʻilar bir kuchli sanchiq ichinda
Kechaning
Togʻ-u tosh-u
Suvning oʻt va otash oʻchgan vaqtida
Tugʻilar Afrika oʻrmonlaridagi
qora tanli
Qop-qora et koʻpikday jimirlar
Qop-qora et qimirlar
Qop-qora etlining hovuchlarinda
Qimirlar birdan-bir
Ozodlik.
Tilak Jo‘ra ijodida tarjima faqat oʻz tilida tushuntirish jarayoni emas, badiiy estetik qayta yaratish – original matnning poetik ruhini boshqa til poetik tizimiga ko‘chirish bo‘ldi. Uning tarjimalarini tahlil qilganda, eng avvalo, muallif “so‘z”dan ko‘ra “obraz”, “ma’no”dan ko‘ra “ruh”ni ustun qo‘yganini ko‘rish mumkin.
Afrikalik qora tanli qoʻlida tugʻilgan ozodlik aynan qorongʻu kechada dunyoga keldi. U kimlarning qoʻlidaligi koʻrinmasligi orqali noma’lumlik belgisiga urgʻu beriladi. Ikkinchi tomondan esa eng qattiq mustamlaka siyosatiga uchragan xalqlar ham Afrika mamlakatlari fuqarolari edi. Ozodlik shunday qoʻli bogʻliq, imkonsiz, oʻzi koʻrinmas insonlar quchogʻida, dilida jimgina gʻimirlaydi, u tugʻiladi, ammo oʻzini namoyon qilib chirqillab yigʻlamaydi. U hanuz kecha sukunati ichida jimlikni buzishga jur’ati yetilib ulgurmagan ojiz goʻdakka qiyoslanadi. She’rning semantik yadrosi – qora tanli qoʻlida gʻimirlagan Ozodlik! Ikki obrazni bir-biriga qarama-qarshi qoʻygan holda shoir kuchli dramatizm yaratadi. Tarjimon ham buni oʻz oʻquvchisiga maromiga keltirib yetkazadi. Ozodlik ana shu koʻrinmas qoʻllarda ulgʻayadi va oʻz kuchini koʻrsatadi.
Fitratning “Mirrix yulduziga” she’ri qalbida oʻt guvillab turgan koʻp shoirlarni ilhomlantirdi. Ayniqsa, Marsdan kelgan begona obraziga yoxud Marsning oʻziga savol bilan yuzlanish shoirlarga dardlashmoq uchun yaxshi tasvir obyekti vazifasini oʻtadi. Yerda ham urush hukm surgan, insoniyat ochlikka mahkum holatda Fozil Husni Dogʻlarja “Marsdan kelgan odam”dan taskin qidiradi. Ochlik keltirgan qirgʻinlarning ortida nafsbin kimsalarning oshqozoni turganini aytadi.
Kuchim ado boʻlar bir burda non deb,
Shaharlarim kengayar, havo yetishmas menga.
Buncha yaqin kelma, Marsning oʻgʻloni,
Nozik nigohimga ishonma koʻp ham.
Tun zulmati qopladi yer va samoni,
Men itday ochman!
Bu bir fuqaroning ochlik iskanjasidagi azoblari. Ammo “Men itday ochman” iborasining ramziy ma’nosi, shoir aytmoqchi, “Mana bu xasis boy, mana bu ochkoʻz kimsa”larga tegishli.
Bu ochlikning zamirida erkka tashnalik ma’nosi ham mujassam.
Tilak Joʻra tarjimaga she’rni chertib tanlaydi. Bir obrazga ikki xil ma’noni yuklagan muallif teranligini yaxshi anglaydi. Konflikt aynan bir inson ruhida boʻy koʻrsatadi. Xuddi yaxshilik va yomonlik, oqillik va badnafslik ham bir odamning qoʻlidan kelgani kabi. Tarjimon she’r ritmini yaxshi ushlaydi va ana shu ohang bilan milliy pafos qoʻshadi. Masalan, Nozim Hikmatning “Nereden gelip nereye gidiyoruz?” she’rining bir boʻlagini “Bulutlar kechar” nomi bilan tarjima qilgan. E’tiborni sarlavhaning oʻzgargani emas, ma’noviy tarjima hamda sheva soʻzning goʻzal shaklda qoʻllanilishi tortadi:
Bulutlar kechar,
Janubga olib bormas meni
Oʻlmak istamiram
Oʻlmak istamiram
Sharqqa olib bormas meni.
Oʻlmak istamiram!
(O bulutlardır geçen
Güneye götürmeyin beni,
ölmek istemiyorum...
Ölmek istemiyorum,
Kuzeye götürmeyin beni...
Ölmek istemiyorum!)
She’r mazmunida ochlikdan oʻlayotgan bola bulutdan butunlay boshqa yerga olib borishini iltijo qiladi, Janubga-da, Sharqqa-da, Gʻarbga-da ketishni istamaydi, buning sababi, albatta, dunyoning toʻrt tomoni ham urush oʻchogʻiga aylanganida edi: bırakmayın benı burda / götürün bir yerlere. Tarjimon esa bu inkorning yanada ta’sirchan chiqishi uchun bola yolvorishiga urgʻu bergan holda bulutga yuklaydi va “oʻtib ketayotgan bulutlar Sharqqa olib bormas meni” tarzida oʻzbekchaga oʻgiradi. Goʻyo bola ushbu azob chekayotgan joyidan boshqa har qanday tomonga borishga roziday. Aslida och odam joy tanlab oʻtirmaydi. Tarjimon bolalar uchun umid doimo saqlanib qolishini istaydi. Bu tarjimon poetik tafakkuri aksi boʻlsa, istamayman soʻzining qadimgi turkiy tildagi istamiram shaklini tanlashi ataylab turkiy ohang jozibasini koʻrsatishni maqsad qilganidan dalolatdir. Mazkur soʻzning etimologiyasiga diqqat qilsak, Tilak Joʻra tugʻilgan Qorakoʻl shevasida turkiy tildan qolgan inkor qoʻshimchasining ushbu oʻgʻuz shevalariga xos unsurlari hali ham saqlanib qolgan.
Tilak Joʻra nafaqat she’r muallifini, she’rning har bir soʻzini shaklan oʻzbek, mazmunan shoir tilida gapirtiradi. Butun turkiylarda oʻzagi bir: özgürlük, azadlıq, azatlıq, azatlyk – “Ozodlik” soʻzi Tilak Joʻra sa’y-harakati, badiiy mahorati bilan butun insoniyatning yagona istagi atrofida birlashadi. Antologiya katta ijtimoiy hodisa sifatida nomi kabi “Asr ovozi”ga aylandi.
Tilak Joʻra bir she’rida er yigitning muqaddas uch narsasi: yori, doʻsti, oti singgari erki ham hamisha qoʻlida boʻlishi lozimligini aytgandi:
Qoʻlingdagi jiloving kabi
Erking boʻlsin oʻzingda doim.
Qorakoʻlning keng qirlari, dalalari bagʻridagi ozodlik Tilak Joʻraning qonida oqardi. U she’riyatida ham, tarjimalarida, hatto, yashash tarzi, amallari bilan ham Ozodlik tarjimoni sifatida Soʻzga sodiq qoldi.
Ruxsora IMOMOVA,
Buxoro davlat universiteti tadqiqotchisi
Til
Ma’naviyat
Adabiyot
Adabiyot
Ma’naviyat
Adabiyot
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q