Farhod Mannopov vafoti bo‘yicha shifokorlarga xizmat tekshiruvi tayinlandi

Saqlash
14:13 / 06.03.2023 1260 1

MittiVine taxallusi bilan ijod qilib kelgan 27 yoshli taniqli vayner va bloger Farhod Mannopov 5 martga o‘tar kechasi vafot etgani xabar qilingandi. Uning o‘limi bo‘yicha Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

 

Ta’kidlanishicha, bloger jarrohlik amaliyotidan keyin vafot etgan. Tekshiruv doirasida shifokorlarning xatti-harakatlari bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinlangan.

 

«Farhod Mannapovning vafot etgan holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligi, ish doirasida shifokorlar ushlangani yoki qamoqqa olinganligi haqida tarqalayotgan xabarlar asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi», — deyiladi xabarda.

 

Bosh prokuratura jamoasi marhumning yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etib, hamdardlik bildirdi.

 

Ma’lumot uchun, 27 yoshli vaynerning Instagram sahifasidagi (MittiVine) obunachilari soni 1,1 milliondan ortiqni tashkil etadi. Uning do‘sti, hajviy videolarda birga ko‘rinish beradigan Ulug‘bek Shodibekov (mitti.me) Farhod Mannopovning vafoti yuzasidan post qoldirgandi.

 

«Hamma narsa biz o‘ylaganimizdek bo‘lmas ekan. Barchasi Yaratganning qo‘lida — qachon berib, qachon olishini faqat o‘zi bilarkan. Hammasi uchun rahmat, sendan juda ko‘p narsa o‘rgandik. Sen haqiqiy lider eding, jamoa asoschisi, har qanaqa vaziyatda suyanchiq eding! Do‘stim, bizdan rozi bo‘l, biz sendan mingdan-ming rozimiz», — deb yozadi bloger.

1 Izoh

Кодирова Угилхон Сотиболдиевна

12:01 / 01.01.1970

Аллох бергувчи ва олгувчидир,Саба...якинларига сабир жамолини берсин,рухига дуодамиз.Яхши инсон эди.

Izoh qoldirish

//