
Jamiyat
Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 25-iyunda qabul qilingan boʻlib, Senat tomonidan esa shu yilning 21-sentyabrda maʼqullangan.
Qonun bilan “Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga Oʻzbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid boʻlgan, davlatlararo, milliy, diniy adovatni keltirib chiqaruvchi, Oʻzbekiston xalqining shaʼnini, qadr-qimmatini, tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlarni yoki harakatlarni sodir etgan chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning “Oʻzbekiston Respublikasida boʻlishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar roʻyxati”ga kiritilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Jumladan, endi chet el fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxs agar Oʻzbekiston Respublikasining davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid boʻlgan, shuningdek, davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni keltirib chiqaruvchi, Oʻzbekiston xalqining shaʼnini, qadr-qimmatini, tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlar qilsa, ularning bunday xatti-harakatlari mamlakatda boʻlishi nomaqbul deb topilishga asos boʻladi va ular roʻyxatga kiritiladi.
Bunday turdagi shaxslarni roʻyxatga kiritish Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kengashi, Senati kengashi hamda maxsus vakolatli davlat organlarining taqdimiga asosan amalga oshiriladi.
Roʻyxat Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yuritiladi.
“Roʻyxatga kiritilgan chet el fuqarosining yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishiga yoʻl qoʻyilmaydi, shuningdek unga Oʻzbekistonda bank hisobvaraqlarini ochish, Oʻzbekiston Respublikasi hududida koʻchmas mulkni sotib olish, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etish, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishish taqiqlanadi, bundan unga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan mulkni begonalashtirish mustasno”, deyiladi hujjatda.
Mazkur xatti-harakatlar bilan roʻyxatga kiritilgan shaxslarning roʻyxatda boʻlish muddati 5 yil boʻlib, agar ular roʻyxatga kiritishning tegishli asoslarini ushbu davr mobaynida bartaraf etmasa, muddat uzaytiriladi, yaʼni roʻyxatdan chiqarib yuborilmaydi.
Bordi-yu ular tegishli asoslarni bartaraf etgan boʻlsa, u tomonidan berilgan murojaatga yoxud roʻyxatga kiritish haqida taqdimnoma bergan tegishli davlat organining iltimosnomasiga asosan muddatidan oldin roʻyxatdan chiqarilishi mumkin.
Mamlakat hududida boʻlishi nomaqbul deb topilgan chet ellik tomon vaqtincha yoki doimiy tarzda Oʻzbekistonda yashayotgan boʻlsa, uning Oʻzbekistonda yashash va boʻlish huquqi bekor qilinadi. Bu haqida mazkur tomon tashqi ishlar vazirligi tomonidan 3 ish kuni ichida xabardor qilinadi.
Xabarnoma olgan chet ellik shaxs 10 kun ichida ixtiyoriy ravishda mamlakatdan chiqib ketishi shart. Aks holda, u deportatsiya qilinadi.
Maʼlumot uchun, roʻyxatga kiritish hamda uni yuritish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Avvalroq ushbu mavzu atrofida jamoatchilik faollari tomonidan muhokamalar boʻlib oʻtgandi. Jumladan, Sherzodxon Qudratxoʻjaning bloger Kirill Altmanga bergan intervyusi Rossiyada keskin reaksiya bergandi. Oʻshanda Qudratxoʻja Oʻzbekistonda yashayotganlar oʻzbek tilini bilishi kerakligi haqida gapirgan edi. Albatta, shu vaqtning oʻzidayoq oʻzbek jamoatchiligi ham uning fikrlari qoʻllab-quvvatlagandi.
Bundan tashqari, Rossiya Toshkentdagi maktabda oʻquvchini urgan oʻqituvchiga mamlakatga kirishni taqiqlamoqchiligi haqidagi xabarlar ham anchagina shov-shuvlarga sabab boʻlgandi.
Siyosat
Siyosat
Siyosat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q