Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, Milliy media assotsiatsiyasi raisi Sherzodxon Qudratxoʻjaning “Alter Ego” loyihasida Kirill Altmanga bergan intervyusi internetdagi oʻzbek va rus segmentini harakatga keltirib yubordi. Sherzodxon Qudratxoʻja oʻz intervyusida 2018-yil sentyabrida boʻlib oʻtgan, keksa ayol bilan janjallashib, undan oʻzbekcha gapirishni soʻragan voqeaga izoh berarkan, boshqalarning oʻzbek tiliga boʻlgan munosabati haqida gapirgan.
Jurnalistning qayd etishicha, 1966-yilgi zilziladan keyin Toshkentda Belarus, Ukraina va Rossiyadan kelgan koʻplab ishchilar qolgan. “Lekin, aytgancha, ular bizning tilimizni 40−60 yildan beri oʻrganmagan. Karl Marks taʼkidlaganidek, bu unga tegishli yoki unga tegishli deb aytiladi. Ikki kishi yashayotgan davlatining tilini bilmaydi. Birinchisi – bosib olgan bosqinchi, lekin koʻp odamlarning ongida ular bosqinchilardir. Ikkinchisi – ahmoq, yaʼni oʻylay, fikrlay yoki oʻqiy olmaydigan odam. Shunday ekan, ular bosqinchimi yoki ahmoqmi, oʻzlari hal qilsin. Ular xafa boʻlishmasin”, – degan Sherzodxon Qudratxoʻja.
Foto: Alter Ego
“Men 15−16 ta tilda gapira olaman. Qozoq, turkman yoki tatarcha haqida gapirmayapman. Nima demoqchi ekanimni tushuntirib berolaman… Oʻsha davlatlarning hech birida yashamasam ham. Ular esa Oʻzbekistonda yashaydi. Men bizning tilimizni bilmaydiganlar haqida gapiryapman… Mamlakatimizda yashab, oshimizni, somsalarimizni yeydigan, juda yaxshi koʻradigan, hurmat qiladigan, lekin tilimizda gapirmaydigan odamlar haqida gapiryapman. Ehtimol, bu baʼzilarga yoqmas. Menimcha, bu yo ahmoqlik, yo oʻzbeklarga nisbatan koloniyachilikka xos, kibrli munosabatning davomi. Lekin bunga oʻzbeklarning oʻzi ham aybdor. Biz juda mehribon munosabatdamiz. Biz juda mehmondoʻstmiz, juda yumshoqmiz. Biror kishini koʻrsak, darrov tilimizni unutamiz. Bu bizning ham aybimiz. Turklarda, koreyslarda bunday emas”, – dedi Sherzodxon Qudratxoʻja.
Ayni intervyudan soʻng ijtimoiy tarmoqlarda oʻzbek jamoatchiligi tomonidan yozilgan rektorni qoʻllab-quvvatlovchi postlar tarqala boshladi. Oyina.uz jamoatchilik faollarining ayni fikrlarini bir joyga jamladi.
Muhrim Aʼzamxoʻjayev, jurnalist, Gazeta.uz sayti muharriri:
Sherzodxon Qudratxoʻja “oʻzi yashab turgan mamlakat tilini bilmagan odam yo bosqinchi, yo ahmoq” degan gapi uchun rossiyalik bir vallomat tomonidan “rusofob” deb eʼtirof etilib, Rossiyada “persona non grata” deb eʼlon qilinibdi (sizga yoqmagan gapni aytgan kimsalarni sutka oʻtmay “persona non grata” deb eʼlon qilishni oʻrganing, ey, Oʻzbekiston vallomatlari! Yoʻqsa, oʻsha gap sizga yoqibdi, deb oʻylab qolishlari mumkin).
Menga gʻalati koʻringani – rossiyalik u dabba nega Qudratxoʻjaning gapini oʻziga olgan? U “ruslar” yo “Rossiya” demagan shekilli? Keyin, Qudratxoʻja Rossiyadagi masala haqida emas, Oʻzbekistondagi ichki bir holat haqida gapirgan-ku, toʻgʻrimi? Mana, Rossiyadagi boshqa dabbalar: “Oʻzbeklar jonajon Rossiyamizga oʻz yurtida rus tilini oʻrganib kelsin, tilimizni bilmasa, ishlashga qoʻymaymiz”, deyapti-ku, bu gapga bizning vallomatlar har doimgidek qoʻyga oʻxshab jim qarab turibdi, toʻgʻrimi? Qudratxoʻja ham Rossiya oʻzi uchun ilgari surayotgan shu talabni sal dangalroq va sal qoʻpolroq aytgan, xolos.
Men Sherzodxon akaning ayniqsa oʻzbekchada qiynaladigan rusiyzabonlarga sal ogʻirroq botgan (shunaqa ogʻirroq botadigan qilib aytmasa, shunaqa sezilarli reaksiya ham boʻlmasdi-da) gapidagi tagmaʼnoni qoʻllab-quvvatlayman: odam oʻzi umr boʻyi yashab, 10-20-yillab ishlab turgan mamlakatidagi mutlaq koʻpchilik ishlatadigan tilni bilishi, oʻrganishi kerak. “Sharoit yoʻq-ku!” demangda birdan – siz sharoitni talab qilib oling. “Haq olinur, berilmas”, degan bobolarimiz. Oʻzbek tilini oʻrganish – sizning haqingiz, talab qilishga haqlisiz.
Boz ustiga, bizning oʻzbek hukumatimiz oʻzbek tilidan soʻzlashuvchi aholidan koʻra boshqa har qanday, ayniqsa, rus tilida soʻzlashuvchi aholining dod-voyiga yaxshiroq quloq soladi: siz dod-voy solib chiqsangiz, Kosmonavtlar xiyoboniga Yangi Oʻzbekiston monumenti oʻrnatilmaydi, siz dod-voy solib chiqsangiz, 80-90-yil avval qurilgan eski uylar buzilmaydi, siz dod-voy solib chiqsangiz, parklar, daraxtlar kesilmaydi va hokazo, va hokazo. Xuddi shunday – “bizga oʻzbek tili kurslari kerak, oʻzbek tilini oʻrganishimiz uchun sharoit yaratib bering!”, desangiz, shubham yoʻq, bu dod-voyingizga ham quloq solinadi, chora-tadbirlari qilinadi, albatta.
Keyin, yana bir gap – birinchidan, Sherzodxon akani hozirgi Rossiya “persona non grata” deb eʼlon qilgani bilan tabriklayman (umuman olganda, bu sharaf). Ikkinchidan, hozirgi Rossiya Sherzodxon akani “persona non grata” deb eʼlon qilgani uchun – oʻzimga ham qanchalik gʻalati tuyulmasin – hozirgi Rossiyaga rahmat aytaman va hozirgi Rossiyani “persona non grata” deb eʼlon qilingan oʻzbekistonlik vallomatlar roʻyxatini betoʻxtov kengaytirishga, iloji boʻlsa, Oʻzbekistonning butun vazir-u hokimlaridan tortib umuman barcha amaldorlarini shu roʻyxatga kiritishga chaqiraman: Rossiyaning oʻzi yordam bermasa, bizning vallomatlarimiz: “Tarixan Rossiyaga bogʻliqmiz, boshqa yoʻlimiz yoʻq, ular bilan munosabat qilmasak boʻlmaydi”, deb xotirjam yuraveradi, yangi yoʻllar, yangi hamkorlarni qidirmaydi, yonida shuncha yaxshi qoʻshnisi boʻla turib, gazni ham, neftni ham, menejerni ham, boshqasini ham Rossiyada izlayveradi.
Amaldor boʻlmagan, vallomat boʻlmagan vatandoshlar esa, agar Rossiyaga borib ishlash niyatida boʻlsalar, bu niyatlaridan qaytmasinlar – Rossiyaning imkon qadar koʻproq pulini, boyligini, resurslarini olsinlar. Imkon boʻlsa, yerlarini ham olish kerak. U yerda oʻzbek oʻchoqlarini koʻpaytirish kerak. Rossiya resurslarga bagʻoyat boy oʻlka – bularni oʻzlashtirmaslik tentaklik boʻlur edi.
UPD. Hali “persona non grata” deb eʼlon qilinmabdi, haligi rossiyalik dabbaning shaxsiy tahdidi ekan koʻproq. Hay, kutaylik, “persona non grata” deb eʼlon qilinib qolar.
Otabek Bakirov, iqtisodchi, bloger:
Sherzodxon Qudratxoʻjaning fikriga toʻliq qoʻshilishimni aytib qoʻyishim kerak. Oʻzbekistonda yashab, oʻzbek tilini bilmaydiganlar “bosqinchi” yoki “ahmoq” ekanini oʻzlari hal qilishi kerakligi haqidagi soʻzlarning kimga qaratilgani hozirgacha aniq emas edi. Mana oʻzlari bayonotlari bilan aniqlashtirib berishdi. Bosqinchi desang, faqat bosqinchilar xafa boʻladi. Sherzodxon Qudratxoʻjaning qator fikrlariga qoʻshilmasligim mumkin, lekin ayni damda men u bilan: Qudratxoʻjaning xususiy fikri mening ham xususiy fikrim.
Ha, darvoqe, SSSR mening ular bilan umumiy vatanim emas, bu qizil imperiya hech qachon vatanim boʻlmagan.
Mening vatanim Oʻzbekiston. Qudratxoʻjaning vatani Oʻzbekiston. Bizning, Oʻzbekistonliklarning umumiy vatani bu – yagona Oʻzbekiston.
Zafar Hoshimov, tadbirkor, “Korzinka.uz” supermarketlar tarmogʻi asoschisi:
Men bir narsani mantiqan tushunolmayapman. Oʻzbekiston fuqarosi oʻz vatandoshlarini ona tilida gaplashishiga, dagʻal boʻlsa-da, daʼvat qilgani, qanday qilib ayni Rossiya amaldorlariga bunchalar tegib, bu chet el mamlakatini shu qadar jazavaga tushirsa?! Ayni rus tilida gapirmasin, demadi-ku, axir? Oʻzbek tilida ham gapirish kerak, dedi. Bu turistlar yoki chet el fuqarolariga qaratilib gapirilgan soʻzlar emaski, chet el davlati bunga munosabat bildirsa.
Nega endi ayni Rossiya amaldorlariga bu gap shunchalik taʼsir qilishi kerak? Rossiya mutasaddilarining amalida mantiq boʻlganida barcha elchilarimiz, Oʻzbekistonda gaplashadigan barcha mavjud chet tillari vazirliklariga chaqirtirilishi va protest berilishi kerak boʻlgan boʻlardi: oʻzbek tilida gaplasha olmasa, bu degani, u dunyoning istalgan boshqa bir tilida gaplashish qobiliyatiga ega boʻlishi mumkin degani, nega endi oʻsha boshqa til ayni rus tili boʻlishi kerak ekan?
Yoki gap egasini topib qoldimikan? Qaysi soʻzlari Rossiya Tashqi Ishlari rasmiylariga shunchalik taʼsir qilibdi ekan: “bosqinchi” soʻzimi, yoki “telba” soʻzimi?
Inobat Ahatova, jurnalist, Oyina.uz portali muharriri:
Til, alifbo masalasida haddan ortiq ehtiyotkorlik, boshqalar xafa boʻlmasin deb qilingan yumshoq, nimgʻirma “islohot”, qonunlar sabab haligacha arosatdamiz. Hatto oʻz tilimizni himoya qilsak, ajdodlarimizni eslab, jadidlarni oʻrgana boshlasak bosqinchilarning darrov halovati buziladi. Bilishadiki, oʻzligini anglagan xalqni yengish, tobe qilish imkonsiz.
Erkinlikdan gapirgan baydenqul, sssrni gapirgan putinqul, yana kimlargadir arabqul tamgʻasi yopishtirilib, jamiyat boʻlinib ketgan bir davrda bizga har bir masalaga milliy manfaat nazaridan yondashadigan oʻzbekparastlar kerak. Tili, madaniyatini sevadigan, tarixini biladigan, zamonaviy oʻzbek ziyolilari. Jamiyat, davlat ularga tayanadi.
Sherzodxon Qudratxoʻjadek dadil gapira oladigan insonlar, oʻzbekparastlar koʻpaysin. Boʻlmasa imperialistik gʻoyalarga ergashib, mahliyo boʻlish kuchayib boraveradi. Sizga rahmat, hurmatli rektor. Men siz bilan bu masalada toʻla hamfikrman, qoʻllab-quvvatlayman. Qolgan ziyolilar, faollarimizni ham rektorni qoʻllash, birdam boʻlishga chaqiraman. Shunda bizni yenga olishmaydi.
Shuhrat Shokirjonov, kun.uz sayti muxbiri:
OʻzJOKU rektori, Xalqaro press klub boshlovchisi Sherzodxon Qudratxoʻja Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida “oʻzi yashayotgan yurtning tilini bilmaganlar yo bosqinchi yo ahmoq” deb Marksdan iqtibos keltirdi (iqtibosni feyk deyishadi, lekin internetda kezib yuradi). …Garchi Rossiya Federatsiyasi tomon biror nojoʻya gap aytilmagan, qaytaga Rossiya bizning strategik sherigimiz ekani taʼkidlab oʻtilgan boʻlsa ham, rossiyalik ayrim shaxslar unga qarshi kampaniyani boshlab yuborishdi.
Men Sherzodxon Qudratxoʻjani bu vaziyatda mutlaqo haq, deb bilaman. Oʻzbekistonda yagona davlat tili bor va uni hamma bilishi shart. Bu aksariyat davlatlarda shunday: Turkiyada ham, Rossiyada ham, Koreyada ham, Eronda ham.
Toʻgʻri, yurtimiz koʻpmillatli, hamma oʻzining ona tilida gaplashishi qonunlarimiz bilan kafolatlangan. Biroq boshqa bir insondan davlat tilidan boshqa tilda gapirishni talab qilishga hech kimning haqi yoʻq. …Soʻnggi voqealardan keyin Facebook sahifamni yuritishda rus grafikasi asosidagi alifbodan voz kechib, faqat lotin alifbosida yozmoqchiman.
Oyina.uz
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q