O‘quvchi qizlarga tahdid qilgan imom 3 sutkaga qamaldi

Saqlash
10:33 / 31.01.2023 73878 0

Toshkent tumani «Eshonxo‘ja ota» masjidi imom-xatibi Avazxo‘ja Bahromov lavozimidan ozod etildi va 3 sutkaga ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilindi. Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda uning arab tilini o‘rganayotgan 16 yoshli qizlarga tahdid ohangida aytgan gaplari audioyozuvi tarqalgan edi.

 

«Senga kim qo‘yibdi qaysi ustoz qaysi ustozdan kuchliligini? … Kecha ro‘paramga kelganingda boshingni akvariumga tiqmoqchi edim, kecha jahlim chiqib kelgandim. O‘zimni sal bosib oldim bugun. So‘yib tashlayman seni, yuragingni sug‘irib, qo‘lingga olib beraman, tushundingmi?», degan u audioyozuvda.

 

Audio bo‘yicha Musulmonlar idorasi Ichki nazorat komissiyasi yig‘ilish o‘tkazib, xulosa taqdim qilgan.

 

«️Yig‘ilishda bu holat imomlik maqomiga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligiga alohida urg‘u qaratildi. Ayniqsa, ichki me’yoriy hujjatlarda belgilangan «fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala, vazmin va samimiy munosabatni namoyish qilish» va «o‘zining xatti-harakati va axloqi tufayli jamoatchilikning tanqidiga uchramaslik choralarini ko‘rish» degan bandlarning A.Bahromov tomonidan qo‘pol ravishda buzilishi, deb baholandi. Shuningdek, A.Bahromov arab tili o‘quv kurslarida dars berishi to‘g‘risida O‘zbekiston musulmonlari idorasini belgilangan tartibda xabardor etmagani ham alohida qayd etildi», – deyiladi axborotda.

 

Ma’lum qilinishicha, Ichki nazorat komissiyasi Avazxo‘ja Bahromovni egallab turgan lavozimidan ozod etish to‘g‘risida xulosa qilgan.

 

Shuningdek, Bahromov ma’muriy jazo sifatida 3 sutkaga qamalgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//