Endi Oʻzbekiston haqida nomaqbul gapirgan shaxslar mamlakatga kiritilmaydi

Saqlash
21:03 / 20.09.2024 382 0

Bugun, 20-sentyabr kuni tashkil etilgan Oliy Majlisning 57-yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisidagi qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun koʻrib chiqildi.

 

Taʼkidlanishicha, milliy qonunchilikda davlat tinchligi va osoyishtaligiga raxna soluvchi ommaviy chiqishlarni sodir etgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga nisbatan huquqiy taʼsir choralarini koʻrish nazarda tutilmagan. Mazkur norma aynan ana shunday huquqiy boʻshliqni toʻldirish uchun ishlab chiqilgan.

 

Unga koʻra, bundan buyon respublika hududida boʻlishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar roʻyxati yuritiladi.

 

Quyidagilarni sodir etish nomaqbul deb topilishga asos boʻladi:

▪️ Oʻzbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid boʻlgan ommaviy chiqishlar qilish yoxud harakatlar sodir etish;

 

▪️ davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni keltirib chiqaruvchi ommaviy chiqishlar qilish yoxud harakatlar sodir etish;

 

▪️ Oʻzbekiston xalqining shaʼnini, qadr-qimmatini yoki tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlar qilish yoxud harakatlar sodir etish.

 

Xabarga koʻra, Vazirlar Mahkamasi mamlakat hududida boʻlishi nomaqbul deb topilgan shaxslar roʻyxatini tuzadi va uni yuritish tartibini belgilaydi. Tashqi ishlar vazirligi esa roʻyxatni yuritib boradi.

 

Roʻyxatga kiritish Oliy Majlis palatalarining kengashlari hamda maxsus vakolatli idora va organlarning taqdimiga asosan amalga oshiriladi.

 

Roʻyxatga kiritilgan chet el fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxs Oʻzbekiston Respublikasi hududiga belgilangan muddat davomida kiritilmaydi va unga nisbatan qator cheklovlar joriy etiladi.

 

Jumladan:

▪️ 5 yil davomida Oʻzbekiston hududiga kirmaydi;

 

▪️ respublika hududida bank hisobvaraqalarini ocha olmaydi;

 

▪️ koʻchmas mulkni sotib olishi taqiqlanadi;

 

▪️ davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok eta olmaydi;

 

▪️ moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirisholmaydi.

 

Maʼlumot uchun, mazkur qayd etilgan taqiq va cheklovlarni qoʻllashda roʻyxatga kiritilgan shaxslarga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan, Oʻzbekiston hududida joylashgan xususiy mulkini begonalashtirishi, yaʼni sotishi yoki hadya etishi bundan mustasno.

 

Agar roʻyxatga kiritilgan shaxs chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs mamlakatda vaqtincha turgan yoki doimiy yashayotgan boʻlsa, unga respublika hududida chiqib ketishi uchun 10 kun muddat beriladi.

 

Ushbu shaxs belgilangan muddat ichida ixtiyoriy ravishda davlatdan chiqib ketmasa, ichki ishlar organlari tomonidan belgilangan tartibda deportatsiya qilinadi.

 

Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning roʻyxatda boʻlish muddati 5 yilni tashkil etadi va u roʻyxatga kiritilish uchun asos boʻlgan sabablarni ushbu muddat ichida bartaraf etadigan boʻlsa, muddatidan oldin, belgilangan tartibda, roʻyxatdan chiqarilishi mumkin.

 

Mazkur qonun senatorlar tomonidan qabul qilindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//