Rossiya Toshkentdagi maktabda oʻquvchini urgan oʻqituvchiga mamlakatga kirishni taqiqlamoqchi

Saqlash
14:27 / 27.09.2024 487 0

“Rossotrudnichestvo” agentligi rasmiylardan Toshkentdagi 188-maktabda oʻquvchini kaltaklagan oʻqituvchining Rossiyaga kirishini taqiqlash imkoniyatini koʻrib chiqishni soʻragan.

 

“'Rossotrudnichestvo' vakolatli organlarga ushbu rusofob shaxsning Rossiyaga kirishini taqiqlash imkoniyatini koʻrib chiqishni soʻrab murojaat qiladi...”, deb yoziladi xabarda.

 

Agentlik rahbari Yevgeniy Primakovning taʼkidlanishicha, endi mazkur oʻqituvchi ham, uning yaqin qarindoshlari ham hech qachon Rossiyada taʼlim olmaydi, stajirovkalarda ishtirok etmaydi, oʻzi uchun hech qanday imkoniyatlarga ega boʻlmaydi.

 

“'Rossotrudnichestvo' maktab oʻquvchisini kaltaklashni qoʻllab-quvvatlovchi ushbu voqealardagi har qanday boshqa ishtirokchiga nisbatan, shu jumladan, taʼlim muassasasi rahbariyatiga ham, agar ular bu holatni yashirsa yoki tegishli maʼmuriy choralar koʻrmasa, xuddi shunday chora-tadbirlarni qoʻllaydi”, deydi Primakov.

 

Rossiya bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belova esa Oʻzbekistonda oʻquvchining kaltaklanishi boʻyicha favqulodda vaziyat koʻrib chiqilayotganini maʼlum qilgan.

 

Shuningdek, u oʻzbekistonlik hamkasbi Surayyo Rahmonova bilan aloqada boʻlib turganini bildirgan.

 

“Rus tilida soʻzlashuvchi oʻquvchining kaltaklanishi bilan bogʻliq vaziyat uning nazoratida. Hamkasb mamlakat Ichki ishlar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga soʻrov yuborgan. Chilonzor tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilmoqda”, deb yozgan Lvovoy-Belova oʻzining Telegram kanalida.

 

Maʼlumot uchun, Xalqaro jinoiy sud 2023-yil 17-mart kuni Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order bergan edi. Bunga Lvovoy-Belovaning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan birga Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy ravishda deportatsiya qilish ayblanayotgani sabab boʻlgan.

 

Oldinroq Milliy tiklanish partiyasi raisi Alisher Qodirov hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov mazkur vaziyatga munosabat bildirgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//