Tarix va bugun qiyosi: saboq chiqarish fursati


Saqlash
20:15 / 23.02.2024 1606 0

Shu kunlarda Sherzodxon Qudratxoʻja bir intervyusi sabab unga qarshi sobiq bosqinchi davlat korchalon-u laychalarining “eʼtiroz paradi”ga yoʻliqdi. Ularni kuzatarkanman, tarix zarvaraqlarida uchratganim Mahmudxoʻja Behbudiy bilan bogʻliq voqea yodimga tushdi. Mutafakkir bobomizning davlatchilikda yoʻl qoʻygan xatolarimiz natijasida Turkistonning bosib olinishi, jadidchilik harakatining mohiyati haqida aytgan fikrlari va uning oqibatlari tafsilotlari birin-ketin koʻz oldimdan oʻtdi.

 

Bilasiz, “Turkiston viloyatining gazeti” (TVG) chor Rossiyasi manfaatini himoya qiladigan, zolim Nikolay farmonlarini qul qilingan barcha elatlarga singdirishga moʻljallangan nashr edi. Gazeta tahririyati ezilayotgan xalqni uygʻonishga chorlayotgan jadidlarga qarshi sopini oʻzimizdan chiqarib “jang” olib borardi. Masalan, Rahmatullo Rahim degan kimsa jadid maktablariga qarshi “Buzuq maktab bolasi usuli jadida” maqolasi bilan chiqadi. “Bir musulmon” va boshqa taxalluslarda jadidlarga qarshi fikrlar ham beriladi. Bunday hujumlarga qarshi buyuk maʼrifatparvar Mahmudxoʻja Behbudiy 1908-yili Taʼrix va jugʻrofiya felyetonini yozadi. Atay oʻta murakkab tilni qoʻllagani bois maqola ilonning yogʻini yalagan missioner, “TVG” bosh muharriri Nikolay Ostroumovning senzurasidan omon oʻtadi: 1-dekabr sonida chop etiladi. Hammasi shundan keyin boshlanadi.

 

Dastlab, maqola haqida ikki ogʻiz soʻz. Unda Behbudiy Sharq davlatlarining Yevropa imperiyachilari tomonidan, jumladan, Turkistonning Chor Rossiyasi tomonidan bosib olingani sabablarini ochib tashlaydi: “bir zamon keldiki, ulamo va umaroi islom jubun va tanbal ayshi (turmush – H.S.) beparvo, digar tarafdin bir-birlari ila muxolif boʻldilar. Taʼlim va tadrisidin shakar va naxjirni ulamoi din kaniza va lodonlar majlisini tarjih (ustun – H.S.) etdilar. Umaro va salotini (podsholar, sultonlar – H.S.) islom nohaq yergʻa yuz minglar ahli islom qonini toʻkub, taraf-taraf boʻldilar. Ulamo boʻlsa, umaro nonigʻa va maoshigʻa koʻz tikib muqobillarini takfir va toleinlarigʻa qadar ilgari ketdilar. Husumati masʼhabiyya va taʼsibi irqiyyagʻa ahamiyat berdilarki, qurvan avvalgʻi nasroniyat olamidaki va papaliq zamonindaki ixtiloflargʻa monand nizolar olami islomni parchalanmoqigʻa sababiyat berdi”. Maqola shov-shuvga sabab boʻlgach, undagi fikrlarga, Ostroumovning aytishicha, Buxoro amirligi va Xiva xonligidan “eʼtiroz bildirilgan”. Kamina tadqiqotchi ham bu ikki vassal amiru xonlarning goʻriga gʻisht qalaganim rost. Negaki, maqolada ularga tegib ketadigan joyi ham bor edi: “Biz Osiyoi vasatiy (oʻrta) va shimoliy sokinlaridan Rusiya davlatigʻa toʻgʻridan-toʻgʻri tobeʼ. Buxoro ila Xiva hukumatlari davlatimizni himoyatigʻadur. Yuqorida bayon boʻlgʻan hukumati islomiyadan faqat Usmonli ila Eron davlatlari doxiliy va xorijiy ishlarigʻa mustaqil va qalamasi davla nuqtadora (boʻysunilgan – tahr.) nasroniyaning barisini hamiyat va nufuzigʻa tobeʼ va erkak-xotun kabidur” (taʼkid bizniki – H.S.). Haqiqatan ham “xotun erigʻa arz” qilgan boʻlishi mumkin-ku...

 

Ammo, lekin, biroq... Oʻzbekiston davlat markaziy arxividan Behbudiyning ushbu maqolasi mustamlakachining maxsus xizmati tomonidan rus tiliga oʻgirilgan qoʻlyozmasini koʻrgach, yana sopi oʻzimizdan chiqarilgani anglashildi. Tarjima hijjalab oʻqilgan, xulosa qilingan. Negaki, Behbudiyning fikrini avom anglab qolsa, “madaniyat olib kelganlar”ga qarshi nafrat uygʻonishi va bosh koʻtarishi ehtimolini oshirishi turgan gap edi. Shundan soʻng maxsus xizmat mutassaddilari bosh muharrir “tanasiga singib” izoh shart boʻlmagan maqolaga muallifdan tavzeh (izoh) talab qiladilar. Behbudiyning oʻsha “Tavzeh”i “TVG” (94-son)da chop etilgan. Holbuki, u uzr soʻramagan: “Rusiyani kim va qandayligini bilmaydurgʻon nodonlardan emasmiz va ammo "Taʼrix va jugʻrofiya” unvonlik maqolamiz taʼrix va jugʻrofiya oʻqumoqni diniy jilva etdirmoq va yoinki sarf ilmiy va voqeiy bir maqola edi. Siyosiy va taassubiy emas edi...” (“TVG”, 1908-yil 18-dekabr).

 

Behbudiyning “siyosiy... emas edi”, deb oʻzini oqlashiga sabab nima? Toʻgʻri oʻyladingiz, demak, uni “bizni bosqinchi deding”, deya siyosiy qarashlari uchun ayblashgan va izoh berasan, deya shart qoʻyishgan. Shunday asabiga tegishganki, shu maqolasidan keyin Behbudiy oʻzining gazetasini chiqarish payiga tushgan... Nazoratga olingan, “panislomist”, “panturkist” tamgʻalari bosilgan roʻyxatga kiritilgan, “oʻyinchoq” imomlar tomonidan kofir deya eʼlon qilingan. Vaqti kelganda (1917-yil) “Haq olinur, berilmas”, deya Behbudiy kurashga otlandi, lekin fitna ishlatilib jisman yoʻqotildi (1919). Uning safdoshi Munavvarqori tavba qilmadi, otib tashlandi (1931)... Qodiriydan bosqinchi degan gapi uchun tavba ham soʻralmadi – otuv (1938)... Bunday tahqirlashlar mustaqillik eʼlon qilinguniga qadar davom etdi...

 

Behbudiylar zamoni emas hozir, lekin imperiyaparastlar muomalada nega oʻzlarini Turkistonning qaram davridagidek tutishmoqda? Chunki ular SSSRni emas, chor imperiyasini tiklash maqsadidan qaytishmagan. Ularning nazdida Turkiston bosib olinmagan, balki “mahalliy aholi iltimosi”ga koʻra “qoʻshib olingan”. Bu atama mohiyatini ular tom maʼnoda yana tiklash ilinjida. Shu bois yurtimizning taniqli odamlari ularga nisbatan “bosqinchi” soʻzini qoʻllashsa, har gal qatʼiy eʼtiroz bildiradilar, darsliklarga bu soʻzlarni kiritsak, “olib tashla”shni talab qiladilar.

 

Asosan MDH davlatlarida tashkil etilgan “Rossotrudnichestvo”ning Oʻzbekistondagi boshligʻi “Sherzod Qudratxoʻjayev”dan (aslida Sherzod Qudratxoʻja) uzr soʻrashni talab qildi. Uning gaplariga asosan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi elchimizni chaqirib, asosiy urgʻuni tarixdagi yaxshi ishlarga qaratib (qatllar, qamoqlar, tahqirlarga emas), “eslatilgan yutuqlar "bosqin” natijasida amalga oshmasdi", deya muallifga eʼtiroz bildiradi va “Oʻylaymizki, Oʻzbekiston TIV tez fursatda tilga olingan yuqori martabali arbobning yoqimsiz fikrlari prinsipial baholangan rasmiy izohini beradi”. 

 

Eʼtibor qiling, “Rossotrudnichestvo” uzr soʻrasin, deyapti. Maxsus xizmat vakillari Behbudiydan ham uzr talab etib, matbuotda izohni eʼlon qilishgan. Bunda ham Tashqi ishlar vazirligidan rasmiy izoh soʻralmoqda. Oʻxshayaptimi? Ha, desangiz ham, oʻxshamayapti, deyman. Chunki mustaqilligimiz ularning qoʻlini bogʻlagan, aks holda... Ichida “hap sanimi”, desa deyaversin. Qolaversa, Sherzodxon mutlaqo mustaqil hisoblangan, oʻz davlat tiliga ega Oʻzbekistondagi vatandoshlariga nisbatan fikr bildirdi (darvoqe, uning soʻzlari kontekstdan yulib olinib, ayb taqaldi). Suhbatning toʻliq variantini koʻrsangiz, hammasini tushunib olasiz. Boshqacha aytganda, millat erkinligi, ravnaqi haqida qaygʻuradigan har qanday ziyolimizni imperiyaparastlar sahnadan olishga harakat qilgan va bu ishlarini bugun ham davom ettirayotgani hammaga maʼlum. Davlat tili haqidagi fikrini boshqalar ham gapirishgan-ku, nega aynan Sherzodxon Qudratxoʻjani tanlashdi? Uni yaxshi bilmaydigan insonlarga oʻsha ikki soatlik suhbatni, qolaversa, talabalarga bergan boshqa intervyularini ham sinchiklab koʻrishni tavsiya etamiz. Shunda hammasi ayon boʻladi.

 

Suhbat janri talablari asosida jurnalist (bloger) suhbatdoshiga bir necha mavzularda savollar bilan murojaat etgan. Sherzodxon Qudratxoʻja esa oʻqiganlari, bilganlari, koʻrganlariga asoslanib javob bergan. Unda tarixiy voqealarga munosabat ham, bugungi kun va kelajak haqida fikrlari, nuqtayi nazarlari ham bor. Nega suhbat kontekstidan uning aynan davlat tili haqidagi fikr yulib olindi? Chunki bu juda “nozik” masala. Ana shu “nozik”lik bahonasida oʻzga davlatlarga daxl qilinayotgani ham haqiqat...

 

Yana yuqoridagi savolga qaytamiz: nega aynan Sherzodxon Qudratxoʻjaning shaxsi nishonga olindi? Negaki, u millat kelajagi uchun qaygʻurayotgan oʻzbek ziyolilaridan biri, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rahbari, uning fikrlarini boʻlajak jurnalistlar eshitadi. Yaʼni, oʻz elini, yurtini axboriy xurujlardan himoya qiladigan, ozodlik mohiyatini xalqiga tushuntira oladigan jurnalistlarni tayyorlashga boshchilik qiladi. Ustiga-ustak, u suhbat jarayonida soxtalashtirilgan tarixni butun dunyoga tiqishtirayotgan davlatning targʻibotlarini yakson qildi. Bugungi oʻzbeklarni “ishtonsiz” atagan loʻttivoz tarixchiyu siyosatchilariga Rossiyaning davlatchiligi shakllanishida turkiylarning oʻrni haqida oyna tutdi. Oʻzlarining tilida! Yana mustamlakachilarning qirgʻinlarini eslatdi, ikkinchi jahon urushida xalq oʻzi yemay, bolasiga bermay, frontga joʻnatgan oziq-ovqatlarini, kiyim-kechak kabi yordamlarni yodga oldi. Tashib ketilgan paxtayu tillalarni tilga oldi. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya universitetini tanishtirayotib, kutubxonada Ilon Maskning kitobini talabalar ingliz tilida oʻqiyotgani, butun dunyo voqealarini jahonning eng mashhur nashrlari saytlaridan onlayn kuzatayotgani koʻrsatdi.

 

Shunisi oʻtib ketdi ularga! Baribir eng asosiysi bu emas. Sherzodxon Qudratxoʻja davlatning nomini aytmasa-da, bosqinchilik mohiyatini ochib berdi. Sobiq mustamlakachilar esa bu SOʻZni KOʻTAROLMAYDI. Axir axmoqqa axmoqsan, desangiz yoqadimi? Sopini oʻzidan chiqarib oʻrgangan bosqinchi davlat mutasaddilari yana shunga harakat qilishmoqda. Afsuski, jadidlarga qarshi kurashgan Rahmatullo Rahim kabi kimsalarning zurriyodlari bugun ham palak otgan. Lekin Rossiya TIVning “Sherzod Kudratxodjayev mulohazalaridan bizga doʻstona va ittifoqdosh boʻlgan Oʻzbekistonning koʻpchilik aholisi norozi”, degan taʼkidi darajasida koʻp emas ular.

 

Asosiy maqsad ularga yoqmaydigan haqiqatlarni aytgan ziyolining obroʻsini tushirish, imkoni boʻlsa, sahnadan olish, boshqa ziyolilarni ogohlantirish va bu bilan hanuz oʻzlari hukmron ekanligini koʻrsatishdir. Biz esa Oʻzbekiston TIV millat ziyolilaridan birini munosib himoya qiladi, deya qatʼiy umiddamiz.

 

Halim SAYID,

filologiya fanlari doktori, professor

 

P.S. Kurash davom etadi. Oʻzimiz munosib harakatda boʻlishimiz, saboq chiqarishimiz muhimdir. Behbudiydan iqtibos: “Taʼrix istiqbolning tarozusidur, har kim oʻlchasun-da, bilsun!”

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23236
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//