“O‘zbekiston bilan viza tartibini soddalashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borish mumkin” – YI rasmiysi

Saqlash
10:25 / 08.11.2025 38 0

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kelgusida viza tartibini soddalashtirish bo‘yicha muzokaralar boshlanishi mumkin, ammo bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar 6-noyabr kuni X Yevropa kinofestivalining ochilishida Gazeta nashriga ma’lum qildi.

 

Elchi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (KShHB) imzolangandan so‘ng vizalar bo‘yicha muzokaralarda muvaffaqiyatga erishgan Yevropa Ittifoqi va Qozog‘iston misolini keltirdi.

 

“Menimcha, O‘zbekiston bilan ham shunday jarayon bo‘lishi mumkin. Lekin ertaga bu sodir bo‘lmaydi. Hammasi munosabatlarimiz qanchalik mustahkamlanishiga bog‘liq bo‘ladi, Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim esa buning uchun yaxshi asos bo‘lib xizmat qiladi”, — dedi diplomat.

 

“Avvalo, bu jarayon. Men bu mavzu (viza tartibini soddalashtirish) O‘zbekiston fuqarolari uchun qanchalik muhim va qiziqarli ekanini tushunaman. Lekin biz Kengaytirilgan hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni endiginaimzolaganimiz uchun buni bosqichma-bosqich olib borishimiz kerak. U bu masala bo‘yicha muloqot imkoniyatini nazarda tutadi, endi muloqot va jarayon to‘g‘ridan-to‘g‘ri rivojlanishi uchun munosabatlarimizni mustahkamlash ustida ishlashimiz kerak”, – qayd etdi Toyvo Klaar.

 

Viza masalasining rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omillar haqida gapirar ekan, elchi o‘zbekistonliklarning YI mamlakatlaridagi ijobiy va vijdonli tajribasi muhimligini ta’kidladi.

 

“Fuqarolar viza qoidalari va qolish muddatlariga rioya qilsa, keyingi qadamlar uchun yaxshi zamin yaratadi”, — tushuntirdi diplomat.

 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Yevropa ittifoqi 24-oktabr kuni Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolagan edi. Bu, jumladan, tomonlarga “zarur shartlar mavjud bo‘lsa” viza rejimini soddalashtirish bo‘yicha kelishuv yuzasidan muzokaralarni ko‘rib chiqish imkoniyatini ham nazarda tutadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//