Bir kuni...
Ahmad al-Farg‘oniy (taxminan 797–865 yillarda yashagan) — o‘rta asrlarda yashagan Markaziy Osiyolik olimlar orasida buyuk astronom, matematik va geograf sifatida salmoqli o‘rin egallagan alloma. Olimning to‘liq ismi Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir al-Farg‘oniydir. Manbalarda uning farg‘onalik ekanligidan tashqari deyarli boshqa ma’lumotlar saqlanmagan. Shunisi ma’lumki, al-Farg‘oniy xalifa Xorun ar-Rashidning sharqiy yerlaridagi muovini, o‘g‘li Abdullohning (bo‘lajak xalifa al-Ma’munning) Marvdagi olimlari doirasiga kirgan.
Xalifa Xorun ar-Rashid 809 yili Tusda to‘satdan vafot etadi va uning vasiyatiga ko‘ra Bag‘dodda taxtga katta o‘g‘li Muhammad al-Amin nomi bilan o‘tiradi. Saroydagi xurosonlik a’yonlar esa Abdullohni taxtni qo‘lga olishga da’vat etadilar. 811 yildan 813 yilgacha aka-uka Muhammad va Abdulloh o‘rtasida taxt uchun olib borilgan kurash Abdullohning g‘alabasi bilan tugaydi va Muhammad qatl qilinadi. O‘sha yili Abdulloh taxtga al-Ma’mun nomi bilan o‘tiradi. Lekin u Bag‘dodga bormay 819 yilga qadar Marvda yashaydi. Natijada, Marv 813 yildan to 819 yilgacha xalifalikning vaqtincha poytaxti bo‘lib turadi. 819 yili al-Ma’mun butun saroy a’yonlari va ulamolari bilan birga Bag‘dodga ko‘chadi. Ular orasida al-Farg‘oniy ham bor edi.
Al-Farg‘oniyning hayoti haqidagi eng so‘nggi va eng aniq xabar 861 yil bilan bog‘langan. Unga ko‘ra, u shu yili Qohira yaqinidagi Ravzo orolida nilometrni, ya’ni Nil daryosi suvi sathini belgilovchi uskunani yasagan yoki ta’mirlagan. Biroq al-Farg‘oniy qanday qilib va qanday sharoitda Misrga borib qolgani haqida ham aniq ma’lumot yo‘q.
Farg‘oniy hayotining muddati haqida ham qiyoslar qilish mumkin. Agar uning hayotini al-Xorazmiyning hayoti bilan qiyos qilsak, quyidagi xulosaga kelamiz. Ma’lumki, al-Xorazmiyning nomi yozma manbalarda oxirgi marta 847 yili xalifa al-Vosiqning o‘limi munosabati bilan eslatiladi va shundan sung uchramaydi. Shunga ko‘ra, uning o‘lgan yili deb 850 yil qabul qilingan. Al-Farg‘oniyning nomi oxirgi marta 861 yili Nilning sathini o‘lchagich uskunasini ta’mirlash munosabati bilan eslatiladi. Yana bir ma’lumotga ko‘ra, al-Farg‘oniy Misrda nasroniylar orasida yashab, ularning diniga o‘tganligi va shuning uchun u qatl qilinganligi qayd etiladi. Lekin qatl qilingan yili eslatilmaydi. Lekin bu “al- Farg‘oniy” o‘sha mashhur astronom al-Farg‘oniymi yo boshqasimi — bu noma’lum. Har holda al-Farg‘oniy 861 yildan keyin ko‘p yashamagan va uning o‘lgan (yoki qatl qilingan) yili deb 865 yilni qabul qilish mumkin. Agar u al-Ma’mun bilan 819 yili Marvdan Bag‘dodga ketayotganda 20 – 25 yoshlar chamasida bo‘lgan desak, u holda uning tug‘ilgan yili deb 797 yoki 798 yilni qabul qilish mumkin. U holda uning hayot muddati 67 – 68 yoshni tashkil qiladi.
Hozirgi kunda al-Farg‘oniyning sakkiz asari ma’lum bo‘lib, ularning hammasi astronomiyaga aloqador va birortasi hozirgi zamon tillariga tarjima qilinmagan, deyiladi manbalarda. “Astronomiya asoslari haqida kitob”, “Asturlob yasash haqida kitob” qo‘lyozmalari Berlin, London, Mashhad, Parij va Tehron kutubxonalarida, “Asturlob bilan amal qilish haqida kitob” birgina qulyozmasi Rampurda (Hindiston), “Al-Farg‘oniy jadvallari” qo‘lyozmasi Patnada (Hindiston), “Oyning Yer ostida va ustida bo‘lish vaqtlarini aniqlash haqida risola” qo‘lyozmasi Qohirada, “Yetti iqlimni hisoblash haqida” qo‘lyozmalari Gotada va Qohirada, “Quyosh soatini yasash haqida kitob” qo‘lyozmalari Halab va Qohirada sakdanadi. “Al- Xorazmiy “Zij”ining nazariy qarashlarini asoslash” asari Beruniy tomonidan eslatiladi, lekin qo‘lyozmasi topilmagan.
Mazkur asarlarning birinchisi 1145 yildan boshlab lotin tiliga bir necha marta tarjima qilingan. Bu tarjimalarning barchasida al-Farg‘oniy ismi lotinchada “Alfraganus” shaklida yozilib, shu shaklda fanga kiritilgan.
O‘zAda e’lon qilingan tarixchi olim Abdulahad Muhammadjonovning ma’lumotiga ko‘ra, musulmon mamlakatlari bo‘ylab safarga chiqqan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi ekspeditsiya a’zolari 1997 yil 5 dekabrda Misr Arab Respublikasida bo‘lishib, Ahmad al-Farg‘oniy hayotini o‘rganishlari natijasida u Misrning Fustat shahrida vafot etganligi, Munattam tog‘ining sharqiy qismidan sal narida joylashgan Imom ash-Shofe qabristoniga dafn etilganligini aniqlangan. Ammo vaqt o‘tishi bilan uning qabri yo‘qolib ketgan. U yerdan olib kelingan tuproq Farg‘ona vodiysining Quva shahrida 1998 yil barpo etilgan ramziy qabrga qo‘yilgan...
Avvalroq Afg‘onistonning Gʻazna shahrida joylashgan vatandosh alloma Abu Rayhon Beruniy qabrining bugungi noma’lum holati, shuningdek, Damashq shahri (Suriya)da joylashgan Forobiyning to‘liq o‘rganilmagan qabri haqida yozgan edik.
Bir kuni...
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q