Ko‘rpacha


Saqlash
17:11 / 10.11.2025 0 972

 

Qizalog‘ining yig‘isidan Salima cho‘chib uyg‘ondi. Darhol chaqaloqqa ko‘krak tutdi. Lekin bola yig‘idan to‘xtamadi. Uning xarxashasidan xavotirga tushgan ona darrov beshikning qo‘lbog‘ini bo‘shatdi. Shunda kichkintoy tinchidi. Kerishib, qo‘llarini o‘ynata boshladi.

Chaqaloqning shirin qiliqlaridan mehri tovlanib ketgan Salima ohista uni beshikdan bo‘shatdi. Terlab ketgan kiyimchasini avaylab almashtirdi. Qarasa, oq matodan tikilgan to‘shama, yostiq va qalin ko‘rpacha ham nam bo‘libdi. Salima bolasining injiqligini shunga yo‘ydi. Nam ko‘rpachani deraza dorga ildi.

Beshik anjomlari quyosh nurida yanada tovlanib, silkinib turardi...

– Mana buni sen ilganmiding? – dedi eri uyga keliboq qo‘lidagini tutqazar ekan. O‘tning ustida yotgan ekan. Ko‘zimga issiq ko‘ringani uchun ko‘tarib chiqdim.

Salima bir-ikkita sariq rangli kir qisqichga qaradi-da, “ha” dedi.

– Lekin butun edi-ku, – deya mehmonxonaga kirib derazani ochdi.
Qarasa, ko‘rpacha tushib ketibdi. Pastga egilib qaradi, lekin hech narsa yo‘q. “Men hozir” dedi-da, tashqariga chiqib ketdi.

Atrofni sinchiklab qaradi, ammo ko‘rpachani topolmadi. Pastki qavatdagi qo‘shnilardan, o‘ynab yurgan bolalardan ham so‘radi. Ular esa kimdir ko‘zi tushganiyu, biroq e’tibor bermay o‘tib ketganini, yana boshqasi umuman ko‘rmaganini aytdi.

Salima xomush bo‘lib uyiga ko‘tarildi. Zinadan chiqar ekan, ko‘rpacha hali yangi ekanini o‘ylab, bir emas, bir nechta qisqich bilan ilmaganiga afsuslandi. Ikkinchi qavatdagi qo‘shnisi Dilnozaning eshigi ochiq turibdi. U homilador, oy kuni yaqin. Salima eshikdan uni ko‘rib, bo‘lgan voqeani so‘zlab berdi.

– Voy opajon, afsuslanmang, ko‘chadan o‘tgan-ketganlarning birontasi olib ketgandir. Qizingiz katta bo‘lib qoldi-ku! Endi divanchasida yotsa ham bo‘laveradi. Nasib etsa, buvijonisi keyingi nabirasiga yangisini tikib beradi, – deya unga tasalli berdi...

Oradan bir necha oy o‘tdi. Bu voqea Salimaning yodidan ancha ko‘tarilgan edi. Lekin…

Bir kuni yarim tunda eshik qo‘ng‘irog‘i to‘xtovsiz jiringladi. Tirqishdan qarasa, haligi qo‘shnisi Dilnoza. Darhol eshikni ochdi.

– Salima opa, iltimos, bolamning isitmasi tushmayapti, erim uyda yo‘q. Shunga yordam so‘rab chiqdim, – dedi titragan ovozda.

“Yon qo‘shni, jon qo‘shni” emasmi, Salima zudlik bilan yordamga oshiqdi. Bolaning ahvolini ko‘rib, darrov “Tez yordam”ga xabar berishdi. So‘ng, beshikda yotgan bolakayni yechishga kirishdi.

Shu mahal Salimaning qo‘llari joyida qotdi: ne ko‘z bilan ko‘rsinki, bir necha oy ilgari yo‘qotgan ko‘rpachasi bolaning tagiga to‘shalgan. Tillarang yaltiroq ko‘rpachaning bosh tomoniga tikib qo‘yilgan ko‘zmunchoqli tumor ham, qizalog‘iga dori ichiraman deb, to‘kib yuborganda hosil bo‘lgan dog‘ ham o‘sha holicha turardi. Ayol bir zum esankirab qoldi.

“Tez yordam” chaqirdinglarmi?” deya eshikdan kirib kelgan shifokor ovozidan Salima o‘ziga keldi va ohistagina tashqariga qadamladi. Ortidan esa qo‘shni ayolning “Salima opa, shifokor keldi” degan ovozi eshitildi…


Dilfuza MAHKAMOVA.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

15:03 / 19.03.2026 0 320
Oʻzbekistonga yashirincha kelgan yevropalik sayyoh

Bilasizmi?

10:02 / 25.02.2026 0 283
Evtanaziya huquqmi yo qadriyatlarga qarshilik?

Bilasizmi?

17:02 / 23.02.2026 0 631
Nega 23-fevral emas, 14-yanvar?

Bilasizmi?

12:02 / 16.02.2026 0 372
Boqiylik formulasi: Qadimgi Misr mumiyolash sirlari

Bir kuni...

11:02 / 05.02.2026 0 553
Kelajak bor



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 233116
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 112828
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 65706
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 55395
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 49761
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 39162
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 38298
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:04 / 25.04.2023 1 37152
“Avesto”

//