Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi


Saqlash
12:09 / 18.09.2023 0 21221

Nutq – inson tomonidan ijtimoiy-tarixiy tajribani oʻzlashtirish, avlodlarga uzatish yoki aloqa oʻrnatish, oʻz shaxsiy harakatlarini rejalashtirish va amalga oshirish maqsadida tildan foydalanish jarayoni. Nutq. axborot, xabar, maʼlumot va yangi bilim berish, aqliy topshiriqlarni yechish faoliyatidan iborat. Agar til aloqa vositasi boʻlsa, nutq aynan shu aloqa jarayonlarining amalga oshirilishidir. Nutq rivojlanishi davrlari quyidagicha: 1) 2 oydan 11 oygacha; 2) 11 oydan 19 oygacha; 3) 19 oydan 3 yoshgacha. Nutq verbal va noverbal turkumdan iborat. Noverbal nutq turli imo-ishora, mimika, pantomimika, exologik, signifikatsiya, daktilogik (barmoq nutqi) koʻrinishlarga ega. Verbal nutq ogʻzaki, yozma, monologik, dialogik, polilogik, tashqi, ichki, ekspressiv, impressiv, lakonik (yigʻiq), epik (yoyiq), affektiv turlarga boʻlinadi. Tilning (orfografik, fonetik, morfologik, sintaksistik, orfoepik, lingvistik, fleksiv va boshqa) qonuniyatlariga asoslangan holda mazmun-mohiyatni uzluksiz, tadrijiy ravishda axborotga aylantiruvchi nutq turi yozma nutq deyiladi. Pauza, mantiqiy urgʻu, temp, tembr, chastota, ritmika va boshqa tashkiliy qismlar hamda mexanizmlarni oʻzida mujassamlashtirgan, tilning barcha qoidalari, qonunlari shartli belgilar sifatida xizmat qilishga asoslanuvchi nutq turi ogʻzaki nutq deb ataladi. Ogʻzaki nutq jarangdorligi, taʼsirchanligi, axborotlarni qabul qilishdagi qulayligi, uzatishdagi ixchamligi, toliqishning oldini olish imkoniyati mavjudligi kabi xususiyatlari bilan ajralib turadi. Millat madaniyati, maʼnaviyati, fan va texnikasi yutuqlari, sanʼati va adabiy merosini avlodlarga yetkazib berishda, millatlararo aloqa oʻrnatishda yozma nutqning ahamiyati beqiyosdir.

 

Nutq madaniyati – nutqning adabiy til meʼyor-mezonlariga asoslangan, mantiq ilmi talablariga boʻysungan holda namoyon boʻlishi. Nutq tafakkur va fikrlashda oʻzaro muloqot yordamida fikr almashish vositasining har bir kishiga xos shakli, koʻrinishidir. Nutq madaniyatining asosiy xususiyati uni ilmiy, sermazmun, aniq-ravshan, ravon, toʻgʻri, taʼsirli, badiiy, mantiqiy, jarangdor, jozibali bayon etishdan iborat. Buning uchun nutq, avvalo, adabiy til qonun-qoidalariga toʻliq javob berishi lozim. Nutq madaniyati yakka shaxslar, chunonchi, maʼruzachi, pedagog, suxandon, davlat va jamoat arbobi, jurnalist, muxbir va shu kabilarning nutqlari orqali namoyon boʻladigan ijtimoiy hodisadir. Insonning intellektual saviyasi, millatning mentaliteti, maʼnaviy boyligi ortib borgani sayin nutq madaniyati ham yuksalib boradi. Nutq madaniyati nutq soʻzlash, maʼruza qilish, oʻzaro muloqot, savol-javob, davra suhbatlarida oʻzbek adabiy tili boyligidan samarali foydalanish; gʻoyaviy, mafkuraviy, maʼnaviy, tarbiyaviy jihatlarni singdirish; xalq ogʻzaki ijodi, hikmatli soʻzlar, maqollar, kattalar oʻgitlaridan oʻz oʻrnida, meʼyorida foydalanish; nutqning qisqa, aniq-ravshan, teran mazmunli, keng qamrovli boʻlishiga eʼtibor berish; nutq, maʼruza, suhbat oxirida qisqa xulosalar chiqarish; zarurat tugʻilganda tinglovchilar, suhbatdoshlar bilan odob doirasida, vazminlik asosida bahslashish, munozara yuritish kabi xususiyatlarni oʻzida mujassam etmogʻi lozim. Nutq madaniyati notiqning oldiga ham muayyan talablar qoʻyadi: notiq nutq soʻzlashga oʻz yoshi, ishi, lavozimi, mavqei kabilarni hisobga olgan holda, kamtarona kiyinib chiqishi; nutqni boshlashdan oldin tinglovchilar bilan samimiy salomlashishi; nutq mavzuiga oid savollarga loʻnda, aniq-ravshan, qisqa javob berishi, bilmaganlariga uzr soʻrashi; nutq mavzuiga doir boʻlmagan savollarga javob bermasligi; tinglovchilar nafsoniyatiga tegmasligi, turli nooʻrin xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymasligi lozim. Yuksak nutq madaniyati kishining umumiy madaniyati, fikrlash madaniyati, tilga nisbatan ongli mehr-muhabbatini namoyon qiladi. Nutq madaniyati nazariyasining asosiy tushunchasi til meʼyoridir. Nutq madaniyatining asosiy vazifasi ijtimoiy til amaliyotiga faol taʼsir koʻrsatish maqsadida obyektiv til meʼyorlarini ularning barqarorlashgan shakllarida, ziddiyatlarida, tamoyillari va boshqalarda oʻrganishdir.

 

Zamonaviy nutq madaniyati nazariy va amaliy fan boʻlib, u til amaliyotiga taʼsir etish maqsadida adabiy til tarixi, grammatika, uslubshunoslik va tilshunoslik boʻlimlarining yutuqlari hamda xulosalarini umumlashtiradi. Nutq madaniyati nazariyasida adabiy til milliy tilning oliy shakli sifatida eʼtirof etiladi va oʻzining eng yaxshi namunalari bilan xalqning madaniyat sohasidagi yutuqlari va anʼanalarini mustahkamlaydi hamda boyitadi. Nutq madaniyati ijtimoiy hodisa boʻlib, u jamiyat, fan-texnika, madaniy va adabiy hayot rivoji bilan uzviy bogʻliq holda taraqqiy etadi. Jamiyat aʼzolarining madaniy saviyasi ortgan sari nutqi ham jilolanib, sayqallashib, nutq madaniyati qoidalari va meʼyorlariga muvofiq holda takomillashib boradi. Nutq madaniyatining shakllanishi va rivojlanishida adabiyot, sanʼat, radio, TV va davriy matbuotning alohida oʻrni bor. Ayniqsa, adabiy tilni meʼyorlashtirish va nutq madaniyati nazariyasini rivojlantirishda leksikografiya, xususan, izohli, imlo, talaffuz, oʻquv va boshqa maxsus lugʻatlar muhim ahamiyatga ega. XV asrdayoq oʻzbek adabiy tilining nutq madaniyati va uning oʻziga xos meʼyorlari boʻlgan. Alisher Navoiy hayotiy va ijodiy faoliyati bilan oʻz davri nutq madaniyatiga, nutq odobiga ulkan hissa qoʻshgan boʻlsa, keyinchalik Bobur, Gulxaniy, Nodira, Ogahiy, Furqat, Muqimiy kabi shoirlarning asarlari tilida ham oʻsha davr nutq madaniyati oʻz ifodasini topgan. “Yaxshi soʻz – jon ozigʻi”, “Bugʻdoy noning boʻlmasa ham bugʻdoy soʻzing boʻlsin”, “Oʻynab gapirsang ham oʻylab gapir”, “Oldiga kelganni yemak – hayvonning ishi, ogʻziga kelganni demak – nodonning ishi” kabi maqol va hikmatli soʻzlarning paydo boʻlishi ham oʻzbek xalqida nutq madaniyatiga azaldan eʼtibor kuchli boʻlganidan darak beradi.

 

Nutq odobi – nutqiy muloqot qoidalari, tamoyillari va shakllarining yigʻindisi, muomala madaniyati sinonimi, ijtimoiy faoliyat sohalari bilan bogʻliq madaniy meʼyorlar majmui. Nutq odobi qator talablarga javob berishi kerak. Ijobiy natijaga yoʻnalganlik, nizo va bahsli holatlarni yechishga intilish, kelishish, bitimga erishishga harakat qilish nutq odobining ijobiy uslubidir. Nutq odobiga rioya qilmaslik salbiy jihat boʻlib, bunday muloqot nizoga, tarafkashlikka, shaxslararo ziddiyatga olib kelishi mumkin. Ishga aloqador muloqotda obyektiv mezonlar asosida masalani baholash, vaziyatni xolis ekspertiza qilish, xulosani aniq ifodalash, tenglik, murosasozlik tamoyillaridan kelib chiqish, oʻz shaxsiy fikriga qarshi tomonning huquqini tan olish muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, bu jarayon xolislik, suhbatdoshiga hurmat bilan munosabatda boʻlish, murojaat qilishda, mulohaza yuritish va fikrni ifodalashda muloqotning umummadaniy meʼyorlaridan foydalanishni taqozo etadi. Nutq odobida suhbat, muzokara, muloqotning muayyan texnologiyasi (yoʻrigʻi) mavjud. U tanishish, murojaat qilish, salomlashish, xayrlashishning muayyan shakli bilan bogʻliq. Nutq odobining madaniy meʼyorlari minnatdorchilik, tilak bildirish, kechirim soʻrash, iltimos qilish, taklif qilish, maslahat berishning tartiblangan boʻlishini nazarda tutadi. Ishga aloqador suhbatning mazmuni, aniq amaliy masalalarni muhokama qilishdan tashqari, yupatish, hamdardlik bildirish, shuningdek, mulozamat, qoʻllab-quvvatlash, qoʻshilmaslik usullarini ham odob doirasida ifoda etish va bayon qilish muhim oʻrin tutadi. Yosh avlodda nutq odobini tarbiyalash bugungi kundagi maʼnaviy-maʼrifiy, taʼlim-tarbiya sohasidagi dolzarb vazifalardan biridir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

15:10 / 11.10.2024 0 254
Turk boylari qanday to‘y qiladi?

Bilasizmi?

17:10 / 07.10.2024 0 235
Mushuk va shumshuk

Bilasizmi?

14:09 / 16.09.2024 0 333
Tol va kanizak

Bilasizmi?

11:09 / 16.09.2024 0 416
Avtobiografiya va memuar: ular qanday farqlanadi?



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 216513
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 101400
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 28320
Milliy urf-odatlar

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 26023
Kompetentlik

Qomus

12:09 / 18.09.2023 0 21222
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

12:05 / 03.05.2023 1 20509
Alpomish

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 19898
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 19466
Xarakter

//