Qatra
Nimaiki hadeb koʻz-koʻz qilinaversa, bilingki, yo bir illati, yo nozikroq bir sababi bor!
***
Tabassum birovga yarashar, birovga yarashmas. Lekin gap bunda emas. Gap – uning samimiyligida!
* * *
Reklamaga tushmagan nima qoldi? Insof, uyat, andisha emas, gʻirromlik, qalloblik shiorga aylanib ketmadimi?
* * *
Shirin soʻz – jon ozigʻi, kimga yoqmaydi deysiz! Ammo u xushomadu yaltoqilikka aylanib ketsa-chi? Unga gʻaraz, taʼma aralashsa-chi?..
* * *
Baʼzi asarlarning “ustida” koʻpincha butun boshli bir brigada mehnat qiladi – hashar. Ustoz uchun, ustozning shon-shuhrati yoʻlida. Ustozning oʻzi esa qoʻliga qalam olib biror nima yozishiga shubha qilasiz. Undan keyin, ana, nashriyotu tahririyatlarda yeng shimarib adabiy negrlar, mardikorlar oʻtiribdi...
Kimga kerak bunday “eʼjod”? Qoʻlingizdan kelmasa, kitob yozmay oʻtsangiz ham birov urushmaydi. Dunyoda nom qoldirishning boshqa yoʻllari koʻp. ...Kitobingizni oʻzingiz ham oʻqiganmisiz, ustoz?
* * *
“Ulgʻaygan, shakllangan millatgina oʻziga tik qaray biladi”. Kimning gapi bu? Fikr mohiyatan toʻgʻri boʻlsa, kim aytganining nima ahamiyati bor? Kim gapirayotganiga emas, nima deyotganiga qara deb oʻgit beradi ulugʻ Navoiy.
* * *
Ibn Arabiy shogirdi bilan ketayotsa yoʻlda bir kishi uchrab, unga rosa haqorat yogʻdiribdi: siz undoqsiz, siz bundoqsiz. Ustoz sukutini buzmaganini koʻrib shogird taajjublangan ekan, “Qoʻyaver, axir men u aytgandaqa emasman-ku” debdi Ibn Arabiy.
* * *
Peshtaxta toʻla chala kitob, ekranni xom-xatala film bosgan, bu yoqda qoʻlbola “yulduz”lar bazmi!.. Bozor sanʼati, bozor adabiyoti! Bozordan ham koʻnglingiz qolib ketar ekan. “Ishq boshqa, havas boshqa” degan gap bor elda. “Oynasi bor kishining bari Iskandar emas” deydi hazrat Navoiy. Oʻrtadan chiziq tortish mavridi kelmadimikan?
* * *
Oʻtgan asr boshlarida Behbudiy hazratlari millat farzandlarini ikki emas, toʻrt tilni egallamoqqa daʼvat etgan. Biz esa toʻrt emas, oʻn tilni bilishni orzu qilamiz. Ammo farzandlarimizning dastlabki taʼlimni ona tilida olishi, milliy maktabda, milliy ruhda tarbiya topishi tarafdorimiz, xolos. Bizga nima boʻldi? Odatdagi begonaparastlikmi bu yoki yana manniy kashalarni sogʻinib qoldikmi? (Obbo, oʻzbekcha oʻqiganimiz tagʻin pand berdi-ku: “mannaya” boʻlardi shekilli...)
* * *
Biz – odamlar, toki tirik ekanmiz, bir-birimizga yordam berishimiz kerak...
* * *
...bagʻoyat eʼtiborli bir zot ilk tanishganimizda dafʼatan kaminani bagʻriga bosib, “Millatni siz mendan ham koʻproq yaxshi koʻrarkansiz!” deb qoldi. Xudoni yana shohidlikka qoʻysam gunoh boʻlmas, ammo qarangki, shu choqqacha millatni sevish-sevmaslikni oʻylab koʻrmaganmanmi (shoir emasman-da), bu tuygʻuni taroziga solmoq ham xayolimga kelmagan ekan. Axir uni yaxshi koʻrsam-koʻrmasam – oʻzimniki, oʻzimga munosabat esa oʻzimning ixtiyorimda. Shunday emasmi?
* * *
Zamonaviy ashqol-dashqollar koʻmagida uch-toʻrtta xirgoyi bilan chiqib, hali gʻoʻr yosh-yalangning chapagini olgan bugungi “yulduz”larni shaxs deb, millat sharafiga loyiq sanʼatkor deb boʻladimi? Ammo, taajjubki, Abdulla Qahhor yoki Habib Abdullayev kimligini soʻrasangiz barmoq tishlab qoladigan aksar yoshlarimiz gap anovilarga kelganda sayrab ketadi – nomma-nom sanab beradi. Ahvol shu. “Shuhrat – cholvordagi koʻzga tashlanib turadigan zar yamoqdir” degan ekan bir vaqtlar Pushkin. Cholvordagi zar yamogʻi bor odam shaxs atalaveradimi?
* * *
“Unvonu mukofotlar ortidan yugurmang, loyiq koʻrilsangiz – olingu unuting, koʻrmagandek boʻlib yuravering” degan ekan bir donishmand. Ibratli gap, toʻgʻrimi? Lekin negadir esdan chiqib ketaveradi-ya?
* * *
Ertaga ham kun bor. Ertaga ham, Xudo xohlasa, tong otajak, bobo quyosh yuz koʻrsatajak. Unga tik qaramoq-ku mushkuldir, bir-birovimizning yuzimizga, koʻzimizga qarash azobidan qoʻrqaylik, bugunning zavqi bilan mast yurgan ey hoziriylar!
* * *
Hozirgi yoshlar shunday gapiradi, domla! Chunki ular biz yozgan kitoblarni oʻqigan, biz ishlagan kinolarni koʻrayapti... u yogʻi oʻzingizga maʼlum. Axir telefon goʻshagini olib, oʻzbekona tavoze bilan “labbay” demoqning oʻrniga “eshitaman” (“slushayu”) deymiz-ku toʻralarcha! Holbuki, birov bizga “Eshitmaysan, qulogʻing ogʻir, karsan” deyayotgani yoʻq. “Malakasini oshirdi”, “mahoratini oshirdi” degan gap turganda xunukdan-xunuk, bemaʼni – “oʻz ustida ishladi” (“nad soboy rabotal”) deb qoʻllaymiz. “Osh boʻlsin” emas, “yoqimli ishtaha” demoq bilan madaniy koʻrinmoq boʻlamiz.
...Afsuski, savol savolligicha turibdi: qachon oʻzbekcha gapiramiz?
* * *
Qora-qura qizlarga Majnunning koʻzi bilan boqing!
* * *
Yoshlik taqlidga moyil boʻladi.
* * *
Xalqimizdagi bir odat menga uncha maʼqul emas. Begonaparastlik. Oʻzimizni oʻzimiz goho yomon koʻramiz, qadrimizga yetmaymiz. Mana, masalan, rossiyalik xonanda Kristina Orbakaytening kechagina oʻtgan konsertini olaylik. Konsertdan bir oy oldingi reklamalarni koʻrib aqlingiz shoshadi. Biletning narxi osmondan sal beriroq.
...Bu targʻibotdan, menimcha, oʻrtada turgan dallol manfaatdor, xolos. Agar u oʻzbek boʻlsa, yuragi oʻzbekona boʻlsa, bu ishni qilmas edi.
* * *
Chamasi Lev Tolstoy aytgan: “Hukm qoʻlimda boʻlsa, maʼnosini yaxshi bilmagan soʻzini ishlatgan yozuvchiga ming darra buyurardim”.
* * *
Hikoya – juda sanjob va nozik janr.
...Xoʻsh, nimani hikoya qilib yozsa boʻladi? Hamma narsani! Koʻrgan-bilganingiz – hammasini! “Mana shu koʻz oldingizda turgan siyohdondan ham hikoya yasab berishim mumkin” degan ekan buyuk hikoyanavis Chexov.
...Hikoya yozmoq uchun eng avvalo nima kerak deysizmi?
Insoniy did va isteʼdod kerak!
Buning esa maktabini bilmaymiz.
* * *
Eskishahar jinkoʻchalarida adashib-uloqib yurgan uncha-muncha jaydari “qoʻshiqchi”larni koʻpchilik yaxshi bilardi-yu, Asqad Muxtor nomi asosan adabiyot muxlislarigagina maʼlum edi. Nega bunday? Adib oʻzini har yonga urmagani, oʻta madaniyatli, kamtarinu kamsuqum boʻlgani uchunmi? Yo buning boshqa sabablari ham bormidi? Ana shu sabablarni mulohaza qilib koʻrish bugun bizga tan. Toki bu sabablar saboq boʻlsin!
* * *
“Gʻoyaviylik dedik, partiyaviylik dedik... bizlar yutqazdik. Yozganlarimiz bugun gʻarib koʻrinadi. Endi keldi chinakam yozish davri. Sizlar yozinglar endi...”. “Opa-singillar”, “Tugʻilish”, “Davr mening taqdirimda”, “Chinor”, “Boʻronlarda bordek halovat”, “Buxoroning jinkoʻchalari” kabi ajoyib adabiy obidalaru teran falsafiy sheʼrlar muallifi bir gal bizga oʻkinch bilan ana shunday degan edi. Bunday mardona eʼtirofga nima deysiz!
* * *
Abdulla Qahhorning “yomonligi” – uning beshafqat qalami, yozgan asarlaridagi ayrim nusxalarga murosasiz nafrati, hayotning, adabiyotning sofligi yoʻlida halol turib aytgan mardona soʻzlari, xolos!
* * *
Odamzod nega bunday ekan-a: tirikligida birovni hadeganda eslayvermaymiz, boshi yostiqqa tekkanda yoʻqlab borgani goho vaqt topolmaymiz – oʻlganidan keyin esa, marhum nomdorroq boʻlsa, taʼrifini osmonu falakka yetkazib, koʻtarib-koʻpirtirib xotiralar yozamiz, goʻyo shu yoʻsin qarzimizni uzgan boʻlamiz. Ammo befoyda.
* * *
Xoʻsh, oʻrtada – maydonda kim qoldi? Aybdorning bir oʻzimi? Darvoqe, aybdor umi yoki “Qani bu yogʻi nima boʻlarkan, koʻraylik-chi?” degandek betaraf turgan bizmi? Ana shunday loqayd tomoshabinlik kayfiyati xarob etmasmi jamiyatni?! Uni gungu soqov olomonga aylantirmasmi?! “Mashrab osilganda qayoqda eding? Choʻlpon otilganda qayoqda eding?” deya boz taʼnalar otmasmi kelajak avlod?!
* * *
Tomoshabinlik teatrda yarashar!
* * *
Xijolatdan qizara bilgan banda naqadar gʻolib!
* * *
Adabiyot, sanʼat – hayot boʻronlarida chorasiz qolgan insonga taskin qidiruvchi, umid baxsh etuvchi, ezgulikka daʼvat qiluvchi qudratli kuch, dono maslahatgoʻy. Undan voz kechib boʻladimi, ayting!
* * *
...chinakam adabiy munaqqid hasadu baxillik dardiga mubtalo, muayyan asar muallifining belini sindirmoqqa qasd qilgan boltabardor emas, adibning yaqin maslahatgoʻyi, homiysi, adabiyot gulshanining xolis, hassos bir gulchini boʻlmogʻi darkor.
* * *
Vatan – shunchaki bir joʻgʻrofiy tushuncha-yu millat – mavhum omma emas.
...Oilangizga qaramasangiz, ota-onaning duosini olmasangiz, yor-doʻstga hamdam boʻlmasangizu, nuqul “vatan, vatan!” deya hayqirib yursangiz... qanaqa vatan uchun kurashayapsiz oʻzi?!
Erkin AʼZAM
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025-yil 3-son.
Qatra
Hikmat
Qatra
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q