Bir kuni...
Mehmon – o‘zga xonadon, mahalla, yurtga samimiy rishtalarni bog‘lash, ezgu niyat va ishlarni amalga oshirish maqsadida tashrif buyuruvchi kishi yoki kishilarni ifodalovchi tushuncha. Mehmon kelishini xalqimiz ezgulik, yaxshilik ramzi deb hisoblaydi. Ma’lumki, har qanday jamiyatda yashayotgan kishilar bir-birlari bilan moddiy va ma’naviy munosabatlarga kirishadi. Ma’naviy aloqalarning bir qirrasini mehmon-mezbonlik munosabatlari tashkil etadi. Odamlarning bir-biri bilan bordi-keldi qilishi, muloqotda bo‘lishi, bir-biriga mehr-oqibat, muruvvat ko‘rsatishi, mehmonlik va mezbonlik aloqalarini bog‘lashlari insoniy fazilat hisoblanadi. Mehmondo‘stlik o‘zbek xalqining ming yillar mobaynida tarkib topib, tajribasidan o‘tib barchaga manzur bo‘lgan progressiv va demokratik xarakterdagi an’anasidir. Mehmon kutish yuksak odob, axloq, nafosat, umuman olganda, ma’naviyat maktabi hisoblanadi. Mehmondo‘stlik orqali do‘stlik, o‘rtoqlik, odamgarchilik, insonparvarlik tuyg‘ulari shakllantiriladi.
Mehmondorchilik odobi (qoidalari) – insonlarning yuksak insoniy va samimiy fazilatlari asosiga qurilgan mehmonga borish va mehmon kutish borasidagi o‘zaro muloqoti va munosabatlarida amal qilinadigan odob-axloq talablari, muayyan tartib-qoida va udumlarni ifodalaydigan tushuncha. Mehmondorchilik odobi xalq turmush tarzining g‘oyatda nozik, yuksak madaniyati va ma’naviy qadriyati hisoblanadi. Mehmondorchilik odobini bilish, unga amal qilish ma’naviyatlilik belgisidir. Xalqimizga xos mehmondorchikda qaysi uyga mehmon kelsa, darhol dasturxon yozilib, non ushatiladi. Mehmondorchilik odobi borasida har bir mintaqaning o‘ziga xos xususiyatlari ham mavjud. Farg‘ona vodiysi va Samarqandda mehmonga dastavval issiq ko‘k choy beriladi. Toshkentda esa xushbo‘y familchoy damlash odat tusiga kirgan. Kelgan mehmonga darhol qatiq taklif etish yoki nonushtasiga albatta qatiq berish Namanganda yaxshi odat tusini olgan. Surxondaryoliklarga mehmonga borilsa, xushbo‘y ko‘k choy bilan birga archa o‘tinida pishirilgan tandir kabob keltirilib, mehmon hurmati joyiga qo‘yiladi. Xorazmliklar mehmonni maxsus tayyorlangan palov bilan siylaydilar. Qoraqalpoqlarning baliq kabobi bilan kulchatoyini yegan mehmon u yoqdan yaxshi taassurotlar bilan qaytadi. Farg‘ona va Andijonda mehmon kelgan xonadonga qo‘shnilar hurmat yuzasidan dasturxon chiqaradilar... Mehmonning muhimi va nomuhimi, kattasi yoki kichigi bo‘lmaydi. Mehmonga sarpo kiydirish odatining ikki ma’nosi bor. Biri – o‘zining yaqin kishisiga, qarindoshiga sarpo kiydirganda uzoqlashmaslik, begonalashmaslik, hamjihatlik istagi bildiriladi. Ikkinchisi – begonaga sarpo kiydirish u bilan do‘stlashganlik, qarindoshga aylanganlik yoki qadrdon bo‘lib qolganlikning ramziy ifodasi hisoblanadi. Shu sabab xorijdan kelib, el-yurt mehmoni bo‘lgan kishilarga ham milliy ust-bosh kiydirish an’anaga aylanib ketgan.
Mehmondorchilik qoidalaridan biri shuki, mehmon kelgan uyda baqirib gaplashish, shovqin solish, uning huzurida adi-badi aytishish, urishib qolish u yoqda tursin, hatto kesatib gapirib ham bo‘lmaydi. Mehmonga ozor bermaslikka intilish esa odamlarni qovushtirib, mehr-oqibatli qiladi, do‘stlik va birodarlikni keltirib chiqaradi, oilada bir-biriga mehr-muhabbat, hamjihatlik, xotirjamlikni yanada kuchaytiradi. Mehmondorchilik odobi avvalo, odamlarni mehmonga taklif etishdan boshlanadi. Taklif etiladigan kishining vaqti bor-yo‘qligi bilib olinganidan keyingina uni mehmonga chaqirish mumkin. Mehmonlar keladigan paytda darvoza ochiq turishi kerak. Ularni eshik oldida samimiyat va ochiqko‘ngillik bilan kutib olish lozim. Sovg‘a olib kelganlarga ham, samimiy salomi bilan kelganlarga ham bab-baravar minnatdorlik bildiriladi. So‘ng mehmonning yechinishiga yordamlashish va qo‘l yuvganda sochiq tutish zarur. Mehmon kelishi oldidan bolalarni yuvintirib, yaxshi kiyintirib qo‘yish juda muhim. Bu narsa bolalarda ham mehmondorchilik ahamiyatini anglash hissini uyg‘otadi. Mehmon huzurida bolalar sho‘xlik qilsa, ularga tanbeh bermaslik kerak, chunki bu holat mehmonning izzat-nafsiga tegishi mumkin. Mehmondorchilikni uyushtirishda hisobga olinadigan jihatlar ko‘p. Qishloqdan shaharga kelgan mehmon shahar aylangisi, do‘konlarga kirgisi, teatrga borgisi keladi. Shahardan qishloqqa borgan mehmon esa tabiatdan bahra olishni xohlaydi. Mezbon ana shu holatlarni hisobga olishi va diqqatga sazovor joylarni aziz mehmonga tanishtirishi lozim bo‘ladi. Mehmondorchilik odobiga ko‘ra, dasturxonni chiroyli bezatish va mehmonni risoladagiday kutib olish ham bir san’atdir. Mehmon uchun tuzaladigan dasturxon oila a’zolari uchun yasatiladigan dasturxondan farq qiladi. To‘ylarda dasturxon boshqacha bezaladi, bayram dasturxoni o‘zgacha bo‘ladi. Dasturxon tuzashda ikki qoida bor: biri – moddiy sharoitlarni, ikkinchisi esa ma’naviy sharoitlarni ta’minlashdir. Dasturxonga qo‘yiladigan taomlar xilma-xilligi, miqdori va sifati, ovqatlanish asboblarining yetarli miqdorda mavjudligi, dasturxon tuzaladigan joy pokiza, qishda issiq, yozda salqin bo‘lishi – bularning hammasi moddiy sharoitlarga kiradi.
Ma’naviy sharoitga mehmonlarni e’zozlab kutib olish, do‘stlik va samimiylik ko‘rsatib, ularga sidqidildan xizmat qilish kiradi. Mehmondorchilik odobi qoidalaridan yana biri shundaki, bu san’atga oilada o‘g‘il va qizlar yoshligidanoq o‘rgatib boriladi, toki ular voyaga yetganlarida turli taomlarni tayyorlay bilsin, uyiga keladigan kishilarni ko‘ngildagidek kutib oladigan mehmondo‘st bo‘lib yetishsin. Qoidaga ko‘ra, mezbon uchun barcha mehmon birdek qadrli, biroq u keksalarga, jamoat orasida obro‘ qozongan, mehnati va bilimi, iste’dodi va san’ati bilan mashhur kishilarga, umuman, el-yurtga xizmat ko‘rsatgan insonlarga alohida e’tibor berishi zarur. Ularga yaxshi iltifot, shirin takalluf ko‘rsatish orqali barcha mehmonlar hurmat qilingan bo‘ladi. Bunday insonlar o‘z yurish-turishi, bilimi, insonparvarligi, yuksak ma’naviyati bilan mezbon va barcha mehmonlarga ibrat bo‘ladi. Bu esa mehmondorchilikning oddiy bordi-keldi vositasiga emas, balki o‘ziga xos odob-axloq, ma’naviyat-ma’rifat maktabiga aylanishiga sabab bo‘ladi.
Mehmondo‘stlik – ma’naviy fazilat sifatida mehmonnavozlik, mehmon kutishni odatga aylantirishni ifodalaydigan tushuncha. Mehmondo‘stlik barcha millatlarga va elatlarga xos. Biroq, bu xususiyat turli millatlarda turli darajada namoyon bo‘ladi. Mehmondo‘stlik xususiyatining muayyan xalqda rivojlanishi o‘sha xalqning o‘tmishi, tarixi bilan bog‘liq. Savdo bilan ko‘proq shug‘ullangan xalqlarda bu xususiyat yuqoriroq darajada rivojlangan. Masalan, Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan xalqlarda, jumladan o‘zbeklarda bu xususiyat azaldan yuksak darajada rivojlanib, sayqal topib kelmoqda. Buning sabablaridan biri shundaki, mehmonxonalar rivojlanmagan qadimgi davrda savdogarlar yo‘l-yo‘lakay turli xonadonlarda, xususiy uylarda to‘xtashiga to‘g‘ri kelgan. Mehmondo‘st bo‘lmagan qishloqlar, ovullarni savdogarlar chetlab o‘tgan. Oqibatda savdo garlarga myehmondo‘stlik ko‘rsatmagan qishloq va ovullar taraqqiyotdan ortda qolgan. Mehmondo‘stlikning rivojlanishiga adabiyot va san’atning ta’siri ham beqiyos. Mehmondo‘stlik ongida, mentalitetida jamoaviylik tamoyili ustun bo‘lgan millatlar uchun ko‘proq xos. Individualizm ustuvor bo‘lgan mamlakatlarda mehmondo‘stlik ikkinchi, uchinchi darajali ahamiyat kasb etadi. Chunki individualizm jamoaviylikning va ayni paytda mehmondo‘stlikning ziddi bo‘lib, shaxsning ichki, individual sifatlarini oldingi o‘ringa, uning tashqi muhit bilan bog‘liq sifatlarini keyingi o‘ringa qo‘yadigan ta’limot va qarashdir. Mehmondo‘stlikning tub mohiyati insonni ulug‘lash, unga hurmat ko‘rsatish bilan bog‘liq. Shuning uchun ham Sharq falsafasi va adabiyotida mehmondo‘stlik va mehmonnavozlikka alohida e’tibor qaratilgan. “Uylariga mehmon qo‘nmaydigan kishilar yomon odamlardirlar”, deyiladi hadislardan birida. Mehmondo‘stlikka alohida hurmat bilan qaralishi mehmon kutish odobi, rasm-rusumlariga katta e’tibor berilishida ham namoyon bo‘ladi. Bunda mehmonni kutib olishdan kuzatgunga qadar, mezbon o‘zini qanday tutishi kerakligi va qoidalari batafsil ishlab chiqilgan. Mehmondo‘stlikda mehmonni ochiq yuz bilan kutib olish va kuzatish juda muhim ekani ko‘p maqollar, hikmatlar va badiiy asarlarda alohida ta’kidlanadi.
Bir kuni...
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
5 Izohlar
Mohinur
19:04 / 14.04.2024
👍
Bonu
18:02 / 20.02.2024
Ajoyib vaqiziqarli ekan. endi turli davlatlarning maehmon kutish odoblari haqida ham bolsa yaxshi bolardi.
jasmina
03:02 / 19.02.2024
yaxshi menga mehmon izzati degan mavzuda bayon kk
Shaydo
15:12 / 10.12.2023
Yaxshi yanada yangi mavzularda malumot chiqaringizlar
Rushana
04:12 / 07.12.2023
Bu juda ham taʼsirli va inson oʻziga juda ham koʻp taassurotlar oladiga hikoya ekan